Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-dekabrdagi 192-V-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2012-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom haqida”gi 472-II-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 4, 129-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 30-aprel,
121-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yil 30-apreldagi 121–III-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamentining 48-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini, qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuziladi.
2-modda. Komissiya Qonunchilik palatasining qarori bilan deputatlar orasidan Komissiya raisi, rais oʻrinbosari va aʼzolaridan iborat oʻn besh kishigacha boʻlgan tarkibda tuziladi.
3-modda. Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishini taʼminlash maqsadida uning huzurida Qonunchilik palatasi Devoni tegishli boʻlimlarining xodimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etiladi.
Komissiyaning ishchi organi Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot va tahririyat boʻlimidir.
4-modda. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardir:
qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga rioya etilishini taʼminlash;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarni qoʻllash izchilligini saqlash;
tegishli maʼnoni anglatuvchi soʻzlarni qonun loyihalarida bir xil shaklda qoʻllash;
boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan nomuvofiqliklarni qonun normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish.
5-modda. Komissiya:
qonun loyihalarining matnlari va ularga ilova qilinadigan materiallarni Qonunchilik palatasi qoʻmitalaridan va Devoni boʻlimlaridan oldindan olishga;
qonun loyihalarini Qonunchilik palatasi majlislaridagi moddama-modda muhokamalarga tayyorlashda normativ-huquqiy atamalarning qoʻllanilishi masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va Devoni boʻlimlari bilan birgalikda ishlashga;
Qonunchilik palatasi va qoʻmitalar majlislarida qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishi masalalari boʻyicha soʻzga chiqishga, shuningdek Komissiya xulosasini bayon etishga hamda himoya qilishga;
tegishli sohada qoʻllaniladigan normativ-huquqiy atamalar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga ekspertlar, olimlar va mutaxassislarni taklif etishga haqlidir.
Komissiya ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6-modda. Komissiya:
“Davlat tili haqida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi hamda “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlashi;
taqdim etilgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi, ular yuzasidan oʻz xulosalarini bayon etishi hamda qonun loyihalarida aks ettirishi;
qonun loyihasining matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etilishiga doir talablarga rioya etishi;
qonun loyihalarida eskirgan hamda koʻp maʼnoni anglatadigan soʻzlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymasligi;
qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya etilishini taʼminlashi shart.
Komissiyaning zimmasida ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
7-modda. Komissiya aʼzosi:
qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oldindan olishga;
normativ-huquqiy atamalarning qoʻllanilishi masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va Devonining tegishli boʻlimlari bilan birgalikda ishlashga;
Komissiya qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini qonun loyihasini koʻrib chiqishning keyingi bosqichlarida bayon etishga haqlidir.
Komissiya aʼzosi ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8-modda. Komissiya aʼzosi:
“Davlat tili haqida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi va “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
Komissiya ishida, shu jumladan qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlarida ishtirok etishi;
taqdim etilgan qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oʻz vaqtida koʻrib chiqishi;
taqdim etilgan qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oʻrganishi hamda tahlil qilishi, ular yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar tayyorlashi shart.
Komissiya aʼzosining zimmasida ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
9-modda. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
10-modda. Komissiya oʻziga taqdim etilgan qonun loyihasini, qoida tariqasida, besh ish kuni ichida koʻrib chiqishi va Komissiya majlisini oʻtkazishi kerak. Zarur boʻlgan hollarda, mazkur muddat masʼul qoʻmita bilan kelishuvga koʻra Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
11-modda. Komissiyaning Qonunchilik palatasi majlisiga ikkinchi oʻqishda, zaruratga qarab esa uchinchi oʻqishda kiritilayotgan qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan majlisida masʼul qoʻmita raisi va qonun loyihasi boʻyicha masʼullar hozir boʻlishi shart. Komissiya majlisida boshqa qoʻmitalarning aʼzolari ham ishtirok etishi mumkin.
Komissiya majlisida normativ-huquqiy atamalarning yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishi masalalarini hal etish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillari ishtirok etishi shart.
12-modda. Komissiyaning ishchi organi:
ikkinchi oʻqish uchun tayyorlanib, tarjima va tahrir qilingan qonun loyihasining matnini Komissiya hamda uning ishchi guruhi aʼzolariga masʼul qoʻmita raisining imzosi bilan tarqatishi;
qonun loyihasi boʻyicha Komissiya majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joyni Komissiya raisi bilan kelishilgan holda aniqlab, bu haqda Komissiya va uning ishchi guruhi aʼzolarini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
Komissiya qabul qilgan oʻzgartishlarni, qoida tariqasida, uch ish kuni ichida qonun loyihasiga kiritishi va uni masʼul qoʻmitaga taqdim etishi shart.
13-modda. Komissiya muhokamasidan oʻtgan qonun loyihasiga normativ-huquqiy atamalarga doir oʻzgarishlarni Komissiya hamda masʼul qoʻmitaning roziligisiz kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14-modda. Komissiya oʻz muhokamasidan oʻtgan qonun loyihalarida qoʻllanilgan normativ-huquqiy atamalar boʻyicha kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi oldida tegishli qoʻmita bilan birga masʼuldir.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 4-son, 149-modda)