O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalardan bexatar foydalanishga doir shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
So‘nggi yillarda avtotransport vositalarini ekologik toza yoqilg‘i turlari, shu jumladan siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarining soni 670 taga yetdi va avtotransport vositalarining 50 foizdan ortig‘i muqobil yoqilg‘i sifatida siqilgan tabiiy gazdan foydalanmoqda.
Ushbu sohada xavfsizlik masalalarini tartibga solish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli o‘tkazish, hamda ularda gazballon asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni ta’minlash qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 11-oktabrdagi 815-son qarori va “Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1010-son qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda, gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligi va ishonchliligini davriy sinovdan o‘tkazishda, shuningdek, jismonan va ma’nan eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish oqibatida belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari uchramoqda.
Yuqorida qayd etilgan qoidabuzarliklar insonlar hayoti va salomatligiga zarar yetkazadigan, shu jumladan ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2018-yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Buxoro viloyatining Kogon tumanida “G‘uzor-Buxoro-Nukus” A-380 avtomobil yo‘lining 201-kilometrida “Isuzu” yo‘lovchi avtobusida o‘rnatilgan gaz balloni portlagan. Buning oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohatlangan.
Qozonxona uskunalaridan foydalanish ishonchliligini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularni tabiiy gaz bilan ta’minlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, energiya ta’minoti va energiya samaradorligi masalalariga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
Siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan yanada xavfsiz foydalanishni ta’minlash, ulardan foydalanishda baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan qozonxonalardan foydalanish ishonchliligi va samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari va gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarini, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalarni xatlovdan o‘tkazish hamda ularning ishonchliligi va xavfsizligini oshirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha 1-ilovaga* muvofiq Respublika komissiyasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Respublika komissiyasining (A.J. Ramatov) asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari bo‘yicha:
standartlar va texnik reglamentlar talablariga javob beradigan hamda sertifikatlangan siqilgan tabiiy gaz ballonlaridan foydalanilishi yuzasidan ularni yalpi xatlovdan o‘tkazish;
tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar har bir yuridik shaxs va jismoniy shaxslar avtomobil transportining texnik holatini bosqichma-bosqich ko‘rikdan o‘tkazish;
har bir avtomobil transportining texnik ko‘rik talablari, ularda foydalanilayotgan gaz ballonlarining ishonchliligi va xavfsizligi talablariga mos kelishi yuzasidan dalolatnoma tuzilishini ta’minlash;
b) avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari bo‘yicha:
foydalanilayotgan texnologik uskunalar (kompressorlar) va boshqa vositalarning loyiha hujjatlari talablariga, ayniqsa, yong‘in va portlash xavfsizligini ta’minlash talablariga, shuningdek, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan ularni yalpi xatlovdan o‘tkazish;
avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari ulardan foydalanishda sanoat xavfsizligi kurslarida o‘qigan malakali mutaxassislar va ishchi-xodimlar bilan ta’minlanganini o‘rganish;
avtomobillarni gaz bilan to‘ldiradigan har bir kompressor stansiyasining sanoat xavfsizligi, loyiha parametrlari, litsenziya talablari va shartlariga rioya etish talablariga mos kelishi yuzasidan dalolatnoma tuzilishini ta’minlash;
v) markazlashtirilgan qozonxonalar bo‘yicha:
markaziy qozonxonalar va ularni tabiiy gaz bilan ta’minlash tizimlari, shu jumladan gaz taqsimlash punktlarining yong‘in xavfsizligi texnik talablariga mos kelishi yuzasidan yalpi xatlovdan o‘tkazish;
yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilish borasida foydalanilayotgan uskunalarning ishonchliligi va samaradorligini, talab etilgan malakaga ega xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning mavjudligini tahlil qilish;
marakazlashtirilgan har bir qozonxonaning sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga mos kelishi, shuningdek, ayniqsa kuz-qish mavsumida uzluksiz ishlashga tayyorligi bo‘yicha dalolatnoma tuzilishini ta’minlash.
3. Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari, shuningdek, markazlashtirilgan qozonxonlarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha 2, 2a va 2b-ilovalarga* muvofiq hududiy komissiyalar tashkil etilsin.
* 1 — 2b-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Respublika komissiyasi ishchi organining funksiyalari, o‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirgan holda hududiy komissiyalar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
4. Belgilansinki:
a) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, gaz ballonlari bilan jihozlangan va yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtobuslar, mikroavtobuslar va yengil avtotransport vositalari (taksilar) 2018-yil 1-dekabrgacha, jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari hamda tashkilotlarning gaz ballonlari bilan jihozlangan hamda ishlab chiqarish jarayonida va yuklarni tashishda foydalaniladigan maxsus texnikasi — texnik ko‘rikni o‘tkazishning belgilangan muddatlarida xatlovdan o‘tkaziladi;
avtotransport vositalari va ularda o‘rnatilgan gaz ballonlari texnik ko‘rikdan Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va yo‘l harakati xavfsizligi viloyat boshqarmalari tomonidan belgilangan joylarda, shu jumladan “O‘zstandart” agentligida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan respublika hududlaridagi kapot ichidagi uskunalarni o‘rnatish hamda ularga xizmat ko‘rsatish servis markazlarida o‘tkaziladi;
avtotransport vositalarini xatlovdan va texnik ko‘rikdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, hududiy komissiyalar tomonidan tegishli dalolatnoma tuzilib, Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha tegishli boshqarmasiga beriladi;
b) 2018-yil 15-noyabrgacha bo‘lgan muddatda avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari xatlovdan o‘tkaziladi va hududiy komissiyalar tomonidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi;
“O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasi xatlov natijalari asosida litsenziat litsenziya talablari va shartlariga, shu jumladan sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaganda avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarining litsenziyalarini belgilangan tartibda to‘xtatish choralarini ko‘radi;
v) 2018-yil 1-noyabrgacha bo‘lgan muddatda sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va respublika aholisi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan markazlashtirilgan qozonxonalar xatlovdan o‘tkaziladi hamda hududiy komissiyalar tomonidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir shoshilinch choralar ko‘rish uchun taqdim etiladi.
5. Respublika komissiyasi (A.J. Ramatov) o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra 2018-yil 15-dekabrgacha bo‘lgan muddatda:
avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalaridan va gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan bexatar foydalanilishini, shuningdek, xatlov davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
markazlashtirilgan qozonxonalardan samarali va bexatar foydalanilishini, shu jumladan ulardan foydalanishda sodir bo‘lgan avariya holatlarining zudlik bilan bartaraf etilishini, shuningdek, xatlov davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. “O‘zneftgazinspeksiya” mas’uliyatni bevosita litsenziatga yuklagan holda, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanish xavfsizligi talablariga javob bermaydigan gaz ballonlari siqilgan tabiiy gaz bilan to‘ldirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilishini ta’minlasin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)
7. “O‘zstandart” agentligi 2018-yil 15-noyabrgacha bo‘lgan muddatda siqilgan gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchilarning texnologik jarayonlarini, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganib chiqsin va natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Respublika komissiyasiga hamda hududiy komissiyalarga avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarini hamda yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalarini xatlovdan o‘tkazish davomida ularga yuklangan vazifalarning sifatli bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasi boshlig‘i N.T. Agzamov, “Sanoatgeotexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B.V. Gulyamov, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X. Saliyev hamda “O‘zstandart” agentligi bosh direktori D.N. Sattarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-sentabr,
745-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/745/1918-son; 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son)