Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar fondini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati,
har ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasida mavjud doʻstona munosabatlarga asoslanib,
oʻz davlatlari hamda xalqlarining iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishidagi mushtarak manfaatdorlikni inobatga olib,
sheriklik yoʻsinida iqtisodiy hamkorlik orqali munosabatlarni chuqurlashtirishni istab,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar fondini tashkil etish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Doirasida mutaxassislarni yuborish, ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda maslahatlar, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yuzasidan tadbirlar mablagʻ bilan taʼminlanishi mumkin boʻlgan ushbu fond uchun Germaniya Federativ Respublikasi 5.700.000,00 ( besh million yetti yuz ming) gacha nemis markasini ajratadi.
2-modda
Texnikaviy hamkorlik doirasida mutaxassislarni yuborish, ekspertizalar va ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda maslahatlar, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini aniqlash va tayyorlash uchun ham xizmat qiladi.
3-modda
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining majburiyatlari:
Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining majburiyatlari:
(1) u
a) ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi;
b) asosan qisqa muddatli ishlarni bajarish uchun mutaxassislarni yuboradi va ularni joylashtirish, ovqatlantirish hamda ushbu vazifa doirasida amalga oshirilishida zarur safarlar uchun xarajatlarni koʻtaradi;
v) Basharti, ushbu a) bandiga muvofiq ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish yoki ushbu moddaning b) bandida koʻrsatilgan mutaxassislar topshiriqlarini ijro etish uchun lozim boʻlsa, cheklangan miqdorda texnik asbob-uskunalar va yordamchi vositalarni foydalanish joyiga qadar sif oʻrinlarda yetkazib beradi;
g) loyihalarni tayyorlash uchun yoki zarur holda maslahatlar,kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlashga shay boʻladi.
(2) Fond doirasida Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga binoan yetkazib berilgan material Oʻzbekiston Respublikasiga kelgandan soʻng uning mulki boʻlib qoladi. Loyihalar va yuborilgan mutaxassislarning tegishli topshiriqlarni bajarishlari uchun moʻljallangan materiallar ularning toʻliq ixtiyorlarida boʻladi.
4-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlari:
(1) yuborilgan mutaxassislarga ularning topshiriqlarini amalga oshirishlarida har tomonlama koʻmaklashadi va ularning ixtiyoriga barcha zarur hujjatlar va boshqa yordamchi vositalarni taqdim qiladi.
(2) yuborilgan mutaxassislar va ular bilan birga yashovchi oila aʼzolarini jismoniy himoya qilish va mol-mulklarini qoʻriqlash haqida gʻamxoʻrlik qiladi. Bunga, xususan quyidagilar kiradi:
(a) ushbu Bitimga muvofiq mutaxassislarga yuklatilgan topshiriqlarni bajarishlari munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun ularning oʻrniga javobgarlikni zimmasiga oladi. Shunga koʻra yuborilgan mutaxassislarga nisbatan har qanday daʼvo istisno etiladi. Har qanday huquqiy asosda boʻlmasin, zararni qoplash boʻyicha talablar yuborilgan mutaxassislarga nisbatan ularning qasddan zarar yetkazish yoki qoʻpol ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻygan hollarida bildiriladi;
(b) yuborilgan mutaxassislar va ular bilan birga yashovchi oila aʼzolarini harakatlar hamda xatolar munosabati bilan, jumladan ushbu Bitimga muvofiq ularga yuklatilgan topshiriqlarni bajarishdan kelib chiqadigan ogʻzaki va yozma mulohazalar uchun har qanday qamoqqa olish va ozodlikdan mahrum etishdan ozod qiladi;
(v) yuborilgan mutaxassislar va ular bilan birga yashovchi oila aʼzolari uchun har qanday vaqtda va hech qanday toʻsqinliksiz kelish va ketishga ruxsat beradi;
(g) yuborilgan mutaxassislarning ushbu Bitim doirasida bajargan ishlari uchun Germaniya Federativ Respublikasi mablagʻlaridan oladigan haqlaridan soliq va boshqa yigʻimlar undirmaydi. Ushbu mazkur Bitim doirasida Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati topshirigʻiga binoan yordam berishni amalga oshirayotgan firmalarning toʻlovlariga ham taalluqli boʻladi;
(d) yuborilgan mutaxassislar va ular bilan birga yashovchi oila aʼzolariga istiqomat etishlari chogʻi shaxsiy foydalanishlari uchun moʻljallangan ashyo-buyumlarini bojsiz va soliq toʻlamasdan olib kirish va olib chiqishlari uchun ruxsat beradi.
(3) ushbu Bitimning 3-moddasi 1(a) bandchasida koʻrsatilgan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishga shuningdek 3-moddaning 1(b) bandchasida qayd etilgan yuborilgan mutaxassislar bajargan ishlarga hamda maslahatlar mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlariga nisbatan Toshkent shahridagi Germaniya Federativ Respublikasining Elchixonasi orqali Germaniya Federativ Respublikasi Hukumatiga soʻrovlar yuboradi. Soʻrovlar topshiriqlarni va har bir aniq masala yuzasidan kutilayotgan natijalarni batafsil tasvirlashni qamrab oladi.
(4) ushbu Bitimning 3-moddasi 1(v) bandchasiga muvofiq Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati topshirigʻi boʻyicha yetkazib berilgan materiallarni litsenzion toʻlovlar, yigʻimlar va olib kirish va olib chiqishga boʻlgan boshqa jamoat soliqlaridan, jumladan omborlarda saqlash toʻlovlaridan ozod qiladi hamda materiallarning zudlik bilan bojxona muassasalari orqali oʻtishini taʼminlaydi. Yuqorida koʻrsatilgan yigʻimlardan ozod qilish Oʻzbekiston Respublikasida olingan materiallar uchun ham ijro etuvchi muassasaning arizasiga binoan amalga oshiriladi.
5-modda
Germaniya Federativ Respublikaei Xukumati ushbu Bitim doirasida Uzbekiston Reyepublikasi Xukumati uchun takliflar bilan ham chiqishi mumkin.
6-modda
(1) ushbu Bitimning 3-moddasi 1(a) bandchasida koʻrsatilgan ilmiy tadqiqotlar bevosita ular utkazilgandan soʻng Toshkent shahridagi Germaniya Federativ Respublikasining Elchixonasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi hukumatiga topshiriladi.
(2) mutaxassislar ushbu Bitimning 3-moddasi 1(b) bandchasida koʻrsatilgan oʻz faoliyatlarini bajargandan soʻng har ikki Hukumatga yozma hisobot taqdim qiladilar. Bunda ular oʻz faoliyatlaridan kelib chiqadigan takliflar kiritishlari mumkin.
7-modda
(1) Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻz majburiyatlarini amalga oshirishni Eshborndagi cheklangan masʼuliyatga ega jamiyat — texnik hamkorlik boʻyicha German jamiyati (GTZ)ga yuklaydi.
(2) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar fondini boshqarish va ayrim tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻladigan muassasalarni belgilaydi.
(3) ushbu moddaning 1 va 2-bandlariga muvofiq vakolatli boʻlgan muassasalar birgalikda loyihani tezkorlik nuqtai nazaridan yoki boshqa munosib shaklda amalga oshirish tafsilotlarini belgilashlari, zarur holda esa ularni loyihani roʻyobga chiqarilishi jarayoni bilan muvofiqlashtirishlari mumkin.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar vakillari vaqti-vaqti bilan ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni muxokama etish uchun uchrashib turadilar.
9-modda
Ushbu Bitim uning kuchga kirishiga qadar Ahdlashuvchi Tomonlarning iqtisodiy hamkorlik boʻyicha boshlangan loyihalariga nisbatan ham joriy etiladi.
10-modda
(1) ushbu Bitim u imzolangan kundan boshlab qoʻllanadi. Bitim har ikki hukumat uning kuchga kirishi uchun zarur ichki davlat rasmiyatchiliklari bajarilgani haqida bir-birlariga bildirgan kundan boshlab kuchga kiradi. Soʻnggi bildirish xati olingan kun Bitimning kuchga kirgan kuni boʻlib hisoblanadi.
(2) ushbu Bitim besh yilga tuzildi. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Bitimning tegishli amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish haqida yozma ravishda bildirmasa, Bitim har safar oʻz-oʻzidan bir yilga uzaytirilaveradi.
(3) ushbu Bitimning amal qilish muddati tugagandan soʻng uning qoidalari iqtisodiy hamkorlik boʻyicha muqaddam boshlangan loyihalar uchun kuchda qoladi.
Bonn shahrida 1993-yil 28-aprel kuni ikki nusxada oʻzbek, nemis va rus tillarida tayyorlandi. Barcha matnlar kuchga ega. Oʻzbek va nemis tillardagi matnlarni sharhlashda tafovut tugʻilsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)