Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Mintaqalararo hamkorlikka koʻmaklashish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 30-mayda imzolangan Shartnoma, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida strategik sherikchilik toʻgʻrisida 2004-yil 16-iyunda imzolangan Bitim va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Shartnomaga amal qilgan holda,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini eʼtirof etib,
tarixan shakllangan aloqalarni rivojlantirish va chuqurlashtirishda mintaqalararo hamkorlikning amaliy ahamiyati va salohiyatini taʼkidlagan holda,
faoliyatning turli sohalarida Tomonlar davlatlari mintaqalarining hamkorligini taʼminlashga qodir boʻlgan qulay shart-sharoitlar yaratish va mintaqalararo hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga intilib,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga amal qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligi hamda Tomonlar davlatlari ishtirokchilar hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, turizm va ekologiya tarmoqlarida, shuningdek oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
“mintaqalar” — Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birligi, Rossiya Federatsiyasining subyekti;
“Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari” — mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish boʻyicha vakolatga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ijro etuvchi hokimiyat organlari;
“xoʻjalik yurituvchi subyektlar” — Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki Rossiya Federatsiyasi hududida roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlar.
3-modda
Tomonlar, shuningdek Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida quyidagilarga koʻmaklashadilar:
mintaqalarning ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va rivojlantirish;
har bir Tomon davlati qonunchiligida belgilangan tartibda mintaqalar oʻrtasida bitimlar tuzish;
mazkur Bitimni amalda tatbiq etishga yoʻnaltirilgan qoʻshma dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va harakat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mintaqalar yoʻnalishi boʻyicha ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish.
4-modda
Mazkur Bitim doirasida mintaqalararo hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
mintaqaviy investitsiyaviy siyosatni amalga oshirish va mintaqalarda investitsion faollikni koʻtarish;
mintaqalar tomonidan tadbirkorlik va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida uchrashuvlar, biznes-seminarlar, konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etishga koʻmaklashish;
mintaqalararo hamkorlik masalalari boʻyicha axborot almashish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan mintaqalarni iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish;
mintaqalarning turistik jozibadorligini koʻtarishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mintaqalarni rivojlantirish va ularni samarali boshqarishning ilgʻor tajribasi bilan almashish;
millatlararo muomala madaniyati, dinlararo va madaniyatlararo muloqot, shuningdek etnik-madaniy taraqqiyotni mustahkamlash sohasida mintaqalar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;
Tomonlar kelishuviga muvofiq belgilanadigan boshqa shakllar.
5-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash boʻyicha Tomonlar oʻrtasidagi nizo va kelishmovchiliklar muzokara va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
6-modda
Tomonlarning kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida yozma tarzda soʻnggi xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi hamda uning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi paytida boshlangan va amal qilishi tugatilgunga qadar bajarilmagan loyihalar boʻyicha Tomonlar majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari bilan Rossiya Federatsiyasi subyektlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida 2000-yil 19-mayda imzolangan Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Moskva shahrida 2017-yil 5-aprelda har biri oʻzbek va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)