Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot tashkilotlarini va respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga doir dolzarb chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 13-sentabrdagi 717-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-noyabrdagi PF-5229-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot tashkilotlarini va respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga doir dolzarb chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 13-sentabrdagi 717-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil 18-sentabr, 37-son, 999-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-may,
353-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 353-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Davlat tibbiyot tashkilotlarini va respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga doir dolzarb chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 13-sentabrdagi 717-son qaroriga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. 2-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2018-yildan boshlab — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari xarid qilishga boʻlgan ehtiyojning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahri sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari xarajatlari smetalarining alohida satrida ularni sotib olish uchun zarur boʻlgan budjet mablagʻlarini nazarda tutsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahri sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalariga markazlashtirilgan tartibda “Oʻzmedimpeks” DUK bilan tuziladigan shartnomalarga asosan istisno tariqasida oldindan yuz foiz toʻlovni amalga oshirish huquqi berilsin.”.
2. 4-bandning uchinchi xatboshidagi “Oʻzmedeksport” RTIDK” soʻzlari “Oʻzmedimpeks” DUK” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 5-banddagi “Oʻzmedeksport” RTIDK” soʻzlari “Oʻzmedimpeks” DUK” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 09/18/353/1208-son)