Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyatini tuzish toʻgʻrisida
Mazkur farmoyish Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5120-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3150-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Agentlik boshqaruv xodimlari umumiy shtatlar soni doirasida 5 nafar shtat birligidan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyatini (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, Kotibiyat Agentlikning mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va oʻz faoliyatida faqat Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashiga hisobot beradi.
3 Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Agentlik bir hafta muddatda Agentlikning tuzilmasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Agentlik direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-avgust,
F-5030-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-avgustdagi F-5030-son farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyati toʻgʻrisida
NIZOM
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyatining (Keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligini belgilaydi.
2. Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va oʻz faoliyatida faqat Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) hisobot beradi.
3. Kotibiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qaror va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Kotibiyat oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Agentlik, Vazirlar Mahkamasi, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda – davlat organlari va boshqa tashkilotlar) bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
2-BOB. KOTIBIYATNING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
5. Kotibiyatning asosiy vazifasi Muvofiqlashtiruvchi kengashning Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini oʻz vaqtida va samarali joriy etishga yoʻnaltirilgan ishini tashkiliy-texnikaviy va axborot jihatidan taʼminlash hisoblanadi.
6. Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifalarga koʻra quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Muvofiqlashtiruvchi kengashning majlislarini tashkil etish, ularning bayoni va stenografiyasi taʼminoti;
Agentlikning boshqa boʻlinmalari bilan hamkorlikda Muvofiqlashtiruvchi kengashning majlislarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tahliliy, maʼlumotnoma va boshqa materiallarni tayyorlash;
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislarining kun tartibi loyihasini tayyorlash, uni Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari hamda taklif etilgan boshqa davlat organlari va tashkilotlariga yuborish;
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlari loyihalarini tahririy-texnik jihatdan tayyorlashni, Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlanganidan keyin ularni belgilangan tartibda roʻyxatga olish va rasmiylashtirishni, shuningdek, qabul qilingan qarorlarni tegishli manzillarga yuborish rasmiylashtirilishini taʼminlash;
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlarining maʼlumot-kodifikatsiya kartotekasini tashkil etish va yuritish;
Muvofiqlashtiruvchi kengashga kelib tushadigan yozishmalar hisobi, tizimlashtirilishi va tahlilini amalga oshirish;
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish;
Muvofiqlashtiruvchi kengash topshiriqlarining oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
Kotibiyat boshqa funksiyalarni Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlariga muvofiq amalga oshiradi.
3-BOB. KOTIBIYATNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
7. Kotibiyat quyidagi huquqlarga ega:
Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan material va maʼlumotlarni davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan Agentlik tarkibiy boʻlinmalaridan belgilangan tartibda soʻrash;
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlariga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida majlislar oʻtkazish;
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislarini tayyorlash uchun zarurat boʻlganda davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va vakillarini jalb etish.
Kotibiyatning zarur material va maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha talabnomalari, shuningdek, tegishli hujjatlarni qayta ishlash, agar Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlarida boshqa ijro muddatlari belgilanmagan boʻlsa, u tomonidan belgilangan muddatlarda ijro etiladi.
8. Kotibiyat oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning sifatli hamda toʻliq bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
4-BOB. KOTIBIYAT FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
9. Kotibiyatga Agentlik direktori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadigan va ozod etiladigan Kotibiyat mudiri rahbarlik qiladi.
10. Kotibiyatda maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra Agentlik xodimlariga tenglashtirilgan yetakchi inspektor va inspektorlar faoliyat yuritadi.
11. Kotibiyat mudiri maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra Agentlik boshqarmasi boshligʻiga tenglashtiriladi va rahbarlikni yakka boshchilik asosida amalga oshiradi, Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalar, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash topshiriqlari bajarilishini taʼminlaydi.
12. Kotibiyat mudiri quyidagi majburiyatlarni bajaradi: Kotibiyat faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi;
Kotibiyat xodimlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Kotibiyat faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar loyihasini ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Agentlikka kiritadi;
Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlarining bajarilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlaydi va hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi;
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislarini oʻtkazish uchun materiallarning sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Kotibiyatga kelib tushgan hujjatlarni davlat organlari va boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi va joʻnatiladigan yozishmalarni imzolaydi;
Kotibiyat xodimlari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi.
Kotibiyat mudiri boshqa majburiyatlarni Muvofiqlashtiruvchi kengash qarorlariga muvofiq amalga oshiradi.
Kotibiyat mudiri boʻlmaganda uning majburiyatlarini Kotibiyatning yetakchi inspektori bajaradi.
13. Kotibiyat mudiri quyidagi huquqlarga ega:
Kotibiyat xodimlaridan ularning lavozim majburiyatlari bilan belgilangan vazifalarning toʻliq hajmda va yuqori sifatli darajada bajarilishini talab qilish;
Agentlikning boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan material va maʼlumotlarni soʻrash;
Agentlik direktoriga Kotibiyat xodimlarini ragʻbatlantirish va ularga intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Kotibiyat vakolatiga kiruvchi masalalarni hal qilish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish;
vakolati doirasida xizmat hujjatlarini imzolash, viza qoʻyish.
5-BOB. KOTIBIYATNING AGENTLIK TARKIBIY BOʻLINMALARI, DAVLAT ORGANLARI VA BOShQA TAShKILOTLAR BILAN OʻZARO HAMKORLIGI
14. Kotibiyatning Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi mazkur Nizom bilan uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarga koʻra belgilanadi.
15. Kotibiyat Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini axborot, texnik jihatdan va hujjatlar bilan taʼminlash masalalarida Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.