Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatidagi qurilishi tugallanmagan obyekt negizida zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, raqobatbardoshli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, toʻqimachilik tarmogʻining eksport salohiyatini oshirish hisobiga paxta tolasini kompleks qayta ishlashni va raqobatbardoshli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish, shuningdek yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1 Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligining:
“5-son avtokorxona” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi Bardonkoʻl shaharchasida joylashgan qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlarni tutash hududlari bilan birga Toshkent viloyati hokimligiga qoldiq balans qiymati boʻyicha sotish;
keyinchalik, buzib tashlash va boʻshagan ishlab chiqarish maydonchasida toʻliq ishlab chiqarish jarayoniga ega boʻlgan zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish sharti bilan, obyektni “Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasiga mustaqil baholash kompaniyasi tomonidan aniqlangan 683,0 mln soʻm miqdoridagi utilizatsiya qiymati boʻyicha sotish;
obyektni sotishdan tushgan mablagʻlarni, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tasarrufida belgilangan tartibda qoldiriladigan mablagʻlardan tashqari, sotib olingan obyekt uchun “5-son avtokorxona” ochiq aksiyadorlik jamiyati bilan hisob-kitob qilish uchun Toshkent viloyati hokimligi hisob raqamiga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi quyidagilar boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qiladi:
sotib olingan qurilishi tugallanmagan kompleks negizida har yili 8,0 ming tonnagacha hajmda paxta tolasini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy toʻqimachilik ishlab chiqarishi tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
2011-2012-yillar mobaynida birinchi bosqichda 50,0 mln AQSH dollari miqdoriga teng summani, ikkinchi bosqichda 2013 — 2019-yillar mobaynida loyihaning tasdiqlangan TIA natijalari boʻyicha aniqlangan summa miqdorida investitsiyalash;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 761-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/761/1960-son)
korxonada jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yangi texnologik asbob-uskunalarini oʻrnatish;
Oldingi tahrirga qarang.
har yili 6,0 ming tonna ip-gazlama kalavasi, tayyor trikotaj buyumlar uchun kamida 1000 tonna ip-gazlama kalavasini qayta ishlash ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilishini taʼminlash;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 761-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/761/1960-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ishlab chiqarilayotgan mahsulotning kamida 50 foizini eksportga yoʻnaltirish;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 761-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/761/1960-son)
kamida 1000 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Oldingi tahrirga qarang.
“Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi bilan qurilishi tugallanmagan kompleksning oldi-sotdi shartnomasini tuzsin, ushbu qarorning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan shartlarda investitsiyalar kiritish jadvalini tasdiqlasin, kiritilgan uskunani tasarruf etish huquqini bergan holda;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 761-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/761/1960-son)
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda “Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlarining zarur darajada bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi “5-son avtokorxona” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent viloyati hokimligiga sotilayotgan koʻrsatib oʻtilgan qurilishi tugallanmagan kompleks uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasining investitsiya majburiyatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasining “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirish, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 11-iyunda 1688-tartib raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan idoralararo qaror talablariga muvofiq yangi texnologik asbob-uskunalar olib kelinishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
6. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda:
“Textile Tehnologies Group” masʼuliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasiga koʻrsatib oʻtilgan qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlar kompleksini buzib tashlashda koʻmaklashsin;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda buzib tashlash va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ruxsat beruvchi hujjatlar va loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 18-noyabr,
252-son