Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Huquqiy sohada hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar
ikki davlat oʻrtasida turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib,
doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashni istab,
huquqiy sohada oʻzaro tajriba almashish va har ikki davlat qonunchiligi toʻgʻrisida xabardor qilishni yaxshilash boʻyicha aloqalarni rivojlantirish zarur ekanini anglagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-modda
Tomonlar tajriba va Tomonlar davlatlarining eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjatlarini almashish yoʻli bilan hamkorlikni amalga oshiradilar.
2-modda
1. Quyidagilar mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Tomonlarning vakolatli idoralari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
Qatar Davlati tomonidan — Qatar Davlati Adliya vazirligi.
2. Vakolatli idoralarning nomlari yoki vazifalari oʻzgarsa, Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻz vaqtida xabardor qilinadilar.
3-modda
Tomonlar har ikki davlat qonun hujjatlari hamda ularni qoʻllash bilan bogʻliq turli muammolar va masalalar boʻyicha simpoziumlar, konferensiyalar va qoʻshma kurslarni tashkil qilish va oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar oʻzlari tashkil qilishni rejalashtirgan simpoziumlar va ilmiy konferensiyalar hamda ularda ishtirok etish uchun tegishli taklifnoma yuborish toʻgʻrisida bir-birini oʻz vaqtida xabardor qiladilar. Har bir Tomon, shuningdek boshqa Tomonni koʻrsatib oʻtilgan tadbirlar davomida qabul qilingan zarur xulosalar va tavsiyalar bilan taʼminlaydi.
4-modda
Tomonlar har ikki davlat qonun hujjatlari va vakolatli idoralari faoliyati bilan bogʻliq byulletenlar, yuridik jurnallar va nashrlar bilan muntazam asosda almashib turadilar.
5-modda
Tomonlar oʻzlarining vakolatli organlari faoliyati va vazifalari bilan tanishish maqsadida oʻzaro delegatsiyalar yuboradilar va tashriflarni amalga oshiradilar.
6-modda
Tomonlar yuristlar malakasini oshirish sohasida oʻzaro ekspertlar almashish va Tomonlardan har biri tashkil qiladigan kurslar va seminarlarda ishtirok etish yoʻli bilan hamkorlik qiladilar.
7-modda
Tomonlar mazkur hamkorlikni quyidagi moliyaviy shartlar asosida amalga oshirilishini belgilaydilar: Tomonlardan birining hududida boʻlish (joylashish, ovqatlanish, tibbiy xizmat, zarur boʻlganda tarjimon xizmati, shuningdek kelishilgan dastur boʻyicha madaniy tadbirlar) xarajatlari davlatda boʻlish boʻyicha kelishilgan muddatda qabul qiluvchi Tomon tarafidan toʻlanadi.
Joʻnatuvchi tomon tadbirlarni oʻtkazish joyigacha borish va orqaga qaytish boʻyicha xarajatlarni toʻlaydi. Delegatsiya yoki ekspertlarning va boshqa shaxslarning boshqa Tomon davlatida har bir alohida holatda kelishilganidan ortiq muddatda boʻlishi boʻyicha xarajatlar tomonlar oʻrtasida oldindan kelishiladi.
Tomonlar, agar bu oldindan yozma shaklda kelishilmagan boʻlsa, boshqa Tomon vakillarini qabul qilish boʻyicha xarajatlar qilmaydi.
8-modda
Tomonlar maʼlumot almashishda ingliz tilidan yoki, oʻzaro kelishuv boʻyicha, boshqa tillardan foydalanadilar. Shoshilinch xabarlar va materiallarni uzatish uchun elektron, faksimil va boshqa aloqa vositalaridan foydalanishlari mumkin.
9-modda
Huquqiy maʼlumot almashish Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning ular ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizo va ixtiloflar Tomonlar tarafidan maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
12-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha mazkur Bitimga alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va uning 13-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlardan birining boshqasidan ushbu Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olgan kundan boshlab kuchga kiradi va istalgan Tomon tarafidan bekor qilinmaguncha oʻz kuchida qoladi.
2010-yil 24-noyabrda Doxa shahrida har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda ixtiloflar kelib chiqsa, ingliz tilidagi matn ustuvor boʻladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)