ILOVA
Mamlakatimizda aholi salomatligini yanada mustahkamlash, jismonan sogʻlom va yetuk avlodni voyaga yetkazishni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda yurtimiz tibbiyot muassasalarida eng ilgʻor va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish hamda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir maʼruzasi va nutqida, turli uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, uning sifatli tibbiy xizmatga boʻlgan talabini qondirish nihoyatda zarurligini doimo taʼkidlab kelmoqdalar. Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari ham tizimdagi mavjud holatni chuqur tanqidiy tahlil qilib, yigʻilib qolgan masalalarni samarali hal etish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Bu borada, ayniqsa, mamlakatimizda qabul qilingan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga oid huquqiy hujjatlar alohida oʻrin tutmoqda.
Hozirgi vaqtda bu tizim Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning viloyatlardagi filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari qoshidagi boʻlimlari, mamlakatimizning barcha hududlaridagi tez tibbiy yordam xizmati stansiyalari va sanitar aviatsiya xizmatini oʻz ichiga oladi. Eng asosiysi, soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar natijasida shoshilinch tibbiy yordam tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar boʻyicha xizmat koʻrsatilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda sohada zudlik bilan hal etishni talab qiladigan bir qator muammo va masalalar ham borki, u aniq chora-tadbirlar koʻrishni taqozo etmoqda.
Avvalambor, shoshilinch tibbiyot sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish, malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiy uskunalar, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan taʼminlanish darajasini yaxshilash dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Bu esa tez tibbiy yordam faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning amaldagi tizimini qayta koʻrib chiqish, shoshilinch tibbiy yordam sifatini tubdan yaxshilashga doir tezkor choralar koʻrish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida mazkur tizimni takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlarini belgilash, tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
Farmonda, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam tizimida zamonaviy ilmiy-texnik yutuqlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining boshqa vazirliklar va idoralarning shoshilinch xizmatlari bilan tezkor hamkorligini taʼminlash boʻyicha zamonaviy mexanizmlarni tatbiq qilish, kadrlarni tayyorlash borasida ilgʻor usullarni joriy etish koʻzda tutilgan.
Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, deb qayta nomlandi va Markazning asosiy vazifalari belgilandi.
Xususan, aholiga bepul asosda malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy xizmat koʻrsatish, samaradorligi boʻyicha jahon talablariga mos keladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimining faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish, kechiktirib boʻlmaydigan holatlarning profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolash boʻyicha yangi, samarali texnologiyalarni yaratish, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish kabi yoʻnalishlar Markazning asosiy vazifalari sifatida qayd etildi. Bundan tashqari, Markaz shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida fan va ilmiy tadqiqotlar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish va ilgʻor texnologiyalarni yaratish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borishni, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimi uchun ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni ham muvofiqlashtirib boradi.
Farmonda taʼkidlanganidek, 2017-yilning 1-iyuligacha yagona maʼlumotlar bazasi va maʼlumotlarni uzatish tarmogʻini yaratgan holda, tez tibbiy yordam brigadalarining faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirilishini taʼminlovchi Markaz va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar majmuasi ishlab chiqiladi. Chunki, tez tibbiy yordam faoliyatida dispetcherlik xizmatlarini yaxshilash, uning kechayu kunduz samarali ishlashini taʼminlash bugungi kun talabidir. Shu munosabat bilan 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari joriy qilinadi.
Ushbu xizmat faoliyatida kuzatilayotgan kamchiliklarga tizimda avtotransport vositalari bilan bogʻliq masalalar ham sabab boʻlayotgani koʻpchilikka maʼlum. Endilikda Markazning Tez tibbiy yordam stansiyalariga avtotransport xizmatini koʻrsatish “Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining ixtisoslashtirilgan avtotransport korxonasi” davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa avtotransport vositalarining har doim soz holatda boʻlishini va kerakli manzilga oʻz vaqtida yetib borishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ayni vaqtda kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda koʻplab insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tizimning transport parkini boyitish uchun davlat budjeti va boshqa mablagʻlar hisobidan 1200 ta tez tibbiy yordam avtomobili xarid qilinadigan boʻldi.
Tajribadan maʼlumki, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish tibbiy xizmat sifatini bir necha barobar yaxshilash imkonini yaratadi. Farmonda ushbu yoʻnalishda imtiyozlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda 2020-yilning 31-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatlar boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ehtiyojlarini taʼminlash uchun olib kirilayotgan yuqori texnologiyali va telekommunikatsiya jihozlari, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar va dasturiy taʼminotni bojxona toʻlovlaridan ozod etish belgilandi.
Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, Farmonga koʻra, Toshkent viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bazasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi. Agar shu vaqtgacha ushbu hududda bunday tibbiy muassasa mavjud boʻlmaganini nazarda tutadigan boʻlsak, bu yangilik viloyat aholisi salomatligini saqlash borasida qanday katta ahamiyat kasb etishini tasavvur qilish qiyin emas, albatta.
Yana bir yangilik — shu yilning 1-aprelidan boshlab Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tez tibbiy yordam stansiyasi uning tumanlardagi kichik stansiyalari bilan birga, yuridik shaxs maqomini saqlagan holda, tarkibiy boʻlinma sifatida Markazga berilishi koʻzda tutilgan.
Prezidentimizning mazkur Farmonida koʻzda tutilgan eʼtibor va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda ularning noyob texnologik imkoniyatlari tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirish, shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish va amaliyotga tatbiq qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, davolash jarayonining samarasini oshiribgina qolmay, statsionar davolash muddatlarini va buning natijasida sarf-xarajatlarni ham keskin kamaytirishi shubhasiz. Bundan tashqari, ushbu Farmon Markazning barcha filiallarini eng yuksak mezonlarga javob beradigan tibbiy apparatlar, xususan, yurak va qon-tomirlarning ultratovush doplerografiyasi, zamonaviy angiografik tuzilmasi, multispiral kompyuter tomografiya va magnit-rezonans tomograf apparatlari bilan toʻliq taʼminlashi uchun imkoniyat yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon hamda u bilan tasdiqlangan huquqiy hujjatlar shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga koʻtarish, sohada ilmiy-tadqiqot faoliyati koʻlamini kengaytirish hamda ilgʻor xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etishda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda aholi salomatligi, inson manfaatlari, xalqimiz farovonligi haqida soʻz borar ekan, bu masalalar doimo davlatimizning eʼtibor markazida boʻlib qoladi. Ana shu ezgu maqsadlarning mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida roʻyobga chiqarilishi esa yanada ahamiyatlidir.