Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Iqtisodiy, savdo va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati, bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy, savdo va texnikaviy hamkorlik sohalarida oʻzaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlashni istab,
xalqaro huquq normalari, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillariga muvofiq xamda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligi doirasida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari asosida iqtisodiy, savdo va texnikaviy sohalarda oʻzaro hamkorlik qiladilar, xususan:
1) energetika, boshqa davlatlar bozorlarida birgalikdagi harakatlarni oʻz ichiga olgan holda;
2) qishloq xoʻjaligi;
3) sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati;
4) telekommunikatsiya;
5) transport;
6) qurilish materiallari ishlab chiqarish;
7) bandlik va migratsiya;
8) turizm;
9) bank va moliyaviy xizmatlar sohasi;
10) kichik va xususiy tadbirkorlik;
11) taʼlim va oʻzaro manfaatlarni aks ettiruvchi iqtisodiy, savdo va texnik hamkorlik turli sohalarida mutaxassislarni tayyorlash;
12) boshqa sohalar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xomashyoni eksport va import qilinishini ragʻbatlantiradilar va koʻmaklashadilar. Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunchiligida eksport-import kilish taqiqlangan tovarlar bundan mustasno.
3-modda
Tovarlarning kelib chiqish davlati mazkur tovarlar ishlab chiqarilgan yoki yetarli darajada qayta ishlangan davlat hisoblanadi. Ahdlashuvchi Tomonlar har qanday tovarni import qilishda kelib chiqish sertifikatini berishni talab qilish huquqini oʻzlarida saqlab qoladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, har qanday vaqtda oʻzlariga tegishli boʻlgan transport vositalaridan foydalangan holda tovarlarni yetkazib berishni oʻzaro ragʻbatlantiradilar va koʻmaklashadilar.
5-modda
Tovarlar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatishga tegishli boʻlgan har qanday toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq Tomonlarning kelishuviga binoan har qanday boshqa valyutada amalga oshiradi.
6-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon:
a) tadbirkorlarning, savdo-sanoat palatalari va boshqa shu kabi tashkilotlar vakillarining Ahdlashuvchi Tomonlar hududlarida oʻtkaziladigan koʻrgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa shu kabi tadbirlarda ishtirok etishlarini ragʻbatlantiradilar va koʻmaklashadilar;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan uning hududida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan koʻrgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa shunga oʻxshash tadbirlar tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlaydilar va ragʻbatlantiradilar, shuningdek, shu maqsadda boshqa Ahdlashuvchi Tomonga zarur boʻlgan barcha asbob-uskunalarni milliy qonunchiligi doirasida taqdim etadilar va koʻmaklashadilar;
v) milliy qonunchilikka muvofiq quyidagi tovarlarni bojxona bojlari, soliqlar va shu kabi yigʻimlardan ozod qilgan holda, olib kirish va olib chiqishga ruxsat beradilar:
a) yarmarkalar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va shu kabi tadbirlar uchun vaqtinchalik zarur boʻlgan, kelib chiqqan davlatga qaytishi nazarda tutilgan tovarlar va materiallar;
b) mazkur maqsadlarda foydalaniladigan va tijorat qiymatiga ega boʻlmagan tovarlar namunalari;
v) ikki tomonlama investitsiyalarni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon Savdo-sanoat palatalari va boshqa shu kabi tashkilotlarning vakillari, shuningdek ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida hamkorlikni va tashriflar bilan almashinuvni ragʻbatlantiradilar.
8-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon:
a) birgalikda texnikaviy va iqtisodiy loyihalarini amalga oshirishdagi texnik faoliyatga jalb qilingan oʻzlarining hukumat va xususiy tashkilotlar, shuningdek jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni, shuningdek, zarur koʻmak va madadni taʼminlash uchun savdo-iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikning turli sohalarida delegatsiyalar almashinuvini ragʻbatlantiradilar;
b) texnikaviy, iqtisodiy va savdo sohalaridagi tayyorlov dasturlari va seminarlarda oʻz fuqarolarining ishtirokini koʻllab-quvvatlaydilar va koʻmaklashadilar, shuningdek ilmiy-tadqiqot ishlarida va hamkorlikning boshqa tegishli soqalaridagi intilishlarini muvofiqlashtiradilar.
9-modda
1. Mazkur Bitim qoidalarini samarali amalga oshirish va uni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni hal qilish maqsadida, Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy, savdo va texnikaviy hamkorlik boʻyicha Qoʻshma komissiya (keyinchalik “Komissiya” deb yuritiladi) tuzishga kelishib oldilar.
Komissiyaning vazifalari:
mazkur Bitim maqsadlarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishini monitoring qilish;
ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy, savdo, qishloq xoʻjaligi va sanoat sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish uchun zarur boʻlgan turli uslub va vositalarni baholash;
tovar aylanmasi nomenklaturalarini kengaytirish va ragʻbatlantirish, shuningdek savdo toʻsiqlarni bartaraf etish;
mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilishga aloqador nizoli masalalarni hal etish;
ikki davlat oʻrtasida tovar aylanmasi, iqtisodiy va texnikaviy munosabatlar sohalaridagi hamkorlikni ragʻbatlantirishni rivojlantirish maqsadida mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
2. Komissiya ikki Ahdlashuvchi Tomonlar vakillaridan tashkil topadi va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining soʻrovnomasiga muvofiq, muntazam ravishda navbat bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Qatar Davlatida oʻz yigʻilishlarini oʻtkazib boradi.
3. Komissiya Ahdlashuvchi Tomon qoidalariga rioya qiladi.
4. Komissiyada raislik qilishni Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi va Qatar Davlati tomonidan — Qatar Davlati Biznes va Savdo vazirligi amalga oshiradi.
5. Komissiya ishida zarurat tugʻilganda ikki davlatning ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishlari mumkin.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish boʻyicha kelib chiqadigan nizoli masalalar doʻstona muzokaralar va konsultatsiyalar yoʻli bilan hal qilinadi.
11-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz vakillarini yigʻilish oʻtkazilayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga safarga joʻnatishga oid xarajatlarini qoplaydi. Qabul qilayotgan Ahdlashuvchi Tomon yashash, ichki transport va zarur hollarda ikki mamlakat qonunchiligiga muvofiq tibbiy davolanishga oid boshqa Ahdlashuvchi Tomon delegatsiyasining xarajatlarini qoplaydi.
12-modda
Mazkur Bitim qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qatar Davlatining uchinchi davlatlar bilan yoki mintaqaviy va/yoki xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan tuzgan amaldagi bitimlariga taʼsir qilmaydi.
13-modda
Mazkur Bitim qoidalari yoki har qanday matn Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida oʻzaro yozma kelishuvga koʻra mazkur Bitimning 14-moddasiga muvofiq tartibda oʻzgartirilishi mumkin.
14-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan qonunchilik protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnomani olgan kundan boshlab kuchga kiradi va oʻn (10) yil davomida amal qiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning muddati tugashidan oʻn ikki oy (12) avval boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, u avtomatik ravishda keyingi besh (5) yillik muddatga uzaytiriladi.
2. Agar ushbu Bitimning amal qilinishi bekor qilinsa, ushbu Bitimga muvofiq uning hamma qoidalari va majburiyatlari asosida imzolangan kelishuvlar tegishli tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq ularning muddati tugagunga qadar kuchda qoladi va majburiyatlari saqlanib qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, lozim tarzda oʻzlarining Hukumatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Doha shahrida 2010-yil 24-noyabrda har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustun hisoblanadi.
(imzolar)