O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 25-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2495-3]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 174-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2495, 2013-yil 29-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 31-son, 414-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-iyul,
204-son
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 29-iyuldagi 204-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan qo‘shimchalar
1. 267-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Advokatlarga mahkumlar bilan audio va video kuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlab qolinadi.”.
2. 268-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Advokatning mahkum bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.”.
3. Quyidagi mazmundagi 2681-band bilan to‘ldirilsin:
“2681. Advokat tomonidan elektron vositalardan ma’lumotlarni qayd etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda uchrashuv muddatidan ilgari to‘xtatilib, JIEM ma’muriyati tomonidan advokatlik siri va daxlsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma nusxasi JIEBBga, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga va guvohnoma bergan hududiy adliya organiga zudlik bilan yuboriladi.
Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi dalolatnomada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan ko‘rilgan choralar to‘g‘risida JIEMga axborot beradi.
4. Mazkur qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy sudi va Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2018-yil 28-iyul
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
2018-yil 16-iyul
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2018-yil 13-iyul
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2018-yil 11-iyul
Advokatlar palatasi raisi v.b. Sh. SADIKOV
2018-yil 30-iyun
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 10/18/2495-3/1789-son)