O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MUASSASALARI XODIMLARI MEHNATIGA HAQ TO‘LAShNING TAKOMILLAShTIRILGAN TIZIMINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA” 2008 YIL 1 AVGUSTDAGI 165-SON QARORIGA O‘ZGARTIRIShLAR VA QO‘ShIMChA KIRITISh HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 28-maydagi PQ-1761-son qarorining 8-bandini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida” 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 41-modda) ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin hamda ular 2012-yil 1-sentabrdan boshlab amalga kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012/2013 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari oshirilishi munosabati bilan qo‘shimcha xarajatlarning “Ta’lim” sohasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishini ta’minlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 19-iyul,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 224-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida” 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. 1-ilovaga quyidagi mazmundagi izoh qo‘shilsin:
“Izoh. Kasb-hunar kollejlarining birinchi malaka toifasiga, ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va malaka toifasiga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishli ravishda kasb-hunar kollejlarining katta o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi va o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi”.
2. 2-ilovada:
3-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
izoh chiqarib tashlansin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 29-son, 338-modda)