O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-sonli “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida” 2016-yil 16-sentabrdagi O‘RQ-407-son Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq va ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash va ularni zamonaviy turar joy bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq ichki ishlar organlarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan, yuksak professionalizm darajasini namoyon qilayotgan, huquqbuzarliklarga qarshi kurashga salmoqli hissa qo‘shayotgan va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan xodimlari (keyingi o‘rinlarda xodimlar deb ataladi) uchun Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi va Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dasturlar deb ataladi), shuningdek turar joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun tijorat banklarining uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari (keyingi o‘rinlarda ipoteka krediti deb ataladi) navbatdan tashqari tartibda beriladi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining takliflari bo‘yicha har yili, 2017-yildan boshlab 2-ilovaga* muvofiq jadval bo‘yicha mintaqalar bo‘yicha xodimlar uchun arzon ko‘p kvartirali uylarda qo‘shimcha ravishda kamida 500 ta kvartira qurishni Dastur parametrlariga kiritsinlar.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badallarni belgilangan miqdorlarda to‘lashi uchun ularga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga qaytarish asosida besh yil muddatga foizsiz uzoq muddatli qarzlar berilishini amalga oshirsin.
Belgilansinki, Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olishga ipoteka krediti bo‘yicha asosiy summa tijorat banki bilan tuziladigan shartnoma bo‘yicha belgilangan muddatlarda xodimning mablag‘lari hisobiga, ipoteka krediti bo‘yicha hisoblangan foizlar esa — 50 foiz miqdorida xodimning mablag‘lari hisobiga va 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining subsidiyalar sifatida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratiladigan mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari asosida:
ushbu qarorga muvofiq Dasturlar doirasida arzon ko‘p kvartirali uylarda har yili qo‘shimcha ravishda kamida 500 ta kvartira qurishni moliyalashtirish uchun shu jumladan xalqaro moliya institutlarining, tegishli tijorat banklarining mablag‘lari hisobiga kredit liniyasi ochilishini ta’minlasin;
zarurat bo‘lganda, Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badalni to‘lashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga qoplanadigan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus budjetdan tashqari hisob raqamidagi mablag‘lar hisobiga besh yil muddatga foizsiz uzoq muddatli budjet ssudasi berilishini amalga oshirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida, shuningdek 2018-yilga va keyingi yillarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihalarini shakllantirishda Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foizlarni 50 foiz miqdorida qoplash uchun xodimlarga subsidiyalar ajratish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun dastlabki badallarni to‘lash uchun ichki ishlar organlari xodimlariga foizsiz uzoq muddatli qarzlar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni va Ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-iyun,
444-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 444-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida” va “Ipoteka to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlariga (keyingi o‘rinlarda xodimlar deb ataladi) imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli uzoq muddatli ipoteka kreditlari (keyingi o‘rinlarda ipoteka kreditlari deb ataladi) berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom:
yakka tartibda uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish;
yakka tartibdagi uy yoki ko‘p kvartirali uydan kvartira sotib olish;
Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi va Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dasturlar deb ataladi), shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka kreditlari berilishini nazarda tutadi.
3. Ipoteka banklari tomonidan xodimlarga Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka kreditlari berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan qaytarish, to‘lov, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlarida turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratiladi.
5. Ipoteka kreditlari xodimlarga tijorat bankida xodimning nomiga ochilgan milliy valyutadagi jamg‘arma omonat hisob raqamiga xodim tomonidan turar joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘langandan keyin kamida 10 yil muddatga beriladi, ushbu Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.
6. Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz muddati va stavkasi:
kredit liniyalari hisobiga berilgan kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar ipoteka krediti uchun bevosita tijorat banki tomonidan jalb etilgan xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari va investitsiyalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tijorat banki bilan ko‘rsatib o‘tilgan moliya institutlari o‘rtasida tuzilgan ushbu mablag‘larni berish to‘g‘risidagi tegishli shartnomalar shartlaridan kelib chiqib belgilanadi;
tijorat banklari tomonidan o‘z mablag‘lari va jalb etiladigan mablag‘lar hisobiga beriladigan kreditlar bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq bank bilan qarz oluvchi o‘rtasida tuzilgan bitim bo‘yicha belgilanadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
7. Turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun tijorat banki tomonidan berilgan ipoteka krediti summasi turar joy qiymatining 75 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
2-bob. Ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish tartibi
8. Xodim turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida ipoteka krediti olish uchun tijorat bankiga qonunchilikka muvofiq zarur hujjatlarni taqdim etadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
9. Tijorat banki xodim tomonidan ipoteka krediti olish uchun ariza berilgandan keyin ipoteka krediti olish jarayonida u to‘lashi kerak bo‘lgan quyidagi taxminiy xarajatlarning turlari bilan uni tanishtiradi:
ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani notarial tasdiqlash uchun davlat boji to‘lash;
garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni sug‘urta qilish bilan bog‘liq xarajatlar;
mol-mulk qiymatini aniqlash bo‘yicha baholash tashkilotining xizmatlariga haq to‘lash;
ipoteka kreditini rasmiylashtirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar.
10. Tijorat bankining xodimi qonunchilikka muvofiq ipoteka krediti olish uchun ariza va barcha zarur hujjatlar qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda uni o‘rganadi va unda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshiradi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Tijorat bankining ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan xodimi ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni o‘rganish va tekshirish natijalari bo‘yicha ipoteka krediti berishning maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi asoslangan xulosani tijorat bankining kredit komissiyasiga (kredit qo‘mitasiga) kiritadi.
12. Kredit komissiyasi (kredit qo‘mitasi) kiritilgan hujjatlarni va tijorat bankining mas’ul xodimi xulosasini ko‘rib chiqib ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani qondirish yoki rad etishning aniq va asoslangan sabablarini ko‘rsatib qondirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Kredit komissiyasi (kredit qo‘mitasi) tomonidan ipoteka krediti olish uchun berilgan arizani qondirish rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda tijorat bankining xodimi uch ish kuni mobaynida rad etishning aniq sabablarini va xodim ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatib xodimga yozma bildirishnoma yuboradi (topshiradi).
Xodim ipoteka krediti olish uchun berilgan ariza qondirilishi rad etilishi sabablarini bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo‘lgan muddat ipoteka kreditini olish uchun berilgan ariza qondirilishi to‘g‘risida yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Ipoteka krediti olish uchun berilgan ariza qondirilishini rad etish to‘g‘risidagi yozma bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin xodim tomonidan berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.
13. Ipoteka kreditini olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati ariza va barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 30 ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
14. Kredit komissiyasi (kredit qo‘mitasi) tomonidan ipoteka krediti berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin:
tijorat banki uch kun muddatda kredit shartnomasi tuzish uchun xodimni qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi. Shuningdek, sotuvchining nomiga talab qilib olinadigan depozit hisob raqamini ochish uchun xodim tomonidan tijorat bankiga (uy-joy ikkilamchi bozorda sotib olinganda) jismoniy shaxsning — kvartirani yoki yakka tartibdagi uyni sotuvchi (keyingi o‘rinlarda sotuvchi deb ataladi) kelishi ta’minlanishi zarurligi yozma shaklda ko‘rsatiladi;
xodim kvartira yoki yakka tartibdagi uyning to‘liq qiymatini yo‘qotish yoki shikastlanish xavfidan o‘z hisobiga tijorat banki foydasiga sug‘urta qilishi, agar mol-mulkning to‘liq qiymati olingan kreditning va u bo‘yicha hisoblangan foizlarning ta’minlangan ipoteka summasidan ortiq bo‘lsa, tijorat banki oldida ushbu majburiyatning summasidan past bo‘lmagan summaga sug‘urta qilishi shart;
tijorat banki xodim bilan “Ipoteka to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani, shuningdek kredit shartnomasini imzolaydi.
3-bob. Ipoteka kreditini berish va qaytarish tartibi
15. Ipoteka krediti berish tijorat banki tomonidan xodimning alohida ssuda hisob raqamini ochish va ushbu hisob raqamidan pul mablag‘larini naqd bo‘lmagan shaklda xodimning yozma topshirig‘i asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va notarial tasdiqlangan uy-joyning oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomaning nusxasini ilova qilgan holda memorial order bilan sotuvchining (mulkdorning) depozit hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Yakka tartibda uy-joy qurish yoki uni rekonstruksiya qilishga ipoteka krediti berish xodimning alohida ssuda hisob raqamini ochish va ushbu hisob raqamidan xodimning yozma topshirig‘i asosida memorial order bilan to‘lovlarni qurilish materiallari sotib olishga naqd bo‘lmagan shaklda o‘tkazish — tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning depozit hisob raqamiga va bajarilgan qurilish-montaj ishi uchun — pudrat shartnomasida belgilangan shartlarda va muddatlarda pudrat qurilish tashkilotining depozit hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
17. Ipoteka kreditini qaytarish xodim tomonidan quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar va boshqa daromadlar hisobiga naqd bo‘lmagan shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan;
naqd pul mablag‘lari to‘lash;
plastik kartalardan va xodimning tijorat banklaridagi omonatlari bo‘yicha hisob raqamlaridan naqd bo‘lmagan shaklda pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan.
Xodim asosiy qarzni va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan qaytarish muddati boshlangunga qadar muddatidan oldin, kredit muddatidan oldin qaytarilganligi uchun vositachilik to‘lovi to‘lamasdan qaytarishi mumkin.
18. Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun ipoteka krediti olishda ipoteka krediti bo‘yicha asosiy summa tijorat banki bilan tuziladigan shartnoma bo‘yicha belgilangan muddatlarda xodimning mablag‘lari hisobiga, ipoteka krediti bo‘yicha hisoblangan foizlar esa — 50 foiz miqdorida xodimning mablag‘lari hisobiga va 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ajratiladigan mablag‘lari hisobiga qaytariladi.
19. Tijorat banklari xodim tomonidan ipoteka krediti bo‘yicha o‘z majburiyatlari bajarilishining doimiy monitoringini shu jumladan joyning o‘ziga chiqib amalga oshiradi. Tijorat banki tomonidan monitoring olib borish tartibi kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
20. Asosiy qarz va u bo‘yicha hisoblangan foizlar kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda tijorat bankining xodimi xodim bilan shaxsan uchrashib majburiyatlar bajarilmasligi sababini aniqlaydi va muddati o‘tkazib yuborilgan ipoteka kreditini qaytarishni ta’minlash choralarini ko‘rishni talab qiladi.
21. Xodim tomonidan ipoteka krediti va hisoblangan foizlar bo‘yicha to‘lovlar to‘lanmaganda yoki o‘z vaqtida to‘lanmaganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda tijorat banki qonunchilikda belgilangan tartibda garovga qo‘yilgan mol-mulkdan undirish to‘g‘risida murojaat qiladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Dasturlar doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun xodimlarning dastlabki badallarni to‘lashi uchun ularga qarz berish
22. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xodimlar tomonidan ichki ishlar organlarining tegishli turar joy-maishiy komissiyalariga ariza berilishi yo‘li bilan Dasturlar, shuningdek uy-joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar dastlabki badallarining belgilangan miqdorlarini to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari (keyingi o‘rinlarda budjetdan tashqari mablag‘lar deb ataladi) hisobiga qaytarish asosida xodimlarga 5 yil muddatga foizsiz uzoq muddatli qarzlar beriladi.
23. Qarz berish to‘g‘risidagi ariza tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining turar joy-maishiy komissiyasi (keyingi o‘rinlarda markaziy komissiya deb ataladi) va hududiy ichki ishlar organlarining turar joy-maishiy komissiyalari (keyingi o‘rinlarda hududiy komissiya deb ataladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Markaziy komissiya va hududiy komissiyalarning tarkibi va ishini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
24. Qarz berish to‘g‘risidagi ariza:
hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan — hududiy komissiyalarga;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari tomonidan — markaziy komissiyaga belgilangan tartibda beriladi.
25. Xodim qarz berish to‘g‘risidagi ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
doimiy yashash joyidan berilgan xodimning va u bilan birgalikda yashovchi oila a’zolarining oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar yoki yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oyda xodim va uning oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari;
pasportlarning (tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarning nusxalari).
(25-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-iyuldagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)
26. Qarz berish to‘g‘risidagi ariza va ushbu Nizomning 25-bandida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlar berilgandan keyin hududiy komissiya o‘rganish va tekshirish natijalari bo‘yicha hududiy komissiya raisiga qarz berish mumkinligi yoki qarz berish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosani kiritadi.
27. Hududiy komissiya raisi qarz berish to‘g‘risidagi arizani va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni va hududiy komissiyaning xulosasini ko‘rib chiqib hududiy komissiya nomidan qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirish yoki asoslangan sabablarini ko‘rsatib qondirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Hududiy komissiya tomonidan qarz berish mumkinligi yoki qarz berish mumkin emasligi to‘g‘risidagi arizani taqdim etish va hududiy komissiya raisi tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi muddati qarz berish to‘g‘risidagi ariza va ushbu Nizomning 25-bandida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlar berilgan kundan boshlab 15 ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
28. Hududiy komissiya raisi tomonidan hududiy komissiya nomidan qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda ushbu qaror va unga ilova qilingan barcha hujjatlar ko‘rib chiqish uchun markaziy komissiyaga yuboriladi. Markaziy komissiya o‘n ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganadi, qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirish yoki qondirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Markaziy komissiya tomonidan qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda markaziy komissiya ikki ish kuni mobaynida o‘z qarorini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining Moliya-iqtisodiyot boshqarmasiga (keyingi o‘rinlarda Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi deb ataladi) yuboradi.
29. Markaziy komissiya tomonidan qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin hududiy komissiya uch ish kuni mobaynida bu haqda xodimni qarz shartnomasi tuzish uchun yozma shaklda xabardor qiladi.
30. Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi qarz shartnomasi tuzilgan kundan boshlab o‘n kun muddatda mablag‘larni xodimning tijorat bankida ochilgan depozit hisob raqamiga o‘tkazadi.
31. Qarz berish to‘g‘risidagi arizani qondirishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda markaziy komissiya va hududiy komissiyalar bir kun mobaynida mablag‘ berish rad etilishining aniq sabablari ko‘rsatilgan holda xodimni bundan yozma ravishda xabardor qiladilar.
32. Xodim tomonidan qarzni qaytarish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar va boshqa daromadlar hisobiga naqd bo‘lmagan shaklda pul o‘tkazish yo‘li bilan;
naqd pul mablag‘lari to‘lash;
plastik kartalardan va xodimning tijorat banklaridagi omonatlari bo‘yicha hisob raqamlaridan naqd bo‘lmagan shaklda pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan.
Bunda qarz bo‘yicha to‘lovlar qarz shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq to‘lanadi.
Xodim qarzni qarz shartnomasida belgilangan muddat boshlangunga qadar qaytarishga haqlidir.
5-bob. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablari buzilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 26-son, 595-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son, 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)