Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Quyida "Ahdlashuvchi Tomonlar" deb yuritiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi,
har ikki Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishni istagan holda,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida sarmoyalar kiritishlari uchun qulay sharoitlar yaratish niyatida,
ushbu Shartnomaga muvofiq ravishda investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish bu sohadagi tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirishga xizmat qilishini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Shartnoma maqsadlariga erishish uchun:
1. "Investitsiyalar" atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining daromad olish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligiga muvofiq amalga oshirgan iqtisodiy faoliyatiga muvofiq investitsiyalagan barcha turdagi mulkiy boyliklarini anglatadi, ammo nafaqat ularni, shu jumladan quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi, xususan:
i) mol-mulk va qoʻzgʻalmas mulk hamda u bilan bogʻliq boʻlgan har qanday boshqa mulkiy huquqlar, shu jumladan garovga oid huquqlar, ipotekadan chegirib qolish yoki oʻzga garov huquqi va shu singari huquqlar;
ii) aksiyalar, paylar, obligatsiyalar va yuridik shaxslarning mulkidagi ishtirokning har qanday boshqa shakllari;
iii) pul talabnomalariga boʻlgan huquq hamda investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq va iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan har qanday boshqa majburiyatlar boʻyicha talabnoma huquqi;
iv) investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan intellektual va sanoat mulki obyektlariga, shu jumladan mualliflik huquqi bilan qoʻriqlanadigan obyektlarga boʻlgan huquqlar, patentlar, mahsulot belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, firma nomlari, sanoat namunalari, xoʻjalik va tijorat sirlari, texnologik jarayonlar, "nou-xau" va "gudvill";
v) qonun yoki qonunga muvofiq shartnoma, litsenziya yoxud ruxsatnoma asosida beriladigan huquqlar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, qazish usuli, qazib olish, kultivatsiya qilish yoki ulardan foydalanish konsessiyasiga oid huquqlar.
Boyliklar investitsiyalangan shakldagi hech qanday oʻzgarish ularning investitsiya sifatidagi kvalifikatsiyasiga taʼsir koʻrsatmaydi.
2. «Investor» atamasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan istalgan jismoniy yoki yuridik shaxsni bildiradi.
i) "Jismoniy shaxs" atamasi amaldagi qonunchilikka muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlgan istalgan jismoniy shaxsni, shuningdek Ahdlashuvchi Tomonlardan birining qonunchiligiga koʻra ana shunday maqom va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan, fuqarolikka mansub boʻlmagan shaxsni anglatadi;
ii) "Yuridik shaxs" atamasi har ikkala Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki taʼsis etilgan hamda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida markaziy boshqaruv organiga ega boʻlgan yuridik shaxs sifatida tan olingan har qanday yuridik shaxsni bildiradi.
3. "Daromadlar" atamasi investitsiyalarni amalga oshirish natijasida olingan yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan summalarni anglatadi, xususan daromadlar, dividendlar, foizlar, sarmoyalarning oʻsishi, royalti va boshqa har qanday qonuniy daromadlarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi.
4. "Hudud" atamasi xalqaro huquqqa muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyani amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasining tegishli hududlarini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun imkoniyat tugʻdiradi va oʻz hududida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlariga investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratadi hamda oʻzining qonunchiligiga muvofiq bunday investitsiyalarning oʻz hududiga kiritilishiga ruxsat beradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunchiligiga muvofiq oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga ruxsat beradi va ularni ragʻbatlantiradi, ularni adolatli va teng huquqli sharoitlar bilan taʼminlaydi, shuningdek ularning toʻla va soʻzsiz huquqiy himoyasini kafolatlaydi.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomon ushbu Shartnoma doirasida oʻz hududiga investitsiyalar kiritilishiga ruxsat bergan boʻlsa, shu Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunchiligiga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga shunday investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan ruxsatnomalar beradi.
3-modda
Milliy rejim va eng qulay rejim
Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari va daromadlarini oʻz investorlarining investitsiyalari va daromadlari, yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun yaratgan qulay shart-sharoitlaridan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli sharoitlar bilan taʼminlaydi, agar bunday shart-sharoitlar yanada qulay boʻlsa.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlarini oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratilgan shart-sharoitlardan koʻra qulayroq sharoitlarda oʻz investitsiyalarini boshqarish, yuritish, ularni sarflash yoki tasarruf etish huquqi bilan taʼminlaydi, agar bu shart-sharoitlar yanada qulay boʻlsa.
i) istalgan Ahdlashuvchi Tomonning bugungi kunda mavjud boʻlgan yoxud kelgusida tashkil etiladigan har qanday bojxona uyushmasi yoki iqtisodiy uyushmaga yoxud erkin savdo sohasiga yoki asosida shunday uyushma yoki shu singari uyushma, shuningdek u aʼzosi yoki qatnashchisi boʻlgan yoxud boʻlishi mumkin boʻlgan, asosida mintaqaviy hamkorlikning oʻzga shakllari yaratilishi mumkin boʻlgan boshqa xalqaro bitimga mansubliligi;
ii) toʻlaligicha yoki asosan soliq solishga taalluqli boʻlgan xalqaro shartnomalar yoki bitimlar.
4-modda
Zararlarni qoplash
Zararlarni qoplash
1. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalariga urush yoki qurolli toʻqnashuv, favqulodda holat, fuqarolik mojarolari yoki shunga oʻxshash voqealar oqibatida zarar etkazilsa, shu Ahdlashuvchi Tomon birinchi Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun zararlarni qoplash, kompensatsiya, toʻlovlar va boshqa turdagi hisob-kitoblar borasida ana shu Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam boʻlmagan shart-sharoitlar yaratadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandidan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Tomon investorlariga avvalgi bandda qayd etilgan voqealar oqibatida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida:
i) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qurolli kuchlari yoki rasmiy organlari tomonidan ularning mulkini musodara qilish;
ii) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qurolli kuchlari yoki rasmiy organlari tomonidan harbiy harakatlar oqibatida yuzaga kelmagan yoki vaziyat taqozosi tufayli sodir etilmagan holda ularning mulkini yoʻq qilish tarzida zarar etkazilsa,
bunday harakatlar natijasida yoki mol-mulkni yoʻq qilish oqibatida etkazilgan ziyon uchun adolatli va zararni qoplovchi tegishli toʻlovlar toʻlanadi. Eng soʻnggi toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada kechiktirilmasdan oʻtkazilishi lozim.
5-modda
Egalik huquqidan mahrumlik va uni cheklash
Egalik huquqidan mahrumlik va uni cheklash
1. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga tegishli boʻlgan investitsiyalarga nisbatan ularni musodara, natsionalizatsiya qilish yoki oqibat natijasi shu singari yoki unga barobar boʻlgan choralar qoʻllamaydi, agar ular nodiskriminatsion asosda qonuniy tartibda amalga oshirilgan ijtimoiy maqsadlarda qoʻllangan choralar bilan bogʻliq boʻlmasa.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan holatlar oqibatida investitsiyalarni musodara qilayotgan Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning investorlarini adolatli va samarali tovon toʻlovlari bilan taʼminlaydi. Bunday tovon toʻlovlari investitsiyalarning ularni musodara qilinishigacha yoki musodara qilish xususidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtda (bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻliq ravishda) belgilangan qiymatiga muvofiq boʻladi, musodara qilingan investitsiyalar qiymatidan keladigan, ular musodara qilingan sanadan toʻlov sanasiga qadar odatda qoʻllaniladigan foizli bozor stavkasi boʻyicha hisoblanadigan foizlarni qamrab oladi, hamda erkin ravishda oʻtkaziladi. Tovon toʻlovlari summasi erkin muomaladagi valyutada belgilanishi va joylashgan manzili hamda yashash joyidan qatʼi nazar, investorga ortiqcha kechikishsiz toʻlanishi lozim. Pul oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan rasmiyatchiliklarni amalga oshirish uchun meʼyor talabidagi vaqt mobaynida oʻtkazilgan pul ortiqcha kechikishsiz oʻtkazilgan pul deb hisoblanadi. Bu davr boʻyicha hisob buyurtma berilgan kundan boshlanadi va u uch oydan oshmasligi kerak.
3. Ziyon koʻrgan investor oʻz ishi boʻyicha hududida investitsiyalari amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning sudi yoki boshqa mustaqil organiga egalik huquqidan mahrumlik va uni cheklash fakti boʻyicha hamda ushbu moddada bayon qilingan prinsiplarga muvofiq ravishda oʻz investitsiyalarining qiymatini aniqlash xususidagi uning ishini kechiktirmasdan koʻrib chiqish toʻgʻrisida murojaat qilish huquqiga ega.
6-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar investitsiyalar yoki daromadlar bilan bogʻliq boʻlgan pul mablagʻlarini oʻtkazishni taʼminlaydilar. Pul oʻtkazish tegishli soliqlar, poshlinalar va yigʻimlar toʻlovlaridan soʻng erkin muomaladagi valyutada, toʻsiqlarsiz va ortiqcha kechiktirilmasdan amalga oshiriladi. Bunday toʻlovlar xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
i) dastlab investitsiyalangan sarmoya, shuningdek investitsiyalarni quvvatlash yoki kengaytirish uchun sarflanadigan har qanday qoʻshimcha sarmoya;
ii) daromadlar, foizlar, dividendlar va boshqa joriy daromadlar;
iii) zayomlar puli toʻlanadigan summalar;
iv) litsenzion yoki boshqa toʻlovlar;
v) investitsiyalarning bir qismini yoki butunlay sotish yoxud tugatishdan kelgan tushumlar;
vi) investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq investitsiyalar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning jismoniy shaxslariga muntazam ravishda toʻlanadigan ish haqi;
vii) ushbu Shartnomaning moddalariga muvofiq joiz boʻlgan kompensatsiyalar va ushbu Shartnoma doirasidagi har qanday investitsion nizolar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa toʻlovlar.
2. Agar oʻzga tarzda kelishilmasa, pul oʻtkazish oʻsha sanada qoʻllanilayotgan ustun kurs boʻyicha erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq, ortiqcha kechiktirishsiz pul oʻtkazish deyilganda, shunday pul oʻtkazishni amalga oshirish uchun odatda talab qilinadigan muddat mobaynida oʻtkazilgan pul nazarda tutiladi. Bu muddat hech qanday holatda uch oydan ortmasligi shart.
4. Mazkur moddaning qoidalari, 1-, 2-, 3-bandlardan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligini qoʻllashning adolatli, nodiskriminatsion asosi shartlarida quyidagilarga taalluqli boʻlgan hollarda pul oʻtkazishni taqiqlashi mumkin:
i) bankrotlik yoki toʻlovlarga qurbi etmaslik;
ii) kreditorlar huquqini himoyalash;
iii) jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarlik.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning valyutasi va boshqa davlatlarning valyutasi, toʻlov hujjatlari, qimmatdor qogʻozlarni olib kelish va chetga olib chiqish investitsiyalar amalga oshirilgan joydagi valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tartibga solib boriladi.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoxud u vakolatli etib tayinlagan biror-bir institut oʻzining istalgan investoriga investitsiyalar munosabati bilan tuzilgan kafolat yoki sugʻurta shartnomasi doirasida toʻlovlarni amalga oshirsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon quyidagilarni tan olishi lozim:
i) investorga taalluqli boʻlgan har qanday huquqlar yoki talabnomalar, huquqlarni berish shu mamlakatdagi qonun asosida yoki shartnoma asosida amalga oshirilganligidan qatʼi nazar, birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning institutiga oʻtishini, shuningdek;
ii) investorning huquqlari topshirilgan Ahdlashuvchi Tomon yoki uni manfaatlarini ifodalovchi muassasa, bir vaqtning oʻzida investitsiyalar boʻyicha uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan holda, oʻz huquqlarini amalga oshirish va investorning daʼvolarini bildirish huquqiga ega boʻladi.
2. Topshirilgan huquqlar yoki talabnomalar investorning dastlabki huquqlari yoki talablari doirasidan chiqmaydi.
3. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori bilan boʻlgan nizoda tomon hisoblanuvchi Ahdlashuvchi Tomon, nizoni hal etish yoki unga doir qaror bajariladigan butun jarayon mobaynida oʻz immuniteti yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki uning institutlari beradigan kafolatlar koʻzda tugilmagan hamda koʻrilgan zarar yoki talofatlarni toʻlaligicha yoki qisman qoplovchi sugʻurta kontraktlari boʻyicha investor oladigan tovon toʻlovlarini himoya sifatida dalil keltirishi mumkin emas.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomon va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasida ana shu Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalar munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizoni hal etish maqsadida manfaatdor tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkaziladi.
2. Basharti, bir Ahdlashuvchi Tomon investori bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi nizo olti oy mobaynida bunday tarzda hal etilmasa, investor nizoni koʻrib chiqish uchun:
i) 1965 yil 18 martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan, Davlatlar va chet ellik shaxslar oʻrtasidagi investitsiyalarga oid nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarining qoʻllanishini hisobga olgan holda, Investitsiyalar bilan bogʻliq nizolarni hal etuvchi Xalqaro Markaz (INXXM)ga;
yoki
ii) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha Komissiyasining Arbitraj Reglamenti (YuNSITRAL)ga muvofiq arbitrga yoki «ad hos» Xalqaro Arbitraj sudiga topshirish huquqiga ega. Nizolashuvchi Tomonlar mazkur qoidalarni oʻzgartirish toʻgʻrisida yozma ravishda kelishib olishlari mumkin. Arbitraj sudining qarorlari har ikkala nizolashuvchi tomon uchun tugal va majburiy hisoblanadi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Shartnomani talqin qilish va qoʻllash xususida yuzaga keladigan nizolar diplomatik kanallar orqali, konsultatsiyalar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar nizo yuzaga kelgan sanadan boshlab olti oy mobaynida murosaga kelolmasa, mazkur moddaning qoidalariga binoan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga koʻra, nizo koʻrib chiqish uchun Arbitraj sudiga topshiriladi.
3. Har bir konkret ish uchun quyidagi tarzda alohida Arbitraj sudi tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri nizo arbitrajda koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi talabnomani olgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida bittadan arbitr tayinlaydi. Bu ikkala arbitr esa uchinchi tomon fuqarosini tanlaydi va u ikkala tomonning roziligiga koʻra sud raisi (bundan buyon — "Rais" deb yuritiladi) etib tayinlanadi. Rais har ikkala arbitr tayinlangan sanadan boshlab uch oy mobaynida tayinlanadi.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan istalgan muddat mobaynida arbitr tayinlanmasa, u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga binoan BMT Xalqaro Sudining Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Basharti, BMT Xalqaro Sudining Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sababga koʻra oʻz vazifalarini bajarolmasa, tayinlov Vitse-Prezident tomonidan amalga oshiriladi. Agar, Vitse-Prezident ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u ham belgilangan vazifalarni bajara olmasa, arbitr Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan, BMT Xalqaro Sudining eng yuqori lavozimli aʼzosi tomonidan tayinlanadi.
5. Arbitraj sudining qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Bunday qaror har bir Ahdlashuvchi Tomon uchun tugal va majburiy hisoblanadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻzi tayinlagan arbitrning faoliyati hamda Arbitraj sudi ishidagi oʻz ishtiroki bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni toʻlaydi. Sud raisining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlar, shuningdek oʻzga sarf-xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda toʻlaydilar. Arbitraj sudi boshqa barcha masalalar boʻyicha oʻz ish tartib-qoidalarini mustaqil ravishda belgilaydi.
10-modda
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni qoʻllash
Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarni qoʻllash
1. Agar biror-bir masala ushbu Shartnoma va har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ham qatnashchisi boʻlgan boshqa xalqaro bitimlar bilan bir vaqtda tartibga solingan yoki tartibga solinadigan boʻlsa, ushbu Shartnomaning hech qaysi qoidasi Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasiga yoki oʻz mulki hisoblanuvchi investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan uning birorta investoriga oʻzi uchun yanada manfaatliroq boʻlgan biror-bir huquqiy holatdan foydalanishga toʻsqinlik qilolmaydi.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻzining qonunchiligi yoki shartnomalarning boshqa maxsus qoidalariga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon investorlari uchun yaratadigan sharoitlari ushbu Shartnomaga binoan yaratiladigan sharoitlardan koʻra yanada qulayroq boʻlsa, eng qulay sharoitlar qoʻllaniladi.
11-modda
Mazkur Shartnomani qoʻllash
Mazkur Shartnomani qoʻllash
1. Ushbu Shartnomaning qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining ushbu Shartnoma kuchga kirgan sanadan boshlab boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan barcha investitsiyalariga, shuningdek ushbu Shartnoma kuchga kirgunga qadar uning qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Ushbu Shartnoma qoidalari u kuchga kirgan sanagacha yuzaga kelgan holatlarga doir nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
12-modda
Shartnomaning kuchga kirishi, amalda boʻlishi va harakatdan toʻxtatilishi
Shartnomaning kuchga kirishi, amalda boʻlishi va harakatdan toʻxtatilishi
1. Ushbu Shartnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning ushbu Shartnoma kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartibotlarini bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi bayonot olingan sanadan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
2. Ushbu Shartnoma oʻn yil mobaynida amalda joriy boʻladi, bu muddatdan soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali Shartnomaning joriy muddatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz maqsadlaridan yozma ravishda xabardor etgan kundan boshlab oʻn ikki oy oʻtgunga qadar oʻz kuchida qoladi.
3. Ushbu Shartnomaning avvalgi barcha moddalari qoidalari u harakatdan toʻxtatilgan kunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ushbu Shartnoma harakatdan toʻxtatilgan sanadan keyingi oʻn yil mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, lozim tarzda vakolatli etib tayinlangan quyida imzo chekuvchilar mazkur Shartnomani imzoladik.
Praga shahrida 1997-yil 15-yanvarda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, chex va rus tillarida tuzilgan. Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomaning rus tilidagi matniga amal qiladilar.
(imzolar)