Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2862]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 4-iyuldagi 7-mh-sonli “Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish hamda birinchi marta yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3444, 05.07.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 6-avgustdagi 262-mh-son “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarining adliya organlarida stajirovka oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2708, 2015-yil 6-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 31-son, 424-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi (A. Ochilov) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-fevral,
40-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 40-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan oʻtishi tartibini belgilaydi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tushuniladi.
2. Stajirovka stajorning kasbiy bilimlari, oʻquv va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash va shakllantirish, shuningdek ishning oʻziga xosligi, tayinlanayotgan lavozimi boʻyicha funksional vazifalarini sifatli bajarishi uchun ilgʻor tajribani egallab olishini taʼminlash maqsadida oʻtaladi.
3. Yuridik xizmat xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslar mazkur Nizomda belgilangan tartibda adliya organlarida stajirovkadan oʻtadi. Bunda stajirovka:
respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida;
hududiy davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek tumanlar va shaharlar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari uchun — tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida oʻtaladi.
2-bob. Stajirovka oʻtashni tashkil etish
4. Davlat organlari va tashkilotlari rahbari yuridik xizmat xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxsni stajirovkadan oʻtkazishni soʻrab u belgilangan tartibda lavozimga tayinlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida tegishli adliya organiga murojaat etadi.
Adliya organi murojaat kelib tushgandan soʻng, bir oy muddat ichida stajirovkani tashkil qilishi va uni oʻtash boʻyicha aniq muddatni koʻrsatgan holda tashkilot rahbarini stajirovka boshlanishidan kamida bir hafta oldin yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
5. Stajorni belgilangan muddatda stajirovkadan oʻtish uchun yuborish majburiyati tashkilot rahbari zimmasiga yuklatiladi.
6. Stajirovka Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Huquqiy xizmat koʻrsatishni tartibga solish boshqarmasi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa Huquqiy xizmatlar boʻlimlari (bundan buyon matnda masʼul boʻlinma deb yuritiladi) tomonidan tashkil qilinadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
7. Stajorga metodik yordam koʻrsatish hamda uning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish uchun adliya organlarining malakali va tajribali mutaxassislari orasidan stajirovka rahbari tayinlanadi.
8. Stajirovka rahbari, qoida tariqasida, kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlishi kerak.
9. Stajirovka rahbari tomonidan har bir stajor uchun u tomondan bajariladigan ishlar mazmuni va muddati koʻrsatilgan stajirovkadan oʻtish rejasi ishlab chiqiladi.
Stajirovkadan oʻtish rejasi tegishli masʼul boʻlinma rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
10. Stajirovkadan oʻtish rejasida stajor tomonidan yuridik xizmat xodimining funksional vazifalari va ularni bajarishda bilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati, norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti, normativ-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobini yuritish, shartnomaviy-huquqiy va daʼvo ishlarni yuritish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, shuningdek mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini oʻrganish bilan bogʻliq tadbirlar belgilanishi lozim.
11. Stajirovkadan oʻtish muddati ikki haftani tashkil etadi.
12. Stajirovkadan oʻtishdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Stajirovkani oʻtash
13. Stajirovkadan oʻtishning birinchi kunida stajirovka rahbari stajorni stajirovkadan oʻtish rejasi, muddatlari, ichki mehnat tartib va kasb etikasi hamda texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalari, shuningdek ish rejimining xususiyatlari bilan tanishtiradi hamda stajorga stajirovkadan oʻtishi uchun zarur sharoitlar yaratadi.
14. Stajirovka rahbari stajirovka davomida:
stajorga stajirovkadan oʻtish rejasida belgilangan tadbirlarni bajarish bilan bogʻliq materiallardan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi;
stajorning kasbiy bilimi va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish uchun unga tegishli tavsiyalar beradi;
stajirovkadan oʻtish rejasida belgilangan tadbirlarning bajarilishi va sifatini muntazam ravishda nazorat qilib boradi;
stajorning ish vaqtidan samarali foydalanishini taʼminlaydi.
15. Stajor stajirovkadan oʻtish davomida:
stajirovka boʻyicha uslubiy va koʻrsatma materiallar bilan tanishishi;
stajirovkani tashkil etish va undan oʻtish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etishi;
stajirovkadan oʻtish rejasida nazarda tutilgan barcha tadbirlarni stajirovka uchun belgilangan muddat ichida, toʻliq hajmda va sifatli bajarishi;
amaliy faoliyatda foydalanilishi mumkin boʻlgan hujjatlar namunalari va boshqa muhim materiallar toʻplamini yuritishi;
stajirovkadan oʻtish yakunlari boʻyicha hisobot tayyorlashi;
tegishli adliya organlarida oʻrnatilgan tartib qoidalarga rioya qilishi shart.
16. Stajor stajirovkadan oʻtish vaqtida yuridik xizmat xodimining funksional vazifalari va ularni bajarishda bilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar, norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti, normativ-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobini yuritish, shartnomaviy-huquqiy va daʼvo ishlarni yuritish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, shuningdek mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini oʻrganishi lozim.
17. Stajor stajirovkadan oʻtish rejasida belgilangan tadbirlarni bajarib boʻlgach, u boʻyicha yozma hisobot tayyorlaydi. Hisobot stajor tomonidan imzolanadi hamda stajirovka rahbari tomonidan qabul qilinadi va tasdiqlanadi.
18. Stajirovka rahbari tomonidan hisobotni qabul qilishda stajorning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarni qanchalik oʻzlashtirganligini baholash uchun u bilan masʼul boʻlinma xodimlari ishtirokida suhbat oʻtkaziladi va uning hisoboti muhokama qilinadi. Muhokama jarayonida stajorga zimmasiga yuklatilgan uning kasbi bilan bogʻliq vazifalarni amaliyotda qoʻllashga doir tavsiyalar beriladi.
Muhokama natijasi masʼul boʻlinma tomonidan rasmiylashtiriladigan bayonnomada aks ettiriladi.
19. Stajirovka muddati tugaganidan keyin stajirovka rahbari tomonidan stajorga nisbatan tavsifnoma tuziladi va unda stajorning stajirovkadan oʻtish rejasida nazarda tutilgan tadbirlarni qanchalik oʻzlashtirganligi, tartib-intizomi, stajirovka davomida u tomonidan egallangan kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalar aks ettirilgan boʻlishi kerak.
Stajorning tegishli adliya organida belgilangan tartib qoidalarga rioya qilmaganligi, stajirovkadan oʻtish rejasida koʻrsatilgan tadbirlarni toʻliq bajarmaganligi, stajirovkaga uzrli sabablarsiz kelmaganligi ham tavsifnomada aks ettiriladi.
20. Tavsifnoma masʼul boʻlinma rahbari tomonidan imzolanadi va adliya organining yoʻllanma xati orqali stajorni yuborgan tashkilotga joʻnatiladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
21. Masʼul boʻlinma xodimlari tomonidan stajorga stajirovkadan oʻtish rejasi bilan bogʻliq boʻlmagan vazifa va topshiriqlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Stajirovka oʻtagan shaxslarning hisobi masʼul boʻlinma tomonidan yuritiladi va stajirovka oʻtash bilan bogʻliq barcha hujjatlar ushbu boʻlinmada saqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 9-son, 138-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2018-y., 10/18/2862-1/1275-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)