O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI HUZURIDA BIRLAShGAN HAY’AT TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning 2001-yil 11-yanvardagi qaroriga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, maqsadga yo‘naltirilgan ishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’atning shaxsiy tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’at to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’at qoshida tashkil etiladigan ekspert kengashlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning ikkinchi—to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
2. Birlashgan hay’atning asosiy vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Umumiqtisodiyot kompleksining iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga qaratilgan samarali, maqsadga yo‘naltirilgan va uyg‘un ishlashini ta’minlash etib belgilansin:
makroiqtisodiy barqarorlikni va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirish;
ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va unda xususiy mulkning yetakchi rolini ta’minlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va valyuta bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
zamonaviy yaxlit bozor, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
demografik prognozlar amalga oshirilishini nazorat qilish va mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlashga doir faol siyosat yurgizish, mehnat bozorini shakllantirish;
xalqning moddiy farovonligi barqaror izchil o‘sishini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish.
3. Birlashgan hay’at raisi (R.S. Azimov) Birlashgan hay’at ishi yuksak tashkil etilishini, Umumiqtisodiyot kompleksiga kiruvchi vazirliklar va idoralar ishini muvofiqlashtirish, uning uyg‘unligi va samaradorligi darajasi oshirilishini, idoraviy manfaatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq Umumiqtisodiyot kompleksi oldida turgan yagona vazifalar hal etilishiga bo‘ysundirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-yanvar,
42-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’at to‘g‘risida
(Ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
nizom
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1.1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’at (keyingi o‘rinlarda Birlashgan hay’at deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
(1.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
1.2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi ishining samaradorligi va maqsadga yo‘naltirilganligini, uning tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq iqtisodiyotni erkinlashtirishning ustuvorliklari va strategik vazifalarini hal etish, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sish, idoraviy manfaatlarni Umumiqtisodiyot kompleksi oldida turgan yagona vazifalarni hal etishga bo‘ysundirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan va o‘zaro bog‘liq faoliyatini ta’minlash Birlashgan hay’at faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
1.3. Birlashgan hay’at o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi.
1.4. Birlashgan hay’at o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning bajarishi uchun majburiy hisoblanadi.
II. Birlashgan hay’atning vazifalari
2.1. Belgilangan maqsadlarga muvofiq iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishning dolzarb muammolarini hal etishning eng natijali va samarali yo‘llarini ishlab chiqish, iqtisodiyotni isloh qilish va rivojlantirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish Birlashgan hay’atning asosiy vazifalari hisoblanadi:
makroiqtisodiy barqarorlikni va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirish;
ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va unda xususiy mulkning yetakchi rolini ta’minlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va valyuta bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
zamonaviy yaxlit bozor, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish;
demografik prognozlar amalga oshirilishini nazorat qilish va mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlashga doir faol siyosat yurgizish, mehnat bozorini shakllantirish;
xalqning moddiy farovonligi barqaror izchil o‘sishini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish.
III. Birlashgan hay’atning funksiyalari
3.1. Ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarga muvofiq Birlashgan hay’atga quyidagi funksiyalar yuklanadi:
iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning ustuvorliklari va strategik vazifalari yuzasidan qabul qilinayotgan qarorlarning kollegialligini ta’minlash;
balanslar tizimi, maqsadli kompleks dasturlar, jahon iqtisodiy rivojlanishining vujudga kelayotgan tendensiyalari asosida hamda yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqqan holda respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini ishlab chiqish, shakllantirish, ekspert baholash, shuningdek ularni kelishilgan holda Hukumatning ko‘rib chiqishi uchun kiritish;
yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlarini, respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va eksport potensialini kengaytirish uchun baza sifatida uning roli va ahamiyatini hisobga olgan holda istiqbolli, strategik rivojlantirish muammolarini hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va amaliy tavsiyanomalar ishlab chiqish;
respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlari va sektorlari bilan yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirishning mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
geologiya qidiruv ishlari dasturlarini amalga oshirish, yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlarini rivojlantirish, kompleks korxonalarini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga yordam ko‘rsatish;
yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlari va korxonalarining moliyaviy barqarorligi ustidan doimiy monitoring olib borish, moliyaviy oqimlarning mutanosibligini va korxonalar ishlarining barqarorligini ta’minlovchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, jalb qilinayotgan kredit resurslarini qaytarish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish;
Umumiqtisodiyot kompleksi vazirliklari va idoralari tomonidan iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarning, shuningdek Birlashgan hay’at tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam nazorat qilish va monitoringini olib borish;
iqtisodiy idoralar faoliyati samaradorligi va ularning iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish vazifalarini amalga oshirishdagi hissasini tahlil qilish va baholash.
(3.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-noyabrdagi 518-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2003-y., 22-son, 222-modda)
IV. Birlashgan hay’atning huquqlari va majburiyatlari
4.1. Birlashgan hay’at quyidagi huquqlarga egadir:
Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan yuklangan vazifalar bajarilishi hamda ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar doirasiga kiruvchi boshqa masalalar bo‘yicha vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan iqtisodiyotni isloh qilish ustuvorliklaridan va O‘zbekiston Respublikasi oldida turgan strategik vazifalardan kelib chiqib iqtisodiy rivojlantirish va isloh qilish masalalari, Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, uyg‘un va maqsadga yo‘naltirilgan ishini ta’minlash Chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Umumiqtisodiyot kompleksiga kirmaydigan vazirliklar, idoralar, korxonalarning hisobotlarini eshitish;
vazirliklar va idoralarga, ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish institutlariga, markazlarga iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish bilan bog‘liq muammolar, dasturlar loyihalari, chora-tadbirlar va tadbirlar ishlab chiqilishini topshirish;
doimiy ishlovchi ekspert kengashlari, shuningdek zarurat bo‘lganda idoralararo komissiyalar va ishchi guruhlari tashkil etish;
Birlashgan hay’at va doimiy ishlovchi ekspert kengashlari ishiga Umumiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kirmaydigan vazirliklar va idoralarning yetakchi mutaxassislarini, oliy o‘quv yurtlarining olimlari va o‘qituvchilarini, xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
investitsiya dasturlariga va yirik loyihalarga ekspert baho berish va ular bo‘yicha xulosalar berish.
4.2. Birlashgan hay’at quyidagilarga majburdir:
har yili Birlashgan hay’at ish rejasini tasdiqlash va uning amalga oshirilishini ta’minlash;
o‘z majlislarida birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasidagi ma’ruzasida bayon qilingan iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash bo‘ycha dasturlarni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qarori bilan tasdiqlangan iqtisodiyotni isloh qilish ustuvorliklaridan va O‘zbekiston Respublikasi oldida turgan strategik vazifalardan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksining samarali, uyg‘un va maqsadga yo‘naltirilgan ishini ta’minlash bo‘yicha Chora-tadbirlar dasturi bajarilishiga qaratilgan masalalarni chuqur va har tomonlama ko‘rib chiqish;
vazirliklar va idoralar tomonidan Birlashgan hay’atning iqtisodiyotni rivojlantirish, erkinlashtirish va isloh qilish masalalari bo‘yicha qarorlari bajarilishini nazorat qilish;
Birlashgan hay’atga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga muntazam axborot berish.
V. Birlashgan hay’at faoliyatini tashkil etish
5.1. Birlashgan hay’atning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi tomonidan tasdiqlanadi. Birlashgan hay’at a’zolari boshqa ishga o‘tganlari taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar Birlashgan hay’at tarkibiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5.2. Birlashgan hay’atga Birlashgan hay’at Raisi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Vazirlar Mahkamasi Umumiqtisodiyot kompleksi rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri rahbarlik qiladi.
(5.2-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Rais:
Birlashgan hay’atning rejali va rejadan tashqari majlislarini chaqirish;
Birlashgan hay’at majlislari protokollarini imzolash;
Birlashgan hay’at majlislariga vazirliklar, idoralar rahbarlarini, mutaxassislar, ekspertlarni va masalalarni muhokama qilishda zarur bo‘ladigan boshqa shaxslarni taklif etish huquqiga ega.
Rais:
Birlashgan hay’atning o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha samarali, bahamjihat, muvofiqlashtirilgan va aniq maqsadni ko‘zlagan holda ishlashini;
Birlashgan hay’at majlislarining Birlashgan hay’atning har yili tasdiqlanadigan ish rejasiga muvofiq muntazam ravishda o‘tkazilishini ta’minlashi shart.
5.3. Birlashgan hay’at huzurida iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning ayrim eng muhim masalalarini o‘rganish, tahlil qilish va ular bo‘yicha takliflar kiritish uchun tegishli mutaxassislardan, shu jumladan Birlashgan hay’at a’zolari bo‘lmagan mutaxassislardan iborat bo‘ladigan doimiy ishlaydigan ekspert kengashlari tuziladi.
Ekspert kengashlari to‘g‘risidagi nizom va ularning shaxsiy tarkibi Birlashgan hay’at qarori bilan tasdiqlanadi.
5.4. Birlashgan hay’at majlislari tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, lekin har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
5.5. Birlashgan hay’at majlislari uning a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda qonuniy huquqqa ega bo‘ladi.
5.6. Birlashgan hay’at qarorlari ular uchun majlisda qatnashgan Birlashgan hay’at a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.
5.7. Ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha barcha zarur materiallarni tayyorlash va rasmiylashtirishni Birlashgan hay’at Raisi tomonidan tayinlanadigan Birlashgan hay’at kotibi tashkil etadi.
5.8. Birlashgan hay’at ishlari natijalari protokollar shaklidagi qarorlar bilan rasmiylashtiriladi, ularni Rais imzolaydi. Birlashgan hay’at kotibi belgilangan tartibda majlislar protokollarini majlisdan keyin uch kun muddatdan kechiktirmay Birlashgan hay’atning barcha a’zolariga, shuningdek zarurat bo‘lganda esa protokollardan ko‘chirmalar holida bevosita ijrochilarga belgilangan tartibda jo‘natadi.
5.9. Birlashgan hay’at majlislarida qabul qilingan qarorlarning bajarilishini Birlashgan hay’at kotibi nazorat qilib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hay’at qoshida tuziladigan doimiy ishlaydigan ekspert kengashlari
(Ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
ro‘yxati
1. Yoqilg‘i-energetika kompleksini balansli rivojlantirish hamda uglevodorod va mineral xomashyo zaxirasidan oqilona foydalanish bo‘yicha ekspert kengashi.
2. Tarkibiy qayta o‘zgartirishlar va investitsiya siyosati bo‘yicha ekspert kengashi.
3. Demografik o‘sish, mehnat bozorini rivojlantirish va aholini ish bilan oqilona ta’minlash masalalari bo‘yicha ekspert kengashi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 1-2-son, 6-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda; 22-son, 222-modda)