Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 6-oktabrdagi PQ-3313-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining ustavi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-dekabr,
969-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmeliomashlizing” DUK deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyati va hisobdorligini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. “Oʻzmeliomashlizing” DUK Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzmeliomashlizing” DUK taʼsischisi (keyingi oʻrinlarda taʼsischi deb ataladi) hisoblanadi.
“Oʻzmeliomashlizing” DUK majburiyatlari yuzasidan oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar boʻladi. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mol-mulki yetarli boʻlmaganda taʼsischi uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi. “Oʻzmeliomashlizing” DUK taʼsischi majburiyatlari boʻyicha javobgar emas.
4. “Oʻzmeliomashlizing” DUK oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. “Oʻzmeliomashlizing” DUK yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va davlat tilida oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga va bank hisob raqamlari, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob ramqamlarga, shuningdek, belgilangan tartibda roʻyxatga olingan tovar belgisi hamda xizmat koʻrsatish belgisiga ega.
6. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning rasmiy nomi:
1) davlat tilida:
toʻliq — “O`zmeliomashlizing” davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan — “O`zmeliomashlizing” DUK;
2) rus tilida:
toʻliq — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Uzmeliomashlizing”;
qisqartirilgan — GUP “Uzmeliomashlizing”;
3) ingliz tilida:
toʻliq — State Unitary Company “O`zmeliomashlizing”;
qisqartirilgan — SUC “O`zmeliomashlizing”.
7. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning joylashgan joyi (pochta manzili): Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni 5-uy.
2-bob. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning maqsadi, faoliyat sohasi, asosiy vazifalari va funksiyalari
8. “Oʻzmeliomashlizing” DUK melioratsiya va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning manfaatlarini koʻzlab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarining mavjud parkini yangilash hamda koʻp tarmoqli parkini shakllantirishni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan.
9. Lizing oluvchilarning buyurtmanomlari boʻyicha zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini xarid qilish hamda ularga lizing asosida berish “Oʻzmeliomashlizing” DUKning faoliyat sohasi hisoblanadi.
10. Quyidagilar “Oʻzmeliomashlizing” DUKning asosiy vazifalari hisoblanadi:
melioratsiya va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning lizingga yetkazib beriladigan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalariga boʻlgan ehtiyojlarini oʻrganish va tahlil qilish;
melioratsiya va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarga mahalliy hamda xorijiy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini lizing asosida yetkazib berish;
meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini xarid qilishga moʻljallangan resurslarni shakllantirish uchun donorlar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini imtiyozli asosda jalb etish;
lizing asosida yetkazib berilgan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy servis xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
lizing asosida yetkazib berilgan meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarining texnik holatini tizimli monitoring qilish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish.
11. “Oʻzmeliomashlizing” DUK oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
melioratsiya va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari, suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda lizing oluvchilar deb ataladi) meliorativ va boshqa texnika, mashinalar, uskunalar va boshqa mexanizatsiya vositalarini (keyingi oʻrinlarda lizing obyektlari deb ataladi) lizing asosida yetkazib berishga boʻlgan ehtiyojlarini oʻrganadi va tahlil qiladi;
boʻlajak lizing oluvchilarning kelgusi yil uchun buyurtmanomalarini umumlashtiradi;
buyurtmanomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) kafolat xatlari asosida ishlab chiqarish tashkilotlari boʻyicha joylashtiradi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun tender savdolarini eʼlon qiladi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun eʼlon qilingan tender savdolari boʻlajak ishtirokchilarining buyurtmanomalarini umumlashtiradi;
lizing obyektlarini xarid qilish uchun tender savdolari sifatli oʻtkazilishini belgilangan tartibda tashkil etadi;
kafolat xatlari bilan tasdiqlangan moliyaviy mablagʻlar, shuningdek, oʻz mablagʻlaridan foydalangan holda mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan lizing obyektlarini xarid qilish uchun shartnomalar tuzadi;
Jamgʻarma zaymlarini olish uchun buyurtmanomalarni joylashtiradi;
lizing obyektlarini yetkazib beruvchilar bilan tegishli avans hisob-kitoblarini amalga oshiradi;
ishlab chiqaruvchi zavodlarga borib, lizing obyektlarini ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qiladi;
lizing oluvchilarga lizing obyektlarini lizing shartnomalariga muvofiq taqdim etadi;
donorlarni jalb qilish sohasida lizing obyektlarini xarid qilishga moʻljallangan resurslarni shakllantirish uchun donorlar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini imtiyozli asosda jalb etish ishlarini amalga oshiradi;
lizingga berilgan lizing obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy servis xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyadi;
lizing asosida yetkazib berilgan lizing obyektlarining texnik holatini tizimli monitoring qilish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etadi;
lizing shartnomalari boʻyicha toʻlovlarning oʻz vaqtida kelib tushishini doimiy nazorat qiladi.
3-bob. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning huquqlari va javobgarligi
12. “Oʻzmeliomashlizing” DUK zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
davlat statistika organlaridan “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistika axborotini bepul olish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK xodimlarini ularning tegishli sohadagi oʻz faoliyati asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha parametrlarni bajarishi hisobga olingan holda moddiy ragʻbatlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro darajada belgilangan tartibda ifoda etish;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijda ishlab chiqariladigan zamonaviy lizing obyektlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolarini shartnoma asosida ishga qabul qilish;
taʼsischi bilan kelishgan holda, “Oʻzmeliomashlizing” DUK xodimlarining oylik ish haqi miqdori va uni toʻlash tartibi, ularni mukofotlash va imtiyozlarni berish tartibini belgilash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. “Oʻzmeliomashlizing” DUK quyidagilar uchun masʼul:
“Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati bilan bogʻliq davlat dasturlarida nazarda tutilgan prognoz koʻrsatkichlarga erishilishini soʻzsiz taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek, lizing oluvchilarning bevosita “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatiga taalluqli murojaatlari oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi;
lizing oluvchilarning lizing obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanishi boʻyicha oʻz vaqtida monitoring olib borilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, “Oʻzmeliomashlizing” DUK qabul qiladigan qarorlarni amalga oshirish sifati, yakuniy natijalari hamda oqibatlari;
sohani (tarmoqni) rivojlantirish, shuningdek, tegishli sohadagi (tarmoqdagi) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ulardagi muammoli masalalarni hal etish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda ularning himoya qilinishini taʼminlash.
4-bob. “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini tashkil etish
1-§ “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbariyati
14. “Oʻzmeliomashlizing” DUKka Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
15. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining oʻrinbosari ijrochi direktor tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
16. Ijrochi direktor boʻlmaganda uning vakolatlarini oʻrinbosari amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2023-y., 09/23/147/0203-son)
2-§ “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi organi
18. Ijrochi direktor “Oʻzmeliomashlizing” DUKning ijroiya organi hisoblanadi va korxonaning joriy faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
19. Ijrochi direktor “Oʻzmeliomashlizing” DUK nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, shtat jadvalini belgilaydi, “Oʻzmeliomashlizing” DUKning barcha xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
20. Ijrochi direktor taʼsischiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yillik biznes-reja bajarilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi.
21. Quyidagilar “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, “Oʻzmeliomashlizing” DUKka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklangan vazifalarning bajarilishini tashkil etish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar amalga oshirilishini tanqidiy hamda chuqur tahlil qilish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi vakillarining (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari deb ataladi) faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishilishini soʻzsiz taʼminlashga doir amaliy choralar ishlab chiqish hamda koʻrish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati sohasiga doir masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislari va Rayosatida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari topshiriqlarini bajarish;
oʻz oʻrinbosari vakolatlarini belgilash, “Oʻzmeliomashlizing” DUKning boshqa mansabdor shaxslari majburiyatlari va vakolatlarini taqsimlash, “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatining ayrim boʻlimlariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosari hamda boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyat darajasini belgilash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini rejalashtirishni tashkil qilish, “Oʻzmeliomashlizing” DUK va oʻz oʻrinbosarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari bajarilishini tashkil etish va monitoringi boʻyicha amaliy tizimni shakllantirish, “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatida ijro intizomini mustahkamlashga doir kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi uchun “Oʻzmeliomashlizing” DUK va “Meliomashlizingservis” MCHJ mansabdor shaxslarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, “Oʻzmeliomashlizing” DUK kadrlar zaxirasini shakllantirish;
boʻsh lavozimlarga taklif etilgan xodimlar, shuningdek, “Oʻzmeliomashlizing” DUKka ishga qabul qilinadigan boshqa xodimlarning mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi, ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlari yuqoriligi kafolatlanishini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyat sohasiga doir masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda oʻz vaqtida kiritilishini tashkil qilish, ularni Vazirlar Mahkamasi apparatida qayta ishlash, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rahbariyatida himoya qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqishda ishtirok etish, shuningdek, “Oʻzmeliomashlizing” DUKka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini toʻliq hamda atroflicha koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa ekspertizadan puxta oʻtkazish hamda belgilangan muddatlarda kelishish (imzolash);
(21-bandning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
“Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son qarori va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarori talablariga qatʼiy muvofiq ravishda xizmat safarlarida boʻlishini tashkil etish, xizmat safarlarining asosliligi, samaradorligi va natijadorligini hamda xizmat safarlari uchun ajratiladigan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻz oʻrinbosari va “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari, shuningdek, “Meliomashlizingservis” MCHJ rahbarlari faoliyatining samaradorligi hamda natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, ularning shaxsiy hisobotlarini umumiy yigʻilishlarda eshitish, yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida keyinchalik qolish yoki qolmaslik maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish, shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq “Oʻzmeliomashlizing” DUK tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali bunday holatlar sodir etilishiga koʻmaklashadigan sabablar hamda sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini taʼminlash;
lizing xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish samaradorligi hamda sifatini oshirish, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil qilish, aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxslar vakillarini muntazam shaxsan qabul qilish, shu jumladan sayyor qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbarlari va xodimlarining qabulxonalar faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil qilish, jismoniy va yuridik shaxslardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlari oʻz vaqtida hamda toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat sirlariga kiritilgan axborot va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya etish.
22. Quyidagilar “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbari oʻrinbosarining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbari vaqtinchalik boʻlmaganda tegishli buyruqqa asosan uning majburiyatlarini bajarish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalari, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish hamda bevosita rahbarlik qilish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan faoliyat yoʻnalishlariga taalluqli konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar amalga oshirilishini tanqidiy hamda chuqur tahlil qilish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalari, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ tomonidan prognoz koʻrsatkichlarga erishilishini soʻzsiz taʼminlash choralarini koʻrish, boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda ularning qayd etilgan koʻrsatkichlarga erishish uchun masʼuliyatini oshirish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillarining har choraklik rejalarini ijrochi direktorga tasdiqlash uchun taqdim etish, ularning bajarilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini taʼminlash, “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalarida, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillarining va “Meliomashlizingservis” MCHJda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK yigʻilish qarorlari, ijrochi direktorning buyruqlari va topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalariga, shuningdek, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari lavozimlariga kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qoʻyish boʻyicha ijrochi direktorga takliflar kiritish, ularning mahorati, bilim darajasi, amaliy tajribasi, ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlari yuqoriligi kafolatlanishini taʼminlash, professional malakasini oshirish choralarini koʻrish, mutasaddilik qiladigan boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlarni toʻliq va atroflicha koʻrib chiqish, ularni moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa ekspertizadan puxta oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son qarori va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarori talablariga toʻliq muvofiq ravishda xizmat safarlarida boʻlish, xizmat safarlarining asosliligi, samaradorligi va natijadorligini hamda xizmat safarlari uchun ajratiladigan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ rahbarlarining faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, shaxsiy hisobotlarini eshitish va yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy choralar koʻrish, qonun hujjatlarini takomillashtirish takliflarini ishlab chiqish hamda ularni “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga kiritish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarini, “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillarini va “Meliomashlizingservis” MCHJ xodimlarini ragʻbatlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida keyinchalik qolish yoki qolmaslik maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritish, ularning funksional majburiyatlar va zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq “Oʻzmeliomashlizing” DUK tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali bunday holatlar sodir etilishiga koʻmaklashadigan sabablar hamda sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
ijrochi direktorga lizing xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish samaradorligi hamda sifatini oshirishga oid takliflar kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil qilish, aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxslar vakillarini muntazam shaxsan qabul qilish, shu jumladan sayyor qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, qabulxonalar faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushadigan murojaatlari oʻz vaqtida hamda toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat sirlariga kiritilgan axborot va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya etish.
3-§ “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati
23. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati “Oʻzmeliomashlizing” DUKning joriy faoliyatini taʼminlaydi.
24. Ijrochi direktor “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining rahbari hisoblanadi.
25. Quyidagilar “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari bilan birgalikda “Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatini, ijrochi direktor va uning oʻrinbosarini tashkiliy hamda tahliliy axborot bilan taʼminlash;
davlat boshqaruvi organlari faoliyati huquqiy taʼminlanishini tashkil etish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik masalalari va boshqa masalalarni hal etish;
ijro intizomiga rioya etilishini taʼminlash.
26. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi;
xorijiy investorlar, moliya institutlari va donor tashkilotlar bilan investitsiyalar jalb qilish yuzasidan muzokaralar oʻtkazadi;
mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan lizing obyektlarini xarid qilish faoliyatini tashkil qiladi;
boʻlajak lizing oluvchilar tomonidan lizing obyektlarini olish uchun taqdim etilgan loyihalar va hujjatlar iqtisodiy tahlil etilishini taʼminlaydi, lizing obyektlarini berish yoki berishni rad etish haqida xulosa beradi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati huquqiy taʼminlanishini tashkil qiladi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati va uning rahbariyatini tashkiliy hamda tahliliy axborot bilan taʼminlaydi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari va “Meliomashlizingservis” MCHJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat qarorlarining bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qiladi;
lizing oluvchilarga lizing asosida zamonaviy lizing obyektlari yetkazib berilishini taʼminlaydi;
lizingga berilgan lizing obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy servis xizmatlari koʻrsatilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, lizing obyektlarining texnik holati, ulardan maqsadli hamda samarali foydalanish boʻyicha tizimli monitoringni tashkil etadi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
qarzlarni undirish faoliyatini amalga oshiradi, tegishli materiallarni sudga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakolatiga kiradigan boshqa operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik masalalari va boshqa masalalarni hal etadi.
27. Ijro etuvchi apparat tarkibiga “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari ham kiradi.
28. Quyidagilar “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududda “Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;
joylarda lizing obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
joylardagi tashkilotlarning “Oʻzmeliomashlizing” DUK tomonidan beriladigan lizing obyektlariga boʻlgan ehtiyojini tahlil qilish va umumlashtirish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK markaziy apparati bilan hamkorlik qilish;
“Meliomashlizingservis” MCHJning joylardagi filiallari bilan hamkorlik qilish.
29. “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
joylarda tashkilotlarning lizing obyektlarini xarid qilish ehtiyojini oʻrganadi;
“Meliomashlizingservis” MCHJning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi filiallari vakillari bilan birgalikda “Oʻzmeliomashlizing” DUK lizing oluvchilariga berilgan lizing obyektlari hisobini yuritadi;
lizing oluvchilar tomonidan lizing obyektlari saqlanishini, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qiladi va natijalar asosida lizing oluvchining vakili ishtirokida dalolatnomani rasmiylashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan foydalanilayotgan lizing obyektlarini koʻzdan kechirish natijalari boʻyicha “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbariyatiga, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari va mahalliy ijro hokimiyati organlariga aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etishda yordam berish uchun yozma xulosa kiritadi;
(29-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
“Oʻzmeliomashlizing” DUK mablagʻlari hisobidan lizing shartnomalari tuzilgan boshqa lizing oluvchilar foydalanayotgan lizing obyektlari monitoringi natijalariga koʻra, nuqson dalolatnomalari tuzadi va ularni tegishli choralar koʻrish uchun “Oʻzmeliomashlizing” DUKka va lizing oluvchining kafiliga topshiradi;
lizing oluvchilardan lizing toʻlovlari, “Oʻzmeliomashlizing” DUK bilan tuzilgan shartnomalari boʻyicha qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda oladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun, jumladan, boʻlajak lizing oluvchining toʻlovga layoqatliligi, moliyaviy ahvoli va boshqa imkoniyatlari, kafillar toʻgʻrisida va boshqa zarur axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
lizing shartnomasi yoki kafillikni rasmiylashtirishda, sudda esa “Oʻzmeliomashlizing” DUK manfaatlariga daxldor masalalarni koʻrib chiqishda “Oʻzmeliomashlizing” DUKning vakolatli vakili sifatida va “Oʻzmeliomashlizing” DUK nomidan ishtirok etadi;
joylarda lizing obyektlari buzilgani toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda, bu haqida “Meliomashlizingservis” MCHJ filiallari vakillariga yoki markaziy apparatiga xabar beradi, servis xizmatlari koʻrsatilishiga koʻmaklashadi va natijalari xususida “Oʻzmeliomashlizing” DUKka maʼlumot beradi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatiga lizing obyektlari va lizing oluvchilar haqida zarur axborot beradi.
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari ijrochi direktor va uning oʻrinbosari topshirigʻiga binoan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-§ “Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbarlari va vakillarining javobgarligi
30. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori:
“Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Ustavning 13-bandida nazarda tutilgan “Oʻzmeliomashlizing” DUKning javobgarlik sohalari;
ushbu Ustavning 21-bandida qayd etilgan oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
31. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktorining oʻrinbosari:
“Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalar “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan tarkibiy boʻlinmalari tomonidan bajarilishi;
ushbu Ustavning 13-bandida nazarda tutilgan “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mutasaddilik qiladigan masalalar yuzasidan javobgarlik sohalari;
ushbu Ustavning 22-bandida qayd etilgan oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
32. “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari:
tegishli hududda “Oʻzmeliomashlizing” DUKka yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilish;
ushbu Ustavning 29-bandida qayd etilgan funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun javob beradi.
5-§ “Oʻzmeliomashlizing” DUK markaziy apparatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi vakillari bilan oʻzaro hamkorlik tartibi
33. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining vakillar bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi.
34. “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalari oʻz faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari bilan hamkorlik qilgan holda:
ijro etuvchi apparat topshiriqlarini “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillariga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillariga bevosita tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan soʻrovlar yuboradi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatini tekshiradi va oʻrganadi, ularning faoliyat koʻrsatish amaliyotini umumlashtiradi, ushbu faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari faoliyatini tashkil etish va uning natijalari toʻgʻrisidagi hisobot va axborot materiallari, statistika hamda boshqa maʼlumotlar oʻrganilishini tashkil etadi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillaridan kelgan takliflarni koʻrib chiqadi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirokini tashkil qiladi, ulardan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha kelgan takliflarni koʻrib chiqadi.
35. “Oʻzmeliomashlizing” DUK vakillari “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan hamkorlik qiladi, jumladan:
“Oʻzmeliomashlizing” DUK rahbariyati topshiriqlarining bajarilishi toʻgʻrisida axborot beradi;
ijro etuvchi apparatga belgilangan faoliyat sohasiga oid qonun hujjatlarini amalga oshirish natijalari haqida axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va oʻrganish natijasida aniqlangan kamchiliklar hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish natijalari haqida axborot beradi;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK ijro etuvchi apparatiga oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etadi;
faoliyatini vakolatli organ tomonidan tekshirish natijalari haqida xabardor qiladi.
5-bob. “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash
36. “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholab boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 09/24/893/1088-son)
6-bob. Ustav fondi
38. Kompaniyaning ustav fondi 5 000 000 000 (besh milliard) soʻmni tashkil qiladi.
39. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning ustav fondi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻpaytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
7-bob. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mulki va uni realizatsiya qilish tartibi
40. “Oʻzmeliomashlizing” DUKning mulki:
taʼsischi tomonidan “Oʻzmeliomashlizing” DUKka operativ boshqarish huquqi asosida biriktirilgan mol-mulk;
“Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyatidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
“Oʻzmeliomashlizing” DUK mulkining qiymati “Oʻzmeliomashlizing” DUK mustaqil balansida aks ettiriladi.
41. “Oʻzmeliomashlizing” DUKda davlat mulkini operativ boshqarish huquqi “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori va taʼsischi tomonidan davlat mulkini topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasi imzolangan kundan boshlab paydo boʻladi.
42. “Oʻzmeliomashlizing” DUK mulki boʻlinmaydi.
43. “Oʻzmeliomashlizing” DUK mulki taʼsischi bilan kelishgan holda, “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori tomonidan quyidagi hollarda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga berish yoki garovga topshirish;
mulkni boshqa tijorat tashkilotlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
“Oʻzmeliomashlizing” DUKning tijorat tashkilotlaridagi aksiyalarini (ulushlarini) sotish;
mulkni “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati maqsadlariga mos kelmaydigan boshqa shaklda sotish.
44. “Oʻzmeliomashlizing” DUKka tegishli bino va inshootlar (jumladan, qurilishi tugallanmagan), shuningdek, aksiyalar (ulushlar) Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan sotiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzmeliomashlizing” DUKka tegishli bino va inshootlarni (jumladan, qurilishi tugallanmagan), shuningdek, aksiyalarni (ulushlar) sotishdan tushgan mablagʻlar, ularni sotib olish manbalaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat mulkini xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar sifatida taqsimlanadi.
(44-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
8-bob. Daromadni (foydani) taqsimlash va zararni qoplash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
45. Direksiyada qoladigan sof foyda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va muassisga ajratmalar toʻlangandan keyin korxona tasarrufida qoladi va undan Muassis qaroriga koʻra foydalaniladi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
46. “Oʻzmeliomashlizing” DUK daromadini (foydasini) taqsimlash va uning zararlarini qoplash tartibi taʼsischi tomonidan belgilanadi.
47. “Oʻzmeliomashlizing” DUK taʼsischisining roziligi bilan zaxira va boshqa maqsadli jamgʻarmalar tuzilishi mumkin.
9-bob. Buxgalteriya hisobi va hisoboti
48. “Oʻzmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritadi va hisobotni taqdim etadi.
49. “Oʻzmeliomashlizing” DUKda buxgalteriya hisobini tashkil etish, uning holati va toʻgʻri yuritilishi, shuningdek, tegishli organlarga davriy hisobot va boshqa hisobotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javobgarlik qonun hujjatlariga muvofiq ijrochi direktor zimmasiga yuklanadi.
50. “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼsischi, soliq va moliya organlari, oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlat organlari, shuningdek, zarur boʻlganda, shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirilishi mumkin.
10-bob. Nizolarni hal etish
51. “Oʻzmeliomashlizing” DUK faoliyati bilan bogʻliq yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
52. “Oʻzmeliomashlizing” DUK Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan taʼsischining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida oʻz filiallari va vakolatxonalarini ochishi mumkin. Ular “Oʻzmeliomashlizing” DUK tomonidan mulk bilan taʼminlanadi va oʻz faoliyatini “Oʻzmeliomashlizing” DUK ijrochi direktori tasdiqlagan qoidalar asosida amalga oshiradi.
53. Filiallar va vakolatxonalar rahbarlari ijrochi direktor tomonidan taʼsischi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va oʻz faoliyatini “Oʻzmeliomashlizing” DUK tomonidan belgilangan tartibda berilgan hamda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida yuritadi.
54. “Oʻzmeliomashlizing” DUK qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 401-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1083-son va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorlari)” 2009-yil 20-maydagi 142-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 37-modda) 1-ilovaning 23-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-son Qonuni)” 2011-yil 18-fevraldagi 40-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 2-son, 12-modda) ilovaning 7-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tuzilmasini va faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 11-iyuldagi 209-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 7-son, 52-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 29-oktabrdagi PF-3932-sonli Farmoniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 2013-yil 19-apreldagi PF-4533-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2013 — 2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 19-apreldagi PQ-1958-son qarori)” 2013-yil 28-iyundagi 185-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 6-son, 43-modda) ilovaning 1-bandi, 2-band “b” kichik bandining sakson toʻqqizinchi xatboshi va 3-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 5-fevraldagi 54-f-son farmoyishi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2023-y., 09/23/147/0203-son; 20.08.2024-y., 09/24/515/0633-son; 28.12.2024-y., 09/24/893/1088-son; 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)