Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2010 YILDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIGA XALQARO MOLIYAVIY VA IQTISODIY INSTITUTLAR, DONOR MAMLAKATLARNING BEGʻARAZ TEXNIK KOʻMAGINI (GRANTLARINI) JALB ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-martdagi 90-sonli “2013 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasiga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun 2010-yilda xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlarning begʻaraz texnik koʻmagini (grantlarini) jalb etish ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Keyingi yillarda respublikada:
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun begʻaraz texnik koʻmakni (grantlar)ni puxta ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishni tashkil qilishning, shuningdek ajratiladigan grant mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun hisob va nazoratning yaxlit tizimi yaratilganligi;
grantlarni jalb etish, ulardan maqsadli va samarali foydalanish ishlari tizimli asosda tashabbus koʻrsatib va samarali olib borilganligi uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini ragʻbatlantirish mexanizmi shakllantirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlar bilan oldindan kelishilgan 2010-yil uchun begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalari roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlar bilan puxta ishlab chiqiladigan 2010-yil uchun begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
3. Xalqaro moliyaviy institutlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan boshqaruvchilar — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorga 1-ilovaga kiritilgan loyihalar boʻyicha hujjatlar uzil-kesil kelishilishi, maʼqullanishi va rasmiylashtirilishi boʻyicha zarur tartib-qoidalar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, 2-ilovaga kiritilgan loyihalar tashabbuskori boʻlgan vazirliklar va idoralar tegishli loyihalar moliyalashtirilishi bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etish yuzasidan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlar bilan olib boriladigan ishlarni faollashtirsinlar.
5. 1 va 2-ilovalarga kiritilgan vazirliklar va idoralarning rahbarlariga loyiha takliflari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, ushbu qaror bilan tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirishni boshlashni taʼminlash boʻyicha zarur tayyorgarlik tadbirlari oʻtkazilishi, shuningdek loyihalar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliyaviy institutlar, tashkilotlar va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha idoralararo kengash (R.S.Azimov):
respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohaga begʻaraz texnik koʻmak (grantlar)ni jalb etish boʻyicha xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlar bilan ish olib borishni, respublika vazirliklari, idoralari, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlari ulardan maqsadli va samarali foydalanishini muntazam koʻrib chiqishni kuchaytirsin;
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-oktabrdagi 275-son qaroriga muvofiq grantlarni jalb etish, ulardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan olib borilayotgan ishlar uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratsin;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar, donor mamlakatlar bilan oldindan kelishilgan va puxta ishlab chiqiladigan Begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalari roʻyxatini vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlarning takliflari hisobga olingan holda har yili ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1 va 2-ilovalarga kiritilgan begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalarini puxta ishlab chiqish va ularni amalga oshirish jarayoni samarali muvofiqlashtirilishini, shuningdek grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli nazoratni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda, zaruriyat boʻlganda, 2-ilovaga kiritilgan loyihalar roʻyxatlari va parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishga ruxsat berilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-mart,
40-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 10 -11-son, 74-modda)