Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MAʼMURIY-HUDUDIY TUZILMALARI BILAN ROSSIYA FEDERATSIYASI SUBʼEKTLARI OʻRTASIDA HAMKORLIKNI KENGAYTIRISh TOʻGʻRISIDA
2000-yil 19-may, Toshkent
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
mintaqalar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa xil aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish zarurligini eʼtirof etib,
mintaqalar va ularning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida faoliyatning turli sohalarida aloqalarning taraqqiy etishi uchun qulay shart-sharoit barpo etishga intilib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida 1998 - 2007-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Shartnoma hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi boshqa xalqaro shartnomalarga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1- modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida tuzilgan xalqaro shartnomalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari bilan Rossiya Federatsiyasining subyektlari oʻrtasida iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy sohalarda teng huquqli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2- modda
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasining subyektlari oʻzlariga tegishli sohalarda hamkorlik yuzasidan bitimlarni tayyorlash, kelishish va tuzish chogʻida oʻz davlatlarining qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqib ish yuritadilar.
3-modda
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasining subyektlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik mulkchilik shakllaridan va kimga boʻysunishidan qatʼi nazar, tashkilotlar (xoʻjalik yurituvchi subyektlar), ularning birlashmalari oʻrtasida ikkala davlatlarning qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi xalqaro shartnomalar qoidalariga rioya qilingan holda tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
4- modda
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasining subyektlari tashkilotlar (xoʻjalik yurituvchi subyektlar), ular birlashmalarining tuzilgan shartnomalari boʻyicha majburiyatlari yuzasidan hamda tadbirkor maqomiga ega fuqarolar majburiyatlari yuzasidan masʼul emaslar, bundan ularning oʻzlari bunday majburiyatlar boʻyicha zimmalariga kafillik olgan (kafolat bergan) hollari mustasnodir.
5- modda
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasining subyektlari hududida joylashgan tashkilotlar oʻz davlatlarining qonunlariga rioya qilgan holda, yetkazib berilgan mahsulot va koʻrsatilgan xizmat uchun hisob-kitob qilishning shartlari, muddati va tartibini mustaqil belgilaydilar.
6-modda
Tashkilotlar (xoʻjalik yurituvchi subyektlar), ular birlashmalari oʻrtasida yuzaga chiqadigan bahslar Xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishga taalluqli bahslarni hal etish tartibi toʻgʻrisida Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan hukumatlararo Bitimga muvofiq hal qilinadi.
7- modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasi subyektlarining oʻzaro investitsiyalariga hamda ular hududida barpo etilayotgan va ishlab turgan qoʻshma yoki xorijiy sarmoyali tashkilotlari moʻtadil faoliyat olib borishi uchun kulay sharoitlarni barpo etadilar.
8- modda
Tomonlar xoʻjalik faoliyatining turli sohalarida qoʻshma dastur va loyihalar ishlab chiqilishiga, oʻz davlatlarining qonunlariga rioya qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari hamda Rossiya Federatsiyasining subyektlari hududidagi qoʻshma yoki xorijiy sarmoyali tashkilotlar tuzish uchun qulay sharoitlar yaratishga koʻmaklashadilar.
9-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilmalari va Rossiya Federatsiyasi subyektlarining savdo-iqtisodiy hamkorlikni roʻyobga chiqarish va uni yanada kengaytirishga taalluqli ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida oʻz davlatlarining qonunlariga muvofiq bir-birlarining hududida ushbu maʼmuriy-hududiy tuzilmalar va subyektlarning hisobidan oʻz vakolatxonalarini ochish huquqini eʼtirof etadilar.
Vakolatxonalar diplomatiya maqomiga ega boʻlmaydi, ularga konsullik yoinki diplomatik vazifalar yuklatilmaydi. Mazkur vakolatxonalar xodimlari diplomatik imtiyozlar va immunitetdan foydalanmaydilar.
10-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya zimmasiga yuklaydilar,
11-modda
1. Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning 12-moddasida koʻzda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin etish borasida yuzaga chiqqan bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri uning faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga xabarnoma yuborgunicha amal qiladi. Bu holda Bitim faoliyati bunday xabarnoma olingan sanadan olti oy keyin toʻxtatiladi.
Ushbu Bitim faoliyatining toʻxtatilishi u amal qilayotgan davrda amalga oshirishga kirishilgan va uning toʻxtashi vaqtiga qadar tugallanmagan kontraktlar, dasturlar, loyihalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning ado etilishiga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2000-yil 19-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida imzolandi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)