O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2013 - 2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-iyuldagi 190-sonli “2014 — 2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
2013 — 2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasiga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarini) jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2013-yil uchun oldindan kelishilgan hamda donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlab chiqilayotgan beg‘araz texnik ko‘mak (grantlar) loyihalari ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq;
2013 — 2015-yillar uchun donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlab chiqilayotgan beg‘araz texnik ko‘mak (grantlar) loyihalari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq;
Donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish uchun taklif etilayotgan beg‘araz texnik ko‘mak (grantlar)ning eng ustuvor loyihalari ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Loyiha takliflarining belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida va har tomonlama ishlab chiqilishi, sifatli va samarali amalga oshirilishi, ularni amalga oshirishning boshlanishini ta’minlash uchun zarur tayyorgarlik tadbirlari olib borilishi, shuningdek beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘laridan (grantlardan) qat’iy maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ushbu qarorga 1, 2 va 3-ilovalarga* kiritilgan beg‘araz texnik ko‘mak (grantlar)ning boshqa oluvchilari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
*1, 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, xalqaro moliyaviy institutlardagi O‘zbekiston Respublikasidan boshqaruvchilar idoralari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ushbu qarorning 1-ilovasiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha hujjatlarning uzil-kesil kelishilishi, ma’qullanishi va rasmiylashtirilishiga oid zarur tartib-qoidalar bajarilishini ta’minlasinlar;
ushbu qarorning 2-ilovasiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etish yuzasidan donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlarni faollashtirsinlar;
ushbu qarorning 3-ilovasiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarni) jalb etish masalalarini donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan puxta ishlab chiqsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorning 1, 2 va 3-ilovalariga muvofiq ro‘yxatlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘larini (grantlarni) jalb etish jarayoni samarali muvofiqlashtirilishini ta’minlasin;
jalb etiladigan beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘laridan (grantlardan) maqsadli va samarali foydalanilishini belgilangan tartibda tizimli tekshirish ishlarini davom ettirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda, zaruriyat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 29-mart,
90-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-martdagi 90-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlari
ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasiga grantli beg‘araz texnik ko‘makni jalb etishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 20-oktabrdagi 275-son qarorining 5—7-bandlari, shuningdek qarorga 2 va 3-ilovalar.
2. Vazirlar Mahkamasining “2010-yilda O‘zbekiston Respublikasiga xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlarning beg‘araz texnik ko‘magini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2010-yil 9-martdagi 40-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “2012-yilda O‘zbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning beg‘araz texnik ko‘magini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 19-martdagi 75-son qarori.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 3-dekabrdagi 794-f-son farmoyishi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 14-son, 179-modda, 23-son, 306-modda, 40-son, 528-modda)