O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
FARG‘ONA VA QO‘QON ShAHARLARINI 2008 — 2012 YILLARDA REKONSTRUKSIYA QILISh, OBODONLAShTIRISh VA IJTIMOIY INFRATUZILMASINI RIVOJLANTIRISh BO‘YIChA ChORA-TADBIRLAR DASTURINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari ijtimoiy infratuzilmasi hamda muhandislik-kommunikatsiyalari tarmog‘i faoliyati darajasi va sifatini yanada oshirish, jadal va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi ish o‘rinlari barpo etish, aholi bandligini oshirish va turmush sharoitini yaxshilash, shuningdek, shahar qurilishining zamonaviy talablariga mos ravishda ushbu shaharlarning tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Farg‘ona viloyati, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari hokimliklari manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarini 2008 — 2012-yillarda rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarini 2008 — 2012-yillarda rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan loyihalarni to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirilishi ustidan tizimli nazoratni o‘rnatsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlar loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish hamda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat nazoratini ta’minlasin.
3. Farg‘ona viloyati hokimligi bir oy muddatda “O‘zshaharsozlikLITI” instituti hamda vakolatli organlar bilan kelishgan holda Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarini rivojlantirish Bosh rejasini, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Farg‘ona viloyati (G‘ofurov), Farg‘ona (Nuraliyev) va Qo‘qon (Karimov) shaharlari hokimlari zimmasiga belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi va tasdiqlanishi o‘tkazilganidan so‘ng, tasdiqlangan Dasturlarga kiritilgan Farg‘ona hamda Qo‘qon shaharlarida qurilayotgan obyektlar bo‘yicha amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarini o‘z vaqtida moliyalash va mablag‘lardan qat’iy maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Homiylik va grant mablag‘lari hisobidan Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari sog‘liqni saqlash muassasalari uchun asbob-uskunalar va jihozlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha Qo‘qon shahrida “Yoshlar xiyoboni” majmuasini qurish va jihozlash uchun xorijdan keltiriladigan maxsus avtotransport vositalari, mashinalar istisno tariqasida bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
Belgilansinki, bojxona imtiyozlari berilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar maqsadli yo‘nalishda ushbu Qarorda tasdiqlangan Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarini 2008 — 2012-yillarda rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturini qo‘shimcha moliyalashga yo‘naltiriladi.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 5-may,
PQ-860-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 5-son, 263-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 17-son, 130-modda)