Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Saudiya Arabistoni Podshohligi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimga asoslanib,
ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni istab,
bir davlat investorlarining boshqa davlat hududida amalga oshirgan investitsiyalari uchun qulay sharoitlar yaratishga intilib,
investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish xususiy tadbirkorlik tashabbusining unumli boʻlishiga va Ahdlashuvchi Tomonlarning farovonligini oshirishga yordam berishini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligi va qoidalariga muvofiq investitsiyalar shaklida amalga oshirilgan aktivlarining har qanday turini va, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi, lekin mustasno qilmaydi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek ularga nisbatan qoʻllaniladigan garov, lizing, ushlab qolish huquqi, uzfrukt kabi har qanday boshqa mulkiy huquqlar va boshqa huquqlar;
b) kompaniyalarning aksiyalari, obligatsiyalari va qarz majburiyatlari hamda ularning mulkida ishtirok etishning har qanday boshqa huquqlari va shakllari, shuningdek, Ahdlashuvchi Tomonlarning yoki ularning investorlarining har birining sugʻurta toʻlovlari;
v) garovlar yoki investitsiyalar bilan bogʻliq iqtisodiy qiymatga ega boshqa talablar kabi pul talablari;
g) intellektual mulk huquqi, xususan, lekin mustasnosiz mualliflik huquqi, tovar belgilari, patentlar, foydali modellar, nou-xau, tovar belgisi, savdo va sanoat sirlari, firma nomlari, gudvill;
d) Ahdlashuvchi Tomonlarning mulkiy qonunchiligiga muvofiq tabiat boyliklarini qidirib topish, qazib olish yoki ekspluatatsiya qilish uchun qonunga asosan yoki kontrakt boʻyicha taqdim etilgan har qanday huquq yoki litsenziyalar, ruxsatlar yoki konsessiyalar.
Boyliklarning investitsiya yoki reinvestitsiya qilingan shaklining har qanday oʻzgarishi, agar bunday oʻzgarish hududida investitsiyalar amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Tomonning mulkiy qonunchiligiga zid boʻlmasa, bu boyliklarning investitsiyalar deb taʼriflanishini oʻzgartirmasligi kerak.
2. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan summalarni va nafaqat ularni balki, foyda, dividendlar, royalti, kapital koʻpayishidan olingan daromad, yoki har qanday boshqa gonorar yoki toʻlovlarni oʻz ichiga oladigan summalarni anglatadi.
3. “Investor” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
i) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirish uchun qonuniy vakolatga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
ii) Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq tashkil boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirish uchun qonuniy vakolatga ega boʻlgan yuridik shaxs;
iii) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va uning vakolatli organi;
b) Saudiya Arabistoni Podshohligiga nisbatan:
i) Saudiya Arabistoni Podshohligining amaldagi qonunchiligiga muvofiq Saudiya Arabistoni fuqaroligiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
ii) Saudiya Arabistoni Podshohligining qonunchiligiga muvofiq tashkil boʻlgan va uning hududida oʻzining korporatsiyalar, korxonalar, kooperativlar, kompaniyalar, shirkatlar, ofislar, muassasalar, jamgʻarmalar, tashkilotlar, tadbirkorlar uyushmalari kabi bosh ofisiga ega boʻlgan yuridik shaxslar va masʼuliyati cheklangan yoki cheklanmaganidan qatʼiy nazar boshqa yuridik shaxslar;
iii) Saudiya Arabistoni Podshohligi Hukumati va uning moliya institutlari hamda Saudiya Arabistoni Valyuta Agentligi, ijtimoiy jamgʻarmalar kabi vakolatli organlar va Saudiya Arabistonida faoliyat koʻrsatayotgan boshqa hukumat muassasalari.
4. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlarning har biriga nisbatan, Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududini anglatadi, bunga er, samoviy hudud, ichki suvlar, hududiy dengiz va shuningdek Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq davlat oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshirishi mumkin boʻlgan hududiy dengiz ortidagi har qanday hudud kiradi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining milliy qonunchiligiga muvofiq oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarni ragʻbatlantirishi va ularga ruxsat berishi lozim. Shu bilan birga har qanday holatda ham investitsiyalar adolatli va teng huquqli rejim bilan taʼminlanadi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida toʻla himoya va xavfsizlik bilan taʼminlanadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini boshqarish, egalik qilish, foydalanish, olib borish yoki joylashtirishga nisbatan asossiz yoki kamsituvchi choralar qoʻllamasligi kerak.
3-modda
Investitsiyalar rejimi
Investitsiyalar rejimi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga va ulardan olingan daromadlarga har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va ulardan olingan daromadlarga yaratib beradigan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim yaratib berishi lozim.
2. Milliy qonunchiligiga muvofiq, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga va ulardan olingan daromadlarga oʻz investorlarining investitsiyalari va ulardan olingan daromadlarga yaratib beradigan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim yaratib beradi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga investitsiyalarni boshqarish, egalik qilish, foydalanish, olib borish yoki joylashtirish yoki oʻtkazish va kompensatsiyaga oʻxshash investitsiyalarni huquq bilan taʼminlash usullari borasida, va shunga oʻxshash rejimlardan qaysi biri qulayroq ekanligidan kelib chiqqan holda oʻzining investorlari yoki uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga yaratgan rejimdan kam boʻlmagan rejimni yaratishi lozim.
4. Biroq ushbu modda qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birini boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga har qanday uchinchi davlat investorlariga berilgan afzalliklar va imtiyozlarni tatbiq etishiga majbur qiladi deb talqin qilinmasligi kerak, chunki bunday afzallik va imtiyozlar:
a) har qanday bojxona ittifoqi, iqtisodiy ittifoq, erkin savdo zonasi, valyuta ittifoqi, umumiy bozor yoki mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning boshqa shaklida yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ishtirok etgan shu kabi xalqaro bitimda ishtirok etishi munosabat bilan uchinchi davlat investorlariga beriladi;
b) ushbu modda qoidalari soliqqa tortishga tatbiq qilinmasligi kerak.
4-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalariga nisbatan ekspropriatsiya qilish, davlat tasarrufiga oʻtkazish yoki mohiyati shunday ekspropriatsiya qilish yoki davlat tasarrufiga oʻtkazish singari boshqa choralar qoʻllanilmaydi, mazkur Ahdlashuvchi Tomonning jamoat manfaatlari yoʻlida milliy qonunchilikka asosan kamsitmaydigan tarzda qoʻllaniladigan va tezkor, yetarli hamda samarali boʻlgan kompensatsiyalarni kafolatlash bilan birgalikda amalga oshiriladigan choralar bundan mustasno.
Bunday kompensatsiya toʻlovlari investitsiyalarni ekspropriatsiya qilish, davlat tasarrufiga oʻtkazish va shu kabi choralar toʻgʻrisidagi qaror barchaga maʼlum qilingan vaqtgacha boʻlgan qiymat bilan bir xil boʻlishi lozim.
Kompensatsiya mablagʻi, uning toʻlanishiga qadar belgilangan bozor daromadi narxlariga muvofiq boʻladi va investorga hech qanday kechiktirishlarsiz toʻlanishi va erkin oʻtkazilishi lozim.
Kompensatsiya toʻlovi ekspropriatsiya, davlat tasarrufiga oʻtkazish yoki shunga oʻxshash choralarni qoʻllash vaqtida yoki undan oldin Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunday ekspropriatsiya, davlat tasarrufiga oʻtkazish yoki shunga oʻxshash choralar va kompensatsiya qiymatining qonuniyligini belgilash qonunchilikning tegishli tartiblari bilan amalga oshiriladi.
5-modda
Zararlarni qoplash
Zararlarni qoplash
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻy bergan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuv, inqilob, favqulodda holatlar, isyon va shu kabi voqealar oqibatida investitsiyalari zarar koʻrgan investorlar uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki har qanday uchinchi davlat investitsiyalari uchun yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi. Bunda toʻlovlar erkin oʻtkazilishi shart.
6-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar bir Ahdlashuvchi Tomon yoki u tayinlagan organ ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyaga taalluqli kafolat shartlari boʻyicha toʻlovni amalga oshirayotgan boʻlsa, bunda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan amalga oshirilayotgan investorlarning va ularning shuʼba korxonalarining huquqlarini boshqa investorlarga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli organlari tomonidan qoʻllanilgan hajmda tan olishi lozim.
7-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlariga, tegishli soliqlar va toʻlovlar toʻlangandan soʻng, ushbu Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlarning erkin oʻtkazilishini taʼminlaydilar va ular, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi, lekin mustasno qilmay:
a) investitsiyani boshqarish, saqlash va koʻpaytirish uchun moʻljallangan asosiy va har qanday qoʻshimcha sarmoya;
b) daromadlar;
v) qarzlarni qoplashga oid boʻlgan mablagʻlar;
g) investitsiyani toʻla yoki qisman tugatilishidan yoki sotilishidan tushgan tushumlar;
d) ushbu Bitimning moddalaridan kelib chiqqan holda toʻlanadigan toʻlovlar va ushbu Bitim doirasida vujudga kelgan har qanday investitsiyaviy nizolarga oid toʻlovlar;
j) bir Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalar munosabati bilan ruxsat berilgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari oladigan ish haqi va boshqa koʻrinishdagi mukofotlar.
2. Ushbu Bitimda qayd etilgan pul oʻtkazishlar pul oʻtkazish uchun investor tarafidan ariza berilgan sanada qoʻllanilayotgan almashtirish kursi boʻyicha, kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi.
3. Bozor kursi mavjud boʻlmaganda, yuqorida koʻrsatilgan kurs ushbu kurs — qarz olish maxsus huquqlariga konvertatsiya qilish uchun Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi tomonidan tatbiq etiladigan kursga muvofiq boʻlishi kerak.
8-modda
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Boshqa qoidalarni qoʻllash
Agar ikki Ahdlashuvchi Tomon aʼzo hisoblangan yoki kelajakda hisoblanadigan xalqaro bitimning qoidalari yoki hozirda mavjud boʻlgan qonunchilik yoxud kelajakda Ahdlashuvchi Tomonlarning ushbu Bitimga qoʻshimcha tarzda belgilanadigan umumiy va maxsus qoidalari, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalar uchun ushbu Bitimda koʻrsatilgan rejimdan qulayroq rejimni yaratib berish huquqini bersa, shunday normalarning qulayrogʻi qoʻllaniladi.
9-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi
Bitimning qoʻllanish doirasi
Mazkur Bitim uning kuchga kirishidan oldin mavjud boʻlgan bir Ahdlashuvchi Tomon hududida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlari tomonidan, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq holda amalga oshirilgan investitsiyalariga nisbatan qoʻllaniladi, ammo u mazkur Bitim kuchga kirishidan oldin yuzaga kelgan nizolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizolar imkon kadar doʻstona yoʻl bilan Ahdlashuvchi Tomonlarning diplomatik kanallari orqali hal etiladi.
2. Agar nizo olti oy mobaynida hal etilmasa, u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabi asosida arbitraj sudiga taqdim etiladi.
3. Mazkur arbitraj sudi “Ad-hoc” tarzda quyidagicha tashkil etiladi:
har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan aʼzo tayinlaydi va shu ikki aʼzolar, Ahdlashuvchi Tomonlar arbitraj sudi Raisi vazifasiga tayinlanadigan uchinchi davlat vakili haqida kelishib olishlari kerak. Bir Ahdlashuvchi Tomon nizoni sudga berish maqsadini boshqa Ahdlashuvchi Tomonga maʼlum qilgan kundan boshlab aʼzolar ikki oy va Rais uch oy davomida tayinlanishlari kerak.
4. Agar 3-bandda koʻrsatilgan muddatlarga amal qilinmagan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon, boshqa kelishuv boʻlmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif qilishi mumkin. Agar Xalqaro Sud Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki shu vazifani boshqa sabablarga koʻra bajara olmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentining oʻrinbosari taklif qilinadi. Agar Xalqaro Sud Prezidentining oʻrinbosari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u ham shu vazifani boshqa sabablarga koʻra bajara olmasa, zarur boʻlgan tayinlovlarni amalga oshirish uchun, hech bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlmagan va Xalqaro Sudda egallab turgan lavozimiga koʻra keyingi yuqori oʻrinda turuvchi aʼzosi taklif qilinadi.
5. Arbitraj sudi oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Bunday qaror har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar uchun qatʼiy va majburiy boʻlishi kerak.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz aʼzosi va arbitraj jarayonidagi ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlarni oʻzi qoplaydi. Arbitraj Sudining Raisi uchun sarflanadigan va boshqa xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda qoplaydilar. Arbitraj sudi oʻz ixtiyori bilan sud xarajatlari boʻyicha boshqacha qaror qabul qilishi mumkin. Qolgan barcha hollarda, arbitraj sudi ish faoliyati tartibini oʻzi belgilaydi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomon va investor oʻrtasida nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomon va investor oʻrtasida nizolarni hal qilish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan mazkur Ahdlashuvchi Tomon hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori tomonidan amalga oshirilgan investitsiya bilan bogʻliq nizolar imkon qadar doʻstona yoʻl bilan hal etiladi.
2. Agar nizo mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan yoʻl bilan hal etish toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida hal etilmasa, tomonlardan biri nizoni koʻrib chiqish uchun quyidagilarga yuborishi mumkin:
a) hududida investitsiya amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga; yoki
b) 1965-yil 18-martdan Vashingtonda imzolash uchun ochiq boʻlgan “Davlatlar va chet ellik shaxslar oʻrtasidagi investitsiyaviy nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Konvensiyaning tegishli qoidalariga muvofiq Investitsiyaviy nizolarni hal etuvchi xalqaro markazga;
v) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi arbitraji (YuNSITRAL) qoidalariga rioya qilgan holda “ad hos” arbitraj tribunaliga.
3. Agar nizo arbitraj sudiga taqdim etilgan boʻlsa, mazkur sudning qarori majburiy hisoblanadi va bu qaror yuzasidan tomonlar apellatsiya berish yoki yuqoridagi konvensiyalarda koʻrsatilgan sud himoya vositalaridan foydalanish huquqiga ega boʻlmaydilar. Arbitraj sudi qarori Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunchiligidan kelib chiqqan holda majburiy ijro etiladi. Agar nizo mazkur moddaning 2-bandga binoan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga taqdim etilgan boʻlsa, investor bir vaqtning oʻzida xalqaro arbitrajga nizoni taqdim etish huquqiga ega boʻlmaydi.
12-modda
Bitimning amal qilishi
Bitimning amal qilishi
Ushbu Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari oʻrtasida diplomatik yoki konsullik munosabatlari mavjudligi yoki mavjud emasligidan qatʼiy nazar amal qiladi.
13-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra ushbu Bitimni talqin qilish va uni qoʻllash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, oldindan diplomatik kanallar orqali joyi va vaqtini kelishgan holda, maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
14-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma roziliklariga asosan Bitimning 15-moddasida koʻrsatilgan qoidalarga muvofiq kuchga kiradigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilgani toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab 30 (oʻttizinchi) kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim dastlabki 10 (oʻn) yil davomida amal qiladi va keyingi shunday muddatlarga uzaytiriladi. Har qanday Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida dastlabki 10 (oʻn) yillik muddat tugashidan 12 (oʻn ikki) oy oldin yozma xabarnoma yuborib uni bekor qilishi mumkin.
3. Mazkur Bitimni bekor qilish haqidagi xabarnoma kuchga kirishga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ushbu Bitim qoidalari Bitim bekor qilingandan keyingi 10 (oʻn) yil muddatga amal qiladi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, tegishli vakolatga ega shaxslar ushbu Bitimni imzoladilar.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 2011-yil 6-iyunda, ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida imzolandi. Bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)