Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun jalb etilgan kreditga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun tariflarning maqbul darajasini saqlagan holda Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” korxonalarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, shuningdek “Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun jalb etilgan Osiyo taraqqiyot banki krediti boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari suv taʼminoti korxonalari ishlari samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlar 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. 2007—2010-yillar davrida Osiyo taraqqiyot bankining jalb etilgan krediti boʻyicha toʻlov majburiyatlarini qaytarish Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” korxonalarining mablagʻlari, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari mahalliy budjetlarining prognozdan ortiq daromadlari hamda xarajatlarining tejami hisobiga amalga oshirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Osiyo taraqqiyot bankining jalb etilgan krediti boʻyicha asosiy qarzni qaytarishga, vositachilik haqlari va foizlarni toʻlashga Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” korxonalarining moliyaviy resurslarning tasdiqlangan manbalari bilan taʼminlanmagan majburiyatlari hajmida, davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish uchun respublika budjetida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida 2010-yilda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
2011-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida Osiyo taraqqiyot banki krediti boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, vositachilik haqlari va foizlarni toʻlash uchun Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” korxonalarining ushbu maqsad uchun yoʻnaltirilayotgan oʻz mablagʻlariga qoʻshimcha tarzda, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha mablagʻlarni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan “Oʻzkommunxizmat” agentligi oʻrtasidagi qayta kreditlash toʻgʻrisida Bitimga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
4. “Oʻzkommunxizmat” agentligi Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” korxonalari bilan qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari suv taʼminoti korxonalari ishlari samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlarning oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 26-martdagi 98-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
a) 4-bandning birinchi va ikkinchi xatboshi hamda qarorga 1, 1a, 1b, 1v-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 7-banddagi “2006—2009-yillarga” soʻzlari “2006—2010-yillarga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-avgustdagi 507-f-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A.Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 28-sentabr,
217-son