O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2013-2015-yillarda “Jizzax” maxsus industrial zonasining transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” maxsus industrial zonasini tashkil etish to‘g‘risida” 2013-yil 18-martdagi PF–4516-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda yangidan tashkil etilgan maxsus industrial zonaga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish, ichki va jahon bozorlarida raqobatbardoshli, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy va yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashadigan va shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan ishonchli ishlab chiqarish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2013 — 2015-yillarda “Jizzax” maxsus industrial zonasining transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) ma’qullansin, Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Dasturning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Jizzax” maxsus industrial zonasi uchun avtomobil yo‘llari va temir yo‘l infratuzilmasi uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish tadbirlari 2 va 3-ilovalarga* muvofiq;
*2 va 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
“Jizzax” maxsus industrial zonasi uchun suv ta’minoti, irrigatsiya va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish tadbirlari 4-ilovaga* muvofiq;
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Jizzax” maxsus industrial zonasi uchun elektr ta’minoti va gaz ta’minoti tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish tadbirlari 5 va 6-ilovalarga* muvofiq.
*5 va 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, boshqa manfaatdor tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Dasturga kiritilgan loyihalar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar va tadbirlarning to‘liq hajmda va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi, shu jumladan loyiha hujjatlarining sifatli ishlab chiqilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
2. “Jizzax” maxsus industrial zonasining Ma’muriy kengashiga, “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida yangidan tashkil etilayotgan quvvatlarni transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ustuvorliklaridan kelib chiqib, tasdiqlangan Dasturga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi taqdimnomalari bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Dasturga kiritilgan “Jizzax” maxsus industrial zonasining infratuzilma obyektlarini, shuningdek “Jizzax” maxsus industrial zonasi hamda “Angren” maxsus industrial zonasi ma’muriy binolarini, loyiha-smeta hujjatlarini ayni bir vaqtda ishlab chiqqan holda, moliyalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilishni 2014-yil 1-yanvargacha amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
4. “Jizzax” maxsus industrial zonasi Ma’muriy kengashining “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasini — “Jizzax” maxsus industrial zonasining bosh rejasini ishlab chiqish, shu jumladan uning ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bosh loyiha tashkiloti etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. “Jizzax” maxsus industrial zonasi Direksiyasi bir oy muddatda “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasiga texnik topshiriqni bersin hamda texnik va ekologik talablardan kelib chiqib, sohalar bo‘yicha taqsimlagan holda birinchi navbatdagi sanoat klasterlari ajratilishini nazarda tutadigan “Jizzax” maxsus industrial zonasining bosh rejasini ishlab chiqish uchun shartnoma tuzilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi joriy yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasi Direksiyasiga hamda Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklariga 2013-yilgi kapital qo‘yilmalar limitlarini qayta taqsimlash hisobiga “Jizzax” maxsus industrial zonasining infratuzilma obyektlari bosh rejasini va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Jizzax” maxsus industrial zonasi qatnashchilarining buyurtmanomalariga binoan, kelgusida loyihalar tashabbuskorlari tomonidan suv ta’minoti vertikal quduqlari qurish uchun suv resurslarining sanoat zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlarning taqdim etilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi 2014-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ularga Dasturda ko‘rsatilgan investitsiya loyihalari kiritilishini belgilangan tartibda nazarda tutsinlar, bunda quyidagilarni hisobga olsinlar:
“Jizzax” maxsus industrial zonasining Ma’muriy kengashida ishlab chiqarish infratuzilmasi va transport kommunikatsiyalarini joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar bilan uzviy bog‘liq holda jadal rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
investitsiyalarni jalb etish va respublika mintaqalarida sanoat zonalarini qurish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, “Jizzax” maxsus industrial zonasining infratuzilma obyektlarini qurishga maxsus ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirish taklif etiladigan loyihalar ro‘yxatini aniqlash.
9. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bajarilayotgan loyihalash va qurilish-montaj ishlarining sifati, shuningdek Dasturga kiritilgan loyihalar doirasida shartnomaviy majburiyatlarga va obyektlarni qurish muddatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni ta’minlasin.
10. Iqtisodiyot vazirligi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Dasturning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatsin va natijalari bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 1-iyul,
190-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 27-son, 353-modda)