O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qo‘qon va Namangan shaharlarida qurilgan dehqon bozorlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarini 2008 — 2012-yillarda rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2008-yil 5-maydagi PQ-860-son hamda “Namangan shahrini 2009 — 2012-yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida” 2009-yil 6-avgustdagi PQ-1170-son qarorlariga asosan Qo‘qon va Namangan shaharlarida qurilgan dehqon bozorlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. OAT “Aloqabank”ning 8 533,5 mln so‘m miqdordagi o‘z mablag‘lari hisobiga Qo‘qon shahrida “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bino va inshootlari hamda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi qoshidagi qurilayotgan obyektlar direksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) tomonidan 9 168,3 mln so‘m miqdordagi bank krediti hisobiga Namangan shahrida “Yashil dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bino va inshootlari tasdiqlangan Bosh rejaga binoan qurib bitkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, OAT “Aloqabank” va Direksiyaning Qo‘qon shahridagi “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida qurilgan 1 380,0 mln so‘m qiymatdagi hamda Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida qurilgan 1 199,6 mln so‘m qiymatdagi mulklar — pavilonlar va muhandislik kommunikatsiya obyektlarni keyinchalik mazkur bozorlar ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritish uchun tegishli ravishda Qo‘qon va Namangan shahar hokimliklari balansiga bepul o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, OAT “Aloqabank” hamda Direksiya mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan mulklarni belgilangan tartibda topshirilishini, Qo‘qon va Namangan shahar hokimliklari ushbu mulklarni o‘z balansiga qabul qilib olinishini ta’minlasin.
4. Qo‘qon shahridagi “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatining va Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududlaridagi OAT “Aloqabank” va Direksiya balansidagi mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan mulklardan tashqari savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga yoki lizingga berishga ruxsat berilsin.
5. Mazkur qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan mulklarni qurish bilan bog‘liq xarajatlar Qo‘qon shahar “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Namangan shahar “Yashil dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududlaridagi OAT “Aloqabank” va Direksiya balansidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari qiymatiga qo‘shib hisoblashga ruxsat berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati va Namangan viloyati hokimliklari Qo‘qon shahridagi “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda bozorlar atrofidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridan maqsadli va samarali foydalanish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, bozor, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida pul oqimlarini to‘liq hisobga olinishini ta’minlash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-noyabr,
272-son