Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2011 YIL 21 APRELDAGI “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA”GI QONUNI QABUL QILINGANLIGI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XOʻJALIK PROTSESSUAL KODEKSINI QOʻLLAShNING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 21-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan hamda xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) normalari toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, birinchi instansiya sudida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirgan kundan, yaʼni 2011-yil 22-apreldan boshlab kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi talablar sud buyrugʻi tartibida koʻrib chiqilishi mumkin, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar esa XPK 203-bobining normalari asosida koʻrib chiqilishi kerak.
2011-yil 22-apreldan boshlab XPK 167-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir choralarini, shu jumladan moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudiga tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
2. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni XPK 103-moddasining 11-bandiga asosan undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi berish uchun quyidagi shartlar mavjud boʻlishi kerak:
1) talabning nizosizligi;
2) qarzdorlikning mavjudligi;
3) qarzdorlikning tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish natijasida vujudga kelganligi.
3. Sudlar XPK 103-moddasining 11-bandi va 2-bandida nazarda tutilgan talablarni koʻrib chiqishning xususiyatlarini farqlashlari lozim. XPK 103-moddasining 11-bandiga muvofiq, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari uchun vujudga kelgan debitorlik qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi talablar koʻriladi, bunda qarzdorning qarzni tan olishi talab etilmaydi. XPK 103-moddasining 2-bandiga muvofiq, yetkazib berilgan mahsulotlar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan debitorlik qarzni undirish toʻgʻrisidagi talablar koʻriladi, bunda qarzdorning qarzni hujjatlar asosida tan olishi talab etiladi.
4. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari uchun toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan maxsus qoidalar, xususan, “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”, “Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari”, “Tabiiy gaz isteʼmolchilari va gaz bilan taʼminlovchi tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisidagi nizom”, “Umumiy foydalanish telekommunikatsiya tarmogʻida telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish qoidalari” va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Shuningdek, elektr energiyasi boʻyicha toʻlovlarni undirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-noyabrdagi “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 511-sonli qarorida hamda XPK 103-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan tartibda ham amalga oshirilishi mumkin.
Shu munosabat bilan kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish uchun sud buyrugʻi berish haqidagi arizalarni koʻrib chiqishda sudlar qayd etilgan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qatʼiy rioya qilishlari lozim.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 133-moddasining birinchi qismiga muvofiq, kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar sovuq va issiq suv taʼminoti, suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya), elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, isitish (issiqlik taʼminoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun toʻlanadigan toʻlovlardan iboratdir.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Shuning uchun sudlar sud buyrugʻi berish haqidagi arizalarni koʻrib chiqishda talabning xususiyatlariga eʼtibor berib, undirilishi lozim boʻlgan qarz kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzdorlik hisoblanishi yoki hisoblanmasligiga baho berishlari kerak.
6. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha qarzdorlikni undirish uchun sud buyrugʻi berish haqidagi arizaga qarzdorlik tan olinganligini tasdiqlovchi hujjatning ilova qilinmaganligi arizani qabul qilishni rad etish uchun asos boʻlmaydi. Shu bilan birga kreditor ushbu qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim etishi shart.
Kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlar boʻlib abonent (qarzdor) bilan tuzilgan shartnomaning koʻchirma nusxasi, qarzdorlikning hisob-kitobi, xizmat koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (hisob-faktura, hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, toʻlov talabnomasi va boshqalar) hisoblanadi.
Kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan holda, XPK 107-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan sud buyrugʻi berish haqidagi arizani qabul qilish rad etiladi.
7. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan shaxsdan undirish haqidagi talab faqat uning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qismiga nisbatan qoʻyilishi mumkin. Agar koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yakka tartibdagi tadbirkorning ham shaxsiy ehtiyoji, ham tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlsa, bunday qarzdorlikni undirish haqidagi talab umumiy yurisdiksiya sudiga taalluqli boʻlganligi sababli, bu holat arizani qabul qilishni rad qilish uchun asos boʻladi.
8. “Aloqa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2-moddasining birinchi qismiga koʻra aloqa sohasidagi munosabatlarning obyektlari pochta joʻnatmalarini qabul qilib olish, tashish va koʻrsatilgan joyga yetkazib berish vositalarining yigʻindisi boʻlgan pochta aloqasi tarmoqlaridan hamda bir yoki bir nechta uzatish turlarini: telefon, telegraf, faksimil uzatishlarni, hujjatli xabarlarning boshqa turlari maʼlumotlarini uzatishni, televideniye va radioeshittirish dasturlarini translatsiya qilishni taʼminlovchi telekommunikatsiyalar vositalari yigʻindisi boʻlgan telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan iborat.
Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, aloqa xizmatlari uchun toʻlovlarni undirish haqidagi arizalar, agar koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha qarzdorlik summasi hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari bilan aniqlansa, sud buyrugʻi tartibida koʻrib chiqilishi mumkin. Xususan, umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmogʻi orqali telefon aloqasi, uyali telefon aloqasi va Internet xizmatlari uchun qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi arizalar sud buyrugʻi tartibida koʻrib chiqiladi.
9. Pochta aloqasi xizmati koʻrsatilganligi uchun qarzdorlikni undirish haqidagi talab sudga qarzdorlikni tasdiqlovchi dalillar taqdim etilgan hollardagina sud buyrugʻi tartibida koʻrib chiqiladi.
10. Kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish haqidagi arizada neustoyka yoki zararni undirish toʻgʻrisida talab qoʻyilishi mumkin emas. Bunday talablar qoʻyilgan taqdirda XPK 107-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qabul qilish rad etiladi.
11. Kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovlari boʻyicha qarzdorlikni undirish haqidagi daʼvo arizalari, ushbu toʻlovlar sud buyrugʻi berish yoʻli bilan undirilishi lozimligi haqidagi asos bilan qaytarilishi mumkin emas. Bunday qarzdorlikni undirish haqidagi daʼvo arizalari XPKda belgilangan umumiy qoidalar asosida koʻrib chiqiladi.
12. XPKning 15511-moddasiga muvofiq, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida arizalar bilan xoʻjalik sudlariga nazorat qiluvchi organlar murojaat qilishga haqli.
Pul mablagʻlarini soʻzsiz tartibda undirish huquqiga ega boʻlmagan nazorat qiluvchi organ moliyaviy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi talab bilan bir vaqtda uni undirish toʻgʻrisidagi talabni ham qoʻyishi mumkin.
Sudlar nazarda tutishlari kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish ushbu litsenziyalovchi organlar tomonidan sudga murojaat qilinmasdan amalga oshiriladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilingan holda sudlar XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda arizani qabul qilishni rad etishi, agar bu holat ariza ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlangan boʻlsa — XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan ish yuritishni tugatishi lozim.
13. Sudlar faoliyatni tugatish tarzidagi huquqiy taʼsir chorasini yuridik shaxsni tugatishdan farqlashlari lozim:
faoliyatni tugatish xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan u moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaganligi sababli qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasi hisoblanadi, oʻz navbatida yuridik shaxsni tugatish esa ruxsatsiz (litsenziyasiz) faoliyatni yoki qonun bilan taqiqlangan faoliyatni amalga oshirganligi yoxud moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ustav fondini shakllantirmaganligi, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar oqibati hisoblanadi;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
faoliyatni tugatish toʻgʻrisidagi talab maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi va ish nazorat qiluvchi organning arizasiga asosan koʻrib chiqiladi, yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi talab esa fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi va ish daʼvo tartibida koʻrib chiqiladi;
faoliyat tugatilganda xoʻjalik yurituvchi subyekt sudning qarori bilan tugatilgandan boshqa faoliyatni amalga oshirishi mumkin, yuridik shaxs tugatilganda esa uning faoliyati toʻliq tugatiladi.
14. Sudlarga tushuntirilsinki, faoliyatni tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish mustaqil huquqiy taʼsir choralari hisoblanadi hamda har biri alohida qoʻllaniladi. Ammo, atrof-muhitga zarar yetkazayotgan tadbirkorlik subyektlari hisoblangan mahalliy ahamiyatga molik obyektlarga nisbatan faoliyatni tugatish va qayta ixtisoslashtirish tarzidagi huquqiy taʼsir choralari ayni bir vaqtda qoʻllaniladi va alohida qoʻllanilishi mumkin emas.
15. Faoliyatni taqiqlash huquqiy taʼsir chorasi boʻlib, u qoʻllanilganda xoʻjalik yurituvchi subyektga muayyan faoliyat turini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Faoliyatni toʻxtatib turish tarzidagi huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilganda xoʻjalik yurituvchi subyektga u yoki bu faoliyat turi bilan muayyan muddat davomida yoki biror hodisa roʻy bergunga qadar (huquqbuzarliklarni bartaraf etish va hokazolar) shugʻullanish taqiqlanadi.
17. Faoliyatni qayta ixtisoslashtirish tarzidagi huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilganda xoʻjalik yurituvchi subyektga boshqa mahsulot ishlab chiqarishga (ish bajarish, xizmat koʻrsatishga) ixtisoslashgan faoliyatni amalga oshirishga oʻtish majburiyati yuklatiladi.
18. Faoliyatni cheklash huquqiy taʼsir chorasi boʻlib, u qoʻllanilganda xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati sud tomonidan belgilangan doira (chegara)dan chiqmasligi kerak.
19. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, XPK 15513-moddasining birinchi qismida qayd etilgan huquqiy taʼsir choralarining roʻyxati tugal hisoblanmaydi.
Koʻrsatilgan moddaning ikkinchi qismiga binoan xoʻjalik sudi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqiy taʼsir choralarini ham qoʻllashi mumkin.
20. Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar XPKda nazarda tutilgan qoidalar asosida, 203-bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda koʻrib chiqiladi. Mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari protsessual muddatlarning qisqartirilganligi, isbotlash majburiyatining nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatilganligi, javobgarni sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilish majburiyati arizachiga yuklatilishi mumkinligi va boshqalardan iborat.
21. XPKning 15514-moddasida huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuniga qoʻyilgan muayyan talablar nazarda tutilgan boʻlib, ularga amal qilmaslik, shuningdek XPKning 15515-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilmaslik XPK 118-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra arizani qaytarish uchun asos boʻladi.
22. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida XPK 124-moddasining birinchi qismiga muvofiq sudning ajrimi orqali xabardor qilinadi. Sudning ajrimi topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboriladi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud ular sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 271-sonli qarori tahririda)
Shu bilan birga, sud arizachining zimmasiga javobgarni sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilish majburiyatini yuklashga haqli. Bunda sudning ajrimi arizachiga ikki nusxada topshiriladi. Arizachi ajrimning bir nusxasini javobgarga tilxat orqali topshiradi. Arizachi sud ajrimining nusxasi javobgarga topshirilganligini tasdiqlovchi dalilni ilova qilgan holda kuzatuv xatini ish koʻrib chiqiladigan kungacha yetib borishini taʼminlaydigan muddatda xoʻjalik sudiga yuboradi yoki sud majlisida sudga taqdim etadi.
Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi, agar sud ularning kelishini majburiy deb topmagan boʻlsa, ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
XPK 15516-moddasining ikkinchi qismi mazmunidan koʻrinishicha, protsessning boshqa ishtirokchilari (ekspert, guvoh, tarjimon) sudning ajrimi bilan, zarur hollarda XPK 124-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq chaqiruv qogʻozlari, telegramma, faks, teletayp va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.
23. XPK 15517-moddasining birinchi qismiga muvofiq: faoliyatni tugatish; atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta. ixtisoslashtirish; faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash; banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish; tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish haqidagi ishlar ishni sudda koʻrishga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak.
Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar ariza xoʻjalik sudiga kelib tushganidan keyin kamida bir oydan soʻng koʻriladi. Bunda XPK 125-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddat buzilmasligi lozim.
24. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish muddatiga XPK 122-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan besh kunlik muddat kirmaydi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qarori tahririda)
25. XPK 125-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan ishni koʻrib chiqish muddatini uzaytirish haqidagi qoida huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda ham tatbiq etiladi.
26. XPK 15517-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda xoʻjalik sudi sud majlisida: huquqbuzarlik hodisasi boʻlgan-boʻlmaganligini va uning sodir etilganligi faktini; tekshirish uchun va tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma yoki boshqa hujjat tuzish uchun asoslar va nazorat qiluvchi organning vakolatlari bor-yoʻqligini; mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan-tutilmaganligini va huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi.
XPK 15517-moddasining uchinchi qismiga muvofiq moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda xoʻjalik sudi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari moliyaviy jazo choralari summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligini ham tekshiradi.
27. Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqanligi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati ustidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish huquqi berilgan davlat organlari arizachi boʻlganligi sababli mazkur ishlar boʻyicha kelishuv bitimi tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. XPK 55-moddasining birinchi qismiga muvofiq, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻlgan holatlarni isbotlash majburiyati nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatiladi.
Agar nazorat qiluvchi organ huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻlgan holatlarni isbotlay olmasa, arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etiladi.
29. XPK 15518-moddasining birinchi qismiga muvofiq, huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori xoʻjalik sudi tomonidan XPKning 18-bobida belgilangan qoidalar asosida qabul qilinadi.
Ish mazmunan koʻrib chiqilganda uning natijalari boʻyicha xoʻjalik sudi huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirish (toʻliq, qisman) yoki arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
30. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arz qilingan talab qanoatlantirilgan taqdirda, xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining xulosa qismida huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan shaxsning nomi, huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar, qoʻllanilgan huquqiy taʼsir chorasining turi koʻrsatilishi kerak.
30.1. Faoliyatni tugatish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida tugatilayotgan faoliyat turi koʻrsatilishi kerak.
30.2. Atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyekt faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida faoliyati tugatilayotgan va (yoki) qayta ixtisoslashtirilayotgan obyektning nomi koʻrsatilishi kerak.
30.3. Faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida: cheklanadigan, toʻxtatib turiladigan va taqiqlanadigan faoliyatning turi va muddati; faoliyat qanday shartlar bajarilguniga qadar cheklanayotganligi, toʻxtatib turilayotganligi va taqiqlanayotganligi koʻrsatilishi kerak.
30.4. Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar qanday shartlar bajarilguniga qadar toʻxtatib qoʻyilganligi koʻrsatilishi kerak.
30.5. Moliyaviy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida qoʻllanilgan moliyaviy jazo chorasining turi va uning miqdori, zimmasiga moliyaviy jazo chorasi summasini undirish yuklatilgan nazorat qiluvchi organning nomi koʻrsatilishi kerak.
Sudlarga tushuntirilsinki, pul mablagʻlarini soʻzsiz tartibda undirish huquqiga ega boʻlmagan nazorat qiluvchi organ moliyaviy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arz qilingan talab bilan birga uni undirish toʻgʻrisidagi talabni ham qoʻygan boʻlib, ushbu talablar qanoatlantirilgan taqdirda hal qiluv qarorining xulosa qismi qoʻllanilgan moliyaviy jazo chorasi, uning miqdori va ushbu summaning undirilishiga oid koʻrsatmani oʻz ichiga olishi kerak.
30.6. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida: litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishi toʻxtatib turilgan muddat; amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki tugatilgan litsenziyaning (ruxsatnomaning), shuningdek bekor qilingan litsenziyaning (ruxsatnomaning) nomi, raqami, berilgan sanasi va boshqa rekvizitlari; litsenziyani (ruxsatnomani) bergan organ toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 23-moddasining toʻrtinchi, beshinchi qismlariga muvofiq, xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining xulosa qismida javobgarga ushbu hal qiluv qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziyani (ruxsatnomani) litsenziyalovchi organga qaytarish majburiyatini, litsenziyalovchi organga litsenziyani (ruxsatnomani) yoʻq qilish, litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish majburiyatini yuklashi kerak.
30.7. Hal qiluv qarorining xulosa qismida koʻrsatilgan shartlar bajarilganidan keyin banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha toʻxtatib turilgan operatsiyalarni tiklash, litsenziyaning amal qilishini tiklash, shuningdek cheklangan, toʻxtatib turilgan va taqiqlangan faoliyatni tiklash tegishli nazorat qiluvchi organning qarori asosida amalga oshiriladi. Agar banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni tiklashga, litsenziyaning amal qilishini tiklashga yoki faoliyatni tiklashga ruxsat berilmagan boʻlsa, nazorat qiluvchi organning qarori va (yoki) uning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi mansabdor shaxsga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
31. XPK 15518-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellatsiya shikoyati (protesti) berilmagan boʻlsa, u qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.
XPK 15518-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, apellatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, agar sud qoʻllanilgan huquqiy taʼsir chorasi amal qilishining boshlanish muddatini koʻrsatmagan boʻlsa, uning amal qilishi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlanadi.
32. XPK 15518-moddasining oltinchi qismiga muvofiq, xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin uch ish kuni ichida xoʻjalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ushbu shaxslarning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, hal qiluv qarori axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 271-sonli qarori tahririda)
33. XPK 158-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida beriladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat iltimosnoma asosida tiklanishi mumkin.
34. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 31-bandiga koʻra huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha arizachi va javobgar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.
(34-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(34-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
35. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arz qilingan talab boʻyicha ijro varaqasi berilmaydi, moliyaviy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi talab bilan birga uni undirish toʻgʻrisidagi talab ham qoʻyilgan holat bundan mustasno. Bunday holatda qoʻllanilgan moliyaviy jazo chorasi summasini undirish uchun ijro varaqasi beriladi.
Oliy xoʻjalik sudi raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, sudya I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-iyun,
229-son