Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini tashkil etish toʻgʻrisida
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish va boshqarishni yanada takomillashtirish, ignabargli va manzarali oʻsimliklarning qimmatli navlari saqlab qolinishini, Fargʻona shahrining “Sanʼat saroyi” binosiga, 20000 oʻrinli stadioniga, Mustaqillik koʻchasiga, bogʻlari va favvoralariga tutashgan markaziy maydonlar va hududlarning namunali saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fargʻona viloyati hokimligining Fargʻona shahri hokimligi huzurida Markaziy maydonlarni koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini (keyingi oʻrinlarda Departament deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini, bogʻlarini, favvoralarini hamda “Sanʼat saroyi” binosiga, 20000 oʻrinli stadionga, Mustaqillik koʻchasiga tutash hududlarni saqlash, obodonlashtirish obyektlaridan foydalanish ishlarini shaharsozlik hamda sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
mukammal va joriy taʼminlash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, shuningdek sunʼiy sugʻorish tizimlarining, nasos stansiyalari, quduqlar, qattiq qoplamalar, yoʻllar va yoʻlaklarning, koʻchalarni yoritish vositalarining va favvoralarning sanitariya va texnik jihatdan zarur holatda boʻlishini taʼminlash;
dov-daraxtlarni saqlash va parvarish qilish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish, xizmat koʻrsatiladigan hududni yanada koʻkalamzorlashtirish agrotexnika tadbirlari kompleksini amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlarini saqlash va rivojlantirish, ularning sanitariya jihatidan tozalanishini taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 10 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
2014-2015-yillarda Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini taʼminlash uchun xarid qilinadigan maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Departament faoliyatini moliyalashtirish Fargʻona viloyatining viloyat budjeti parametrlarida har yili obodonlashtirish uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
5. Fargʻona viloyati hokimligi:
Departament tasarrufiga berish uchun ignabargli va manzarali oʻsimliklarning qimmatli navlari, koʻchalarni yoritish obyektlari, favvoralar va boshqa obodonlashtirish obyektlari xatlovdan oʻtkazilishini;
xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha obodonlashtirish obyektlarining kelgusida foydalanish uchun Departamentga belgilangan tartibda berilishini;
Departamentning malakali muhandis-texnik xodimlar va ishlab chiqarish xodimlari bilan butlanishini;
obodonlashtirish ishlarining shaharsozlik hamda sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq, shuningdek viloyat markazining tashqi qiyofasiga qoʻyiladigan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tashkil etilishi va amalga oshirilishini;
Fargʻona shahrini obodonlashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar uchun budjet mablagʻlaridan samarali va belgilangan maqsadda foydalanilishi yuzasidan nazoratni taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Departament xodimlariga Vazirlar Mahkamasining “Obodonlashtirish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 1-apreldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi tatbiq etiladi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 26-iyun,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-iyundagi 171-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Fargʻona shahri markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining
TUZILMASI
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-iyundagi 171-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining (keyingi oʻrinlarda Departament deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Departament Fargʻona shahrining markaziy maydonlaridagi va “Sanʼat saroyi” binosiga, 20000 oʻrinli stadioniga, Mustaqillik koʻchasiga tutash hududlardagi obodonlashtirish obyektlarini (koʻchalar, yoʻlkalar, dov-daraxtlar, irrigatsiya tarmoqlari, oʻsimliklarni sunʼiy sugʻorish tizimi, bogʻlar, koʻchalarni yoritish obyektlari va favvoralarni) saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiradi.
3. Departament oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining qarorlariga, Fargʻona viloyati va Fargʻona shahar hokimlarining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Departament yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, bankda hisob-kitob raqamiga ega boʻladi.
5. Departamentning nomi:
lotin yozuvidagi davlat tilida — Fargʼona shahar hokimligi huzuridagi Fargʼona shahar markaziy maydonlarini koʼkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti. Qisqacha nomi — “Departament”;
rus tilida — Departament po ozeleneniyu, blagoustroystvu i soderjaniyu sentralnix ploshadey goroda Fergani. Qisqacha nomi — Departament.
II. Departament muassisi va uning vakolatlari
6. Amaldagi qonunchilik doirasida quyidagi vakolatlarga ega boʻlgan Fargʻona shahar hokimligi Departamentning muassisi hisoblanadi:
Departamentning mol-mulki bilan bogʻliq shartnomalar boʻyicha noqonuniy xatti-harakatlar toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilish;
Departamentning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki belgilanmagan maqsadlarda foydalanilayotgan mol-mulkini olib qoʻyish;
tashkilotlar tomonidan yetkazilgan zarar boʻyicha ularga nisbatan daʼvo qoʻzgʻash;
Departamentning yillik ishlab chiqarish rejasini tasdiqlash va bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotini eshitish;
Departamentga tezkor boshqarish huquqi bilan berilgan davlat mol-mulkining holatini nazorat qilish va uni begonalashtirishdan saqlash.
III. Departamentning mol-mulki
7. Departamentning mol-mulki:
muassis tomonidan tezkor boshqarish huquqi bilan Departamentga birkitilgan mol-mulk;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan manbalar hisobiga shakllantiriladi.
8. Departamentning mol-mulki qiymati uning balansida aks ettiriladi.
9. Departament oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
10. Departament muassisning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
IV. Departamentning vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Fargʻona shahrining markaziy maydonlaridagi, “Sanʼat saroyi” binosiga, 20000 oʻrinli stadioniga, Mustaqillik koʻchasiga tutash hududlaridagi obodonlashtirish obyektlarini saqlash, ulardan foydalanish ishlarining shaharsozlik hamda sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
mukammal va joriy taʼminlash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, shuningdek sunʼiy sugʻorish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlar, qattiq qoplamalar, yoʻllar va yoʻlkalarning, koʻchalarni yoritish vositalari va favvoralarning sanitariya va texnik jihatdan zarur holatda boʻlishini taʼminlash;
dov-daraxtlarni saqlash va parvarish qilish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish, xizmat koʻrsatiladigan hududni yanada koʻkalamzorlashtirish agrotexnika tadbirlari kompleksini amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlarini rivojlantirish, ularni sanitariya jihatidan tozalashni taʼminlash.
12. Departament oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Fargʻona shahrining markaziy maydonlari va koʻchalarini obodonlashtirish boʻyicha tasdiqlangan shaharsozlik va loyiha hujjatlari asosida obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
mavsumiy talablarni hisobga olgan holda obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalash (supurish, suv sepish, yuvish, changdan, qordan tozalash, sirpanchiqlarga qarshi kurashish, irrigatsiya xoʻjaligi obyektlarini mexanik usulda tozalash va koʻchalarni yuvish) ishlarini tashkil qiladi;
shahar maydonlarini bayramlarga, madaniy va siyosiy tadbirlarga, xorijiy mehmonlar va delegatsiyalar kelishiga tayyorlash uchun bezatishni taʼminlaydi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga va manzilli roʻyxatlarga muvofiq obodonlashtirish obyektlarini joriy va mukammal taʼmirlashni amalga oshirish uchun pudrat shartnomasini tuzadi;
obodonlashtirish obyektlarining muddatidan ilgari eskirishi va buzilishining oldini olish hamda ularni ishlaydigan holatda saqlash boʻyicha profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;
obodonlashtirish obyektlarining fizik holatini har yili texnik jihatdan baholashni tashkil qiladi;
xodimlarning mehnat unumdorligini oshirish maqsadida yangi, zamonaviy texnologiyalar, avtomatlashtirish va kichik mexanizatsiya vositalarini joriy etish tadbirlarini tashkil qiladi;
budjet mablagʻlarini sarflashning samaradorligi va ochiq-oshkoraligini, tovar-moddiy boyliklar, yonilgʻi-moylash materiallari, elektr energiyasi va pul mablagʻlaridan oqilona foydalanilishini, ularning hisobga olinishini, shuningdek moliyaviy hisobotlarning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilishini taʼminlaydi.
V. Departament faoliyatini tashkil etish
13. Departamentga Fargʻona viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda Fargʻona shahar hokimining qaroriga muvofiq lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
14. Departament boshligʻi:
yakkaboshchilik asosida Departament faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Departament vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Departamentga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining, boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, ularning Departament faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish yuzasidan javobgarligi darajasini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq, oʻz vakolatlari doirasida Departament xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, ularning bajarilishini taʼminlaydi va zarur darajada nazoratni amalga oshiradi;
Departament apparati shtatlar jadvalini tasdiqlaydi, keyinchalik moliya organida roʻyxatdan oʻtkazgan holda uning xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Departament xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, xodimlarni Departamentga ishga qabul qiladi hamda ular bilan mehnat shartnomalari tuzadi, mehnat shartnomalariga oʻzgartirishlar kiritadi va shartnomalarni bekor qiladi;
ishonchnomasiz Departament nomidan ish koʻradi va uning manfaatlarini himoya qiladi, oʻz vakolatlari doirasida shartnomalar tuzadi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi;
Departament xodimlarining shtatdagi sonini va ularning ish haqi miqdorlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Departament faoliyati toʻgʻrisida ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda Fargʻona viloyati va Fargʻona shahar hokimliklari oldida hisobot beradi;
Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini obodonlashtirish obyektlarini (yoʻllar, yoʻlkalar, yashil maydonlar, irrigatsiya tarmoqlari, dov-daraxtlarni sunʼiy sugʻorish tizimini) saqlash va ulardan foydalanishni yaxshilash loyihalarini Fargʻona shahar hokimligiga taqdim etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Departament boshligʻi oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda tashkilot manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi hamda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash, mehnat bilan bogʻliq huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha talablarni qondirish, bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq ehtiyojlar uchun pul mablagʻlari oʻtkazilishi, oʻzining xatti-harakati (harakatsizligi) bilan Departamentga yetkazilgan zarar uchun, shu jumladan Departamentga berilgan mol-mulk yoʻqolgan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
16. Fargʻona viloyati hokimi Departament tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritishga haqlidir.
VI. Departamentning moliya-xoʻjalik faoliyati
17. Departament oʻz faoliyatini Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini bajarish uchun ajratiladigan tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiradi.
VII. Departament faoliyatini nazorat qilish
18. Departament hisobot davri tamom boʻlgandan keyin vakolatli organlarga moliyaviy hisobotni va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar saqlanishi hamda ularning belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlashga berilishi uchun javob beradi.
19. Pul mablagʻlari, moddiy boyliklar, buxgalteriya hisob-kitoblari va kreditlarga taalluqli hujjatlar boshliq yoki uning oʻrinbosari va bosh buxgalter tomonidan imzolanadi.
20. Departament faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muassis va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
VIII. Departamentni qayta tashkil etish yoki tugatish
21. Departament Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Fargʻona viloyati hokimligining qarori yoki sud qarori bilan qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-iyundagi 171-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
2014-2015-yillarda Fargʻona shahrining markaziy maydonlarini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini taʼminlash uchun xarid qilinadigan maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar
ROʻYXATI
|
T/r |
Texnikaning nomi |
Talab qilinadigan texnika soni |
Xarid qilish uchun zarur mablagʻlar | ||
|
2014-yil |
2015-yil |
2014-yil |
2015-yil | ||
|
1. |
Suv sepish-yuvish mashinasi |
1 |
93 950,0 |
||
|
2. |
Supurish-yigʻishtirish mashinasi |
1 |
171 450,0 | ||
|
3. |
Qor yuklash mashinasi |
1 |
|||
|
4. |
“Isuzu” samosvali |
1 |
91 450,0 |
||
|
5. |
“Isuzu” teleskopik minorasi |
1 |
185 950,0 | ||
|
6. |
Yoʻlkalarni tozalash mashinasi |
1 |
108 000,0 |
||
|
7. |
“Damas WAN” avtomobili |
1 |
26 000,0 | ||
|
8. |
Gazon oʻrish mashinasi |
10 |
3 |
20 000,0 |
6 000,0 |
|
|
Jami |
|
|
313 400,0 |
389 400,0 |
Izoh: texnika qiymati texnika yetkazib beruvchilarda narx oʻzgarganda, shuningdek tender savdolari natijalariga koʻra oʻzgarishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 26-son, 318-modda)