Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ER QAʼRINI GEOLOGIK JIHATDAN OʻRGANISh, UNDAN FOYDALANISh VA UNI MUHOFAZA QILISh USTIDAN DAVLAT NAZORATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-dekabrdagi 983-sonli “Yer qaʼrini geologik oʻrganish, foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi boshqaruv va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 28-iyul,
220-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-iyuldagi 220-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son qaroriga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiq yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek ushbu sohada davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi deb ataladi), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi deb ataladi) hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar hisoblanadi.
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati:
yer qaʼri muhofaza qilinishi, undan foydalanish va chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan ekologik nazorat qilish yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi;
yer qaʼrini geologik oʻrganishda, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, foydali qazilmalarni kavlab olish, mineral xomashyoni qayta ishlash, shuningdek konchilik ishlarini geologik-marksheyderlik jihatidan taʼminlash sohasida qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlar talablariga rioya qilish ustidan nazorat qilish yuzasidan — “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi;
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalar shartlariga, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, geologik va mineralogik obyektlarni muhofaza qilish boʻyicha ishlarni loyihalashtirish va yuritish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarga rioya qilish ustidan nazorat qilish yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi;
yer qaʼridan foydalanish uchun yer uchastkalari berishda yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat qilish, yer qaʼridan oʻzboshimchalik bilan foydalanishga, foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda asossiz ravishda va oʻzboshimchalik bilan imorat qurishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar oʻz funksiyalarini ushbu Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradilar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari raislari hamda ularning mutasaddilik qilinadigan yoʻnalishlar boʻyicha oʻrinbosarlari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining yer qaʼrini, yer va suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining Tabiatni muhofaza qilish bosh davlat inspektorining oʻrinbosari hisoblanadi hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining yer qaʼrini, yer va suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari va bosh mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha katta davlat inspektorlari hisoblanadilar hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalarining yer qaʼrini, yer va suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish inspeksiyalari boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari bosh davlat inspektorlarining oʻrinbosarlari hisoblanadilar hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalarining yer qaʼrini, yer va suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish inspeksiyalarining bosh va yetakchi mutaxassislari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalarining katta davlat inspektorlari hisoblanadilar hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
Tabiatni muhofaza qilish boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar qoʻmitalari (inspeksiyalar) boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalarining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha katta davlat inspektorlari hisoblanadilar hamda tegishli hududlarda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
Tumanlararo, tuman, shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalari (inspeksiyalar)ning bosh va yetakchi mutaxassislari, 1 va 2-toifali mutaxassislari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qoʻmitalarining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha davlat inspektorlari hisoblanadilar hamda yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradilar.
5. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining koʻmir, kon-ruda va noruda sanoatini nazorat qilish hamda geologiya-marksheyderlik nazorati tarmoq inspeksiyasi boshligʻi kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
Koʻmir, kon-ruda va noruda sanoatini nazorat qilish hamda geologiya-marksheyderlik nazorati tarmoq inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosari kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi bosh davlat inspektorining oʻrinbosari hisoblanadi.
Koʻmir, kon-ruda va noruda sanoatini nazorat qilish hamda geologiya-marksheyderlik nazorati tarmoq inspeksiyasining mutaxassislari kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining davlat inspektorlari hisoblanadilar.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining neft-gaz sanoatini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi boshligʻi neft-gaz sanoati obyektlarida kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining neft-gaz sanoatini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari neft-gaz sanoati obyektlarida kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi bosh davlat inspektorining oʻrinbosari hisoblanadi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining neft-gaz sanoatini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi mutaxassislari neft-gaz sanoati obyektlarida kon nazorati boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining davlat inspektorlari hisoblanadilar.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining geologiya-razvedka ishlari olib borilishini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi boshligʻi yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining geologiya-razvedka ishlari olib borilishini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosari yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi bosh davlat inspektorining oʻrinbosari hisoblanadi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining geologiya-razvedka ishlari olib borilishini nazorat qilish tarmoq inspeksiyasi mutaxassislari yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining davlat inspektorlari hisoblanadilar.
II. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vazifalari va funksiyalari
6. Yer qaʼridan barcha foydalanuvchilar tomonidan qonunchilikka, yer qaʼridan foydalanishning belgilangan tartibiga, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarga, ishlarni geologik-markshreyderlik taʼminlash boʻyicha talablar bajarilishi monitoringini olib borishga hamda davlat hisobi va hisoboti yuritilishi qoidalariga rioya qilinishini taʼminlash yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vazifasi hisoblanadi.
7. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar birgalikda:
litsenziyalarda belgilangan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlariga rioya etilishi, yer qaʼri uchastkalari mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim shartlarida berilgan taqdirda esa — mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarda belgilangan shartlarga rioya etish;
yer qaʼridan oʻzboshimchalik bilan foydalanishga, foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda asossiz ravishda va oʻzboshimchalik bilan imorat qurishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek sanoat ekspluatatsiyasiga jalb etilmagan foydali qazilmalar konlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlarning salbiy taʼsiri oldini olish;
foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari ustidagi maydonlarda imorat qurish shartlariga rioya etish;
yer qaʼri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish uchun idoraviy nazoratni tashkil etish va amalga oshirish ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish sohasida “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi, shuningdek boshqa vazirliklar va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida:
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarning zararli taʼsiridan atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha qonunchilik talablari va tadbirlar bajarilishi;
mineral resurslardan foydalanish boʻyicha respublika, tarmoq ekologik normativlari, qoidalar va standartlar ishlab chiqilishi va joriy etilishi;
foydali qazilmalar konlarini ishlatish loyihalari, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish, mineral xomashyoni qayta ishlash boʻyicha korxonalar qurish, ularni rekonstruksiya qilish va kengaytirish loyihalari davlat ekologik ekspertizasi oʻz vaqtida oʻtkazilishi;
yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda, mineral xomashyodan kompleks foydalanishda atrof muhitning ekologik xavfsizligi;
foydali qazilmalar konlarini ishga solishning va mineral xomashyoni qayta ishlashning resurslarni tejaydigan texnologiyalarini loyihalashtirish, rivojlantirish va joriy etish;
foydali qazilma qatlami morfologiyasiga va konlarni ishga solishning kon-texnik shartlariga bogʻliq ravishda kon ustida yotgan hamda sigʻdiruvchi jinslar toʻkindi uyumlarini oqilona joylashtirish yuzasidan ochiq kon ishlarini loyihalashtirish va amalga oshirish;
keng tarqalgan foydali qazilmalar konlarini ishga solishning belgilangan meʼyorlari va qoidalariga rioya etish;
foydali qazilmalarni kavlab olish va mineral xomashyoni qayta ishlashda mineral xomashyodan kompleks foydalanish, qoʻshilib chiqadigan, biroq vaqtincha foydalanilmaydigan foydali qazilmalarni hamda ulardagi qimmatli komponentlarni saqlash va hisobga olish, oʻz vakolatlari doirasida kon ustida yotgan jinslardan foydalanish;
yer qaʼridan foydalanishda va mineral xomashyoni qayta ishlashda atrof muhitni bulgʻanish, ifloslanish va kamayib ketishdan muhofaza qilish talablariga rioya etish;
atrof muhitga eng kam zararli taʼsir koʻrsatishni taʼminlaydigan kon ustida yotgan hamda sigʻdiruvchi jinslar toʻkindi uyumlarini, chiqindi saqlanadigan joylar, terrikonlarni joylashtirish;
zararli moddalar, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqindilarini yer qaʼriga koʻmishning belgilangan tartibiga rioya etish;
yer qaʼridan foydalanishda suv resurslaridan foydalanish, yer osti suvlarining bulgʻanishi, ifloslanishi va kamayib ketishining oldini olish;
yer qaʼridan foydalanish jarayonida buzilgan yerlarni, shu jumladan foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yerlarni ulardan keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
10. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida:
geologiya-razvedka ishlari yoʻnalishlari geologiya-razvedka ishlarini olib borishning oʻrtacha va uzoq muddatli dasturlariga, mineral resurslardan kompleks foydalanish geologik topshiriqlariga, loyihalariga, talablariga, ushbu ishlar olib borilishini tartibga soluvchi boshqa hujjatlarga muvofiqligi;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlari oʻz vaqtida va toʻgʻri davlat hisobiga olinishi;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishning toʻliqligi, razvedka qilinadigan foydali qazilmalar konlari, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari, shu jumladan chiqindilarni saqlash va koʻmish inshootlari qurish va ulardan foydalanish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkalarini ishga solishning kon-texnik, gidrogeologik, geologik-iqtisodiy va boshqa shartlari;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning yer qaʼridan barcha foydalanuvchilar uchun majburiy kuchga ega boʻlgan yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini loyihalashtirish va olib borish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarga muvofiqligi;
laboratoriya-tahlil tadqiqotlarining sifati;
tasdiqlanmagan zaxiralarda ishlaydigan suv olish inshootidan foydalanish uchastkalarida gidrogeologik tadqiqotlar bajarilishini taʼminlash;
konlarda foydali qazilmalar asossiz darajada yuqori nobud boʻlishini va ularning sifati pasayishini istisno etadigan metod va usullarni ishlab chiqish;
geologiya-razvedka ishlarini olib borishda qoʻshilib chiqadigan va vaqtincha foydalanilmaydigan foydali qazilmalarni omborga joylashtirish va saqlash shartlariga rioya etish;
yer qaʼrini keyinchalik oʻrganishda, foydali qazilmalar konlarini ishlatishda, shuningdek yer qaʼridan foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanishda foydalanilishi mumkin boʻlgan geologik, marksheyderlik va boshqa hujjatlar, togʻ jinslari va rudalar, kern, foydali qazilmalar namunalarining dublikatlari saqlanishini taʼminlash;
yer qaʼrining sanoat xavfsizligini taʼminlash va muhofaza qilish yuzasidan foydali qazilmalarni kavlab olish, mineral xomashyoni qayta ishlash boʻyicha korxonalarni, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari va obyektlarini loyihalashtirish hamda qurish, rekonstruksiya qilish va kengaytirish topshiriqlari kelishilishining belgilangan tartibiga rioya etish;
kon ajratmalarini kelishish va taqdim etishning belgilangan tartibiga rioya etish;
keng tarqalgan foydali qazilmalardan tashqari foydali qazilmalar konlarini ishlatishning belgilangan meʼyorlari va qoidalariga rioya etish;
foydali qazilmalar zaxiralari va ularning tarkibidagi komponentlarning holati va oʻzgarishini hisobga olish;
mineral xomashyoni geologik jihatdan oʻrganish, qazib olish va qayta ishlashda yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish, sanoat va tajriba-sanoat yoʻsinida ishga solish uchun berilgan konlarda kon ishlarining marksheyderlik va geologik taʼminlanishi holati, yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish uchun ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etish;
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan zaxiralarni tasdiqlashda qabul qilingan qarorlar va xulosalar bajarilishi;
kon ishlarini rivojlantirish rejalarini tuzish va amalga oshirish, foydali qazilmalarni kavlab olish va qayta ishlashda ular nobudgarchiligi va kamayishining belgilangan normativlariga rioya etish;
yer qaʼridan foydalanuvchilar kon, burgʻulash ishlari va boshqa ishlar olib borilishi xavfsizligi meʼyorlari va qoidalariga rioya etishi;
xavfli zonalar chegaralari toʻgʻri aniqlanishi va kon-grafika hujjatlariga tushirilishi hamda kon qazishmalari holatini hisobga olish;
foydali qazilmalarni kavlab olish va mineral xomashyoni qayta ishlash korxonalari qurish uchun maydonlarni tanlash;
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan foydali qazilmalarni kavlab olish korxonalari va obyektlarini hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini tugatish va konservatsiya qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishi;
kavlab olish jarayonida olingan va yoʻqotilgan foydali qazilmalar zaxiralarini, shuningdek sanoat ahamiyatini yoʻqotgan, yoxud keyingi geologiya-razvedka ishlarida tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini foydalanuvchining hisobidan chiqarish maʼlumotlarining ishonchliligi;
kavlab olingan va tayyorlash, transportda tashish va saqlash jarayonida yoʻqotilgan uglevodorod xomashyo va qoʻshilib chiqadigan komponentlar zaxiralari neft-gazni kavlab oluvchi korxonalar hisobidan chiqarilishining ishonchliligi;
neft va gazning chuqur quduqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish, konservatsiyalash va tugatish meʼyorlari va qoidalariga rioya etish;
yer qaʼrini muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi sohasidagi korxonalar va tashkilotlarning rahbar xodimlari va mutaxassislarini oʻz vaqtida attestatsiyadan oʻtkazish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida:
davlat budjeti hisobiga yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshiruvchi yer qaʼridan foydalanuvchilarning yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha ishlarni loyihalashtirish va olib borish sohasida meʼyorlar va qoidalarga rioya etishi;
geologiya va mineralogiya obyektlarini qoʻriqlashning, shuningdek yer osti suvlarini ifloslanish va kamayib ketishdan muhofaza qilishning belgilangan tartibiga rioya etish;
suv olish uchun quduqlarni burgʻulashga ruxsat olish va maxsus suvdan foydalanishga (yer osti suvlari) ruxsat olish shartlariga rioya etish;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-iyundagi 430-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 26-son, 592-modda)
yer qaʼri toʻgʻrisidagi geologik va boshqa maʼlumotlarni belgilangan tartibda amalga oshirish (berish, ayirboshlash, sotish) sohasidagi qonunchilikka rioya etish;
tabiiy geologik qoʻriqxonalarni, stratotipik va tayanch usti ochiq konlarni, tabiatning ayrim geologik yodgorliklarini, paleontologik qoldiqlarning noyob toʻplamlari, nodir mineral hosilalarni saqlash shartlariga rioya etish yuzasidan alohida ilmiy va madaniy qimmatga ega boʻlgan yer qaʼri uchastkalarining holati;
idoraviy mansub korxonalar tomonidan yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini bajarish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlari oqilona sarflanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
III. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning huquqlari va javobgarligi
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish uchun davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha bosh davlat inspektorlari, “Sanoatgeokontexnazorat” DIning kon nazorati boʻyicha, neft-gaz sanoati va yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish obyektlarida kon nazorati boʻyicha bosh davlat inspektorlari, shuningdek ularning oʻrinbosarlari:
belgilangan tartibda tashkilotlar va obyektlarda tekshirish (inspeksiya) oʻtkazish, shuningdek tegishli vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar bilan kelishgan holda tekshirishlar (inspeksiya) oʻtkazishda qatnashish uchun mutaxassislarni jalb etish;
nazorat ostidagi tashkilotlar va obyektlar, shuningdek vazirliklar, idoralar rahbarlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish, yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni olib borishning ekologik va sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida taqdimnomalar berish;
ekologik talablar, ishlarni xavfsiz olib borish va yer qaʼrini muhofaza qilish boʻyicha meʼyorlar va qoidalar buzilgan holda olib borilayotgan ishlarni belgilangan tartibda toʻxtatib turish va toʻxtatish, ish joylari va asbob-uskunalarni muhrlash huquqiga egadir. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishiga olib keluvchi chora-tadbirlar sud tartibida qoʻllaniladi, favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishining oldini olish hamda aholi hayoti va sogʻligʻiga boshqa real xavf munosabati bilan faoliyat 10 ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turilishi hollari bundan mustasno;
tabiatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi sohasidagi talablar, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha meʼyorlar va qoidalar buzilganligi uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
nazorat ostidagi tashkilotlar va obyektlarning rahbarlari va muhandis-texnik xodimlarining sanoat, ekologik xavfsizlik, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish meʼyorlari va qoidalari toʻgʻrisidagi bilimlarini tekshirishda qatnashish;
tabiatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi talablarini, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha meʼyorlar va qoidalarni muntazam ravishda buzuvchi, yoki ular bir marta qoʻpol ravishda buzilganligi uchun shaxslarni egallab turgan lavozimidan ozod etish yoki bir yilgacha boʻlgan muddatda ishlarga texnik rahbarlik qilish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisida asosli taqdimnomalarni tashkilotlarning koʻrib chiqishi uchun kiritish;
tekshirish (inspeksiyalar) materiallarini yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan hollarda aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
tabiatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha meʼyorlar va qoidalar masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar, tashkilotlar rahbarlarini eshitish;
asbob-uskunalar va materiallarning nazorat sinovlarini, ish muhiti va atrof muhit tahlillarini tayinlash, shuningdek odamlar hayotiga va atrof muhitga real xavf aniqlangan hollarda, shuningdek avariyalar va baxtsiz hodisalarning sabablarini texnik tekshirishda loyiha va loyiha-konstruktorlik yechimlarining mustaqil ekspertizasini oʻtkazish;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, atrof tabiiy muhit masalalari boʻyicha zarur axborotni vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda bepul olish huquqiga egadir.
13. Yer qaʼrini muhofaza qilish va undan foydalanish, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat inspektorlari, shuningdek kon nazorati boʻyicha, neft-gaz sanoati va yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish obyektlarida kon nazorati boʻyicha davlat inspektorlari oʻz faoliyati hududida:
nazorat ostidagi tashkilotlar va obyektlar rahbarlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish, yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni olib borishning ekologik va sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida taqdimnomalar berish;
ekologik talablar, ishlarni xavfsiz olib borish va yer qaʼrini muhofaza qilish boʻyicha meʼyorlar va qoidalar buzilgan holda olib borilayotgan ishlarni belgilangan tartibda toʻxtatib turish va toʻxtatish, ish joylari va asbob-uskunalarni muhrlash huquqiga egadir. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishiga olib keluvchi chora-tadbirlar sud tartibida qoʻllaniladi, favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishining oldini olish hamda aholi hayoti va sogʻligʻiga boshqa real xavf munosabati bilan faoliyat 10 ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turilishi hollari bundan mustasno;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ekologik va sanoat xavfsizligi boʻyicha meʼyorlar va qoidalar buzilganligi uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
nazorat ostidagi tashkilotlar va obyektlarning rahbarlari va muhandis-texnik xodimlarining sanoat, ekologik xavfsizlik, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish meʼyorlari va qoidalari toʻgʻrisidagi bilimlarini tekshirishda qatnashish;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish masalalari boʻyicha zarur axborotni vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda bepul olish huquqiga egadir.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz vakolatlari doirasida:
vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlardan oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish;
vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar bilan kelishgan holda geologiya materiallarini ekspertizadan oʻtkazish uchun ularning mutaxassislarini jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini cheklash, toʻxtatib turish va toʻxtatish toʻgʻrisida qaror chiqarish huquqiga egadir.
15. Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
tegishli hududda mineral-xomashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish, yer qaʼrini muhofaza qilish davlat dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida hamda ularning bajarilishi ustidan nazorat qilishda qatnashish;
keng tarqalgan foydali qazilmalarni kavlab olishda yer qaʼridan foydalanish shartlarini kelishish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarini amalga oshirish huquqiga ega.
16. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha davlat nazorati tashkil etilishi va amalga oshirilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
17. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar oʻz funksiyalarini nazorat qilinadigan obyektlarni bevosita tekshirish (inspeksiya qilish), shuningdek geologik, marksheyderlik, ishlab chiqarish-texnik, moliyaviy va loyiha-smeta hujjatlarini oʻrganish yoʻli bilan amalga oshiradi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi oʻz ishini mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan mustahkam oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Yer qaʼri, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining, shuningdek yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi meʼyorlar va qoidalarining barcha buzilishlari toʻgʻrisida yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qiladilar, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan buzilishlarning oldini olish boʻyicha ularning takliflarini hisobga oladilar.
19. Yer qaʼridan foydalanuvchilar yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning tekshirishni (inspeksiyani) amalga oshiruvchi mansabdor shaxslariga ish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga (transport, xizmat va turar joy binolari, maxsus kiyim-bosh, himoya va aloqa vositalari bilan taʼminlash), geologik, marksheyderlik, ishlab chiqarish-texnik, loyiha-smeta, moliya hujjatlarini va boshqa hujjatlarni taqdim etishga, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tushuntirishlar berishga majburdir.
IV. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi
20. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar oʻz faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan ish rejasiga binoan va ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlariga muvofiq amalga oshiradi.
V. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizomni qoʻllashda paydo boʻladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-iyuldagi 220-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida” 1997-yil 13-yanvardagi 19-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 1-son, 1-modda) 1-bandining uchinchi xatboshi, shuningdek qarorga 2-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va ayrim qarorlarning oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2000-yil 30-avgustdagi 338-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 8-son, 54-modda) ilovaning 4-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 10-iyuldagi 323-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 64-modda) 7-ilovaning 3-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 7-iyundagi PQ–649-son qarori)” 2007-yil 19-iyuldagi 147-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 7-son, 40-modda) ilovaning 1-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 30-son, 316-modda; 2017-y., 26-son, 592-modda)