Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON DAVLAT KONSERVATORIYASI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat konservatoriyasini Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirish toʻgʻrisida” 2002-yil 16-apreldagi PF-3052-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda oʻzbek xalqining milliy musiqiy merosi negizida musiqa sanʼatini rivojlantirish, sifat jihatidan yangi musiqiy taʼlim tizimini yaratish, yuqori malakali sanʼat kadrlari tayyorlashni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi musiqa sanʼatining barcha yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hamda mazkur taʼlim sohasi pedagoglari, mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi:
koʻp asrlik musiqiy merosimizni, milliy va jahon musiqa sanʼati taraqqiyotini, milliy musiqa asboblarining tarixini oʻrganish maqsadida bir oy muddatda Davlat konservatoriyasi tarkibida ixtisoslashtirilgan Ilmiy-tadqiqot markazi va Musiqa muzeyi tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Fan va texnologiyalar markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Ilmiy-tadqiqot markazi va Musiqa muzeyi nizomlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
musiqiy taʼlim muassasalarini zamonaviy musiqiy oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash, ularni muntazam chop etishni yoʻlga qoʻyish maqsadida bir oy muddatda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida ixtisoslashtirilgan “Musiqa” nashriyoti, bosmaxona va ovoz yozish studiyasi tashkil etsin;
chet eldagi musiqa muassasalarida taʼlim olayotgan va samarali ijodiy faoliyat koʻrsatayotgan Oʻzbekiston ijodkor yoshlari vakillari bilan doimiy aloqada boʻlishni taʼminlash, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatida ularning ijodiy salohiyatidan foydalanish, respublikada musiqa anjumanlari va festivallari oʻtkazish boʻyicha tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli ijrochilari va sanʼat arboblarini, yetakchi pedagog-mutaxassislarini konservatoriyada ishlashga taklif etish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va 2002/2003 oʻquv yilidan boshlab amalga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda oʻrta maxsus madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlari konsertmeysterlari va yetakchi konsertmeysterlari mehnatiga haq toʻlash shartlarini bir oy muddatda qayta koʻrib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. 2002/2003 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida 125 nafar oʻquvchiga moʻljallangan Iqtidorli bolalar akademik litseyi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda Iqtidorli bolalar akademik litseyini asbob-anjomlar, cholgʻu asboblari, texnik vositalar, shuningdek oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha zamonaviy talablarga javob beradigan oʻquv-normativ hujjatlar bilan taʼminlashga doir zarur tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda:
2002/2003 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi tarkibida turli darajadagi pedagog kadrlar uchun malaka oshirish fakulteti tashkil etsin va bir oy muddatda uning oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda kadrlar tayyorlash milliy modeli asosida taʼlim jarayonining uzluksizligi va izchilligini hisobga olgan holda maxsus musiqa maktablari, musiqa akademik litseylari va kollejlari, shuningdek mazkur yoʻnalishlar va ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi uchun Davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. 2002/2003 oʻquv yilidan boshlab V. Uspenskiy va R. Glier nomidagi Respublika oʻrta maxsus musiqa maktab-internatlari negizida, ular faoliyatining iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa shart-sharoitlarini saqlab qolgan holda Respublika maxsus musiqa akademik litseylari tashkil etilsin. Musiqiy taʼlimni va oʻqitish jarayonining uzluksizligini taʼminlash maqsadida, istisno tariqasida, ushbu akademik litseylar negizida mavjud boshlangʻich va oʻrta maktablar (internatlar bilan birga) saqlab qolinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika maxsus musiqa akademik litseylari tuzilmasini va nizomlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining noyob binolari majmui murakkab muhandislik kommunikatsiyalaridan zarur darajada foydalanishni, ular texnik holatining yuqori darajada boʻlishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Binolardan foydalanish direksiyasi ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda Direksiya toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida tashkil etiladigan Akademik litseyga 2002-yilgi Davlat budjetida belgilangan moliyaviy normativlar asosida yangi oʻquv yilidagi joriy xarajatlar uchun, taʼlim sohasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida zarur mablagʻlar ajratsin;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oʻquv yurtlari uchun 2002-yilgi Davlat budjeti doirasida nazarda tutilgan mablagʻlardan 2002-yilda Davlat konservatoriyasini cholgʻu asboblari, maxsus teatr jihozlari, yorugʻlik-ovoz kuchaytirish apparatlari, mebellar, zamonaviy kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik adabiyotlar va boshqalar bilan taʼminlash, shuningdek chet eldan sanʼat sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun foydalanishga ruxsat etsin. 2003-yildan boshlab koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblarni hisobga olgan holda mablagʻlar ajratsin.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-oktabrdagi 207-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
9. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda uning huzurida tashkil etiladigan Iqtidorli bolalar akademik litseyi va Malaka oshirish fakulteti uchun yotoqxona binosi ajratib, uning rekonstruksiya qilinishi va jihozlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining eski binosiga (Toshkent shahri, Pushkin koʻchasi, 31-uy) Hamza nomidagi Toshkent musiqa kollejini, shuningdek Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazini joylashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karamatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-sentabr,
315-son
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi binolaridan foydalanish direksiyasi
TUZILMASI
TUZILMASI
Jami: 110,5 shtat birligi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 17-18-son, 134-modda;2005-y., 27-son, 191-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda)