OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN POKISTON ISLOM RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
OʻSIMLIKLAR KARANTINI SOHASIDA HAMKORLIK QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, keyinchalik Tomonlar deb ataluvchilar, ikki mamlakat oʻrtasida mavjud doʻstona munosabatlarni tasdiqlab, oʻsimliklar karantini sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va davlat karantin tadbirlarini muvofiqlashtirish, oʻsimliklar karantini sohasida ikki tomonlama hamkorlikni koʻllab-quvvatlash va oʻsimliklar karantini xizmati nazorati ostidagi urugʻlik, koʻchat va boshqa oʻsimlik mahsulotlari bilan savdo qilish hamda ayirboshlashni amalga oshirishda karantin obyektlarining davlatlar hududlariga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni takomillashtirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-modda.
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirishda quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari etib tayinlanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan: Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Oʻsimliklar karantini Bosh davlat inspeksiyasi.
Pokiston Islom Respublikasi tomonidan: Oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik vazirligi.
2-modda.
Ushbu Bitimda foydalaniladigan terminlar quyidagi maʼnoni bildiradi:
karantin obyektlari — davlatlar hududida boʻlmagan yoki cheklangan ravishda tarqalgan, oʻsimliklarga yoki oʻsimlik mahsulotlariga qattiq zarar yetkazishi mumkin boʻlgan zararkunanda, oʻsimlik kasalligi qoʻzgʻatuvchilar va begona oʻtlar turlari;
entomofaglar — hasharotlar bilan oziqlanuvchi organizmlar;
feromonlar — hasharotlar ishlab chiqarib boshqa jinsdagilariga taʼsir etishi uchun atrof - muhitga tarqatadigan biologik aktiv moddalar;
biopreparatlar — mikroorganizmlardan yoki ular yashash jarayonida ishlab chiqaradigan mahsulotdan tayyorlanadigan zararkunandalar va hasharotlarga qarshi kurashishda ishlatiladigan biologik preparatlar;
karantin ostidagi yuklar — ular yoki ular yordamida karantin obyektlari tarqalishi mumkin boʻlgan barcha materiallar (urugʻlar, koʻchatlar, oʻsimliklar va ularning boʻlaklari, boshqa har qanday oʻsimlik mahsulotlari).
3-modda.
Ushbu Bitim tushunchasi doirasida karantin hasharotlari hududda mavjud boʻlmagan yoki kam tarqalgan karantin organizmlari hisoblanadi va ular rasmiy nazorat ostida boʻladi.
Tomonlar vakolatli organlari oʻzlarining roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ushbu oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar vakolatli organlar tomonidan boshqa Tomonning vakolatli organlariga diplomatik kanallar orqali maʼlum qilingandan soʻng 60 kundan keyin kuchga kiradi, shuningdek Tomonlar Xalqaro fitosanitariya portali orqali ham maʼlum qilishlari mumkin.
4-modda.
Oʻsimlik karantini sohasidagi hamkorlikni muvaffaqiyatli amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Tomonlar quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmalariga oladilar:
import-eksport va tranzit vaqtida bir Tomondan ikkinchi Tomon hududiga karantin obyektlarining oʻtib, tarqalib ketishining oldini oluvchi barcha kerakli choralarni koʻrish;
Tomonlar hududlarida karantin organizmlarining paydo boʻlishi va tarqalishi hamda ular bilan kurashish usullari haqida yozma axborotlar bilan almashib turish;
karantin ostidagi materiallarni import, eksport va tranzit qilishda tartibga soladigan fitosanitar qoidalariga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilganda axborotlar bilan almashib turish;
karantin obyektlari oʻchoqlarini aniqlash, ular tarqalishining oldini olish va tugatishda oʻzaro ilmiy, texnikaviy va maslahat yordam tadbirlarini koʻrsatish;
oʻsimliklar karantini sohasidagi muammolarni tahlil etish, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot izlanishlaridagi yutuqlarni oʻrganish, chegara punktlarida oʻsimliklar karantini masalalarini tezkor hal etish;
Tomonlar karantin ostidagi materiallarni ishlab chiqarilgan davlat hududidagi joylarda karantin nazoratidan oʻtkazishida oʻzaro mutaxassislar hamkorligini tashkil etish;
oʻsimliklar karantini sohasida favqulodda hodisalar roʻy bergan holatlarda birgalikda favqulodda choralarni amalga oshirish uchun oʻsimliklar karantini mutaxassislaridan iborat ekspeditsiyalarni xizmat safariga joʻnatish.
5-modda.
Tomonlarning vakolatli organlari har yili erta bahorda karantin organizmlarini paydo boʻlishi toʻgʻrisida axborotlar hamda entomofaglar, biopreparatlar, feromonlar va boshqa karantin obyektlariga qarshi kurashadigan moddalar bilan almashadilar.
6-modda.
Bir Tomon hududidan ikkinchi Tomon hududiga karantin ostidagi yuklarni import, eksport va tranzit qilinishida, ularni qaysi chegara punkti orqali oʻtkazilishi import qilayotgan Tomonning vakolatli organi tomonidan belgilanadi.
7-modda.
Tomonlar karantin ostidagi yuklarni eksport qilishda qogʻoz, plastik va boshqa oʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlanmagan materiallardan qadoqlashda foydalanishni kelishdilar.
Karantin ostidagi yuklarni transport vositasiga ortish oldidan eksport qiluvchi Tomon transport vositalarini yaxshilab tozalanishini va kerak boʻlgan taqdirda esa zararsizlantirilishini taʼminlashi shart.
8-modda.
Bir davlat Tomonidan ikkinchi davlat Tomoni hududiga (yoki uning hududi orqali eksport qilinayotgan karantin ostidagi yuklarning har bir partiyasi uchun eksport qilayotgan davlat oʻsimliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati bilan taʼminlangan boʻlishi va unda ushbu yukda import qilayotgan davlat Tomoni uchun karantin organizmlarining yoʻqligi tasdiqlangan boʻlishi kerak. Fitosanitar sertifikati ikki tilda rasmiylashtirilgan boʻlib, biri eksport qilinayotgan Tomonning davlat tili va ikkinchisi ingliz tilida yozilgan boʻlishi lozim. Lozim boʻlgan vaqtda qayta eksport fitosanitar sertifikati talab qilinadi.
Karantin ostidagi yuklar import qilayotgan Tomon (yoki uning hududi orqali) kiritilishi va tranzit qilinishi import qiluvchi Tomonning oʻsimliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan import karantin ruxsatnomasida koʻrsatilgan shartlar asosida amalga oshiriladi.
Tomonlarning vakolatli organlari belgilangan karantin ostidagi yuklarni import yoki tranzit qilinishida ularning fitosanitar holatiga qarab, qoʻshimcha shartlar va talablar qoʻyish huquqiga ega.
9-modda.
Karantin ostidagi yuklar import qiluvchi davlatning vakolatli organlari tomonidan fitosanitar nazoratidan oʻtkazilib, unda karantin organizmlari mavjudligi aniqlangan holda, ushbu mahsulotlarni eksport qilgan davlat Tomoniga qaytarilishi yoki zararsizlantirilishi, zararsizlantirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, ushbu davlatning fitosanitar qoidalari asosida yoʻq qilib tashlash huquqiga ega.
Import qiluvchi davlatning vakolatli organlari koʻrilgan choralar haqidagi axborotni ikkinchi Tomonining vakolatli organlariga yozma ravishda yuboradilar.
10-modda.
Tomonlar vakolatli organlari zaruriyat tugʻilganda bir-birlariga oʻsimliklar karantini sohalarida ilmiy, texnikaviy va boshqa yordamlar koʻrsatadilar.
11-modda.
Tomonlar ushbu Bitimning ijrosini taʼminlashda kelib chiqqan muammolarni hal etish, echish choralarini belgilash, oʻsimliklar karantini sohasida maslahatlar, tajriba va axborotlar almashinuvini tashkil qilish boʻyicha, Bitim qatnashuvchilarining davlat vakolatli organlari tomonidan zaruriyat tugʻilganda, yoki bir yilda kamida bir marta maslahat kengashlar oʻtkazadilar. Tomonlar vakolatli organlari kengashlarning oʻtkazilish vaqti, joyi va dasturini oʻzaro kelishuv asosida belgilaydilar.
Kengashlarni tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan, yashash va turar joy xarajatlari qabul qilayotgan Tomon hisobidan qoplanadi. Bir davlatdan ikkinchi davlatga borish-kelish uchun yoʻl xarajatlari yuborayotgan davlat tomonidan qoplanadi.
12-modda.
Ushbu Bitimning ijrosini taʼminlashda yuzaga keladigan bahslar ikki Tomon vakolatli organlarining oʻzaro kelishuvi asosida maslahat va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi. Agarda bahslar maslahat va muzokaralar orqali hal etilmasa, diplomatik kanallar orqali hal etish choralari koʻriladi.
13-modda.
Tomonlar oʻzaro yozma kelishuvlar asosida ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblangan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishlari mumkin.
Mazkur bayonnomalar ushbu Bitimning 15-moddasida belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.
14-modda.
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
15-modda.
Ushbu Bitim Tomonlarning zarur oʻrnatilgan davlat ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnomani diplomatik kanallar orqali olgandan boshlab 30 (oʻttiz) kundan soʻng kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuzilgan boʻlib, Tomonlarning birontasi shu davr tugashidan olti oy oldin boshqa Tomonni Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etmasa, Bitim avtomatik ravishda yana besh yil muddatga choʻziladi.
Bitim 2006-yil 2-mayda Islomobod shahrida ikki asl nusxada, oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil autentikdir. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)