Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
LITSENZIYALASHNI BEKOR QILISH HAMDA ISTEʼMOL TOVARLARINI OLIB KELISH VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ICHKI BOZORIDA SOTISHNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
“Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida”, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq va respublikaga isteʼmol tovarlarini olib kelish va sotish tizimini yanada takomillashtirish, ichki isteʼmol bozorida raqobat muhitini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tayyor isteʼmol tovarlarini import qiluvchi korxonalar va tashkilotlarga soʻmlarni erkin muomaladagi valyutaga konvertatsiya qilishning ustuvor huquqini beruvchi litsenziyalar berish mexanizmi bekor qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2002-yil 1-oktabrdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan xalq isteʼmol tovarlari va dori-darmonlarni import qiluvchi korxonalar va tashkilotlar uchun birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani sotib olishga vakolatli banklarga har choraklik limitlar bekor qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, 2002-yil 1-oktabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tijorat faoliyati uchun Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan ayrim isteʼmol tovarlari olib kelinishiga amaldagi qonun hujjatlariga binoan majburiy tartibda muvofiqlik sertifikati taqdim etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-dekabrdagi 427-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 23-son, 188-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga:
bojxona chegarasi orqali isteʼmol tovarlarini olib kelishda bojxona toʻlovlari va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiy toʻlovlar va yigʻimlarni oʻz vaqtida va toʻliq toʻlash;
Keyingi tahrirga qarang.
olib kelinayotgan isteʼmol tovarlariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etish;
turgʻun savdo shoxobchalari orqali chakana savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan soliqlarni toʻlash va naqd savdo tushumini har kuni banklarning kassalariga majburiy topshirish qoidalariga qatʼiy rioya qilish kabi xalqaro amaliyotda umumiy qabul qilingan normalarga rioya etilgan taqdirda isteʼmol tovarlarini respublikaga import qilish va ularni sotish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. 2002-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi tartib belgilansin, unga koʻra:
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan import qilinadigan isteʼmol tovarlari tuzilgan shartnomalar asosida faqat oʻzining rasmiy eʼlon qilingan distribyutorlariga, shuningdek nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalanilgan taqdirda turgʻun savdo shoxobchalari orqali chakana savdo qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarga ulgurji sotiladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-dekabrdagi 427-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 23-son, 188-modda)
import isteʼmol tovarlarini olib kelish va ularni ulgurji sotish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar roʻyxatdan oʻtkazish va bojxona rasmiylashtiruvida oʻzining rasmiy distribyutorlari roʻyxatini taqdim etishi shart;
ulgurji savdo subyektlarining distribyutorlari nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchasiga ega boʻlishlari kerak;
isteʼmol tovarlari qonun hujjatlariga muvofiq yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan faqat naqd pulsiz hisob-kitob qilish shaklida ulgurji sotiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻzlarining rasmiy distribyutorlari sifatida eʼlon qilinmagan, shuningdek nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlangan turgʻun savdo shoxobchalariga ega boʻlmagan jismoniy shaxslarga isteʼmol tovarlarini ulgurji sotishi taqiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, shaharlar va tumanlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ulgurji va ulgurji-chakana savdo qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishda koʻrsatib oʻtilgan tartibga qatʼiy amal qilsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi ulgurji sotish uchun import qilinayotgan isteʼmol tovarlarini bojxonada rasmiylashtirishda belgilangan tartibga qatʼiy rioya qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilansinki, 2002-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning buyum bozorlarida import isteʼmol tovarlari faqat yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan va eksport-import operatsiyalarini hamda chakana savdoni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududiga tovarlar ular tomonidan olib kelinganligini, bojxona toʻlovlari va qatʼiy belgilangan soliq toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan isteʼmol tovarlariga muvofiqlik sertifikatlari mavjud boʻlgan taqdirda sotilishiga belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Bunda ular tomonidan isteʼmol tovarlarini nazorat-kassa mashinalari qoʻllanilmasdan sotishga ruxsat beriladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-dekabrdagi 427-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 23-son, 188-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi huzuridagi Soliqqa oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyum bozorlarida isteʼmol tovarlarini sotishning koʻrsatib oʻtilgan tartibiga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki, tijorat banklari savdo qiluvchi tashkilotlar tomonidan belgilangan savdo qoidalariga rioya etilishi va isteʼmol tovarlarini sotishdan tushgan naqd savdo tushumi har kuni banklarning kassalariga toʻliq topshirilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
8. Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 2003-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovar yorliqlarida (etiketkalarida) Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida tovarning xususiyatlari toʻgʻrisidagi axborot va ularni qoʻllash, ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud boʻlmagan erkin muomalaga chiqarishga moʻljallangan isteʼmol tovarlarining ayrim turlarini olib kelish taqiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzdavstandart” markazi Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarning ayrim turlarini markalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopoliyaga qarshi qonunchilikka qatʼiy rioya qilinishi, isteʼmol tovarlari bozorida raqobat munosabatlari samarali ishlashi, narxlar sunʼiy ravishda oshirilishiga, nohalol raqobatga, eng avvalo, tovarlarning tayyorlanish joyi, isteʼmol xususiyatlari va sifati yuzasidan isteʼmolchilar chalgʻitilishiga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2002-yil 20-sentabrgacha boʻlgan muddatda:
ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan isteʼmol tovarlari va dori-darmonlar importini tarif bilan va notarif boshqarish tizimini joriy etishni;
import isteʼmol tovarlari tender asosida olib kelinishini nazarda tutuvchi mexanizmni ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar.
11. Belgilansinki, yuridik shaxslar tomonidan respublikaga texnologiya xom ashyosi, butlovchi uzellar va buyumlar sifatida olib kelinayotgan nooziq-ovqat tovarlari Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-iyuldagi 257-son qarori bilan belgilangan tovar bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida isteʼmol tovarlari importi uchun yigʻimdan ozod qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda tayyor mahsulotlarni texnologiya xom ashyosi, butlovchi uzellar va buyumlar qatoriga kiritishni aniq cheklovchi qoidani ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, tijorat banklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2002-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimini yaratsinlar.
13. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 18-iyuldagi 305-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar kiritsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 20-avgust,
295-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 15-16-son, 122-modda, 23-son, 188-modda; 2003-y., 1-2-son, 12-modda; 2003-y., 20-son, 187-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda; 2012-y., 21-son, 232-modda; 2013-y., 20-son, 253-modda, 23-son, 302-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)