O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3509-son qaroriga 2-ilovaning 13-bandiga muvofiq hamda turizm sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, milliy turistik mahsulotlar va brendlarni xalqaro maydonlarga faol kiritish, shuningdek, O‘zbekistonga tashriflar davomida xorijiy mamlakatlarning rasmiy delegatsiyalariga hamrohlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibiga aniqliklar kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2006-y., 9-son, 65-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-mart,
207-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 207-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 7-bandda:
a) “olti oygacha” so‘zlari “uch oygacha” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:
“O‘zbekiston Respublikasida materiallarni, shu jumladan, kinoxronikal, O‘zbekistonning turistik salohiyati, tabiati, madaniyati, an’analari va aholi turmush tarzi to‘g‘risidagi dasturlarni, publitsistik va tarixiy materiallarni suratga olishni mo‘ljallayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining iltimosnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda vaqtincha xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma murojaatnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tushgandan keyin besh ish kunigacha muddatda beriladi”.
2. 13-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar qo‘shilsin:
“O‘zbekiston Respublikasiga tashrifni yoritish uchun xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga fotograf yoki videooperator sifatida hamrohlik qilayotgan xorijiy mamlakatlar davlat organlarining xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish talab etilmaydi.
Xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga hamrohlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini vaqtincha akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror xorijiy davlatning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoki O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan rasmiy verbal notasi asosida besh ish kunidan kechikmasdan qabul qilinadi. Ushbu holatda Asosiy qoidalarning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son)