Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish markazlari faoliyatini yanada tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 233-sonli ““Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 15-maydagi PF-4725-son Farmoniga muvofiq hamda elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish markazlari faoliyatini yanada tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni taʼminlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini berish elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish markazi —Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklarining xizmatlar koʻrsatish uchun foydalaniladigan axborot tizimlarining axborot-texnologik hamkorligini taʼminlash maqsadida 2016-yil 1-yanvargacha elektron raqamli imzodan foydalangan holda foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning bepul foydalaniladigan yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda identifikatsiyalash tizimi deb ataladi) yaratsin;
identifikatsiyalash tizimining uzluksiz va betoʻxtov faoliyat koʻrsatishini, shuningdek axborot xavfsizligini taʼminlasin;
2016-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazining elektron raqamli imzosi vositalarini axborot xavfsizligi talablariga muvofiq sertifikatsiyalashni taʼminlasin.
3. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari 2016-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda:
xizmatlar koʻrsatish jarayonida foydalaniladigan rasmiy veb-saytlar va portallarni identifikatsiyalash tizimi bilan integratsiyalashni hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzolar bilan mosligini taʼminlasin;
identifikatsiyalash tizimidan foydalanish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo yordamida elektron hujjatlarni imzolash yoʻli bilan rasmiy veb-saytlarda va portallarda jismoniy va yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish, identifikatsiyalash va avtorizatsiyalashni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlarda elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanish tartibini va unga qoʻyiladigan talablarni belgilaydigan “Elektron Hukumat” tizimidan foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi toʻgʻrisidagi nizomni 2015-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi elektron raqamli imzolar egalarining murojaatlari boʻyicha elektron raqamli imzoning amaldagi sertifikatini, uning amal qilish muddatini saqlab qolgan holda, “Elektron Hukumat” tizimidan foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlgan yangi sertifikatga bepul almashtirishni taʼminlasin.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-iyul,
190-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 28-son, 370-modda)