Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli “Rasmiy statistika faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qarorini ijro etish, shuningdek davlat statistikasi tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi B.A. Begalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-sentabr,
690-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 690-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat statistika qoʻmitasi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Davlat statistika qoʻmitasi, rasmiy statistika sohasida rivojlanishning milliy va mintaqaviy xususiyatlarini hisobga olgan holda ilmiy metodologiyaga, xalqaro standartlar va qoidalarga asoslangan yaxlit milliy statistika tizimini yaratishga va uning faoliyat koʻrsatishiga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, rasmiy statistikadan foydalanuvchilar, shu jumladan, xorijiy foydalanuvchilarni ishonchli va rasmiy statistika maʼlumotlari bilan taʼminlovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Davlat statistika qoʻmitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bogʻliq oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
4. Davlat statistika qoʻmitasi tizimiga quyidagilar kiradi:
Davlat statistika qoʻmitasining markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari;
tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari;
Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut).
5. Davlat statistika qoʻmitasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Davlat statistika qoʻmitasi oʻz faoliyatini boshqa davlat organlari va yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorlikda, shu jumladan, idoralararo elektron hamkorlik qilishdan foydalangan holda amalga oshiradi.
7. Davlat statistika qoʻmitasi oʻz faoliyatini har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq tashkil qiladi.
8. Davlat statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan, rasmiy statistika hisobotlari va kuzatuvlarini oʻtkazish hamda ularni nashr qilish va eʼlon qilish jarayonlariga har qanday aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Davlat statistika qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
10. Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, qisqartirilgan nomi — Davlat statistika qoʻmitasi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — The State Committee of the Republic of Uzbekistan on Statistics, qisqartirilgan nomi — The State Committee on Statistics;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvenniy komitet Respubliki Uzbekistan po statistike, qisqartirilgan nomi — Goskomstat.
11. Davlat statistika qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlariga ega boʻladi.
12. Davlat statistika qoʻmitasining joylashgan joyi (pochta manzili): 100170, Toshkent shahri, Mustaqillik shoh koʻchasi, 63-uy.
2-bob. Davlat statistika qoʻmitasining asosiy vazifalari va funksiyalari
13. Quyidagilar Davlat statistika qoʻmitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
rasmiy statistika sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, rasmiy statistikani tashkil etishning samarali tizimini taʼminlash;
rasmiy statistika sohasini muvofiqlashtirish va funksional tartibga solish;
xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan yagona statistika metodologiyasini hamda davlat statistika kuzatuvlari shakllarini ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish;
ijtimoiy-iqtisodiy va demografik hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari toʻgʻrisidagi statistika axborotlarini yigʻish, qayta ishlash, toʻplash, saqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va eʼlon qilish;
davlat organlari, yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlar va aholini belgilangan tartibda statistika axboroti bilan taʼminlash;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish, statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan iqtisodiy-statistik klassifikatsiyalar tizimini ishlab chiqish, joriy etish va yuritish;
davlat statistikasi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, foydalanuvchilarning respublikaning rivojlanishini toʻliq tavsiflovchi va iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining rivojlanishidagi, shuningdek, aholi turmush darajasidagi sifat oʻzgarishlarini yanada toʻliq ochib beruvchi koʻrsatkichlarning keng roʻyxatidan erkin foydalanishlarini taʼminlash;
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati va uning tarkibiy boʻlinmalarining ish usullari va shakllarini yanada takomillashtirish, fuqarolarning murojaatlariga oʻz vaqtida munosabat bildirish, yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun xodimlarning masʼuliyatini oshirish;
roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va amalga oshirish.
14. Davlat statistika qoʻmitasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) rasmiy statistikasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va bajarish, statistikani tashkil qilishning samarali tizimini taʼminlash va rasmiy statistika sohasini muvofiqlashtirish va funksional tartibga solish sohasida:
statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilarning talablarini oʻrganishni hisobga olgan holda istiqbolli maqsadlar va yoʻnalishlarni, rasmiy statistikani rivojlantirish uchun kadrlar bilan va moliyaviy taʼminlashni belgilaydi;
Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqadi, Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Statistika kengashi va Jamoatchilik kengashi bilan kelishilishini taʼminlaydi hamda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
tahliliy salohiyatni mustahkamlash, Davlat statistika ishlari dasturining mazmunini doimiy ravishda takomillashtirish, uning mamlakat va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tarkibiy va bozor islohotlari, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida islohotlarning borishini tavsiflovchi tegishli maqsadli koʻrsatkichlar bilan oʻzaro bogʻliqligini oshirish boʻyicha zarur choralarni koʻradi;
rasmiy statistika tamoyillariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan statistik metodologiyaning yagonaligini taʼminlaydi;
rasmiy statistikani tashkil etish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi, rasmiy statistika faoliyati masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va tegishli organlarga kiritadi;
xalqaro statistika tashkilotlari va xorijiy mamlakatlarning statistika organlari bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda bitimlar tuzadi;
davlat organlari va tashkilotlarining ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlar Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida oʻz vaqtida aks ettirilishi boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
b) xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan yagona statistika metodologiyasini hamda davlat statistika kuzatuvlari shakllarini ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish sohasida:
makroiqtisodiy, tarmoq va hududiy darajalarda oʻrganilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning qamrovini kengaytirishga qaratilgan statistik maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashning zamonaviy metodologiyasi va metodikalarini keng joriy etish yoʻli bilan statistik kuzatuvlar tizimini qabul qilingan xalqaro amaliyotga yanada moslashtirishni amalga oshiradi;
davlat statistika kuzatuvlari shakllarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va joriy etadi, statistika kuzatuvlarini oʻtkazish usullarini belgilaydi;
rasmiy statistika sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda qabul qiladi;
davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan davlat va idoraviy statistika kuzatuvlari tizimini maqbullashtirish yoʻli bilan xolisona, sifatli va talab yuqori boʻlgan hisobot maʼlumotlari tayyorlanishini, tanlanma statistika kuzatuvlari sonini va natijalarining ishonchliligi bosqichma-bosqich oshirilishini muvofiqlashtiradi, idoraviy statistika kuzatuvlari shakllarini kelishadi;
statistika sohasida tadqiqot ishlarini, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar tomonidan mamlakatlar reyting baholarini tuzish uchun foydalaniladigan axborot manbalarini oʻrganishni tashkil etadi va amalga oshiradi, ular asosida shakllantiriladigan va tarqatiladigan statistik koʻrsatkichlar tarkibini yaxshilash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
jamiyat ehtiyojlariga muvofiq rasmiy statistika sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganadi, umumlashtiradi va tarqatadi, xalqaro tavsiyalar asosida koʻrsatkichlarni hisoblash metodikalarini doimiy ravishda takomillashtiradi;
v) ijtimoiy-iqtisodiy va demografik hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari toʻgʻrisidagi statistik axborotlarni yigʻish, qayta ishlash, toʻplash, saqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va eʼlon qilish sohasida:
Davlat statistika ishlari dasturining bajarilishini taʼminlaydi;
mamlakatni, uning mintaqalarini, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan davlat statistika kuzatuvlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;
davlat statistika hisobotlarini elektron shaklda, zarur hollarda qogʻozda yigʻishni, uy xoʻjaliklarini statistik kuzatishni, roʻyxatdan oʻtkazishlarni, bir martalik hisobga olishlarni, soʻrovlarni va boshqa kuzatuvlarni tashkil etadi va taʼminlaydi;
makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning statistik hisob-kitoblarini amalga oshiradi hamda mamlakatdagi eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning dastlabki statistik tahlilini olib boradi;
statistika, hisobot koʻrsatkichlarining va oʻtkazilgan tanlanma kuzatuvlar natijalarining tezkorligi, ishonchliligi va xolisligini, statistik axborotlarning qulayligi, ochiq-oydinligi va oshkoraligini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi;
statistika ishlarini tashkil etishning statistik axborotlarini yigʻish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining har qanday aralashuvini istisno qiladigan tizimni yaratish chora-tadbirlarini koʻradi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga elektron hujjat shaklidagi davlat statistika kuzatuvlari shakllarini tuzish va taqdim etish uchun maxsus dasturiy taʼminotdan bepul foydalanish imkonini beradi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ishonchli davlat statistika hisobotlarini taqdim etishda har tomonlama koʻmaklashadi, statistik maʼlumotlarni taqdim etish sohasida huquqiy madaniyatni oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqadi, statistik nazoratni amalga oshirishning zamonaviy usullarini joriy etadi;
axborot-statistik maʼlumotlar bazasini, statistik registrlarni, veb-saytlarni shakllantiradi, yuritadi va yangilab boradi, foydalanuvchilarga ulardan foydalanishga doir tushuntirishlar beradi;
olingan statistik maʼlumotlarning maxfiyligini va davlat sirlariga ega boʻlgan statistik maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq statistika organlari faoliyati jarayonida yuzaga kelgan arxiv hujjatlarini komplektlash, saqlash, hisobga olish va ulardan foydalanish ishlarini amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida Davlat statistika qoʻmitasi faoliyati jarayonida olingan xizmat, bank, tijorat sirlarini va boshqa maxfiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotlarni saqlash va himoyalashning tegishli tartibini taʼminlaydi;
g) davlat organlari, yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlar va aholini belgilangan tartibda statistika axboroti bilan taʼminlash sohasida:
milliy va xorijiy foydalanuvchilarning keng ommasi uchun statistik axborotlarning maksimal darajada ochiq-oydinligi va oshkoraligini, shu jumladan, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʻrsatkichlari va materiallarini xalqaro statistik toʻplamlarda chop etgan holda xalqaro statistik tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni taʼminlaydi;
ommaviy axborot vositalarida joylashtirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini tavsiflovchi kompleks tahliliy maʼruzalar, press-relizlar va maqolalar tayyorlaydi, tarqatilayotgan statistik maʼlumotlarga tahliliy va maʼlumotnoma materiallar majburiy tartibda ilova qilinishini taʼminlaydi;
milliy iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarning rivojlanishini, islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, respublika hududlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini, aholi turmush darajasidagi sifat oʻzgarishlarini yanada toʻliq aks ettiradigan statistik axborotlarni tezkor va sifatli tayyorlashni amalga oshiradi;
respublika iqtisodiyotining rivojlanishi holati, iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishi holati toʻgʻrisidagi yillik va choraklik statistik va tahliliy materiallarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda taqdim etadi;
ochiq statistik maʼlumotlarni davlat statistika organlari, boshqa davlat organlari, xalqaro tashkilotlar nashrlarida joylashtirish yoʻli bilan tarqatadi va barcha foydalanuvchilarga statistik maʼlumotlardan foydalanish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlaydi;
xorijiy statistika organlari bilan ochiq statistik axborotlarni almashadi, respublikaning rivojlanishi toʻgʻrisidagi materiallarni xalqaro statistik toʻplamlarda chop etish uchun axborotlarni tayyorlash va taqdim etishni taʼminlaydi;
Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlari asosida ommaviy axborot vositalarida tahliliy lavhalar, diagrammalar va grafiklarni keng namoyish qilish, statistik nashrlarga koʻrsatkichlarni vizuallashtirishning ilgʻor usullarini joriy etish yoʻli bilan alohida statistik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida aholini xabardor qilish choralarini koʻradi;
statistika kuzatuvlari va rasmiy statistika axborotlari masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi;
shartnoma asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda statistik, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlarini va Davlat statistika ishlari dasturidagidan tashqari boshqa xizmatlarni koʻrsatadi;
d) Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri va statistika ishlarini tashkil qilish uchun zarur iqtisodiy-statistik klassifikatsiyalarni yuritish sohasida:
yagona tasniflar tizimi asosida yuridik shaxslarni davlat tomonidan hisobga olish va identifikatsiyalashni, Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrining samarali faoliyat koʻrsatishini hamda rivojlantirilishini taʼminlaydi;
statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan iqtisodiy-statistik klassifikatorlarni ishlab chiqadi va yuritadi, xalqaro standart klassifikatorlar asosida ularning muntazam ravishda qayta koʻrib chiqilishini amalga oshiradi;
oʻzaro mos axborot tizimlarini va resurslarini yaratish uchun asos sifatida statistik klassifikatorlardan foydalanishni taʼminlaydi;
internet-resurslarga joylashtirish yoʻli bilan statistik klassifikatorlar va ularga kiritilayotgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi axborotlarni foydalanuvchilarga taqdim etadi;
e) davlat statistikasi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, foydalanuvchilarning respublikaning rivojlanishini toʻliq tavsiflovchi hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining rivojlanishidagi, shuningdek, aholi turmush darajasidagi sifat oʻzgarishlarini yanada toʻliq ochib beruvchi koʻrsatkichlarning keng roʻyxatidan erkin foydalanishlarini taʼminlash sohasida:
statistika axborotlarining tezkorlik bilan uzatilishini va qayta ishlanishini taʼminlovchi yangi axborot-kommunikatsiya resurslari va texnologiyalarini davlat statistika organlari faoliyatiga joriy etadi, ularning respublikaning boshqa axborot tizimlari bilan mos kelishini taʼminlaydi;
statistik maʼlumotlar bilan ishlash jarayonini avtomatlashtirish darajasini chuqurlashtirishni, davlat statistika organlarida foydalaniladigan axborot tizimlarini doimiy takomillashtirishni, statistik maʼlumotlarning yagona bankini shakllantirish, koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlarning tarkibini kengaytirish va sifatini oshirishni taʼminlaydi;
axborotlardan foydalanuvchilarga real vaqt rejimida koʻrsatkichlarning kengaytirilgan roʻyxatidan erkin foydalanish imkonini beruvchi statistik maʼlumotlar bazasini ishlab chiqadi va yuritadi;
axborot xavfsizligini taʼminlash, axborot almashishning himoyalangan elektron shakliga bosqichma-bosqich oʻtish, xavflarga qarshi tizimning samarali ishlashini taʼminlash uchun normativ-huquqiy va tashkiliy-texnik bazani takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
milliy axborot makoni yaxlitligini saqlash, davlat statistika organlari axborot resurslari va tizimlarining axborot xavfsizligini taʼminlash, davlat statistikasi axborot-hisoblash tizimini ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirish choralarini koʻradi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil qiladi;
j) Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati va uning tarkibiy boʻlinmalarining ish usullari va shakllarini yanada takomillashtirish, fuqarolar murojaatlariga oʻz vaqtida munosabat bildirish, yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun xodimlarning masʼuliyatini oshirish sohasida:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida hududiy statistika organlari ishini takomillashtirish boʻyicha amaliy choralar va takliflar ishlab chiqadi;
mamlakatning ilmiy va taʼlim muassasalari hamda xorijiy statistika tashkilotlari bilan hamkorlikda statistika sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tizimli asosda taʼminlaydi;
statistika axborotlarini yigʻish va tarqatishda qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitining holatini yanada yaxshilash va davlat statistikasi sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish choralarini ishlab chiqish jarayoniga tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qiladi;
fuqarolarni qabul qilishni tashkil qiladi, jismoniy va yuridik shaxslarning yozma va ogʻzaki murojaatlari oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini, ular boʻyicha qarorlar qabul qilinishini va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda murojaat egalariga javoblar yuborilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan davlat statistikasi sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olishga qaratilgan ogohlantiruvchi va profilaktika xususiyatiga ega choralarni, shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklar oqibatlarini bartaraf etish choralarini amalga oshiradi;
z) roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va amalga oshirish sohasida:
roʻyxatga olish hujjatlari shakllarini, roʻyxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
roʻyxatga olish dasturlarini va roʻyxatga olish varaqalari shakllarini ishlab chiqadi va hududlarga yetkazilishini taʼminlaydi;
roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
roʻyxatga olishga jalb etiladigan xodimlarni tanlab olish va oʻqitish tartibini belgilaydi va oʻqitishni tashkil etadi;
roʻyxatga olish natijalari milliy va xorijiy foydalanuvchilarning keng ommasi uchun eʼlon qilinishini taʼminlaydi;
roʻyxatga olish varaqlari va boshqa roʻyxatga olish hujjatlarining saqlanishi (shu jumladan, vaqtincha saqlanishi), yoʻq qilinishi tartibini belgilaydiva ularning bajarilishini taʼminlaydi.
Davlat statistika qoʻmitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Davlat statistika qoʻmitasining huquqlari va javobgarligi
15. Davlat statistika qoʻmitasi oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Davlat statistika qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning loyihalarini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
davlat boshqaruvi organlaridan, xoʻjalik birlashmalaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda — ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotini belgilangan tartibda olish hamda undan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat boshqaruvi organlaridan, xoʻjalik birlashmalaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (ularni ishlab chiqishning istalgan bosqichida), shuningdek, ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni soʻrash va olish;
yuridik shaxslarni va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlardan, shuningdek, yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning registrlari va axborot bazalarini shakllantiruvchi va yurituvchi davlat organlari va ularning idoraviy mansub tashkilotlaridan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish va faollashtirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;
rasmiy statistika boʻyicha yagona davlat siyosatini olib borish sohasida davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan oʻtkazish va audit natijalariga koʻra vazirliklar va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
davlat statistika kuzatuvlari shakllarini, ularni taqdim etish tartibini tasdiqlash, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat statistika kuzatuvlarini olib borish usullarini belgilash hamda davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarining idoraviy statistik hisobot va kuzatuvlari shakllarini kelishish;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini olib borish va olingan maʼlumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
statistik maʼlumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari, yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, yakka tartibdagi tadbirkorlar bajarishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilish;
kuzatuvlarni oʻtkazish, rasmiy statistik materiallarni shakllantirish va tahlillarni amalga oshirish maqsadida vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari bilan oʻzaro elektron bogʻlanish;
davlat statistika kuzatuvlarining metodologiyasi va tashkil etilishi, shuningdek, rasmiy statistika axborotlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
rasmiy statistik maʼlumotlardan notoʻgʻri foydalanish va talqin qilish holatlarini koʻrib chiqish hamda ular boʻyicha tushuntirishlar berish;
barcha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan rasmiy statistika sohasidagi qonun hujjatlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish;
olinayotgan statistik maʼlumotlarning toʻliqligi, ishonchliligi va xolisonaligini ekspertizadan oʻtkazish;
rasmiy statistik maʼlumotlarda buzilishlar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish va yigʻma davlat statistik maʼlumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy jazo choralari koʻrish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qoʻllaniladigan maʼmuriy jarimalardan tushumlar hisobiga Davlat statistika qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasini shakllantirish va undan belgilangan tartibda foydalanish;
Davlat statistika qoʻmitasi tizimiga kiradigan tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda takliflarni tayyorlash va kiritish, shuningdek, ushbu tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar)ni tasdiqlash, davlat statistika kuzatuvlarini olib borish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etish;
rasmiy statistika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, ularni ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy muassasalari, respublikaning boshqa tashkilotlari va xorijiy tashkilotlarni, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi olimlari va xorijiy mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish;
oʻz vakolati doirasida kengash va ekspert organlari (kengashlar, komissiyalar, guruhlar) tuzish;
xalqaro statistika va iqtisodiyot tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshirish, statistika masalalari boʻyicha, shu jumladan, xalqaro seminarlar va kengashlarni oʻtkazish va ularning ishida qatnashish;
shartnoma asosida statistik, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va Davlat statistika ishlari dasturidan tashqari boshqa xizmatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrsatish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat statistika qoʻmitasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, mukofotlash va ragʻbatlantirishning boshqa turlarini amalga oshirish;
alohida vazifalarni bajarish uchun funksional boʻlinmalar tashkil qilish;
sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ichki va boshqa hujjatlarni tayyorlash hamda ulardan foydalanish;
Ochiq maʼlumotlar portalini rivojlantirish, shuningdek, eʼlon qilinadigan maʼlumotlarga taalluqli masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlaridan bepul asosda maslahat yordami olish;
zarur hollarda, shartnoma asosida ekspertlar, konsultantlar va tashkilotlarni (shu jumladan, xorijiy) hamda statistik kuzatuvlarni oʻtkazish uchun yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etish;
rasmiy statistika sohasini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlari va texnik koʻmagi mablagʻlarini jalb etish.
Davlat statistika qoʻmitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Davlat statistika qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega.
Davlat statistika qoʻmitasi, zarurat boʻlganda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birga qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilishi mumkin.
17. Davlat statistika qoʻmitasi va uning mansabdor shaxslari ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradi.
Davlat statistika qoʻmitasining mansabdor shaxslari harakatlari ustidan shikoyat qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Davlat statistika qoʻmitasi tizimi rahbarlari va xodimlari rasmiy statistika sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik, tarqatilishi cheklangan statistik maʼlumotlar, statistik axborotlar va (yoki) maʼlumotlar bazasini yoʻqotganlik, sotganlik, berganlik va boshqa noqonuniy oshkor etganlik uchun, shuningdek, statistik maʼlumotlarni yashirganlik va buzib koʻrsatganlik uchun yoxud koʻrsatib oʻtilgan huquqqa zid qilmishlarga koʻmaklashganlik uchun qonunga muvofiq javob beradi.
4-bob. Davlat statistika qoʻmitasining faoliyatini tashkil etish
19. Davlat statistika qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Raisning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosari boʻladi.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi maqomiga koʻra vazirga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
(19-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/61/0105-son)
20. Davlat statistika qoʻmitasi raisi:
Davlat statistika qoʻmitasi tizimi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Davlat statistika qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Davlat statistika qoʻmitasini ifodalaydi yoxud Davlat statistika qoʻmitasi nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
Davlat statistika qoʻmitasi xodimlarining belgilangan soni doirasida markaziy apparat shtat jadvalini tasdiqlaydi;
amalga oshirilgan davlat statistika ishlari hajmlariga muvofiq moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini taqsimlaydi;
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparatining boshqarmalari, hududiy statistika organlari va Institut toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari rahbarlarini, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari boshliqlarini hududiy boshqarmalar boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
(20-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/61/0105-son)
Davlat statistika qoʻmitasining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, rais oʻrinbosarlari, Davlat statistika qoʻmitasi, hududiy statistika organlari va Institutning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarligi darajasini belgilaydi;
zarurat boʻlganda Davlat statistika qoʻmitasi, hududiy statistika organlari va Institut tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni hamda statistika ishlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
oʻz vakolatlari doirasida Davlat statistika qoʻmitasi, hududiy statistika organlari va Institutning barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladi, buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati xodimlari, hududiy statistika organlari va Institut rahbarlarini ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalalarini hal etadi;
davlat statistika organlari xodimlariga nisbatan malaka talablarini belgilaydi va ularning mehnatini ragʻbatlantirish tizimini shakllantiradi, yuqori malaka uchun ustamalar belgilaydi;
Davlat statistika qoʻmitasi tizimida kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, tizim xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tizimli asosda tashkil qiladi;
rasmiy statistika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy muassasalarini, respublikaning boshqa tashkilotlari va xorijiy tashkilotlarni, shuningdek mamlakatimizning yetakchi olimlari va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda belgilaydi;
statistika sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzadi va belgilangan tartibda oʻziga yuklangan vazifalar doirasida xorijiy davlatlarning statistika organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
Davlat statistika qoʻmitasining hayʼati yigʻilishlarida raislik qiladi.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
21. Davlat statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari:
mutasaddilik qilinadigan boʻlinmalarga bevosita rahbarlik qiladilar va Davlat statistika qoʻmitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
22. Lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari boshliqlari — tegishli tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
23. Davlat statistika qoʻmitasida Davlat statistika qoʻmitasi raisi (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Davlat statistika qoʻmitasi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Hayʼat quyidagilarni amalga oshiradi:
statistika faoliyati samaradorligini yanada oshirish, respublika va hududiy darajada davlat statistika organlarining funksiyalari va vazifalarini takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqqan holda davlat statistika tizimi faoliyatining qonun hujjatlarida belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tanqidiy koʻrib chiqish;
davlat statistikasi sohasidagi siyosatni amalga oshirishda Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatida boshqa davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
davlat statistika ishlari bajarilishining borishi natijadorligini har chorakda tanqidiy koʻrib chiqish;
xorijiy mamlakatlar statistika organlari bilan statistik axborotlarni almashishni tashkil etish, shuningdek, statistik axborotlarni xalqaro statistik, moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlarga taqdim etish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan tushgan murojaatlarni oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari bajarilishi yuzasidan samarali nazoratni taʼminlovchi ijro intizomi darajasini oshirish, davlat statistikasi sohasidagi eng muhim muammolarni hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
joylarda davlat statistikasi organlari faoliyatining dolzarb masalalarini muhokama qilgan, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlar ishlab chiqqan va qabul qilgan holda kengaytirilgan sayyor hayʼat yigʻilishlari oʻtkazilishini tashkil etish;
hududiy statistika organlari va Institut rahbarlarining hisobotlarini eshitishni tizimli asosda tashkil qilish, ularga yuklangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirishni taʼminlash.
Hayʼat Davlat statistika qoʻmitasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
25. Hayʼat majlisiga Davlat statistika qoʻmitasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
26. Hayʼat qarorlari Davlat statistika qoʻmitasi qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rais bu toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosariga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosariga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
Hayʼat yigʻilishlari, qoida tariqasida, har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
27. Davlat statistika qoʻmitasi huzurida rasmiy statistikani rivojlantirish, faoliyat yuritish va muvofiqlashtirish muammolari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy jamoatchilik, jamoat tashkilotlari vakillaridan va statistika boʻyicha milliy ekspertlardan tarkib topgan kollegial maslahat organi hisoblanuvchi Statistika kengashi faoliyat yuritadi.
Statistika kengashi faoliyatining tashkiliy-texnik taʼminoti Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Statistika kengashining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
28. Davlat statistika qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, hududiy davlat statistika organlari, birinchi navbatda tuman va shahar statistika boʻlimlari rahbarlarining kasbiy darajasi va malakasini ikki yilda kamida bir marta oshirishni taʼminlaydigan hamda statistika sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiruvchi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyat yuritadi.
Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti toʻgʻrisidagi nizom Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/61/0105-son)
29. Faoliyat samaradorligini baholash quyidagicha amalga oshiriladi:
Davlat statistika qoʻmitasi raisi, rais oʻrinbosarlari faoliyati samaradorligi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan faoliyat samaradorligini baholashning integratsiyalashgan koʻrsatkichlari asosida;
(29-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi 61-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/61/0105-son)
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati boshqarmalari va boʻlimlarining rahbarlari hamda xodimlari, hududiy statistika organlari va idoraviy boʻysunuvdagi tashkilotlar rahbar va xodimlarining faoliyati samaradorligi — Davlat statistika qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligini baholash koʻrsatkichlari asosida.
30. Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati boshqarmalari va boʻlimlarining rahbarlari hamda xodimlari, hududiy statistika organlari va idoraviy boʻysunuvdagi tashkilotlar rahbar va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralari;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari koʻriladi.
5-bob. Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika taʼminoti
31. Davlat statistika qoʻmitasining mol-mulkini asosiy vositalar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa boyliklar tashkil etadi.
32. Davlat statistika qoʻmitasini moliyalashtirish va uning moddiy-texnika taʼminoti Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat statistika qoʻmitasi budjet mablagʻlari oluvchisi hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga zarur moliyalashtirish hajmini belgilashda budjet qonunchiligiga amal qiladi.
Davlat statistika ishlari dasturida belgilangan amalga oshirilgan statistika ishlari uchun haq toʻlash davlat statistika ishlarini bajarishga shartnoma va Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan har oyda taqdim etiladigan bajarilgan ishlar dalolatnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga taʼminlanadi.
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan va ularni ishlab chiqishga qoʻshimcha xarajatlar talab qilinadigan qoʻshimcha statistika ishlariga haq toʻlash buyurtmachilar mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.
Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan olingan foyda, amortizatsiya ajratmalari, shuningdek, boshqa tushumlar uning ixtiyorida qoladi hamda ulardan davlat statistikasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish, xodimlarning kasb mahoratini, oʻz lavozim vazifalarini sifatli bajarganligini, ijodiy faolligini va tashabbuskorligini ragʻbatlantirish uchun belgilangan tartibda foydalaniladi.
33. Davlat statistika qoʻmitasi Davlat statistika ishlari dasturini bajarish doirasida ajratilgan mablagʻlarning va oʻz ishlarining boshqa natijalarining tezkor va buxgalteriya hisobini “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Buxgalteriya hisobining milliy standartlariga muvofiq amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
34. Davlat statistika qoʻmitasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 690-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/690/1473-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 690-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2003-yil 8-yanvardagi 8-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT 2003-y., 1-son, 3-modda)
a) 1 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 2-bandning birinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
v) 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
d) 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Belgilab qoʻyilsinki:
Statistika kengashining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining yagona tizimini tashkil etadi”;
e) 5-ilova ilova deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 690-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot tizimini takomillashtirish va uni noqonuniy talab etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish toʻgʻrisida” 2005-yil 15-iyundagi PQ-100-son qarori)” 2005-yil 15-avgustdagi 197-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 44-modda) ilovaning 2-bandi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 23-bandi “a” kichik bandi, “b” kichik bandning ikkinchi xatboshisi birinchi jumlasi va “v” kichik bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-son Qonuni)” 2012-yil 26-iyundagi 183-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 6-son, 46-modda) 1-ilovaning 1-bandi “b” kichik bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2013-yil 13-fevraldagi 36-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 7-son, 86-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida” 2016-yil 3-iyundagi 188-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 6-son, 47-modda) 4-ilovaning 2-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 36-son, 955-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/686/3579-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; 07.11.2020-y., 09/20/690/1473-son; 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/61/0105-son)