O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uslubiyotini tasdiqlash to‘g‘risida
(buyruq nomi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 25-dekabrda 2745-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 24-fevraldagi 2-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3287, 24.02.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uslubiyoti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Jinoiy, ma’muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi va Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Jinoiy, ma’muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi, Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi, Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi, Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi Axborot xizmati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari bilan birga:
bir oylik muddatda tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmatlari vakillari ishtirokida seminar tashkil etsin;
adliya organlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarning ommaviy axborot vositalarida tizimli ravishda yoritib borilishini ta’minlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning o‘rinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-dekabr,
384-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 25-dekabrdagi 384-mh-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish
uslubiyoti
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
Mazkur Uslubiyot O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazmunida huquqni qo‘llash jarayonida korrupsion ko‘rinishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarni aniqlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarining, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarining (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi), shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishning tartibini belgilaydi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Uslubiyotda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
normativ-huquqiy hujjat — “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq qabul qilingan, umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat;
huquqiy ekspertiza — loyihalarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, ularga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini, shuningdek havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligini tekshirishni amalga oshirish;
korrupsiyaviy omillar — huquqni qo‘llovchilarga asossiz ravishda ko‘rib chiqishning keng doirasini yoki umumiy qoidalardan chiquvchi istisnolarni asossiz qo‘llash imkoniyatini belgilovchi, jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin bo‘lgan va (yoki) og‘irlashtirilgan talablarni, shuningdek huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni o‘z ichiga olgan loyihalarning normalari;
yuridik xizmat — davlat organi va tashkiloti faoliyatini huquqiy ta’minlash maqsadida qonunchilikda belgilangan me’yor va mezonlarga muvofiq majburiy tartibda tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy tuzilma yoxud lavozim;
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
adliya organlari — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya bo‘limlari.
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
2. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza huquqiy ekspertiza doirasida o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza loyihalarda korrupsiyaviy omillarning vujudga kelishini oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
3. Quyidagilar korrupsiyaga qarshi ekspertizaning vazifalari hisoblanadi:
loyihalarda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etishga imkoniyat yaratuvchi korrupsiyaviy omillarni aniqlash;
korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etish mumkinligiga doir qismi bo‘yicha loyihani qabul qilish oqibatlarini umumiy baholash;
normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida korrupsion tusdagi xavflarning vujudga kelishi imkoniyatlarini prognozlashtirish;
loyihalarda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish va choralarni ko‘rish.
4. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
qonuniylik — loyihalar normalarining mazmuni yuqoriroq yuridik kuchdagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi;
huquqni qo‘llashlilik — normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini qarama-qarshi sharhlash va qo‘llashni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash;
normalarning shaffofligi va barqarorligi — loyihaning matnini lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etish. Loyihada foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda qo‘llaniladi. Og‘zaki nutq shakllari, xorijiy tillarning atamalari, davlat tilida teng ma’noli so‘zlar va tushunchalar bo‘lgan taqdirda, eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
xolislik — korrupsiyaga qarshi ekspertizani xolis va beg‘araz, qat’iy qonuniy, nazariy va amaliy asosda, tegishli mutaxassislik doirasida, har taraflama va to‘liq hajmda o‘tkazish;
mustaqillik — korrupsiyaga qarshi ekspertizani mustaqil shaxs tomonidan o‘tkazish. Manfaatdor shaxslar foydasiga xulosa olish maqsadida korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi shaxsga ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2-bob. Loyihalarning korrupsiyaviy omillarga ega bo‘lgan normalari
5. Quyidagilar huquqni qo‘llovchilarga asossiz ravishda ko‘rib chiqishning keng doirasini yoki umumiy qoidalardan chiquvchi istisnolarni asossiz qo‘llash imkoniyatini belgilovchi korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) asosan quyidagilardan iborat bo‘lgan diskretsion vakolatlarning kengligi (mazmunidan chegaralarini aniqlashning imkoni mavjud bo‘lmagan vakolatlar):
muddatlarning mavjud emasligi yoki noaniqligi va asoslab berilmagan sabablarsiz belgilangan muddatni cho‘zish yoki qisqartirish imkoniyatini nazarda tutish;
qarorlarni qabul qilishning sharoitlari va asoslarining mavjud emasligi, shuningdek davlat organlari va boshqa organlarga yoki ularning xodimlariga (bundan buyon matnda organlar deb yuritiladi) o‘z ixtiyoriga ko‘ra qarorlar chiqarish, bir nechta turdagi qarorlarni qabul qilish va ularni ijro etishning usullarini belgilash imkoniyatini berish;
organlarga o‘z ixtiyoriga ko‘ra yuridik faktni baholashga hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tegishli harakatlarni amalga oshirishning tartibini mustaqil ravishda belgilashga yo‘l qo‘yish;
organga o‘z ixtiyoriga ko‘ra tegishli asossiz jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarning vujudga kelishini, ularni o‘zgartirishni yoki bekor qilishni tashabbus qilish imkoniyatini berish;
organlarning takrorlovchi vakolatlarining mavjudligi;
b) huquqni qo‘llovchilar tomonidan har xil va aniq bo‘lmagan talqin qilishga imkoniyat yaratadigan normalarning mavjudligi;
v) organlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirishni dispozitiv belgilashda ifodalangan vakolatni asossiz belgilanishi;
g) huquqlar hajmini tanlab o‘zgartirishning imkoniyati mavjudligi, ya’ni organlarning ixtiyoriga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslar uchun umumiy tartibdan chiquvchi istisnolarni asossiz belgilanishi;
d) boshqa organning vakolatiga tegishli bo‘lgan qonunosti hujjatlarning qabul qilinishiga olib keladigan blanket va havola qiluvchi normalarning mavjudligi bilan tavsiflangan, qonunosti norma ijodkorligining nihoyatda erkinligi;
e) normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lmagan organlar tomonidan qabul qilinishi;
j) organlarga ularning vakolatiga tegishli bo‘lmagan vakolatlarning taqdim qilinishi;
z) qonun osti hujjatlar loyihalarida qonun hujjatlariga ko‘ra qonun bilan tartibga solinishi lozim bo‘lgan normalarning belgilanishi;
i) tegishli huquq va vakolatlarni taqdim qilishning tanlov tartibidan voz kechib, ularni tanlovdan tashqari taqdim qilish tartibining mustahkamlanishi;
k) loyihalar normalarining yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning ko‘rsatmalariga nomuvofiqligi.
6. Quyidagilar jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin bo‘lgan va (yoki) og‘irlashtirilgan talablarni o‘z ichiga olgan korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) asosan quyidagilardan iborat bo‘lgan, huquqni qo‘llovchiga tegishli bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun unga yuklatiladigan oshirilgan talablarning mavjudligi:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini cheklashga qaratilgan va (yoki) yuklatilishi qonun hujjatlari normalari bilan asoslantirilmagan talablarning o‘rnatilishi;
bajarish uchun ehtiyoj bo‘lmagan majburiyatlarning jismoniy va yuridik shaxslarga yuklatilishi;
jismoniy va yuridik shaxslarga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlar, axborotni taqdim qilish majburiyatining yuklatilishi;
ega bo‘layotgan huquqqa muvofiq bo‘lmagan alomatlarga (kasbiy, mulkiy, ijtimoiy) muvofiq bo‘lish majburiyatlarining mavjudligi;
b) jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan huquqlarni amalga oshirishning qat’iy tartibga solinishining mavjud emasligi;
v) barqaror bo‘lmagan, ikki ma’noli tushunchalardan foydalanish yoki qo‘llanilayotgan atamalarning tushunchasi, ilmiy asoslantirilishi va ishonchliligining mavjud emasligi;
g) huquqiy munosabatlarning bir guruh subyektlariga nisbatan boshqalarni teng bo‘lmagan, kamsituvchi ahvolga soluvchi afzalliklarning belgilanishi.
d) ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilarining erkinligini cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan, jismoniy va yuridik shaxslarning xatti-harakatlari va faoliyatining sababsiz va asossiz tartibga solinishida ifodalaniladigan munosabatlarning haddan tashqari ortiqcha huquqiy tartibga solinganligi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan “d” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
7. Quyidagilar huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi, ya’ni organlar tomonidan tegishli harakatlarni bajarish tartibining mavjud emasligi, jumladan:
qarorlarni qabul qiluvchi va qonun hujjatlari talablarini bajaruvchi organning mavjud emasligi;
organning harakatlari va vakolatlarining tartibga solinmaganligi;
vakolatlarni bajarish protsessual tartibining belgilanmaganligi;
organlar tomonidan ma’muriy tartib-taomillarni bajarish uchun asoslarning mavjud emasligi yoki noaniqligi;
qabul qilinayotgan qarorni asoslab berish majburiyatining mavjud emasligi;
amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega bo‘lmagan normalarning mavjudligi;
b) organlarning javobgarligi, shuningdek ularning harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi normalarning mavjud emasligi;
v) organlarning faoliyati ustidan nazorat qilishning shakllari va turlariga ko‘rsatmaning mavjud emasligi;
g) organlarning faoliyati to‘g‘risidagi hamda ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlari yuzasidan ma’lumotlarni taqdim qilish tartibi to‘g‘risidagi axborotni (qonun bilan qo‘riqlanadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar bundan mustasno) oshkor etishni nazarda tutuvchi normalarning mavjud emasligi;
d) tegishli harakatlarni bajarish uchun mas’ul bo‘lgan organni loyihaning mazmunidan belgilashning imkoniyati mavjud emasligi;
e) normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishini asossiz ravishda qoldirish;
j) huquqni qo‘llovchilarda huquqlar mavjud bo‘lganda majburiyatlarning mavjud emasligi yoxud huquqlar mavjud bo‘lmaganda majburiyatlarning mavjudligi;
z) tegishli vakolatlar mavjud bo‘lmaganda, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarning qonun osti hujjatlari yordamida to‘ldirilishi.
71. Loyiha bilan tartibga solinuvchi huquqiy munosabatlarning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda adliya organlari tomonidan loyihalarning boshqa normalari ham korrupsiyaviy omillar sifatida baholanishi mumkin.
(71-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
3-bob. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotganda qo‘llaniladigan axborot. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi adliya organi xodimining huquq va majburiyatlari
8. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotganda ham rasmiy ham norasmiy axborotdan foydalaniladi.
9. Rasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
normativ-huquqiy hujjatlar;
xalqaro shartnomalar;
rasmiy e’lon qilishlar, jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ining rasmiy resurslari;
statistik ma’lumot va hisobotlar;
sud amaliyoti.
10. Norasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
ommaviy axborot vositalarining xabarlari;
ilmiy nashrlar;
Internet jahon axborot tarmog‘ining norasmiy resurslari.
11. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazayotgan adliya organi xodimining asosiy huquqlari:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotgan loyihalarning predmetiga taalluqli bo‘lgan hujjatlar bilan tanishish;
korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish;
korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotgan loyihalarning normalarini aniqlashtirish va ular bo‘yicha tegishli tushuntirishlarni olish.
12. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi adliya organi xodimining asosiy majburiyatlari:
korrupsiyaga qarshi ekspertizani tashkillashtirish va o‘tkazishning qonun hujjatlari bilan belgilangan talablariga rioya qilish;
o‘zini o‘zi rad etish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqda o‘zining rahbariga darhol ma’lum qilish;
korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik;
taqdim etilgan hujjatlarning but saqlanishini ta’minlash.
4-bob. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari
13. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza adliya organlari tomonidan o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza ishlab chiquvchi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi, shuningdek loyihalar kelishilishi lozim bo‘lgan organlarning yuridik xizmati tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish jarayoniga mustaqil ekspertlar va tor doira yo‘nalishlaridagi mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
14. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilayotganda loyihaning har bir normasi yoki qoidasining, shuningdek loyiha qoidalarining bu sohadagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi darajasining tahlili amalga oshiriladi.
15. Loyihada korrupsiyaviy omillar aniqlangan taqdirda, adliya organining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijasi huquqiy ekspertiza o‘tkazilishi natijalari bo‘yicha tayyorlanadigan loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosada aks ettiriladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
16. Loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosada korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazishda aniqlangan korrupsiyaviy omillar, ular aniqlangan loyihaning tarkibiy qismlarini yoritgan holda, ko‘rsatib o‘tilishi lozim.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
17. O‘tkazilgan loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari bo‘yicha e’tirozlar majburiy tusga ega va loyiha huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi uchun takroran kiritilganda bartaraf qilinishi shart.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
18. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaviy omillarni o‘z ichiga olgan normalar aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ularni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga (ro‘yxat raqami 2565, 2014-yil 28-fevral) muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
19. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi normativ-huquqiy hujjatlari, xalqaro shartnomalari va ularning loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi mazkur Uslubiyotga muvofiq o‘tkaziladi.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, tahlil qilish va monitoring qilish jarayoni yoki natijasi bo‘yicha o‘tkaziladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
191. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
adliya organlari, davlat organlari va tashkilotlarining ish rejalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
jamoat nazorati subyektlarining taklif va mulohazalari;
ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan nashrlar va boshqa materiallarni o‘rganish natijalari.
(191-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
20. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari bo‘yicha adliya organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 12-bandi 5-kichik bandiga muvofiq davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalariga bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli taqdimnomalar kiritilishi mumkin.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
21. Mazkur Uslubiyot talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 51-son, 644-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)