O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT DAVLAT KONSERVATORIYASINI O‘ZBEKISTON DAVLAT KONSERVATORIYASIGA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizda professional musiqa san’atini yanada rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va tahlil etish, ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, musiqiy ta’limning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda zamon talablari darajasida malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni ta’minlash, soha taraqqiyoti uchun lozim bo‘lgan shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Bastakorlar uyushmasi, atoqli san’at namoyandalari va keng jamoatchilikning Toshkent davlat konservatoriyasini O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi musiqiy ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch oliy o‘quv yurti deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi binolar majmuidan samarali foydalanish maqsadida Madaniyat ishlari vazirligiga qarashli Direksiya va uning tarkibida konservatoriyaning konsert zallarini o‘z ichiga olgan “Musiqa saroyi” tashkil etilsin.
3. Madaniyat ishlari vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yangi tuzilmasi, Nizomi, uning tarkibida Estrada san’ati fakulteti, Iqtidorli bolalar akademik litseyi, Ilmiy-tadqiqot markazi, “Musiqa” nashriyoti va boshqa bo‘linmalarini tashkil etish bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlarni bir hafta muddatda ishlab chiqsin.
4. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda ushbu Farmon ijrosi yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
5. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonovga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 16-aprel,
PF-3052-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 85-modda)