Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Havo qatnovi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati, bundan keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaning ishtirokchilari boʻlgan xolda,
oʻz davlatlari hududlari oʻrtasida va ulardan tashqarida havo qatnovini rivojlantirish maqsadida Bitim tuzishni istab
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Atamalar
Atamalar
Ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida, agar matnda boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyani anglatadi va mazkur Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq qabul qilingan har bir Ilovani va 90 va 94-moddalarga muvofiq qabul qilingan Ilovalarga yoki Konvensiyaga har bir tuzatishni (basharti ushbu Ilovalar va tuzatishlarni har ikki Ahdlashuvchi Tomon qabul qilgan boʻlsa) oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmuriyatlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini va Chexiya Respublikasiga nisbatan — Transport vazirligini yoki har ikki tomonga nisbatan yuqorida aytib oʻtilgan aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan bajarilayotgan vazifalarni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan har qanday boshqa organni anglatadi;
s) “tayinlangan aviakorxona” atamasi — bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga yozma ravishda tayinlagan va mazkur Bitimning 2-moddasi 1-bandiga muvofiq belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq parvozlarni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan har bir aviakorxonani anglatadi;
d) “hudud”, “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari ular uchun tegishli ravishda Konvensiyaning 2 va 96-moddalarida koʻrsatilgan maʼnolarga ega boʻladi;
e) “hajm” atamasi kelishilgan yoʻllarga nisbatan bunday yoʻnalishlarda ishlatiladigan havo kemasida boʻlgan oʻrinlarning ushbu havo kemasining yoʻnalishda yoki yoʻnalishning bir qismida muayyan vaqt ichida amalga oshirgan parvozlari soniga koʻpaytirilganini anglatadi;
f) “Ilova” atamasi mazkur Bitimga Ilovani yoki mazkur Bitimning 21-moddasi qoidalariga muvofiq kiritilgan qoʻshimchani anglatadi. Ilova ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va Bitimga barcha havolalar, bevosita boshqacha shartlashilganlardan tashqari, Ilovani oʻz ichiga olishi lozim.
g) “vakolatxona” atamasi ushbu Bitimga muvofiq bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan havo qatnovlarini taʼminlash va boshqa tegishli faoliyatni amalga oshirish maqsadida ochilgan aviakorxona vakolatxonasini anglatadi;
h) “YI shartnomalari” Yevropa Ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnomani hamda Yevropa Ittifoqining faoliyat yuritishi toʻgʻrisidagi shartnomani anglatadi.
2-modda
Tashishlar boʻyicha huquqlarni berish
Tashishlar boʻyicha huquqlarni berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga Ilovaning tegishli qismida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalar tomonidan muntazam xalqaro havo qatnovlarini belgilash va amalga oshirish maqsadida ushbu Bitimda koʻrsatib oʻtilgan huquqlarni beradi. Bunday qatnovlar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi.
2. Mazkur Bitimning qoidalariga asosan har bir Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalar belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarda parvozlarni amalga oshirishda quyida keltirilgan huquqlardan foydalanadi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududidan qoʻnmasdan uchib oʻtish huquqi;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida notijoriy maqsadlarda toʻxtash huquqi;
s) Ahdlashuvchi Tomonlar davlat hududiga kelayotgan yoki undan ketayotgan yoʻlovchi, bagaj va yukni, shuningdek pochtani alohida yoki birgalikda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida ushbu Bitim Ilovasida belgilangan manzillarda tushirish yoki olish huquqi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan aviakorxonalardan boshqa aviakorxonalari ushbu moddaning 2-bandidagi (a) va (b) kichik bandida keltirilgan huquqlardan foydalanadi.
4. Ushbu moddaning 2-bandidagi hech qaysi qoida bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi(lari)ga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga boruvchi yoʻlovchilar, bagaj va yukni, shuningdek pochtani havo kemasiga olish huquqini beradi deb qaralmaydi.
3-modda
Tayinlash va foydalanish uchun ruxsatnoma berish
Tayinlash va foydalanish uchun ruxsatnoma berish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida ikki aviakorxonani tayinlash, tayinlashni bekor qilish yoki tayinlangan avvalgi aviakorxona oʻrniga boshqa aviakorxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi. Bunday tayinlash ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi yozma xabarnomalar orqali kuchga kiradi.
2. Tayinlash toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan aviatsiya maʼmuriyatlari ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlar uchun darhol kerakli ruxsatnomalarni beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari parvozlar uchun ruxsatnoma berishdan oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan u xalqaro havo qatnovini amalga oshirish chogʻida Konvensiya qoidalariga muvofiq qoʻllaniladigan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligida belgilangan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlashni talab qilishga haqlidir.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari tayinlangan aviakorxonani eʼtirof etishdan voz kechish hamda shu tayinlangan aviakorxonaga ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarni bajarishga ruxsatnoma berishni rad etish, yoki ushbu Bitimning 2-moddasida keltirilgan huquqlarni amalga oshirilishida zarur deb hisoblangan shartlarni talab etish huquqiga ega boʻladi, basharti Ahdlashuvchi Tomon quyidagi shartlar bajarilayotganligiga ishonch hosil qilmasa
a) Chexiya Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxonaga nisbatan:
i) aviakorxona Chexiya Respublikasi hududida YI shartnomalariga muvofiq tuzilgan boʻlishi hamda Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga asosan parvozlarni bajarishga amaldagi ruxsatnomaga ega boʻlishi; va
ii) aviakorxonaning haqiqiy nazorati ekspluatant sertifikatini berishda mutasaddi boʻlgan Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlat tomonidan olib borilishi va taʼminlanishi va tegishli aviatsiya maʼmuriyatlarining tayinlashda aniq koʻrsatilishi; va
iii) aviakorxonaga egalik qilishning toʻgʻridan toʻgʻri yoki aksiyalarning nazorat paketi orqali amalga oshirilishi va uning haqiqiy nazorati Yevropa Ittifoqiga yoki Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga aʼzo davlatlar va/yoki bunday aʼzo davlatlarning fuqarolari tomonidan olib borilishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxonaga nisbatan:
i) aviakorxona Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan boʻlishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan berilgan amaldagi ekspluatant sertifikatiga ega boʻlishi; va
ii) aviakorxonaning haqiqiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan olib borilishi va taʼminlanishi.
5. Agar aviakorxona ushbu moddaga muvofiq tarzda tayinlansa va ruxsatnoma olsa, ushbu Bitimning 12 va 15-moddalari qoidalariga muvofiq oʻrnatilgan tariflar va parvoz jadvallari ushbu qatnovlarga nisbatan joriy etilganligi sharti bilan kelishilgan qatnovlardan toʻlaligicha yoki uning bir qismidan foydalanishni boshlashi mumkin.
4-modda
Ruxsatnomadan foydalanish huquqini bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
Ruxsatnomadan foydalanish huquqini bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarining har biri parvozlarga ruxsat berishni bekor qilish yoki mazkur Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga berilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatish yoki quyida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan shartlarning bajaralishini talab qilish huquqiga ega boʻladi:
a) Chexiya Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxonaga nisbatan:
i) aviakorxona Chexiya Respublikasi hududida YI shartnomalariga muvofiq tuzilmagan yoki Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga asosan parvozlarni bajarishga amaldagi ruxsatnomaga ega boʻlmagan holda; yoxud
ii) aviakorxonaning haqiqiy nazorati ekspluatant sertifikatini berishda mutasaddi boʻlgan Yevropa Ittifoqiga aʼzo-davlat tomonidan olib borilmagan yoki taʼminlanmagan yoki tegishli aviatsiya maʼmuriyatlari tayinlashda aniq koʻrsatilmagan taqdirda; yoxud
iii) aviakorxonaga egalik qilish toʻgʻridan toʻgʻri yoki aksiyalarning nazorat paketi orqali amalga oshirilmagan yoki uning haqiqiy nazorati Yevropa Ittifoqiga yoki Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga aʼzo-davlatlar va/yoki bunday aʼzo davlatlarning fuqarolari tomonidan olib borilmagan taqdirda; yoxud
iv) agar aviakorxona Oʻzbekiston Respublikasi bilan boshqa Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlat oʻrtasidagi havo qatnovi toʻgʻrisida ikki tomonlama bitimga asosan parvozlarni bajarishga vakolati boʻla turib oʻsha boshqa Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlat hududidagi manzil orqali ushbu Bitimga koʻra tashish huquqlaridan foydalansa va bu aviakorxonaning oʻsha boshqa bitimning qoidalariga amal qilmayotganini Oʻzbekiston Respublikasi isbot qilgan taqdirda, yoxud
v) agar aviakorxona Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlat tomonidan berilgan ekspluatant sertifikatiga ega boʻlib, bu YIga aʼzo davlatning Oʻzbekiston Respublikasi bilan havo qatnovi toʻgʻrisida ikki tomonlama bitimi mavjud boʻlmagan taqdirda yoki Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxonaga ushbu YIga aʼzo davlatga parvoz qilish huquqini berish rad etilganda;
b) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxonaga nisbatan:
i) aviakorxona Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan berilgan amaldagi ekspluatant sertifikatiga ega boʻlmagan taqdirda; yoki
ii) aviakorxonaning haqiqiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan olib borilmagan yoki taʼminlanmagan taqdirda;
s) aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan Konvensiyaga muvofiq qoʻllaniladigan qonun va qoidalar talabiga javob bermagan taqdirda, yoxud
a) aviakorxona ushbu Bitim qoidalariga muvofiq biror sabablarga koʻra havo qatnovlarini amalga oshira olmayotgan boʻlsa.
2. Yuqorida qayd qilingan qonun va qoidalarni bundan buyon yana buzilishining oldini olish uchun kechiktirib boʻlmaydigan harakatlardan tashqari, ushbu moddaning 1-bandida keltirilgan huquqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari bilan oʻtkaziladigan maslahatlashuvlardan keyingina foydalanilishi mumkin. Agar aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida oʻzaro boshqa narsa xususida kelishilmasa, har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi bunday maslahatlashuvlar ularning biri tomonidan uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnoma yuborilgan kundan boshlab oltmish (60) kun ichida oʻtkazilishi lozim.
5-modda
Qonunlar, qoidalar va tartiblarni koʻllash
Qonunlar, qoidalar va tartiblarni koʻllash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari oʻz davlat hududiga uchib kelishi va u yerdan uchib ketishi yoki bu havo kemalarining ushbu davlat hududi doirasidagi xalqaro parvozlari va ularning navigatsiyasini tartibga soluvchi amaldagi qonunlar va tartiblar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz davlat hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, bagaj, yuk va pochtaning kirib kelishi, u yerda boʻlishi, u yer orqali yoki u yerdan joʻnatilishini tartibga soluvchi davlat qonunchiligi, xususan kirish-chiqish, viza yigʻimlari, immigratsiya, pasport, bojxona, valyuta, karantin, sogʻliqni saqlash normalari, veterinar hamda sanitar normalariga oid qoidalar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonaga tegishli havo kemalaridagi yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, bagaj, yuk va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga kelishi, ketishi yoki u yerda boʻlishi chogʻida qoʻllaniladi.
3. Hech bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining bojxona, immigratsiya, karantin va shu kabi qoidalarini qoʻllashda bunday xalqaro parvozlarni amalga oshirayotgan oʻzining aviakorxonasiga yoki boshqa har qanday aviakorxonaga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasiga nisbatan ustunlikni yuzaga keltirmaydi.
6-modda
Aviatsiya xavfsizligi
Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayri-qonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmasiga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydilar.
2. Chunonchi, Ahdlashuvchi Tomonlar 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi konvensiya, 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan aeroportlarda gʻayriqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi bayonnoma qoidalariga hamda har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun amal qilishi lozim boʻlgan aviatsiya xavfsizligiga doir boshqa koʻptomonlama bitimlar qoidalariga asosan ish olib boradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy qoʻlga olishning hamda havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan belgilangan va 1944-yilning 7-dekabrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaning ilovalarida tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq va ushbu aviatsiya xavfsizligi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan qay darajada qoʻllanilishiga qarab ish koʻradilar. Ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz davlat hududlarida joylashgan havo kemalarining ekspluatantlaridan yoki, Chexiya Respublikasiga nisbatan, uning hududida YI shartnomalariga muvofiq tuzilgan va Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga asosan parvozlarni bajarishga amaldagi ruxsatnomaga ega boʻlgan havo kemalarining ekspluatantlaridan va aeroportlarning maʼmurlaridan bunday aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga, oʻsha davlatning amaldagi qonunchiligiga, shuningdek, Chexiya Respublikasiga nisbatan Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon mazkur Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududiga kirish, chiqish va mazkur hududda boʻlish davrida rioya etilishi zarur boʻlgan talablarni qoʻyishi mumkin.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, qoʻl yuki, bagaj, yuk va bort zaxiralarini havo kemasiga joylashish yoki ortishdan avval yoki keyin tekshirish uchun oʻz davlatining hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini kafolatlaydi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon, shuningdek boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona meʼyorda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
8. Basharti, fuqaro havo kemasini tutqun qilish hodisasi yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga koʻmak beradilar va bunday hodisa yoki tahdidga jadal ravishda barham berish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
9. Basharti, Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu moddadagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya qilmayotganligi toʻgʻrisida yetarli asosga ega boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlaridan kechiktirib boʻlmaydigan maslahatlashuvlar oʻtkazilishini talab qilishlari mumkin. Bunday talab tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kun mobaynida qoniqarli kelishuvga erishilmagan taqdirda, ushbu Bitimning 4-moddasi qoidalarini qoʻllash uchun asos yuzaga keladi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda bu Ahdlashuvchi Tomon bunday muddat tugamasdan oldin vaqtinchalik choralarni koʻrishi mumkin.
7-modda
Parvozlar xavfsizligi
Parvozlar xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining qonun va qoidalariga hamda Chexiya Respublikasiga nisbatan, Yevropa Ittifoqining amaldagi qonunchiligiga muvofiq berilgan yoki yaroqli deb topilgan hamda amal qilish muddati tugamagan parvozga yaroqlilik sertifikatlari, ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalar kelishilgan qatnovlardan foydalanish maqsadida ushbu sertifikatlar hamda litsenziyalarning Konvensiyada ular uchun belgilangan minimal standartlarga muvofiq kelishi yoki ulardan ustun kelishi sharti bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan yaroqli deb topiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki boshqa davlat tarafidan oʻzining fuqarolariga berilgan parvozga yaroqlilik sertifikatlari, ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalarni agar ularning egalari oʻz hududi ustidan parvozlarni amalga oshirgan holatlarda yaroqli deb topmaslik huquqiga ega.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istagan vaqtda ekipaj aʼzolari, havo kemasi va havo kemasidan foydalanishga taalluqli sohalarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bajaradigan parvozlar xavfsizligi boʻyicha standartlarga tegishli boʻlgan masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Bunday maslahatlashuvlar murojaat etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kun davomida oʻtkaziladi.
4. Agar bunday maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonni bunday sohadagi Konvensiyada belgilangan minimal standartlarga muvofiq parvozlar xavfsizligi meʼyorlariga samarali rioya qilmayapti va boshqarmayapti deb topgan taqdirda, birinchi Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni bunday kamchiliklar va belgilangan minimal standartlariga muvofiq chora-tadbirlarni koʻrishi kerakligi toʻgʻrisida xabardor etadi va boshqa Ahdlashuvchi Tomon kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻradi. Agar boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻn besh (15) kun mobaynida yoki kelishilgan kundan ortiq muddatda tegishli chora-tadbirlarni koʻrmagan taqdirda, ushbu Bitimning 4-moddasi qoidalarini qoʻllashga asos yuzaga keladi.
5. Konvensiyaning 33-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlardan qatʼiy nazar bir Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalari nomidan boshqa Ahdlashuvi Tomonning davlat hududiga yoki hududida qatnovlardan bevosita yoki ijara shartnomasi asosida foydalanayotgan xar qanday havo kemasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida boʻlgan chogʻida oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli shaxslari tomonidan havo kemasi sahnida yoki uning tashqarisida sahn va ekipaj hujjatlarining haqiqiyligi yuzasidan yoki havo kemasi va uning moslamalari holati boʻyicha tekshiruvdan oʻtkaziladi (ushbu moddadagi “perrondagi tekshiruv” deb nomlanuvchi tekshiruv asossiz toʻxtashlarga olib kelmasligi lozim.
6. Agar bunday perrondagi tekshiruv yoki shu kabi bir qancha tekshiruvlar natijasida:
a) havo kemasi yoki havo kemasidan foydalanish talablari hozirgi vaqtda Konvensiyada belgilangan minimal standartlarga javob bermasligi toʻgʻrisida jiddiy xavotir tugʻilsa; yoki
b) hozirgi vaqtda Konvensiyada belgilangan minimal xavfsizlik standartlarini samarali taʼminlamayotganligi yoki boshqarmayotganligi toʻgʻrisida jiddiy xavotir tugʻilgan taqdirda, tekshiruvni oʻtkazayotgan Ahdlashuvchi Tomon mazkur havo kemasiga yoki uning ekipajiga berilgan sertifikat yoki litsenziyalarning yoki havo kemasidan foydalanish talablarining Konvensiyada belgilangan minimal standartlarga mos emasligi yoki ular darajasidan past ekanligi toʻgʻrisida Konvensiyaning 33-moddasiga muvofiq mustaqil qaror qabul qilishi kerak.
7. Agar bir aviakorxona tomonidan yoki Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalari nomidan harakatlanayotgan havo kemasining mazkur moddaning 5-bandida asosan oʻtkazilayotgan perron tekshiruviga ushbu aviakorxona yoki aviakorxonalar tomonidan eʼtiroz bildirilsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon mazkur moddaning 6-bandida bayon etilgan xavotirlar mavjud deb fikr qilishi va shu bandga asosan xulosa chiqarishi mumkin.
8. Har bir Ahdlashuvchi Tomon, agar u perrondagi tekshiruv yoki bir qancha bunday tekshiruvlar natijasida, perrondagi tekshiruv yoki maslahatlashuvlar oʻtkazishni boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan rad etish yoki boshqa hollarda parvozlar xavfsizligini taʼminlash uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi lozim deb hisoblasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga berilgan parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasini darhol vaqtincha toʻxtatishi yoki oʻzgartirishi mumkin.
9. Bir Ahdlashuvchi Tomonning yuqoridagi 4 va 8-bandlarga muvofiq amalga oshiradigan har qanday xatti-harakati, mazkur chora-tadbirlarni koʻrish uchun asos bartaraf qilingan vaqtdan eʼtiboran davom ettirilishi mumkin emas.
8-modda
Bojxona shartlari
Bojxona shartlari
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek ularning tabel mulki, yonilgʻi zaxirasi, moylash xomashyolari, foydalaniladigan texnik ashyolar hamda bunday havo kemalari bortidagi zaxiralar (oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgach bojxona bojlari, bilvosita soliqlar, tekshiruv yigʻimlari hamda boshqa milliy va mahalliy soliq va yigʻimlardan bu mulk, xomashyolar va zaxiralar ular qaytib olib chiqilguniga yoki ushbu hudud ustidan parvoz mobaynida ishlatilguniga qadar havo kemasi sahnida saqlanib qolishi sharti bilan ozod etiladi.
2. Shuningdek, koʻrsatilgan xizmatlar uchun yigʻimlardan tashqari, quyidagilar bojxona bojlari, bilvosita soliqlar, tekshiruv yigʻimlari hamda boshqa milliy va mahalliy soliq va yigʻimlardan ozod etiladi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasining bortiga olingan va unda foydalanish uchun moʻljallangan bort zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun olib kirilgan ehtiyot qismlar, dvigatellar ham buning ichiga kiradi;
s) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasining bortiga olinib unda ishlatish uchun moʻljallangan yonilgʻi va moylash ashyolari.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan materiallar va buyumlar bojxona organlarining talablari boʻyicha bojxona tekshiruviga olinishi mumkin.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasi sahnida mavjud boʻlgan tabel mulki, ehtiyot qismlar va bort zaxiralari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida bojxona organlari roziligiga koʻra tushirilishi mumkin. Bunday hollarda ular bojxona qoidalariga asosan qayta olib chiqib ketilgunga qadar yoki boshqa koʻrsatmaga muvofiq qayd etib oʻtilgan organlar nazoratiga olinadi.
5. Mazkur moddada koʻrsatilgan soliqdan ozod etish holatlari foydalaniladigan texnik ashyolar, ehtiyot qismlar, shuningdek dvigatellar va standart sahn moslamalariga nisbatan ham qoʻllaniladi, qachonki bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida boshqa aviakorxonalar bilan zayom yoki transfer toʻgʻrisida shartnomalarini bunday aviakorxonalar bilan ularning bu kabi soliqlardan bunday Ahdlashuvchi Tomon tarafidan ozod etilish sharti bilan tuzsa, Aviakorxona tegishli bojxona organlarini bunday zayom yoki transfer shartnomalari haqida xabardor etishi lozim.
6. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan oʻz faoliyati ehtiyojlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga olib kirilgan yoki olib kiriladigan yonilgʻi, moylash ashyolari, ehtiyot qismlar, tabel mulki, bort zaxiralari, oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlari, reklama materiallari, avtotransport, bronlash va aloqa uchun elektron jihozlar va uning ehtiyot qismlari, vakolatxona faoliyati va jihozi uchun mebel va buyumlar, tashuv hujjatlari va blankalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga olib kirishda, undan olib chiqishda va u yerda boʻlishi mobaynida bojxona bojlari hamda boshqa soliq va yigʻimlardan ozod etiladi.
7. Mazkur Bitimdagi hech bir narsa Chexiya Respublikasiga Oʻzbekiston Respublikasi tayinlangan aviakorxonasining Chexiya Respublikasi hududidagi manzilda, manzillar orasida yoki boshqa Yevropa Ittifoqiga aʼzo-davlatning hududida parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemasida ishlatish uchun olib kirilayotgan yonilgʻi uchun adolatli ravishda soliqlar, yigʻimlar, bojlar yoki toʻlovlar olishda toʻsqinlik qilmasligi shart.
8. Mazkur Bitimdagi hech bir narsa Oʻzbekiston Respublikasiga Chexiya Respublikasi tayinlangan aviakorxonasining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi manzilda va manzillar orasida parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemasida ishlatish uchun olib kirilayotgan yonilgʻi uchun adolatli ravishda soliqlar, yigʻimlar, poshlinalar yoki toʻlovlar olishda toʻsqinlik qilmasligi shart.
9-modda
Aeroportlardan va aviatsiya imkoniyatlaridan foydalanish
Aeroportlardan va aviatsiya imkoniyatlaridan foydalanish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan aeroport, aeronavigatsiya va boshqa moslamalardan foydalanganligi uchun olinadigan yigʻimlar qiymati bunday tarzda xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan oʻzining milliy havo kemalari tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar darajasidan yuqori boʻlmasligi kerak.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri oʻzlarining nazorati ostida aeroportlardan, aviayoʻnalishlardan, havo harakati xizmatlari va shu bilan bogʻliq tegishli xizmatlardan foydalanishda oʻzining aviakorxonasiga yoki boshqa har qanday aviakorxonaga boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasiga nisbatan ustunlik yaratmaydi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday yigʻimlarni undiruvchi vakolatli organlari bilan xizmatlardan va moslamalardan foydalanayotgan aviakorxonalar oʻrtasida, agar mumkin boʻlsa, shu aviakorxonalarning vakillari orqali muzokaralarning tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlaydilar. Bunday yigʻimlarni oʻzgartirilishi boʻyicha oqilona takliflar berish imkoniyati bunday aviakorxonalarga mazkur oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar berilishi kerak. Har bir Ahdlashuvchi Tomon yigʻimlarni undiruvchi tegishli organlar bilan bunday aviakorxonalar oʻrtasida yigʻimlarga oid maʼlumot almashishni taʼminlashi kerak.
10-modda
Toʻgʻri tranzit
Toʻgʻri tranzit
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlat hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtuvchi hamda aeroportning ushbu maqsad uchun belgilangan hududini tark etmagan yoʻlovchilariga nisbatan soddalashtirilgan nazorat qoʻllaniladi. Mazkur Bitimning 6-moddasida koʻrsatilgan xavfsizlik shartlarini bajarish hamda narkotik va psixotrop moddalarning olib oʻtilishini oldini olish boʻyicha nazorat bundan mustasno. Toʻgʻri tranzit orqali oʻtuvchi bagaj va yuklar bojxona bojlari va boshqa soliqlardan ozod etiladi.
11-modda
Xizmatlarni sotish va daromadlarni oʻtkazish
Xizmatlarni sotish va daromadlarni oʻtkazish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida oʻzining transport xizmatlarini sotishga tegishli Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida amal qilayotgan qonunchilikka asosan hamda oʻzaro hamjihatlik asosida tegishli huquq beriladi. Bunda aviakorxonaga sotishni toʻgʻridan toʻgʻri yoki aviakorxonaning xohishiga koʻra agentlar orqali amalga oshirishga ruxsat beriladi hamda har qanday shaxs bunday xizmatlarni tegishli Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunchiligiga va valyuta ayirboshlash qoidalariga muvofiq mahalliy valyutada yoki shu hududdagi banklar tomonidan erkin almashtiriladigan valyutada erkin sotib olish huquqiga ega boʻladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida olingan xarajatlardan ortiq boʻlgan daromadlar qiymatini erkin almashtiriladigan valyutada konvertatsiya qilish va oʻtkazish huquqiga ega boʻladilar. Daromadlarni konvertatsiya qilish va oʻtkazish cheklovlarsiz transfer amalga oshiriladigan kunda ustun darajadagi xorijiy valyuta bozori stavkalarida yoki xorijiy valyuta bozori stavkalari tizimi yaratilmagan holda esa transfer amalga oshirilgan kundagi tegishli Ahdlashuvchi Tomon davlat hududidagi amaldagi qonunchilikka muvofiq rasmiy valyuta qiymatiga asosan amalga oshiriladi. Haqiqiy transfer toʻxtalishlarsiz va tranzaksiya xizmatlari uchun bank tomonidan olinadigan oddiy yigʻimlardan tashqari boshqa yigʻimlarsiz amalga oshirilishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida toʻlovlar toʻgʻrisida maxsus bitim boʻlgan taqdirda hisob-kitoblar mazkur bitim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
12-modda
Tariflar
Tariflar
1. Bundan keyingi matnda “tarif” atamasi yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish uchun (kompensatsiya va pochta tashish shartlari bundan mustasno) toʻlanadigan narx va sarf-xarajatlarni va aviakorxonalar tomonidan taklif qilinadigan agentlik xizmatlari uchun komission toʻlovlarni belgilash boʻyicha, shuningdek ushbu tashishga taalluqli boʻlgan har qanday xizmatlar uchun narx va sarf-xarajatlarning qoʻllash shartlari xamda tashish orqali olingan har qanday katta daromadlarni anglatadi.
2. Mazkur Bitimga asosan Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi tomonidan belgilangan tariflar boshqa aviakorxonalarning parvozni amalga oshirishga ketadigan xarajatlari, isteʼmolchilarning talablari, ekspluatatsiya xarajatlari, xizmat koʻrsatish xususiyatlari (xizmat koʻrsatishning standart darajasidagi tezligi va shartlari), komission stavkalar, oqilona foyda hamda tariflar bilan bir qatorda barcha muvofiq omillarni hisobga olgan holda oqilona darajada boʻlishi lozim.
3. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari qabul qilib boʻlmaydigan tariflarni sababsiz kamsitish, ustun darajadagi holatni suiisteʼmol qilish tufayli haddan ortiq darajada yuqori va tutib turuvchi sifatida yoxud bevosita yoki bilvosita subsidiyalar yoxud yordam tufayli, sunʼiy past yoki dempingning soʻnggi natijasi boʻlgan narxlar sifatida baholaydi.
4. Tariflar ularning joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida oʻttiz (30) kun oldin har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Aviatsiya maʼmuriyatlari bir yoʻnalish uchun yoki har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat hududlari oʻrtasidagi yoʻnalishlar uchun taqdim qilingan tariflarni tasdiqlash yoki tasdiqlamaslik huquqiga egadirlar.
5. Agar tariflar qoʻllaniladigan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududidagi aviatsiya maʼmuriyatlaridan tariflarni taqdim qilgan aviakorxonaga bu tariflarni tasdiq etmaganliklari toʻgʻrisida ularni qabul qilgan kundan boshlab oʻn toʻrt (14) kun ichida yozma ravishda xabar berilmasa, tariflar tasdiqlangan deb hisoblanadi.
6. Tariflarni tasdiqlash chogʻida Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari, agar maʼqul topsalar, ularning tugash muddatlarini koʻrsatishlari mumkin. Agar tariflarda tugash muddati koʻrsatilgan boʻlsa, tariflarni taqdim qilgan aviakorxona tomonidan ular bekor qilinmasa yoki oʻrniga boshqalari ular tugaydigan muddatdan oldin tasdiqlanmasa, ular oʻz kuchida qoladi.
7. Soʻrov boʻyicha bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarini shu Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha uchinchi davlatlarga boshlangan tashishlar uchun moʻljallangan tariflar toʻgʻrisida xabardor etadi.
8. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻzlarining davlat hududlari oʻrtasidagi yuk tashishlari uchun qoʻllaniladigan yuk tariflarini tasdiqlashni talab qilmaydilar, biroq tayinlangan aviakorxonalar bunday tariflarni ular joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida oʻn toʻrt (14) kun oldin mazkur moddaning 3-bandiga koʻra tekshirilishi yuzasidan aviatsiya maʼmuriyatlarida roʻyxatdan oʻtkazadilar. Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida boshlanishi moʻljallangan yuk tashishlariga oid yuqorida aytib oʻtilgan yuk tariflarining tasdiqlanmaganligi toʻgʻrisidagi aviatsiya maʼmuriyatlarining xabari tegishli aviakorxona tarafidan olinmasa, ularni roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab yetti (7) kun ichida bunday yuk tariflari joriy qilinishi koʻrsatilgan kundan eʼtiboran kuchga kiritiladi.
9. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari xohlagan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlaridan mazkur modda qoidalarining qoʻllanilishi boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishlari mumkin. Bunday maslahatlashuvlar soʻrovnoma olingan kundan keyin oʻttiz (30) kundan kam boʻlmagan muddat ichida oʻtkaziladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda, tashish boshlangan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududidagi aviatsiya maʼmuriyatlarining qarori ustuvor hisoblanadi.
10. Har bir Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari tariflar va tashishni sotish qoidalarining aviakorxona, sayohat yoki yuk boʻyicha agent, sayyohlik yoki yuk boʻyicha ekspeditor tomonidan buzilish holatlari yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borish huquqiga ega boʻladi.
13-modda
Hajm qoidalari
Hajm qoidalari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ushbu Bitimning Ilovasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha havo qatnovlarini amalga oshirish uchun adolatli va teng huquqli shart-sharoitlar yaratib beriladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirishda aynan shu yoʻnalish boʻyicha yoki uning bir qismida havo qatnovini amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining tashish ishlariga oʻrinsiz ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan uning manfaatlarini eʼtiborga olishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan foydalanilayotgan kelishilgan havo qatnovlari jamoat talabiga toʻgʻri kelishi kerak, hamda har bir aviakorxonaning birinchi darajali vazifasi havo kemasining oqilona yuklanishida Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat hududlaridan(ga) joʻnatilayotgan yoʻlovchilar, yuk va pochtani tashish talabiga javob beruvchi tashuv hajmlarini taʼminlashlari lozim. Bortga olingan hamda aviakorxonani tayinlamagan davlatlar hududlarida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha joylarda tushirilgan yoʻlovchilar, yuk va pochta tashuvini amalga oshirish asosiy prinsiplariga muvofiq boʻlishi lozim va shular asosida bu hajmlar quyidagi zaruratlarga bogʻliq:
a) aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga(dan) tashuvlarga zarurat;
b) boshqa davlatlarning aviakorxonalari tomonidan foydalanilayotgan shu hududni oʻz ichiga olgan boshqa havo qatnovlaridagi tashuvlarni inobatga olgan holda, kelishilgan havo qatnovlari oʻtadigan hududning tashuvlarga zarurati;
s) aviakorxonaning tranzit tashuvlariga zarurati.
14-modda
Kod-sher (oʻrinlarni oʻzaro taqsimlash)
Kod-sher (oʻrinlarni oʻzaro taqsimlash)
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning har qanday tayinlangan aviakorxonasi havo qatnovlarini amalga oshirishda yoki ularni amalga oshirish huquqiga ega boʻlsa quyidagi aviakorxonalar bilan “Kod-sher” (oʻrinlarni oʻzaro taqsimlash) bitimini va oʻrinlarni taqdim qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlarni tuzishi mumkin:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviakorxonasi yoki aviakorxonalari bilan;
b) uchinchi Tomon aviakorxonasi yoki aviakorxonalari bilan, agar bunday uchinchi davlat boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonalari bilan boshqa aviakorxonalarning bunday uchinchi mamlakat hududiga, hududidan yoki hududi orqali havo qatnovlarini amalga oshirish uchun tuziladigan bitimlarga tegishli vakolat yoki ruxsat bermasa, tegishli Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari bunday kelishuvlarni qabul qilmaslik huquqiga ega boʻladilar.
2. Yuqorida qayd qilingan qoidalar aviakorxonalarning bunday kelishuvlarda quyida keltirilgan talablarga javob berishi orqali tatbiq etilishi mumkin:
a) kerakli tashish huquqlarga ega boʻlishi va mazkur Bitim qoidalariga rioya qilishi;
b) har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarining bunday kelishuvlarni qoʻllashdagi talablarini bajarishi; hamda
s) isteʼmolchilarga bunday “Kod-sher” bitimi va oʻrinlarni taqdim qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlar boʻyicha toʻgʻri maʼlumot berishi.
3. Kod-sher bitimlarida ishtirok etuvchi aviakorxonalar bunday taklif qilinayotgan “Kod-sher” bitimini va oʻrinlarni taqdim qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlarni joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida qirq besh (45) kun avval har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlariga taqdim qiladilar. Bunday “Kod-sher” bitimi va oʻrinlarni taqdim qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlar va har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan tasdiqlanishi lozim.
15-modda
Parvozlar jadvali
Parvozlar jadvali
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan tayinlangan aviakorxona parvozlar boshlanishidan kamida qirq besh (45) kun oldin parvozlar soni, foydalaniladigan havo kemasi turi, vaqtlari, konfiguratsiyasi va oʻrinlar soni hamda jadvalning muddati haqida maʼlumot koʻrsatilgan holda, moʻljallangan jadvalni tasdiqlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga taqdim etishi lozim. Bunday tartib kelgusidagi har qanday oʻzgarishlarga ham qoʻllaniladi.
2. Agar tayinlangan aviakorxona jadvalda koʻrsatilgan parvozlardan tashqari qoʻshimcha parvozlarni amalga oshirishni xohlasa, u holda bunday aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga bunday parvozlarga ruxsat olish uchun soʻrovnoma yuboradi. Bunday soʻrovnoma odatda bunday parvozlar bajarilishi moʻljallangan sanadan kamida ikki (2) ish kuni avval taqdim qilinadi.
16-modda
Aviakorxona vakolatxonasi
Aviakorxona vakolatxonasi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida amal qilayotgan kirish, yashash va ishlash huquqiga oid qonunchilikka muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududiga havo qatnovini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan oʻzining vakillari, tijorat, texnik va boshqa xodimlarini oʻzaro hamkorlik prinsipiga asosan olib kelish va ushlab turish huquqiga ega boʻladi.
2. Aviakorxona vakillari va xodimlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida amal qilayotgan qonunchilikka muvofiq tayinlanishi lozim.
3. Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari tegishli hududda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida amal qilayotgan qonunchilikka muvofiq transport xizmatlarini koʻrsatish va sotish maqsadida oʻzlarining vakolatxonalarini ochish huquqiga ega boʻladilar.
17-modda
Yerda texnik xizmat koʻrsatish
Yerda texnik xizmat koʻrsatish
Tegishli Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida amal qilayotgan qonunchilikka muvofiq, shuningdek Chexiya Respublikasiga nisbatan, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga asosan, har qaysi tayinlangan aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida oʻzining yer texnik xizmati koʻrsatishni amalga oshirish yoki oʻz xohishiga koʻra raqobatdagi yerda texnik xizmatni toʻliq yoki qisman koʻrsatuvchi tashkilotlarni tanlash huquqiga ega boʻladi. Agar bunday qonunchilik yerda texnik xizmat koʻrsatishni cheklasa yoki unga nomutanosib boʻlsa hamda yerda texnik xizmat koʻrsatuvchilar oʻrtasida haqiqiy raqobat yoʻq boʻlgan taqdirda, har bir tayinlangan aviakorxonaning oʻziga yoki yerda texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot(lar)ga bunday xizmatlar bilan shugʻullanishga kamsitmaslik prinsipiga asosan tegishli huquq beradilar.
18-modda
Hodisalarni tekshirish
Hodisalarni tekshirish
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlagan aviakorxonasiga qarashli havo kemasi noilojlikdan qoʻnganda, halokatga uchraganda yoki boshqa bir hodisa sodir boʻlgan taqdirda, davlat hududida hodisa sodir boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon bu haqida darhol boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qiladi va bu hodisaning sabablarini aniqlash uchun shoshilinch choralarni koʻradi hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga binoan bunday hodisani tekshirishda qatnashish uchun shu Ahdlashuvchi Tomonning vakillarini oʻz davlati hududiga moneliksiz kirishini taʼminlaydi, agarda shu hodisa oqibatida ekipaj aʼzolari yoki yoʻlovchilarga jarohat yetgan boʻlsa, ularga yordam koʻrsatish uchun shoshilinch choralarni koʻradi hamda havo kemasining sahnida qolgan pochta, bagaj va yuklarning butligini taʼminlaydi. Hodisani tekshirayotgan Ahdlashuvchi Tomon uning natijalari xususida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qilishi shart.
19-modda
Maʼlumotlar bilan taʼminlash
Maʼlumotlar bilan taʼminlash
Bir Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarining iltimosiga binoan kelishilgan qatnovlardan foydalanishni qayta koʻrib chiqish maqsadida ular tomonidan oqilona ravishda soʻraladigan davriy statistik yoki tayinlangan aviakorxonalar tomonidan mazkur Bitimda koʻrsatilgan belgilangan yoʻnalishlardagi tashishga oid boshqa maʼlumotlar bilan ularni taʼminlaydilar.
20-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
1. Yaqin hamkorlik ruhida Ahdlashuvchi Tomonlar aviatsiya maʼmuriyatlari mazkur Bitimning barcha qoidalarining bajarilishi boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazish yoki yozishmalar orqali bir-birlari bilan aloqa qiladilar.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon xohlagan vaqtda mazkur Bitimga tegishli boʻlgan har qanday masala yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida boshqa kelishuv boʻlmasa, bunday maslahatlashuvlar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan soʻrov olingan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim.
21-modda
Oʻzgartirishlar
Oʻzgartirishlar
1. Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida yozma ravishda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin va bu oʻzgartirishlar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanib, ular mazkur Bitimning 24-moddasi qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
2. Agar xalqaro havo transportiga va ikki Ahdlashuvchi Tomon munosabatlariga tegishli koʻp tomonlama konvensiya kuchga kirsa, mazkur Bitimning bunday koʻp tomonlama konvensiya qoidalariga muvofiq kelishi maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar ularni qay darajada qabul qilinganliklariga qarab oʻzgartiriladi
22-modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
1. Mazkur Bitimni izohlash yoki qoʻllash natijasida kelib chiqqan nizo birinchi navbatda har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinadi.
2. Agar aviatsiya maʼmuriyatlari kelishuvga erisha olmasalar, bahs Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinadi.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar yoʻli bilan kelishuvga erisha olmasalar, ular nizoni koʻrib chiqish uchun maslahat yoki Ahdlashuvchi Tomonlar rozi boʻlishi mumkin boʻlgan majburiy qaror olish maqsadida alohida shaxs yoki tashkilotga nizoni koʻrib chiqish uchun topshirishga rozi boʻlishlari yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining soʻrovnomasiga binoan uchta hakamdan tashkil topgan hakamlar sudiga koʻrib chiqish uchun topshirishlari mumkin.
4. Bunday Hakamlar sudi quyidagilardan tashkil topadi: har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan aʼzo tayinlaydi, va ushbu tayinlangan ikki aʼzo uchinchi aʼzoni oʻzlariga Rais sifatida uchinchi bir davlatning fuqarosidan tayinlaydilar. Bunday aʼzolar bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni bahsni hal qilish maqsadida hakamlar sudiga berish toʻgʻrisida xabardor qilgan kundan eʼtiboran oltmish (60) kun ichida, va bunday rais toʻqson (90) kun ichida tayinlanadi.
5. Agar yuqoridagi 4-bandda belgilangan muddatlarga rioya qilinmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri, agar boshqa hech qanday tegishli kelishuv boʻlmasa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti kengashi Prezidentini zarur tayinlashni amalga oshirish uchun taklif qiladi. Agar Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki bu vazifani bajara olmasa, tayinlash Vitse-prezident tomonidan amalga oshiriladi.
6. Hakamlar sudi qarorni koʻpchilik ovoz bilan qabul qilishi lozim. Qaror Ahdlashuvchi Tomon tarafidan qabul qilinishi lozim. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hakamlik sudida vakil sifatidagi oʻz aʼzosi xarajatlarini oʻzi qoplaydi; hakamlar sudi Raisining xarajati va boshqa xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng taqsimlanadi. Boshqa barcha holatlarda hakamlar sudi oʻz tartibini belgilaydi.
23-modda
IKAOda roʻyxatdan oʻtish
IKAOda roʻyxatdan oʻtish
Ushbu Bitim va unga kiritiladigan barcha oʻzgarishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
24-modda
Bitimning kuchga kirishi va uning bekor qilinishi
Bitimning kuchga kirishi va uning bekor qilinishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartiblari bajarilgani haqida bir-birini diplomatik kanallar orqali soʻnggi bor yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab oltmishinchi (60) kunda kuchga kiradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni oʻzining ushbu Bitimning amal qilishini bekor qilish qarori toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilishi mumkin. Ayni vaqtda bunday mazmundagi xabarnoma darhol Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga yuboriladi. Bunday hollarda Bitimning amal qilishi, agar mazkur bekor qilish toʻgʻrisidagi xabarnoma boshqa Ahdlashuvchi Tomonning roziligi boʻyicha ushbu davr tugaguncha qaytarib olinmagan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olgan kundan boshlab oʻn ikki (12) oy oʻtganidan soʻng Bitim bekor qilinadi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xabarnomani olgani tasdiqlanmaganda, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach u olingan deb hisoblanadi.
Toshkent shahrida 2011-yil 8-noyabrda har biri oʻzbek, chex va ingliz tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
ILOVA
| I-boʻlim | | | |
| | Chexiya Respublikasi tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari tomonidan foydalaniladigan yoʻnalishlar: | ||
| Chexiyadagi manzillar |
Tashqaridagi manzillar |
Oʻzbekistondagi manzillar |
Oraliq manzillar |
| Xohlagan manzillar |
Xohlagan manzillar |
Toshkent va Samarqand |
Xohlagan manzillar |
II-boʻlim |
| | |
| | Oʻzbekiston Respublikasi tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari tomonidan foydalaniladigan yoʻnalishlar: | ||
| Oʻzbekistondagi manzillar |
Tashqaridagi manzillar |
Chexiyadagi manzillar |
Oraliq manzillar |
| Xohlagan manzillar |
Xohlagan manzillar |
Praga va Brno | Xohlagan manzillar |
Eslatma:
1. Yoʻnalishlar har ikki tomonga amalga oshirilishi mumkin.
2. Tayinlangan aviakorxona har qanday yoki barcha parvozlarda yuqorida koʻrsatilgan har qanday manzilni tushirib qoldirishi mumkin, basharti, kelishilgan qatnovlar aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshlansa.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari oʻz xohishiga binoan har qanday oraliq va/yoki tashqaridagi manzillarni tanlashi va oʻzining tanlovini Xalqaro havo transporti uyushmasi belgilagan navbatdagi parvozlar jadvali davrida oʻzgartirishi mumkin, basharti, ushbu manzillar va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududi oʻrtasida tashish huquqlaridan foydalanilmasa.
4. Belgilangan oraliq va/yoki tashqaridagi manzillarda beshinchi havo erkinligi huquqidan foydalanish ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida kelishiladi.