Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Migratsiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini oʻzaro taʼsis etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Xukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida migratsiya sohasida sherikchilik hamkorligi orqali munosabatlarni chuqurlashtirish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi mehnatkash-migrantlari-fuqarolarining va Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnatkash-migrantlari-fuqarolarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 2007-yil 4-iyulda imzolangan Bitimni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasidagi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 2007-yil 4-iyulda imzolangan Bitimni eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikkala davlat hududlarida migratsiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini (keyingi oʻrinlarda — vakolatxonalar) taʼsis etadilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Rossiya tomonidan — Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi.
Vakolatxonalarni ochish muddatlarini yuboruvchi Tomon mustaqil belgilaydi.
2-modda
Vakolatxonalar oʻz faoliyatlarini qabul qiluvchi davlatdagi oʻz davlatlarining diplomatik vakolatxonalari boshliqlari umumiy rahbarligida amalga oshiradilar.
Vakolatxonalarning shtat birliklari Tomonlar kelishuviga muvofiq belgilanadi.
Vakolatxonalarning hodimlari, maʼmuriy-texnik personali va ularning oila aʼzolari qabul qiluvchi Tomon davlati Tashqi ishlar vazirligida qabul qiluvchi Tomon davlati qonun hujjatlariga muvofiq oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi hodimlari tegishli toifalari sifatida akkreditatsiya qilinadi.
Vakolatxonalarning xizmat va yashash joylari, mol-mulki, shuningdek arxivlari, hujjatlari va yozishmalari xalqaro huquqda diplomatik vakolatxonalar joylari, mol-mulki, arxivlari, hujjatlari, yozishmalari va diplomatik personal xususiy rezidensiyalari uchun belgilangan imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi.
Vakolatxonalar qabul qiluvchi davlat hududida oʻz hatti-xarakatlari bilan faoliyatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlarga ega boʻlishlari va ularni amalga oshirishlari mumkin.
3-modda
Vakolatxonalar quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradilar:
migratsiya sohasidagi oʻz vakolatli organlarining qabul qiluvchi davlat migratsiya va boshqa vakolatli organlari bilan hamkorligini taʼminlaydilar;
qabul qiluvchi davlat bilan migratsiya sohasida tuziladigan xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish, kelishish va amalga oshirishda oʻz vakolati doirasida ishtirok etadilar;
qabul qiluvchi davlatda oʻz mamlakatining fuqarolari mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida, shuningdek qabul qiluvchi davlatning migratsiya sohasidagi qonunchiligi toʻgʻrisida axborotni toʻplash, oʻrganish va tahlil qilishni amalga oshiradilar;
oʻz vakolatiga oid masalalar yuzasidan fuqarolar qabulini amalga oshiradilar;
zarur hollarda oʻz vakolatlariga aloqador masalalar boʻyicha oʻz davlatlari fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradi.
4-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash yuzasidan Tomonlar oʻrtasidagi nizoli masalalar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
5-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
6-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi.
Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Moskva shahrida 2017-yil 5-aprelda har biri oʻzbek va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)