Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlarda elektron raqamli imzodan foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 13-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2727]
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-iyuldagi 190-sonli “Elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish markazlari faoliyatini yanada tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladilar:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlarda elektron raqamli imzodan foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
2015-33-son
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari A. FAYZULLAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
136-mh-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
337-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 9-noyabrdagi 2015-33, 136-mh, 337-V-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlarda elektron raqamli imzodan foydalanish
QOIDALARI
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-sentabrdagi 215-sonli “Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2007-yil 23-avgustdagi 181-sonli “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2015-yil 15-iyuldagi 190-sonli “Elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish markazlari faoliyatini yanada tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlarda elektron raqamli imzodan foydalanish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi (bundan buyon matnda roʻyxatga olish markazi) tomonidan berilgan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalana oladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
elektron raqamli imzo (bundan buyon matnda ERI deb yuritiladi) — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini ERIning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus oʻzgartirish natijasida hosil qilingan hamda ERIning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash va ERI yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;
Oldingi tahrirga qarang.
xizmatlarni bajaruvchilar — respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tijorat banklari;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
foydalanuvchi — xizmatlarni bajaruvchilarga axborot tizimi orqali elektron soʻrov bilan murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
elektron xizmat — foydalanuvchining elektron soʻrovi asosida xizmat bajaruvchilar tomonidan vakolatlari doirasida aloqa kanallari orqali barcha turdagi xizmatlarni koʻrsatish;
elektron soʻrov — xizmatlarni bajaruvchilarga elektron hujjat shaklida taqdim etiladigan elektron xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi talab;
elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, ERI bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot;
vakolatli shaxs — ustav, shartnoma, tegishli xatti-harakatlarni sodir etish huquqiga ishonchnoma asosida roʻyxatga olish markazi nomidan ish koʻruvchi uning xodimi;
ERIning yopiq kaliti — ERI vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, faqat imzo qoʻyuvchi shaxsning oʻziga maʼlum boʻlgan va elektron hujjatda ERIni yaratish uchun moʻljallangan belgilar ketma-ketligi;
ERIning ochiq kaliti — ERI vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, ERIning yopiq kalitiga mos keluvchi, axborot tizimining har qanday foydalanuvchisi foydalana oladigan va elektron hujjatdagi ERIning haqiqiyligini tasdiqlash uchun moʻljallangan belgilar ketma-ketligi;
ERI kalitining sertifikati — ERIning ochiq kaliti ERIning yopiq kalitiga mosligini tasdiqlaydigan va ERI yopiq kalitining egasiga roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan hujjat. ERI kalitining sertifikati elektron hujjat shaklida va qogʻoz hujjat shaklida tayyorlanishi mumkin;
ERI vositalari — elektron hujjatda ERI yaratilishini, ERIning haqiqiyligi tasdiqlanishini, ERIning yopiq va ochiq kalitlari yaratilishini taʼminlaydigan barcha texnikaviy va dasturiy vositalar;
ERIning haqiqiyligini tasdiqlash — ERIning ERI yopiq kalitining egasiga tegishliligi va elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligi tekshirilgandagi ijobiy natija;
ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligini tasdiqlash — ERI kalitining sertifikati ERIning yopiq kaliti egasiga tegishliligi va ERI kalitining sertifikatidagi axborotda xatolik yoʻqligi tekshirilgandagi ijobiy natija.
3. ERI kalitining sertifikatini berish tartibi hamda ERI foydalanuvchilari va egalarining huquq va majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-sentabrdagi 215-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektron raqamli imzo kalitlarini roʻyxatga olish markazlarining faoliyat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomi bilan belgilanadi.
2-bob. Foydalanuvchini identifikatsiyalash va elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish
4. Xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan foydalanuvchini identifikatsiyalash elektron soʻrovdagi va ERI kalitining sertifikatidagi rekvizitlar asosida amalga oshiriladi.
5. Xizmatlarni bajaruvchilarga foydalanuvchi tomonidan elektron soʻrov ERI kalitining sertifikati bilan birgalikda yuboriladi.
6. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan ERI vositalaridan foydalanilgan holda elektron soʻrov kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
7. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:
elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash;
ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligini tekshirish;
ERI kaliti sertifikatining maqomini tekshirish;
elektron soʻrov maqsadi ERI kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarga muvofiqligini tekshirish.
8. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish ushbu Qoidalarning 7-bandida koʻrsatilgan barcha usullardan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
9. Elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan ERIning ochiq kaliti yordamida ERI vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
10. ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligini tekshirish xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan ERI vositalari yordamida vakolatli shaxsning ERI kaliti sertifikatidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
11. Elektron soʻrovdagi ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligini tasdiqlash mazkur sertifikatdagi vakolatli shaxs ERIsining haqiqiyligini tasdiqlashdan iborat.
12. Xizmatlarni bajaruvchilar vakolatli shaxsning ERI kaliti sertifikatining elektron hujjat shaklini Roʻyxatga olish markazlari vakolatli shaxslarining elektron raqamli imzosi kalitlari sertifikatlarining yagona davlat reyestridan oladi.
13. Xizmatlarni bajaruvchilar ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligini tasdiqlaganidan soʻng ERIning haqiqiyligi tasdiqlangan paytidagi yoki imzolash paytini belgilovchi dalillar boʻlganda elektron hujjat imzolanayotgan paytidagi ERI kaliti sertifikatining maqomini tekshiradi.
14. ERI kaliti sertifikatining maqomi xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan ERI vositalari bilan roʻyxatga olish markaziga aloqa kanallari orqali murojaat qilish yoʻli bilan tekshiriladi.
15. ERI kaliti sertifikatiga roʻyxatga olish markazi tomonidan amalda, amal qilishi toʻxtatib turilgan va bekor qilingan maqomlari beriladi.
16. ERI kaliti sertifikatining maqomi toʻgʻrisidagi axborot roʻyxatga olish markazi tomonidan xizmatlarni bajaruvchilarga vakolatli shaxsning ERIsi bilan tasdiqlangan shaklda aloqa kanallari orqali taqdim etiladi.
17. Elektron soʻrov maqsadi ERI kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarga muvofiq boʻlishi lozim.
18. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish natijasi boʻyicha xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan elektron soʻrov kelib tushgan kundan keyingi bir ish kuni ichida elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi tasdiqlanganligi yoki tasdiqlanmaganligi haqida qaror qabul qilinadi.
19. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi quyidagi holatlarda tasdiqlangan hisoblanadi:
elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligi aniqlanganda;
ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligi tasdiqlanganda;
ERI kaliti sertifikatining maqomi amalda deb topilganda;
elektron soʻrov maqsadi ERI kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarga muvofiq boʻlganda.
20. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi tasdiqlanganligi xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan elektron soʻrovni koʻrib chiqish uchun asos boʻladi.
21. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi quyidagi holatlarda tasdiqlanmagan hisoblanadi:
elektron hujjatdagi axborotda xatolik aniqlanganda;
ERI kaliti sertifikatining haqiqiyligi tasdiqlanmaganda;
ERI kaliti sertifikatining maqomi — amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki bekor qilingan deb topilganda;
elektron soʻrov maqsadi ERI kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarga muvofiq boʻlmaganda.
22. Ushbu Qoidalarning 21-bandida koʻrsatilgan holatlarning kamida bittasi mavjud boʻlganda elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi tasdiqlanmagan hisoblanadi.
23. Elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligini tekshirish natijasi boʻyicha xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan elektron soʻrovdagi ERIning haqiqiyligi tasdiqlanmaganligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda, xizmatlarni bajaruvchilar mazkur qaror qabul qilingan kunning oʻzida foydalanuvchiga elektron soʻrovni koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboradi.
24. Elektron soʻrovni koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma elektron hujjat shaklida aloqa kanallari orqali foydalanuvchining elektron pochta manziliga elektron soʻrovni koʻrib chiqishni rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yuboriladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
25. Foydalanuvchi u tomonidan taqdim etilgan elektron soʻrovning asl nusxasini olish uchun xizmatlarni bajaruvchilarga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin. Bunda, xizmatlarni bajaruvchilar tomonidan elektron soʻrovning asl nusxasi foydalanuvchiga bir ish kuni ichida taqdim qilinishi shart.
26. Elektron xizmatni koʻrsatish natijasi xizmatlarni bajaruvchilar vakolatli shaxsining ERIsi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 45-son, 582-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)