Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON TEMIR YOʻLLARI” DAVLAT-AKSIYADORLIK KOMPANIYASINI BOSHQARISHNI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yoʻl transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmonini bajarish yuzasidan va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqaruv tizimini takomillashtirish, temir yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, tarmoq korxonalarini rivojlantirish, texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish uchun investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 3-avgustdagi 366-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 31-son, 353-modda)
2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 2001-yil 1-sentabrgacha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha hududiy direksiyalari hamda Orolboʻyi boʻlimini belgilangan tartibda tugatish va ularning negizida 1-ilovada nazarda tutilgan funksional tarkibiy boʻlinmalar va korxonalar tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Temir yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlarini monopoliyadan va davlat tasarrufidan chiqarish hamda aksiyalashtirish masalalari boʻyicha maxsus komissiya (Sultonov), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
asosiy fondlarning 2001-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra qayta baholanishini hisobga olgan holda 2-ilovaga muvofiq korxonalar, tashkilotlar va tarkibiy boʻlinmalarning mol-mulki qiymati hisobiga 2001-yil 1-iyungacha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondini shakllantirsinlar. Kompaniyaning aksiyalari emissiyasi prospekti belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi taʼminlansin;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 3-ilovaga* muvofiq korxonalar va tashkilotlarni bosqichma-bosqich ochiq aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar;
4-ilovaga* muvofiq xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi davlatga tegishli ulushlarni toʻliq sotsinlar, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotsinlar;
5-ilovaga* muvofiq xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalar va tashkilotlar hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari 2001-2002-yillarda yuz foiz xususiylashtirilishini, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotilishini taʼminlasinlar;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
4. Belgilansinki:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish jarayonida chiqarilgan aksiyalar davlat mulki hisoblanadi va sotilmaydi yoki boshqacha tarzda oʻzgaga berilmaydi, garovga qoʻyilishi mumkin emas, shuningdek ikkilamchi qimmatli qogʻozlar chiqarishni taʼminlashga xizmat qilishi mumkin emas;
mazkur qarorga muvofiq tashkil etiladigan Yagona dispetcherlik markazi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yoʻllardan foydalanish va ularni saqlash, energiya bilan taʼminlash, signalizatsiya va aloqa tizimlari, tashish hujjatlarini qayta ishlash, lokomotiv xoʻjaligi, halokat-tiklash ishlari boʻyicha funksional tarkibiy boʻlinmalari xususiylashtirilmaydi;
yuk va yoʻlovchilar tashuvchi, shuningdek yuk joʻnatuvchilar va yoʻlovchilarga transport-ekspeditorlik va servis xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar, vokzallarga xizmat koʻrsatuvchi servis kompaniyalari, umumiy ovqatlanish, turizm, chiptalarni uyga yetkazib berish xizmatlari koʻrsatuvchi va boshqa xizmatlar boʻyicha kompaniyalar turli tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilishi mumkin va ular raqobat asosida faoliyat koʻrsatadilar;
“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi”ning daromadlariga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida markazlashtirilgan tartibda daromad (foyda) soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi. Koʻrsatib oʻtilgan norma, shuningdek ishlab chiqarish korxonalari uchun belgilangan toʻlov stavkalari qoʻllanilgan holda, Respublika yoʻl jamgʻarmasiga, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga toʻlovlarni hisoblab chiqish va toʻlash tartibiga ham joriy etiladi. Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiradigan korxonalar oʻrtasida mol-mulkni bepul berishda daromad soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha markazlashgan tartibdagi hisob-kitoblarda qabul qiluvchi va beruvchi tomonlar foyda soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi solish obyekti hisoblanmaydi.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 740-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 38-son, 1049-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-oktabrdagi 499-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 43-son, 456-modda)
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
7. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2002-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda:
uy-joy fondi va kommunal sohaning muhandislik kommunikatsiyalari ular joylashgan joyda qabul qilib olish-topshirish dalolatnomalari asosida hududiy kommunal foydalanish birlashmalari balanslariga;
7-ilovaga* muvofiq obyektlar viloyatlar va shaharlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar ixtiyoriga berilishini taʼminlasin.
* 3—5, 7-ilovalar berilmaydi.
8. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-noyabrdagi 551-son qarorining 3-bandi, 4-bandining birinchi va ikkinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-mart,
108-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 378-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Mulkning qiymati “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ustav jamgʻarmasiga beriladigan korxonalar, tashkilotlar va tarkibiy boʻlinmalar
ROʻYXATI
1. Yoʻl xoʻjaligi boshqarmasi
2. Signalizatsiya va aloqa markazi
3. Elektr taʼminoti markazi
4. Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi
5. Vagon deposi
6. Yagona dispetcherlik markazi
7. Halokat-tiklash boshqarmasi
8. “Temiryoʻlyonilgʻitaʼmin” boshqarmasi
9. Harbiylashtirilgan qoʻriqlash boshqarmasi
10. “Oʻztemiryoʻlhisob-kitob”
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 378-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
12. “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” korxonasi
13. “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” korxonasi
14. Toshkent yoʻlovchi tashish vagonlarini taʼmirlash zavodi
15. Statistika, informatika va hisoblash texnikalari markazi
16. “Oʻzbektemiryoʻlekspeditsiya” korxonasi
17. “Yoʻlreftrans” (refrijerator vagon deposi)
18. “Oʻztemiryoʻlkonteyner” korxonasi
19. Kapital qurilish direksiyasi
20. Kompaniya binolari va inshootlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi
21. “Transtreyl” qoʻshma korxonasi*
22. “Lokkolorsintez” qoʻshma korxonasi*
23. “Interneyshnl” AJ qoʻshma korxonasi *
24. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansidagi mulk qiymati **
* Ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushlari qiymati
** Toʻliq sotiladigan ijtimoiy infratuzilma obyektlari, shuningdek toʻliq yoki davlatga tegishli ulush Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtiyoriga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga beriladigan mol-mulki qiymati chegirib tashlangan holda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansidagi mol-mulkning balans qiymati.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-iyuldagi PQ-424-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 30-son, 290-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 5-son, 23-modda; 2003-y., 7-8-son, 61-modda; 2004-y., 31-son, 353-modda, 43-son, 456-modda; 2005-y., 37-38-son, 288-modda; 2006-y., 30-son, 290-modda; 2008-y., 52-son, 515-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2011-y., 7-8-son, 63-modda; 2012-y., 6-son, 60-modda; 2017-y., 38-son, 1049-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)