O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA (“QISHLOQ VA SUV XO‘JALIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLAR CHUQURLASHTIRILGANLIGI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA” O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2009-YIL 25-DEKABRDAGI O‘RQ-240-SON QONUNI)
“Qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-240-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 18-fevral,
40-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-fevraldagi 40-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-dekabrdagi 983-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.12.2018-y., 09/18/983/2271-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
5. Vazirlar Mahkamasining “2004 — 2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 10-son, 105-modda):
a) 6-ilovada:
1-banddagi “tanlov asosida” so‘zlari “ochiq tanlov asosida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
11-12-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Fermer xo‘jaligi:
ixtisoslashuvga muvofiq, ustavda va ijara shartnomasida nazarda tutilgan berilgan yer uchastkasida fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish;
ixtisoslashuvni hisobga olgan holda va tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish;
xarid qilinadigan mahsulotga oldindan haq to‘langan holda fyuchers kontraktlari tuzish;
yetishtirilgan mahsulotni tasarruf etish, shu jumladan o‘z xohishiga ko‘ra iste’molchilarga sotish huquqiga ega bo‘lish;
yetishtiriladigan mahsulotga, bajariladigan ishlar va ko‘rsatiladigan xizmatlarga narx belgilash;
elektr energiyasi, yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalarini yetkazib berishga, suv xo‘jaligi, texnik xizmatlar va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga shartnomalar tuzish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinishi kerak bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatidan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
olingan daromadlarni (foydani), bank muassasasidagi o‘zining hisob raqamlaridagi mavjud pul mablag‘larini tasarruf etish;
aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni sotib olish;
kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkini shartnoma shartlarida jalb etish hamda ularni ishlab chiqarishga va takror ishlab chiqarishga yo‘naltirish;
kreditlar olish uchun o‘z mol-mulkini garovga qo‘yish, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi;
kichik va xususiy korxonalar uchun berilgan imtiyozlar va preferensiyalarning barcha turlaridan foydalanish;
zarur asbob-uskunalarni, ishlab chiqarish vositalari va boshqa mol-mulkni sotib olish, ijaraga olish, binolar va inshootlar qurish va ularni ta’mirlash;
o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12. Fermer xo‘jaligi:
qonun hujjatlarida va ijara shartnomasida belgilangan shartlarda yer uchastkasidan maqsadli, samarali va oqilona foydalanishni ta’minlashga;
ekologik talablarga va atrof muhit muhofazasining boshqa qoidalariga rioya qilishga;
yer uchastkasining meliorativ holatini yaxshilash, uning unumdorligini saqlash va oshirish tadbirlarini amalga oshirishga, biznes-rejada ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutishga;
yer uchastkasi berilgan paytdan boshlab, agar ijara shartnomasida boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, bir yil mobaynida yer uchastkasidan foydalanishni boshlashga;
paxta va boshoqli ekinlarni navlar bo‘yicha joylashtirishning belgilangan talablariga rioya qilishga;
suv iste’moli to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq suv resurslaridan foydalanishga, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rishga;
ushbu fermer xo‘jaligi a’zo hisoblangan Suv iste’molchilari uyushmasi balansidagi sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va ta’mirlash ishida belgilangan tartibda qatnashishga, shuningdek ularni texnik soz holatda saqlashga, foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya qilishga;
suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi polosalar, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish tartibi va shartlariga rioya qilishga;
yer uchastkasini og‘irlashtirish shartlariga va servitutlarga rioya qilishga;
tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nazarda tutilgan hajmlar doirasida yetkazib berilishini ta’minlashga;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni, shuningdek ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni belgilangan tartibda o‘z vaqtida to‘lashga;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda agrotexnika talablariga rioya qilishga;
qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishni ta’minlashga;
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga, o‘z xodimlarining xavfsiz mehnat sharoitlariga rioya qilishni ta’minlashga majburdir.
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin”;
15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Fermer xo‘jaligi boshlig‘ining pul mablag‘lari va moddiy vositalari, tovarlarni sotishdan (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatishdan) olingan daromad (foyda), qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar fermer xo‘jaligi mol-mulkini shakllantirish manbalari bo‘lishi mumkin”;
17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Fermer xo‘jaligining muassisi — fermer uning boshlig‘i hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan, tegishli malakaga yoki qishloq xo‘jaligida ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarosi fermer bo‘lishi mumkin”;
VI bo‘limning nomidagi “suvdan foydalanish” so‘zlari “suv iste’moli” so‘zlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidagi “tanlov asosida” so‘zlari “ochiq tanlov asosida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Pensiya yoshiga yetganda yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganda fermer xo‘jaligining boshlig‘i yer uchastkasini ijaraga olish huquqini qonun hujjatlariga muvofiq ijara shartnomasi amal qilish muddatida o‘z oilasi a’zolaridan biriga berishi mumkin”;
uchinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin;
26-banddagi “suvdan foydalanish” so‘zlari “suv olish” so‘zlari bilan almashtirilsin;
39-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“39. Fermer xo‘jaligi quyidagi hollarda tugatiladi:
yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechish;
fermer xo‘jaligi bankrot deb e’tirof etilishi, shu jumladan moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar, ishlar va xizmatlar ko‘rsatuvchilar bilan hisob-kitoblar muntazam ravishda amalga oshirilmasligi;
fermer xo‘jaligi boshlig‘ining vafot etishi va xo‘jalik faoliyatini davom ettirishni xohlaydigan merosxo‘rning yo‘qligi;
yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi zarur bo‘lganda yoxud yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi, shu jumladan fermer xo‘jaligi tomonidan yer uchastkasidan boshqa maqsadda foydalanilganda, shu jumladan kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgandan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilganda belgilangan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasi bekor qilinishi.
Fermer xo‘jaligi:
fermer xo‘jaligi boshlig‘i (fermer)ning;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qarori bilan tugatiladi”;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
6. Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish uchun normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2004-yil 30-martdagi 153-son qaroriga 1-ilovada:
a) 1-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Suv iste’molchilari uyushmasi — yuridik shaxslar bo‘lgan suv iste’molchilari tomonidan suvga doir munosabatlar sohasidagi o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun ixtiyoriy asosda tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkiloti”;
b) suvdan foydalanuvchilar uyushmasiga ko‘rsatmalar tegishli kelishikda suv iste’molchilari uyushmasiga ko‘rsatmalar bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 401-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 7-8-son, 62-modda; 2012-y., 28-son, 322-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 09/17/969/0405-son; 05.12.2018-y., 09/18/983/2271-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son; 01.07.2025-y., 09/25/401/0560-son)