OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN TURKMANISTON OʻRTASIDA
Shartnoma
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni jazo oʻtashni davom ettirish uchun topshirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
davlat suvereniteti, teng huquqlilik va oʻzaro hurmat prinsiplaridan kelib chiqib,
xalqaro huquq normalariga asoslangan holda va jinoyat huquqi sohasida davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishni istab,
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatda oʻtash imkoniyati huquqbuzarlarni tuzatish va jamiyatda normal turmushga qaytarish maqsadlariga yaxshiroq erishishga yordam beradi deb hisoblab,
insonparvarlik va inson huquqlarini hurmat qilish prinsiplariga amal qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda.
Atamalar taʼrifi
Atamalar taʼrifi
1. Ushbu Shartnoma maqsadi uchun quyida koʻrsatilgan terminlar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
a) “hukm chiqarish davlati” — sudi shaxsni ozodlikdan mahrum etish tarzida jazolash toʻgʻrisida hukm chiqargan Ahdlashuvchi Tomon;
b) “hukmni ijro etish davlati” — ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazo oʻtashni davom ettirish uchun topshiriladigan Ahdlashuvchi Tomon;
v) “mahkum” — jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish tarzida Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sudi hukm etgan shaxs;
g) “yaqin qarindoshlar” — Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining qonunchiligiga muvofiq shunday boʻlgan shaxslar;
d) “qonuniy vakillar” — Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining qonunchiligida belgilangan tartibda shunday deb eʼtirof etilgan shaxslar;
e) “markaziy organlar”:
— Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
— Turkmaniston Bosh prokuraturasi;
j) “vakolatli organlar” — Ahdlashuvchi Tomonlarning mahkumni topshirish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etuvchi organlari.
2. Ushbu Shartnomani ijro etishning barcha masalalari boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy organlari bir-birlari bilan bevosita aloqada boʻladilar.
2-modda.
Hamkorlikning umumiy prinsiplari
Hamkorlikning umumiy prinsiplari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnoma shartlariga binoan bir-birining iltimosi boʻyicha hukm chiqarish davlati hududida jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo oʻtayotgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqaroligiga ega mahkumlarni hukmni ijro etish davlatida jazo oʻtash uchun topshirishlari mumkin.
2. Mahkumni topshirish toʻgʻrisidagi iltimos ham hukm chiqarish davlatidan ham hukmni ijro etish davlatidan chiqishi mumkin.
3-modda.
Mahkumni topshirish tartibini qoʻzgʻatish uchun asos
Mahkumni topshirish tartibini qoʻzgʻatish uchun asos
Ahdlashuvchi Tomonga uning fuqarosi boʻlgan mahkumni topshirish tartibini qoʻzgʻatish uchun ushbu shaxsning yoki uning yaqin qarindoshlarining yoki uning qonuniy vakilining Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining markaziy organiga yuborgan arizasi asos boʻlib xizmat qiladi.
4-modda. Mahkumni topshirish toʻgʻrisida soʻrov va zarur hujjatlar
1. Mahkumni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma shaklda tuziladi va unga quyidagilar ilova qilinadi:
a) mahkumning shaxsi haqida maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi);
b) mahkumning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat;
v) shaxsning jazoga hukm qilinishiga asos boʻlgan jinoyat qonuni moddalarining matni;
g) mahkumning yoki ushbu Shartnomaning 5-moddasi 1-bandi v) kichik bandida nazarda tutilgan hollarda — uning qonuniy vakilining topshirishga roziligi toʻgʻrisidagi yozma arizasi;
d) hukmning va yuqori sud organlarining ish boʻyicha mavjud qarorlarining, hukmning qonuniy kuchga kirishi toʻgʻrisidagi hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari;
e) jazoning oʻtalgan qismi va jazoning kelgusida oʻtalishi lozim boʻlgan qismi toʻgʻrisidagi hujjat;
j) agar qoʻshimcha jazo belgilangan boʻlsa, uni ijro etish toʻgʻrisidagi hujjat;
z) mahkumning salomatligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa va xulqining oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
i) shaxsning jazoga hukm qilinishiga asos boʻlgan jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zarar oʻrnining qoplangan va qolgan qismlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
k) mahkumlarda boshqa ijro hujjatlarining mavjudligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Zarur hollarda mahkum fuqarosi boʻlgan Tomonning markaziy organi qoʻshimcha hujjatlar yoki maʼlumotlarni rasmiy ravishda soʻrashi mumkin.
2. Barcha sanab oʻtilgan hujjatlar hukm chiqarish davlati vakolatli organining vakil qilingan shaxsi tomonidan imzolanishi va gerbli muhr bilan tasdiqlanishi lozim.
5-modda.
Mahkumni topshirish shartlari
Mahkumni topshirish shartlari
1. Ushbu Shartnomaga muvofiq mahkum quyidagi shartlar mavjud boʻlgan taqdirda topshirilishi mumkin:
a) u hukmni ijro etish davlatining fuqarosi boʻlsa;
b) hukm qonuniy kuchga kirgan boʻlsa;
v) mahkum topshirishga rozi boʻlsa yoki uning yoshi, jismoniy va (yoki) ruhiy ahvolini eʼtiborga olgan holda mahkumning qonuniy vakili buni zarur deb hisoblasa;
g) hukm chiqarishga sabab boʻlgan qilmish hukmni ijro etish davlati qonunchiligiga binoan jinoyat boʻlsa va ozodlikdan mahrum etish yoʻli bilan jazolashga olib kelsa;
d) hukm chiqarish davlati va hukmni ijro etish davlati mahkumni topshirishga rozi boʻlishsa.
2. Hukm chiqarish davlati vakolatli organlarining mansabdor shaxslari tomonidan mahkumga yoki uning qonuniy vakiliga topshirish imkoniyati va uning yuridik oqibatlari haqida tushuntirilishi lozim.
6-modda.
Mahkumni topshirishni rad qilish uchun asoslar
Mahkumni topshirishni rad qilish uchun asoslar
1. Mahkumni topshirish quyidagi holatlarda rad qilinishi mumkin, agar:
a) bu Ahdlashuvchi Tomonlardan birining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa;
b) topshirish toʻgʻrisida iltimosnoma olingan paytda mahkum oʻtashi lozim boʻlgan ozodlikdan mahrum etilish muddati olti oydan kam boʻlsa;
v) jinoyat yetkazgan moddiy zarar oʻrni qoplanmagan boʻlsa;
g) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Shartnomaning 4-moddasi talablarini tegishli ravishda bajarmagan boʻlsa.
2. Ayrim hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar mahkumning jazo oʻtash muddati olti oydan kam qolgan yoki jinoyat yetkazgan moddiy zarar oʻrni toʻliq hajmda qoplanmagan boʻlsa ham mahkumni topshirishga rozi boʻlishlari mumkin.
7-modda.
Mahkumni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha qaror
Mahkumni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha qaror
Mahkumni topshirish toʻgʻrisida kelgan soʻrov boʻyicha rozilik berish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Shartnomaning 4-moddasida sanab oʻtilgan hujjatlar olingan kundan eʼtiboran bir oy muddatdan kechiktirmay Ahdlashuvchi Tomon markaziy organining asoslangan qarori bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror haqida Ahdlashuvchi Tomonning soʻrov yuborgan markaziy organiga yoki topshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilgan shaxsga yozma shaklda xabar beriladi.
8-modda.
Mahkumni topshirish tartibi
Mahkumni topshirish tartibi
1. Topshirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qondiriladigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari mahkumni topshirish joyi, vaqti va tartibi toʻgʻrisida oʻzaro kelishadilar.
2. Mahkumni topshirish tartibi Ahdlashuvchi Tomonlar vakillari tomonidan imzolanadigan topshirish toʻgʻrisidagi bayonnomani ikki nusxada tuzishni oʻz ichiga oladi. Zarurat tugʻilganda Ahdlashuvchi Tomonlar vakillarining mahkumni qabul qilib olish uchun vakolatlari Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi oldindan kelishuvga koʻra tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi mumkin.
9-modda.
Sarf-xarajatlar
Sarf-xarajatlar
Mahkumni topshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni, faqat hukm chiqarish davlati hududida yuzaga kelgan xarajatlardan tashqari, hukmni ijro etish davlati koʻtaradi.
10-modda.
Jazoni ijro etish
Jazoni ijro etish
1. Hukmni ijro etish davlati oʻz qonunchiligiga amal qilgan holda hukmning toʻliq hajmda ijro etilishini taʼminlashi shart.
2. Hukmni ijro etish davlati oʻz qonunchiligiga muvofiq mahkumning ahvolini yomonlashtirmagan holda jazo oʻtash davom ettirilishini taʼminlaydi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon sudining hukmini ijro etish bilan bogʻliq masalalar Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
3. Mahkumga, tayinlangan jazo hukm chiqarish davlati sudining hukmiga asosan oʻtaladi. Hukmni ijro etish davlati sudi, chiqarilgan hukmdan kelib chiqqan holda uni ijro etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
4. Hukmni ijro etish davlati qonunchiligi boʻyicha ushbu qilmish uchun ozodlikdan mahrum etishning eng uzoq muddati hukm boʻyicha tayinlanganidan kam boʻlsa, hukm ijro etish davlati sudi xuddi shunday qilmish uchun bu davlat qonunchiligida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etishning eng uzoq muddatini belgilaydi.
5. Qoʻshimcha jazoni ijro etish toʻgʻrisidagi qaror hukmni ijro etish davlatining sudi tomonidan, agar ushbu davlat qonunchiligida sodir etilgan qilmish uchun bunday jazo nazarda tutilgan boʻlsa, qabul qilinadi.
11-modda.
Sud qarori haqida xabar qilish
Sud qarori haqida xabar qilish
Hukmni ijro etish davlati markaziy organi hukm chiqarish davlati markaziy organini ushbu Shartnomaning 10-moddasiga muvofiq qabul qilingan hukmni ijro etish toʻgʻrisidagi sud qarori bilan xabardor qiladi.
12-modda.
Afv etish va amnistiya
Afv etish va amnistiya
Har bir Ahdlashuvchi Tomon topshirilgan mahkumga nisbatan afv etish yoki amnistiya qoʻllashga haqli, bunda boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabardor qilinadi.
13-modda.
Sudlarning vakolatlari
Sudlarning vakolatlari
1. Faqat hukm chiqarish davlatining sudi hukmni uning topshirilgan mahkumga nisbatan qonuniyligi va asoslanganligi borasida qayta koʻrib chiqish uchun qonuniy huquqqa ega.
2. Hukm qayta koʻrib chiqilgan holda hukm chiqarilgan davlatning markaziy organi hukm bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan sud qarorining tasdiqlangan nusxasini hukmni ijro etish davlatiga kechiktirmasdan yuboradi.
3. Mahkum jazoni oʻtash uchun topshirilgandan soʻng hukm uni chiqarish davlatida bekor qilingan boʻlsa yoki yangi tergov yoki sud muhokamasi nazarda tutilgan boʻlsa, bu haqdagi qarorning nusxasi, jinoyat ishi materiallari va mahkum yoʻqligida mumkin boʻlgan zarur protsessual harakatlarni oʻtkazish natijalari boʻyicha boshqa materiallar hukmni ijro etish davlatiga, ushbu davlatning qonunchiligiga koʻra jinoiy taʼqibni amalga oshirish uchun yuboriladi.
4. Oqlovchi asoslariga koʻra qoʻshimcha tergov natijalari boʻyicha jinoyat ishi bekor qilingan holda, jinoiy javobgarlikka asossiz tortish bilan shaxsga yetkazilgan zararning oʻrni asossiz hukm chiqarilgan davlat tomonidan qoplanadi.
5. Mahkum jazo oʻtash uchun topshirilgandan soʻng hukm uni chiqaruvchi davlat tomonidan oʻzgartirilgan boʻlsa, bu haqdagi qaror nusxasi va boshqa zarur hujjatlar hukmni ijro etish davlatining markaziy organiga yuboriladi. Hukmni ijro etish davlatining sudi bunday qarorni ijro etish toʻgʻrisidagi masalani ushbu Shartnomaning 10-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qiladi.
14-modda.
Mahkumni topshirishning huquqiy oqibatlari
Mahkumni topshirishning huquqiy oqibatlari
1. Hukm ijro etish davlatiga jazoni oʻtash uchun topshirilgan shaxslarga nisbatan ushbu davlat hududida xuddi shunday qilmishlarni sodir etganlik uchun jazoga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qanday boʻlsa, shunday huquqiy oqibatlar kuchga kiradi.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sudi chiqargan hukmni ijro etish uchun topshirilgan shaxs hukmni ijro etish davlati hududida qonuniy kuchga kirgan hukm bilan bogʻliq xuddi shunday qilmish uchun yana jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
15-modda.
Tranzit olib oʻtish
Tranzit olib oʻtish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri tegishli iltimosnoma mavjud boʻlganda Ahdlashuvchi Tomon tarafidan uchinchi davlatga topshirilayotgan mahkumning oʻz hududidan tranzit olib oʻtilishiga ruxsat berishi mumkin. Bunda mahkumni qamoqda saqlashning zarur huquqiy sharoitlari taʼminlanadi.
2. Ushbu qoida havo transportidan foydalanilgan holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qoʻnish rejalashtirilmaganda qoʻllanilmaydi.
3. Havo kemasining rejalashtirilmagan qoʻnish hollarida, hududi ustidan parvoz amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning mahkumni kuzatib borayotgan vakillari iltimosiga koʻra ushbu shaxsni mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq taqdim etiladigan tranzit olib oʻtish toʻgʻrisidagi iltimosnoma olingunga qadar 72 soat davomida qamoqda saqlab turishi mumkin. Bunday iltimosnoma texnik aloqa vositalari, shu jumladan, telegraf, teleks, telefaks, elektron pochta orqali yuborilishi mumkin.
4. Mahkumni tranzit olib oʻtish bilan bogʻliq xarajatlarni bunday olib oʻtish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilgan Ahdlashuvchi Tomon oʻz zimmasiga oladi.
16-modda.
Noqonuniy hukm qilish uchun javobgarlik
Noqonuniy hukm qilish uchun javobgarlik
1. Shaxsni noqonuniy hukm qilish uchun hukm chiqarish davlati javobgar boʻladi.
2. Noqonuniy hukm qilish bilan yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash Ahdlashuvchi Tomonlar qonunchiligiga va ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
17-modda.
Bahslarni hal qilish
Bahslarni hal qilish
Ushbu Shartnomani sharhlash yoki qoʻllashda paydo boʻladigan bahslar Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy organlari oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
18-modda.
Ikki tomonlama aloqalar tillari
Ikki tomonlama aloqalar tillari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani bajarishda oʻz davlat tillari yoki rus tilidan foydalanadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat tillarida tayyorlangan hujjatlarga rus tiliga qilingan tarjimalar tasdiqlangan holda ilova qilinadi.
19-modda.
Shartnomaning amal qilishi
Shartnomaning amal qilishi
1. Ushbu Shartnomaning amal qilishi Shartnoma kuchga kirgunga qadar Ahdlashuvchi Tomonlar sudlari tomonidan jazoga hukm qilingan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
2. Ushbu Shartnomaning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida doimiy yashayotgan fuqaroligi yoʻq shaxslarga nisbatan, ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sudi tomonidan ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan hollarda qoʻllaniladi.
20-modda.
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Shartnomaga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular ushbu Shartnomaning ajralmas qismi boʻlgan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
21-modda.
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Shartnomaning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
22-modda.
Yakunlovchi qoida
Yakunlovchi qoida
1. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari almashilgandan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Shartnoma noaniq muddatga tuziladi. Ushbu Shartnomaning amal qilishi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning shartnoma amal qilishini bekor qilish maqsadi toʻgʻrisida yozma bildirishini olgan sanadan olti oy oʻtishi bilan tugatiladi.
Toshkent shahrida 2009-yil 25-fevralda ikki nusxada har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, shu bilan birga barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini sharhlashda kelishmovchiliklar paydo boʻlganda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)