Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi mehnatkash-migrantlari fuqarolarining va Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnatkash-migrantlari fuqarolarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi,
mehnat migratsiyasi jarayonini huquqiy tartibga solish va ikki davlat oʻrtasida mehnat kuchlarining erkin harakati uchun qulay sharoitlar yaratib berish zaruriyatidan kelib chiqib,
mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari himoyasini taʼminlashni istab,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga amal qilib,
mehnat migratsiyasi va mehnatkash-migrantlarning ijtimoiy himoyasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida 1994-yilning 15-aprelida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining ishtirokchi davlatlari rahbarlari imzolagan bitim prinsiplariga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblangan va Rossiya Federatsiyasi fuqarolari hisoblangan mehnatkash-migrantlarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish masalalarini tartibga soladi.
2-modda
1. Ushbu Bitimning amali barcha mehnatkash-migrantlarga, jinsi, irqi, tili, diniy eʼtiqodi yoki maslagi, siyosiy va boshqa qarashlari, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, iqtisodiy, mulkiy, oilaviy ahvoli yoki xodimning ishchanlik qobiliyati bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday boshqa belgidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Hech narsa ushbu Bitimda mehnatkash-migrantlarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga ushbu Bitim qoidalariga rioya qilish, qabul qiluvchi davlat xalqlarining madaniyati va anʼanalarini hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
3-modda
Ushbu Bitimda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“mehnatkash migrant” — bir Tomon davlatining fuqarosi boʻlgan, 18 yoshga yetgan, boshqa Tomon davlati hududida yashayotgan va qonunga asosan oʻsha erda haq toʻlanadigan mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs;
“mehnat faoliyati” — mehnatkash-migrantning ishlarni bajarish (xizmat koʻrsatish) uchun tuzilgan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida va shuningdek qabul qiluvchi davlat qonunchiligi belgilaydigan tartib va shartlarda amalga oshiriladigan ishi;
“ish beruvchi” — qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomalari asosida mehnatkash-migrantlar mehnatidan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
“ish (xizmat) buyurtmachisi” — qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida mehnatkash-migrantlar mehnatidan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
“doimiy yashash Davlati” — hududida mehnatkash-migrant doimiy yashaydigan va uning hududidan u boshqa Tomon davlati hududiga vaqtincha mehnat faoliyati yurgizish uchun chiqib ketadigan Tomon davlati;
“qabul qiluvchi Davlat” — mehnatkash-migrant mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida hududiga kelgan Tomon davlati;
“mehnatkash-migrant oilasi aʼzosi” — mehnatkash-migrant nikohida boʻlgan shaxs va shuningdek uning qaramogʻidagi bolalar va qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq oila aʼzolari deb eʼtirof etilayotgan boshqa shaxslar.
4-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat hududida mehnat faoliyatini:
a) qabul qiluvchi davlatning ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga;
b) ish (xizmat) koʻrsatish uchun qabul qiluvchi davlatning ish (xizmat) buyurtmachilari bilan tuzilgan fuqaroviy-huquqiy shartnomalariga muvofiq amalga oshiradilar.
2. Tomonlar ushbu Bitim doirasida tuzilgan mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgar emaslar.
5-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlarning quyidagi organlari (bundan keyin — vakolatli organlar) masʼuldir:
Oʻzbekiston Respublikasidan: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Rossiya Federatsiyasidan: Federal migratsiya xizmati va Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi.
2. Vakolatli organlar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgarishlar yuz bersa, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bunday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3. Vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish uchun ishchi guruhi tuzadilar.
Ishchi guruhi zaruriyatga qarab navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Rossiya Federatsiyasida qoʻshma majlislar oʻtkazib turadi.
4. Vakolatli organlar mehnatkash-migrantlarni jalb qilish va foydalanishni tartibga soluvchi Tomonlar davlatlari qonunchiligidagi oʻzgartishlar toʻgʻrisida, mehnat, bandlik, kirish va chiqish tartibi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida va shuningdek mehnatkash-migrantlarning turmush sharoitlari toʻgʻrisida, Tomonlar davlatlarining mehnat bozorlari ahvoli toʻgʻrisida va shuningdek fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha faoliyat yurgizishga litsenziyasi (ruxsatnomasi) bor tashkilotlar toʻgʻrisida bir-birini oldindan xabardor qilib turadilar va tashqi mehnat migratsiyasi sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda koʻmaklashadilar.
5. Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlardan xar biri boshqa Tomon davlati hududida oʻzining vakolatli organi vakolatxonasini ochishi mumkin.
6-modda
Ushbu Bitimning amali:
a) xalqaro tashkilotlarning shtab-kvartiralari va vakolatxonalariga va shuningdek bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududidagi rasmiy vakolatxonalariga ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan Tomonlar davlatlari fuqarolariga nisbatan;
b) bir Tomon davlati tomonidan yoki uning nomidan uning hududidan tashqarida maqomi qabul qiluvchi davlat bilan tuzilgan alohida bitim bilan tartibga solinadigan rivojlanish dasturlari yoki boshqa hamkorlik dasturida ishtirok etib ishlash uchun yuborilgan yoki yollangan va ushbu Bitimga muvofiq mehnatkash-migrantlar hisoblanmaydigan Tomonlar davlati fuqarolariga nisbatan;
v) qabul qiluvchi davlatning qonunchiligida yoki Tomonlar davlatlariga nisbatan amal qiladigan xalqaro hujjatlarda bunday qoʻllanish nazarda tutilmagan boʻlsa, qochoqlar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan;
g) taʼlim olayotganlarga nisbatan;
d) dengizchilarga va shuningdek qabul qiluvchi davlatda mehnat faoliyatini yurgizishga ruxsat berilmagan, qirgʻoq boʻyi statsionar qurilmada band boʻlgan mehnatkashlarga nisbatan;
e) qabul qiluvchi davlat hududida filiallari va vakolatxonalari bor tashkilotning qabul qiluvchi davlat hududida xizmat topshirigʻini bajarayotgan boshqa Tomon davlati fuqarolariga nisbatan;
j) agar qabul qiluvchi davlat qonunchiligida va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan amal qilayotgan ikki tomonlama(koʻp tomonlama) xalqaro shartnomalarda boshqa qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qabul qiluvchi davlat hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi doimiy yashash davlati fuqarolariga nisbatan;
z) qabul qiluvchi davlat hududida chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari sifatida akkreditatsiya qilingan doimiy yashash davlati fuqarolariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
7-modda
Mehnatkash-migrantlarning qabul qiluvchi davlat hududiga kirishi, mazkur hududdan chiqishi va u erda boʻlishi qabul qiluvchi davlatning qonunchiligi va Tomonlar ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar migratsion oqimlarni tartibga solish boʻyicha Tomonlar davlatlari qonunchiligida koʻrsatilgan kvotalar va boshqa cheklovlarni belgilash va noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olish yoʻli bilan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
9-modda
1. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “a” kichik bandida koʻrsatilgan mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga hamda mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish vaqti huquqiga ega.
2. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlatdagi ish beruvchi, (ish (xizmat) buyurtmachisi) bilan kelishgan holda doimiy yashash davlatining rasmiy bayramlari kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishlari mumkin. Bunday ozod boʻlish shartlari mehnat shartnomasi (ish (xizmat koʻrsatish) uchun tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma) bilan belgilanadi.
3. Mehnatkash-migrantlarga tibbiy xizmat koʻrsatish qabul qiluvchi davlatning qonunchiligiga muvofiq ish beruvchining, (ish (xizmat) buyurtmachisining) mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi.
4. Mehnatkash-migrantlar doimiy yashab turgan davlatlari vakolatli organlaridan qabul qiluvchi davlat hududida turmush sharoiti va boʻlish tartibi hamda mehnat faoliyatini amalga oshirishga, shuningdek qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taalluqli axborot olish huquqiga egadirlar.
5. Mehnatkash-migrant qabul qiluvchi davlatga oʻz oila aʼzolarini birga yashash uchun taklif qilishi mumkin, bunda u qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligi bilan belgilangan uy-joy talablariga javob beradigan turar joyga va shuningdek, oila aʼzolarini taʼminlash uchun yetarli mablagʻga ega boʻlishi shart.
10-modda
1. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “a” kichik bandida koʻrsatilgan mehnatkash-migrantlarning ish haqlari va boshqa mehnat sharoitlari mehnatkash-migrantning qabul qiluvchi davlat ish beruvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
2. Ushbu Bitimning 4-moddasi 1-bandining “b” kichik bandida koʻrsatilgan mehnatkash-migrantlarning ish haqlari va boshqa mehnat sharoitlari qabul qiluvchi davlatning ish (xizmat) buyurtmachilari bilan ish bajarish (xizmat koʻrsatish) uchun tuzilgan fuqaroviy-huquqiy shartnomalariga muvofiq tartibga solinadi.
3. Mehnatkash-migrantlarning ish haqlari qabul qiluvchi davlatning xuddi shu lavozimga, mutaxassislikka va ixtisoslikka ega boʻlgan va xuddi shunday ishlarni bajaruvchi fuqarolari uchun belgilangan ish haqidan kam boʻlmasligi va mehnat sharoitlari ularnikidan kam boʻlmasligi kerak.
11-modda
Mehnatkash-migrantning qabul qiluvchi davlatdan butunlay chiqib ketishi paytida ish beruvchi, ish (xizmat) buyurtmachisi muhri bilan tasdiqlangan, ish muddati va toʻlangan ish haqi toʻgʻrisida maʼlumot koʻrsatilgan hujjat topshiradi (har oy).
12-modda
1. Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻz ish haqlarini doimiy yashash davlatiga joʻnatishlari mumkin.
2. Mehnatkash-migrantlar daromadiga soliq solish qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida amal qilayotgan soliq sohasidagi xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
13-modda
1. Ishlash uchun ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisida rasmiy qaror qabul qilingan taqdirda, mehnatkash-migrant qabul qiluvchi davlat hududidan mazkur davlat qonunchiligi va ushbu Bitim qoidalariga koʻra 15 kun ichida chiqib ketishi kerak.
2. Agar ish beruvchining tashabbusi bilan mehnatkash-migrant bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, qabul qiluvchi davlat qonunchiligida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha, muddatidan ilgari bekor qilinsa, ish beruvchi mehnatkash-migrantga mehnat shartnomasida va qabul qiluvchi davlat qonunchiligida mazkur asoslar boʻyicha boʻshatilgan mehnatkash-migrantlar uchun nazarda tutilgan kompensatsiyalar toʻlaydi.
Bunday holda mehnatkash-migrant mehnat shartnomasini qabul qiluvchi davlatning boshqa ish beruvchisi bilan ishlashga berilgan ruxsatnomaning qolgan muddatigacha yangi mehnat shartnomasi tuzish huquqiga ega boʻladi, bunday muddatning tugashiga kamida 3 oy qolgan boʻlishi kerak.
14-modda
1. Agar mehnatkash-migrant ish beruvchining (ish (xizmat) buyurtmachisining) aybi bilan vafot qilsa va shuningdek mehnatkash-migrant ish jarayonida mayib boʻlsa, ish beruvchi, (ish (xizmat) buyurtmachisi) qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan toʻlovlarni toʻlaydi.
2. Agar mehnatkash-migrant vafot etsa, ish beruvchi(ish(xizmat) buyurtmachisi) marhumning jasadini (murdasini) joʻnatishni tashkil qiladi va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlarni va shuningdek, agar mehnat shartnomasida (ish (xizmat koʻrsatish) uchun tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomada) boshqa qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, uning mol-mulkini yetkazib berish va tashish, shuningdek ishlab topgan mablagʻlarini joʻnatish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni toʻlaydi.
3. Ish beruvchi (ish (xizmat) buyurtmachisi) mehnatkash-migrantning vafot etganligi toʻgʻrisida uning doimiy yashash davlatning diplomatik yoki konsullik vakolatxonasini zudlik bilan xabardor qiladi.
4. Mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻlik boʻlgan mayiblik, kasb kasalligi yoxud boshqa shikastlanish oqibatida ishchi salomatligiga yetkazilgan ziyonni toʻlash tartibi qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq hal qilinadi, agar bunday munosabatlarni tartibga soluvchi alohida xalqaro bitimda boshqa qoida nazarda tutilmagan boʻlsa.
15-modda
Tomonlardan har biri diplomlar, maʼlumot toʻgʻrisidagi guvohnomalar, unvon, razryad, malaka berish toʻgʻrisida tegishli hujjatlarni va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni shuningdek ushbu hujjatlarning doimiy yashash davlati hududida oʻrnatilgan tartibda qabul qiluvchi davlatning davlat tiliga tasdiqlangan tarjimasini (legalizatsiyasiz) tan oladilar.
Alohida kasb va malakani talab qiluvchi ish bajarilganda mehnatkash-migrantlar ushbu mutaxassislik va malaka borligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
16-modda
Mehnatkash-migrantlar qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga va ikkala Tomon davlatlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq shaxsiy mol-mulkini, mehnatkash-migrantlar mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, qoʻlda olib yuriladigan asboblar va koʻchma uskunalarni olib kirish va olib chiqish huquqiga ega.
17-modda
Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan bahsli masalalar, maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
18-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha oʻzgartishlar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Bitimni kuchga kirishi uchun belgilangan tartibda kuchga kiradi, agar bayonnomalarning oʻzida boshqacha tartib oʻrnatilmagan boʻlsa.
19-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajargani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va agar Tomonlardan birortasi ushbu Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida 6 oy oldin yozma ravishda uning amalini tugatish niyati borligi toʻgʻrisida boshqa Tomonga xabar bermasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga choʻzilaveradi.
3. Agar ushbu Bitimning amali tugatilsa, Tomonlar ushbu Bitimning amali davrida boʻlgan majburiyatlarni tartibga soladilar.
Toshkent shahrida 2007-yil 4-iyulda oʻzbek va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)