Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
YOʻL HARAKATI XAVFSIZLIGI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-yanvardagi OʻRQ-900-sonli “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2024-yil 21-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun yoʻl harakati xavfsizligi sohasida yuzaga keluvchi munosabatlarni tartibga soladi hamda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini muhofaza etishni taʼminlashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek atrof tabiiy muhitni himoya etishga qaratilgan.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yoʻl — transport vositalari qatnovi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va xuddi shu maqsadda foydalaniladigan yer mintaqasi yoxud sunʼiy inshoot yuzasi. Yoʻl oʻz ichiga avtomobil yoʻllarini (umumiy foydalanishdagi va idoraviy avtomobil yoʻllarini), shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punktlarining koʻchalari va yoʻlkalarini, shuningdek shahar elektr transporti yoʻllarini oladi;
yoʻl harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yoʻllar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui;
yoʻl harakati qatnashchisi — yoʻl harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yoʻlovchisi yoki piyoda tariqasida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yoʻl harakati xavfsizligi — yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻl-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yoʻl harakati holati;
yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻldagi qatnovi jarayonida sodir boʻlib, fuqarolarning oʻlimi yoki ularning sogʻligʻiga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlanishiga yoki boshqa tarzda moddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan hodisa;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash — yoʻl-transport hodisalarining yuzaga kelish sabablari oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarining ogʻirligini yengillatishga qaratilgan faoliyat;
yoʻl harakatini tashkil etish — yoʻllarda harakatni boshqarish boʻyicha huquqiy, tashkiliy-texnikaviy tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui;
transport vositasi — odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
3-modda. Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
4-modda. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi;
Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati.
(4-modda ikkinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-82-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 131-modda)
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularni amalga oshirish ustidan nazorat olib boradi;
yoʻl harakati qoidalarini hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va yoʻl harakatini tashkil etish masalalariga doir boshqa normativ hujjatlarni tasdiqlaydi;
vazirliklar va idoralarning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, ekologik xavfsizlik talablariga rioya etish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
transport vositalari va yoʻllarning texnikaviy holatiga, yoʻllar va temir yoʻldan oʻtish joylari boʻylab yoʻl harakati xavfsizligiga doir yagona talablarni belgilaydi;
transport vositalarining haydovchilarini tayyorlashga, shuningdek aholiga yoʻllarda yurish-turish xavfsizligi qoidalarini oʻrgatishga doir umumiy talablarni belgilaydi:
transport vositalarining haydovchilarini, shunday vositalarning oʻzini, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi hollarini, yoʻl-transport hodisalari va boshqa koʻrsatkichlarni hisobga olishning yagona tizimini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
6-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash davlat dasturlarini amalga oshiradi;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hududiy dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularni amalga oshirish ustidan nazorat olib boradi;
yoʻl harakati xavfsizligi tibbiy jihatdan taʼminlanishini, shuningdek yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi;
yoʻl-transport hodisalari oqibatidagi jarohatlanishlarning oldini olish, aholiga yoʻllarda yurish-turish xavfsizligi qoidalarini oʻrgatish, yoʻl harakati xavfsizligini targʻib etish hamda ekologik xavfsizlik talablariga rioya etish chora-tadbirlarini koʻradi;
shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi koʻchalarning, yoʻlkalarning hamda yoʻl harakatini boshqarish vositalarining, shuningdek shahar elektr transporti yoʻllarining qurilishi va soz holatda saqlanishini taʼminlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
7-modda. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
avtomobilda yuk tashish xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;
transport vositalari va transportda koʻrsatiladigan xizmatlar sertifikatlashtirilishini amalga oshiradi;
yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga avtomobil transportida rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8-modda. Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining:
oʻz tasarrufidagi avtomobil yoʻllaridan transport vositalarining xavfsiz qatnovi uchun bu yoʻllarning soz holatda saqlanishini taʼminlaydi;
yoʻl harakati qatnashchilarini yoʻl qoplamasining holati, gidrometeorologiyaga oid va boshqa sharoitlar toʻgʻrisida zarur axborot bilan taʼminlaydi;
avtomobil yoʻllarida yoʻl harakatini boshqarish vositalari, tezkor aloqa tizimi qurilishi va jihozlanishini amalga oshiradi hamda ularning saqlanishini taʼminlaydi;
avtomobil yoʻllarining qatnov uchun xatarli joylarini aniqlaydi va bu joylarda yoʻl harakatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻradi;
ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli va maxsus yuklarni tashuvchi transport vositalarining qatnov yoʻnalishlarini belgilashda ishtirok etadi, shuningdek yoʻl xizmati koʻrsatish obyektlari joylashuviga rozilik beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-82-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 131-modda)
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati:
yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalarini ishlab chiqadi;
yoʻl harakati qatnashchilarining ushbu Qonunga, Yoʻl harakati qoidalariga hamda boshqa qonun hujjatlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid qismiga rioya etishi ustidan nazorat olib boradi;
jamoat transportining, shuningdek ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli va maxsus yuklarni tashuvchi transport vositalarining qatnov yoʻnalishlarini belgilashda ishtirok etadi;
yoʻllarni, temir yoʻl kesishuvi joylarini, avtomobil yonilgʻisi quyish tarmoqlarini, transport vositalarining konstruksiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish loyihalariga rozilik beradi;
foydalanishdagi transport vositalarining texnik holati ustidan nazorat olib boradi, transport vositalarining texnik koʻrigini oʻtkazadi;
yoʻllar va temir yoʻldan oʻtish joylarining saqlanishi, ularning yoʻl harakatini boshqarish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazorat olib boradi;
yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalariga muvofiq boʻlmagan yoʻllar va temir yoʻl kesishuvi joylaridan foydalanishni taqiqlaydi;
transport vositalari, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi hollari va yoʻl-transport hodisalari hisobini va roʻyxatini yuritadi;
transport vositalarini boshqarish huquqiga doir guvohnomalar beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq uning vakolat doirasiga berilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-82-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 131-modda)
10-modda. Transport vositalari egalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasidagi majburiyatlari
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida transport vositalarining egalari:
texnik jihatdan soz transport vositalaridan foydalanishlari;
transport vositalarini tegishli malakasi boʻlgan va tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslar boshqarishiga ijozat etishlari;
yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga va ekologiya normalari talablariga rioya etishlari shart.
11-modda. Yoʻllarni saqlash va taʼmirlashga doir talablar
Yoʻllarni saqlash va taʼmirlash yoʻllarni boshqaruvchi organlar tomonidan yoʻl harakati xavfsizligining belgilangan standartlari, qoidalari va normalariga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Yoʻllarni boshqaruvchi organlar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi oqibatida, yoʻl sharoitlariga koʻra sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari tufayli yetkazilgan zarar mazkur organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanmogʻi kerak.
12-modda. Transport vositalari konstruksiyalarini tayyorlash chogʻidagi talablar
Oldingi tahrirga qarang.
Transport vositalari konstruksiyalari, qoʻshimcha uskunalar, ehtiyot qismlar yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalarining talablariga mos boʻlishi hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda majburiy sertifikatlashtirilishi kerak.
(12-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi OʻRQ–31-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
13-modda. Transport vositalarining texnik holati va uskunalariga doir talablar
Yoʻl harakatida qatnashuvchi transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari va normalariga muvofiq boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishda boʻlgan va belgilangan tartibda roʻyxatga olingan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
Texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
14-modda. Transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash chogʻidagi talablar
Transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash yoʻl harakati xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash yuzasidan ishlar bajarayotgan va xizmatlar koʻrsatayotgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar bu ishlarni (xizmatlarni) yoʻl harakati xavfsizligining belgilangan standartlari, normalari va qoidalariga muvofiq ravishda amalga oshiradilar.
15-modda. Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash
Yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik nosozliklar mavjud boʻlgan taqdirda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Transport vositalarining texnik nosozliklari roʻyxati va bunday vositalardan foydalanishni taqiqlaydigan shartlar Yoʻl harakati qoidalari bilan belgilab qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining shunga vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-82-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 131-modda)
16-modda. Faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga doir asosiy talablar
Faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar:
transport vositalari haydovchilarining ishini yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlovchi talablarga muvofiq ravishda tashkil etadi;
haydovchilarning qonun hujjatlarida belgilangan mehnat qilish va dam olish rejimiga rioya etadi;
haydovchilarning malakasini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib beradi;
yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik nosozliklar mavjud boʻlgan taqdirda transport vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaydi;
transport vositalarining saqlanishini taʼminlaydi.
Avtomobilda yoki yer usti shahar elektr transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari doirasida, tashishning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus qoidalar belgilashi hamda transport vositalarining haydovchilariga qoʻshimcha talablar qoʻyishi mumkin.
17-modda. Yoʻl harakati xavfsizligini tibbiy jihatdan taʼminlash
Yoʻl harakati xavfsizligini tibbiy jihatdan taʼminlash transport vositalarining haydovchilarini dastlabki tarzda majburiy va keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻriklardan, shu jumladan yoʻlga chiqish oldidan va yoʻldan qaytganidan keyin tibbiy koʻriklardan oʻtkazish, shuningdek yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish, yoʻl harakati qatnashchilariga, ichki ishlar organlarining, boshqa ixtisoslashgan boʻlinmalarning mansabdor shaxslariga va aholiga yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda jabrlangan shaxslarga tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam koʻrsatish usullarini vaqti-vaqti bilan oʻrgatish yoʻli orqali amalga oshiriladi.
Yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda jabrlanganlarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joyning oʻzida tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar yordam koʻrsatishdan, shuningdek yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joyning oʻzida, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam koʻrsatishdan iborat.
Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish hamda yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etish tartibi, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun transport vositasining salonida boʻlishi shart boʻlgan zarur tibbiy ashyolar roʻyxati, shuningdek transport vositalarini boshqarishni taqiqlovchi, tibbiyot nuqtai nazaridan nomaqbul koʻrsatkichlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
18-modda. Yoʻl harakati xavfsizligini tashkil etish
Yoʻl harakati xavfsizligini tashkil etish — qoʻllanishi standartlar bilan tartibga solinadigan hamda yoʻl harakatini tashkil etish loyihalari va sxemalarida nazarda tutilgan boshqarishning texnik vositalaridan hamda ularning konstruksiyalaridan kompleks foydalanish asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoʻl harakatining yagona tartibi Yoʻl harakati qoidalari bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi yoʻllarida transport vositalarining oʻng taraflama qatnovi belgilanadi.
19-modda. Yoʻl harakati qatnashchilarining huquqlari va majburiyatlari
Yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻllardagi qatnovning xavfsiz sharoitlariga boʻlgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Yoʻl harakati qatnashchilarining oʻz huquqlarini amalga oshirishi yoʻl harakati boshqa qatnashchilarining huquqlarini cheklamasligi yoki buzmasligi kerak.
Yoʻl harakati qatnashchilari:
Yoʻl harakati qoidalariga muvofiq yoʻllar boʻylab erkin va moneliksiz harakatlanish;
qonun hujjatlarida belgilangan oʻz huquqlarining buzilishi yoki cheklanishi sabablari toʻgʻrisida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslaridan tushuntirishlar olish:
qatnovning xavfsiz sharoitlari toʻgʻrisida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq mahsulot va xizmatlar sifati haqida toʻliq va ishonchli axborot olish;
yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlganda bepul tibbiy yordam koʻrsatish, qutqaruv ishlari oʻtkazish va boshqa shoshilinch yordam koʻrsatish vazifasi qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga yuklatilgan tashkilotlar va mansabdor shaxslardan ana shunday yordamlar olish, qutqaruv ishlari koʻrsatilishiga erishish;
yoʻl-transport hodisasi natijasida ularning oʻlimi, tan jarohati olishi, transport vositasi va yuklar shikastlanishi roʻy bergan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zararlarning oʻrni qoplanishiga erishish, shuningdek maʼnaviy ziyon uchun kompensatsiya olish;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida faoliyat olib borayotgan mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Yoʻl harakati qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Yoʻl harakati qatnashchilari:
ushbu Qonun, Yoʻl harakati qoidalari hamda yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlari talablarini bilishlari va ularga ogʻishmay rioya etishlari;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida maxsus vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishlari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishlari shart.
20-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqi
Quyidagilarni:
mototsikllar, motorollerlar va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqi oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
ruxsat etilgan eng koʻp ogʻirligi 3500 kilogrammdan hamda oʻrindiqlar soni haydovchinikidan tashqari sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarish huquqi oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi. taksi bundan mustasno;
taksi tariqasida foydalaniladigan avtomobillarni, shuningdek yoʻlovchilar tashishga moʻljallangan va haydovchinikidan tashqari sakkiztadan ortiq oʻrindigʻi boʻlgan avtomobillarni, tramvaylar va trolleybuslarni boshqarish huquqi yigirma bir yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi;
transport vositalari sostavlarini boshqarish huquqi ushbu qismning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga transport vositalarini boshqarish staji oʻn ikki oydan kam boʻlmagan taqdirda beriladi.
Transport vositalarini boshqarish huquqi tibbiy koʻrikdan oʻtgan va malaka imtihonlarini topshirgan shaxslarga beriladigan, belgilangan namunadagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Malaka imtihonlarini topshirish va transport vositalarini boshqarish huquqiga doir guvohnoma berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Transport vositalarining haydovchilarini tayyorlashga doir talablar
Tegishli toifadagi transport vositalarining haydovchilarini tayyorlash oʻquv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan hajmda tegishli tayyorgarlikdan oʻtgan shaxslar transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun imtihonlar topshirishiga yoʻl qoʻyiladi.
Mototsikllar, motorollerlar va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun fuqarolarning tegishli dasturlar hajmida mustaqil tayyorgarlik koʻrishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tegishli toifalardagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlashning yagona dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
(21-modda uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-82-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 131-modda)
22-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqining bekor qilinishi
Transport vositalarini boshqarish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
haydovchining sogʻligʻi transport vositasini xavfsiz boshqarishga monelik qiladigan tarzda yomonlashganligi tibbiy xulosa bilan tasdiqlanganda;
mazkur huquqdan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun mahrum etilganda. Javobgarlik chorasi tariqasida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etishga sabab boʻladigan huquqbuzarlik turlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish sud tomonidan qoʻllaniladi.
23-modda. Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
24-modda. Nizolarni hal etish
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-avgust,
818-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 215-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 113-modda; 2007-y., 14-son, 131-modda)