O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING FAVQULODDA VAZIYATLAR BO‘YIChA KOMISSIYASI TARKIBI HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tinchlik davrining ekstremal sharoitlarida aholini himoya qilishning yanada samarali tizimini yaratish maqsadida va Respublika boshqaruv organlari tizimidagi ayrim o‘zgarishlarni hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasiga aylantirilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman komissiyalarini tuzsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasining potensial xavfli obyektlari bo‘lgan vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari, korporatsiyalari, konsernlari va birlashmalari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tarmoq va obyekt komissiyalarini tuzsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov O‘zbekiston Respublikasi fuqaro mudofaasi boshlig‘i etib tayinlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiya raisiga Komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlash yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi haqidagi Nizom (2-ilova) tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tizimiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining uch kishidan iborat kotibiyati kiritilsin.
6. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining raislari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi majlisida tegishli masalalar ko‘rib chiqilayotganda ushbu Komissiya a’zolari huquqi bilan qatnashadilar.
7. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 17-apreldagi 103-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-aprel,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 2-apreldagi 169-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha
KOMISSIYASI
| I.H. Jurabekov | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi raisi |
| K.N. To‘laganov | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiya Raisining birinchi o‘rinbosari |
| A.Sh.Habibullayev | — | O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining raisi, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiya raisining o‘rinbosari |
| | — | O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fuqaro mudofaasi boshqarmasi boshlig‘i, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiya raisining o‘rinbosari |
| Komissiya a’zolari: | ||
| Z.A. Alm�tov | — | O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri |
| Sh.I. Karimov | — | O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri |
| R.A. Giniyatullin | — | O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri |
| K. Rahimov | — | O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vaziri |
| N. Qayumov | — | O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri |
| V.K. Mixaylov | — | O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xo‘jaligi vaziri |
| E.J. Bokiboyev | — | O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri |
| V.Y. Otayev | — | O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vaziri |
| T.Y. Sharipov | — | “O‘zshartnomasavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi raisi |
| A.Y. Husainov | — | “O‘zdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasining bosh direktori |
| A.V. Ganiyev | — | O‘zbekiston Respublikasi Davlat qurilish ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| A.R. Axmadboyev | — | O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda ishlarining bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qo‘mitasi raisi |
| R.R. Yunusov | — | O‘zbe�iston avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksionerlik konserni raisi |
| G.V. Hasanov | — | O‘zbekiston suv xo‘jaligi qurilishi davlat konserni raisi |
| L. Axmetov | — | O‘zbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi raisi |
| I. Iskandarov | — | O‘zbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarish davlat konserni raisi |
| G.G. Volkov | — | O‘zbekiston matlubot jamiyatlari respublika uyushmasi raisi |
| V.E. Chub | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi |
| B.T. Vohidov | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| B.X. G‘ulomov | — | O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari |
| G.K. Teshayev | — | O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Toshkent shahar garnizonining boshlig‘i |
| V.M. Jeltouxov | — | O‘rta Osiyo Temir yo‘l boshqarmasining boshlig‘i |
| G.M. Rafiqov | — | O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining bosh direktori |
| K.N. Ablullabekov | — | O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining direktori |
Komissiya kotibiyati: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi kotibiyati va Mudofaa vazirligining fuqarolar mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Komissiya bilan ishlash bo‘limi xodimlari.
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 2-apreldagi 169-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1. Favqulodda vaziyat — bu Respublikaning ayrim mintaqalarida, bir yoki bir qator korxonalarida ro‘y bergan, tabiiy iqlimga oid ekologik va texnogen ofatlar, avariyalar, falokatlar, epidemiya va epizootiyalar oqibatida sodir bo‘lgan va ko‘p miqdorda zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki yetkazgan, odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan va hayot uchun zarur sharoitlarning buzilishiga olib kelgan ahvol.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining maqsadi quyidagilarni ta’minlashdan iborat:
respublika davlat boshqaruv organlari, O‘zbekiston Respublikasining avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, mintaqaga xos bo‘lgan epidemiya va epizootiyalar ro‘y beradigan hollarning oldini olish va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish Davlat tizimiga kiritilgan kuchlar va vositalarning doimiy tayyor turishini ta’minlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining, respublikaning barcha darajalardagi boshqaruv organlarining, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idora va korxonalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish kechiktirib bo‘lmaydigan qidiruv-qutqarish va avariya — qayta tiklash ishlariga, mintaqada favqulodda vaziyat yuz berganda aholining hayotini saqlash va ularni falokat zonalaridan evakuatsiya qilish.
2. Komissiya o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi rahbarligida amalga oshiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qo‘mitalari va komissiyalari bilan o‘zaro aloqada ish olib boradi.
Komissiya raisi, rais o‘rinbosarlari va Komissiya tarkibi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan tayinlanadi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi bilan muvofiqlashtirib boradi.
3. Komissiyaning asosiy vazifalari:
a) kundalik faoliyatida:
respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlari korporatsiyalari, idoralari, birlashmalari, respublika avariya-qutqarish xizmatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishiga tayyorgarlik darajasini oshirish, aholi xavfsizligini ta’minlash favqulodda vaziyatlarda sanoat, energetika, transport, aloqa, ijtimoiy-maishiy xizmat obyektlarining ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash borasidagi faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
ro‘y berish ehtimoli bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni va ularning oqibatlarini oldindan aniqlash, respublika hududida avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli zonalarni (rayonlarni) belgilash, ekstremal hodisalar xavf-xatarini va qurilishi mumkin bo‘lgan zararlarni baholash bo‘yicha ishlarni boshqaradi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tizimi ishlariga rahbarlikni amalga oshiradi;
potensial xavfli obyektlarda avariyalar va falokatlarning oldini olishga, ular yuz bergan taqdirda hamda tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar ro‘y bergan hollarda ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirishga qaratilgan ehtiyot choralari tizimini ishlab chiqadi;
ro‘y berishi mumkin bo‘lgan avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar, epizootiyalarni tugatish bo‘yicha tadbirlarning respublika rejasini tayyorlaydi;
respublika hududida aholining hayoti va salomatligi uchun potensial xavfli bo‘lgan xalq xo‘jaligi va mudofaa xarakteridagi obyektlarning joylashishi nechog‘lik maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ularni bekitish, konservatsiyalash, tugatish, faoliyatini to‘xtatib qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqadi;
respublika boshqaruv organlarining avariya-qutqaruv xizmatlari, O‘zbekiston Respublikasi kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar yuz berganda harakat qilish bo‘yicha komanda-shtab va maxsus mashqlarni o‘tkazadi;
jamoat tashkilotlari va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
respublika aholisini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Davlat komissiyasi bilan birgalikda qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlarini samarali olib borish uchun zamonaviy texnika, asbob-uskunalar, mexanizmlar va materiallar ishlab chiqarish hamda xarid qilishni, xavfli texnogen va tabiat hodisalarini kuzatishni, ular ustidan nazorat tizimini rivojlantiruvchi, aholini himoya qilish va kishilarning favqulodda vaziyatlarda yashashini ta’minlovchi yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni ishlab chiqishda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasining qonunchilik aktlarini, qarorlarini, farmoyishlarini, Komissiyaning huquq doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa normativ aktlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi;
favqulodda vaziyatlar oqibatlari profilaktikasi, ularning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi vatanimiz va xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va undan foydalanishni tashkil etadi, Komissiyaning vakolati doirasida markaziy boshqaruv organlari, boshqa xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi;
b) favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda va ularning oqibatlarini tugatishda:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tizimini tayyor holatga keltirishni va uning ishlashini ta’minlaydi;
tegishli boshqaruv organlarini va aholini favqulodda vaziyatlarning ro‘y berganligi, xarakteri va miqyoslari, ularning oqibatlarini tugatishning qanday borayotganligi haqida xabardor qilish va axborot bilan ta’minlashni tashkil etadi;
respublika hududida mintaqaviy favqulodda vaziyat ro‘y bergan taqdirda qidiruv-qutqarish va avariya -tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qiladi;
zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
falokat ro‘y bergan rayonga tashkilotlar va fuqarolardan, shu jumladan, xorijiy fuqarolardan yordam tariqasida tushadigan moddiy va moliyaviy mablag‘larni hisobga olish va taqsimlash ishlarini tashkil etishni nazorat qiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi favqulodda vaziyatlar komissiyalarining avariyalar va falokatlarning sabablarini aniqlash yuzasidan olib boradigan ishida qatnashadi;
tegishli tajribaga ega bo‘lgan jamoat tashkilotlari va fuqarolarning (shu jumladan, xorijiy fuqarolarning) favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish bo‘yicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish ishlarini olib boradi;
odamlarning hayoti va salomatligi uchun bevosita xavf-xatar bartaraf etilgach, qidiruv-qutqarish ishlari olib borilgandan keyin, aholining yashashini ta’minlovchi obyektlar tiklab bo‘lingandan so‘ng favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish ishlariga rahbarlik qilish mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga, shuningdek, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar va birlashmalar zimmasiga o‘tkaziladi.
4. Komissiya quyidagi huquqlarga ega :
zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarini va Milliy Gvardiya qo‘shinlarini avariyalar, falokatlar, ekologik va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatishga, favqulodda vaziyatlar zonalarida jamoat tartibini saqlashni va aholining hayoti uchun zarur bo‘lgan hamda xalq xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilishni ta’minlashga jalb etish haqida belgilangan tartibda taklif kiritish;
o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlar tarzidagi qarorlarini qabul qilishda qatnashish;
Komissiya vakolatiga taalluqli bo‘lgan masalalarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligi majmualari, vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar, birlashmalarning rahbarlari bilan birgalikda qatnashish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar va birlashmalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining ishini nazorat qilib borish, o‘z majlislarida ana shu komissiyalarning hisobotlarini eshitish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarning tayyorligini nazorat qilishni amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar, birlashmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklardan Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan materiallarni talab qilish va olish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarni zarur bo‘lgan qidiruv-qutqarish hamda avariya-qayta tiklash ishlariga belgilangan tartibda jalb etish;
respublika hududidagi mintaqaviy favqulodda vaziyat vujudga kelgan joyga borib qidiruv-qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyat paydo bo‘lishi sezilgan hollarda, qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, respublika hududidagi xalq xo‘jaligi obyektlarining ishini to‘xtatib qo‘yish;
mahalliy avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizotiyalar ro‘y bergani taqdirda o‘z vakillari va mutaxassislarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar ishida ishtirok etish uchun yuborish;
respublika xalq xo‘jaligining yetakchi mutaxassislarini potensial xavfli bo‘lgan obyektlarning bexatar ishlashini nazorat qilishga jalb etish.
5. Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi kundalik faoliyatida Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan yillik va yil choragi rejalariga muvofiq ish olib boradi. Komissiya majlislarida favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish masalalari ko‘rib chiqiladi. Komissiya o‘z vakolat doirasida barcha respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari, qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, tashkilotlar, korxonalar va muassasalar uchun bajarish majbur bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Komissiya majlislari o‘rtasidagi davrda zarur qarorlar Komissiya raisi yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan qabul qilinib, tegishli ko‘rsatmalar tarzida ijrochilarga yetkaziladi. Favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda avariya falokat va tabiiy ofat, epidemiya va epizootiyalarning turi, ularning ko‘lami va oqibatlariga qarab Komissiya tarkibidan tezkor guruhlar tashkil etiladi. Bu guruhlarga Komissiya raisi yoki uning o‘rinbosarlari boshchilik qiladilar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishga rahbarlikni ta’minlaydilar.
6. Komissiya raisi Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lib, Komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, Komissiya va uning apparati ishini tashkil etadi.
7. Komissiya raisiga amaldagi qonunchilikka binoan quyidagi huquqlar beriladi:
O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, favqulodda vaziyat zonasida jamoat tartibini katta moliyaviy va moddiy boyliklar to‘plangan joylarni, aholining hayotiy faoliyatini ta’minlovchi va xalq xo‘jaligi obyektlarini qo‘riqlashni kuchaytirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonasida fuqarolarning kirish- chiqishi uchun maxsus rejimni joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda, favqulodda holat e’lon qilingan hududda favqulodda vaziyat va xarakteriga qarab, ofat ro‘y bergan rayonlarda fuqarolarning yashashi va yurish-turishining alohida tartibini o‘rnatish;
Favqulodda vaziyat oqibatlarining oldini olish yoki tugatish uchun zarur transport, tibbiy, qutqarish, qayta tiklash hamda boshqa kuch vositalarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan harbiy bo‘linmalar va qismlarni jalb etish;
Favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarda va ularning oqibatlarini tugatish uchun bo‘lgan harakatlarda barcha zarur moddiy- texnika, tibbiy, oziq-ovqat va boshqa davlat va idora resurslari, rezervlari va zaxiralaridan foydalanish.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasiga favqulodda vaziyatlarda va ularning oqibatlarini tugatishda boshqaruv bo‘yicha mutaxassis kadrlarning malakasini oshirishni favqulodda vaziyatlarda aholini harakat qilishga tayyorlash va takomillashtirish ishlarini tashkil etish yuklatiladi.
Komissiya o‘z tasarrufida quyidagilarga ega:
tegishli rejalashtirilgan davr uchun iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish davlat rejalarida ehtiyot choralarini va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatish bo‘yicha kuzda tutilmagan ishlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus moliyaviy va moddiy-texnika rezervlari. Mazkur rezervlarning hajmlari va nomenklaturasi to‘g‘risidagi takliflar tegishli ravishda vazirliklar va idoralar tomonidan komissiya bilan kelishilgan holda tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasining ikkinchi bo‘limi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Komissiya tomonidan ajratilgan mablag‘larni sarflash va rezervlardan foydalanish uning qarori bilan amalga oshiriladi.
Komissiya ishchi apparatining tashkiliy tuzilishi Komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
Komissiya apparati favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatida ko‘riladigan zararni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kundalik ishlarni tashkil etadi, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tizimining tayyorligini nazorat qilib boradi. Komissiya majlislariga hujjatlar tayyorlaydi, Komissiya qarorlarini ijrochilarga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Potensial xavfli obyektlari bo‘lgan respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari, birlashmalari rahbarlari (rahbarlarning birinchi o‘rinbosarlari) boshchilik qiladigan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar tuzadilar. Ular o‘zlariga qarashli obyektlarda va ularga tengdosh rayonlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning yetkazishi mumkin bo‘lgan zararini kamaytirish va ular oqibatlarini tugatish bo‘yicha tadbirlar hamda ishlarni tayyorlash va o‘tkazish uchun shaxsan mas’uldirlar.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tarmoq komissiyalari bo‘ysunuvchi korxonalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha obyekt komissiyalarining faoliyatiga, xavfsiz va chiqitsiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish, himoya va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatishning zarur vositalarini ishlab chiqish yuzasidan yagona texnika siyosatini o‘tkazish, ekstremal sharoitda boshqarish bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishda obyekt komissiyalariga yordam berish, jumladan, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha viloyat, shahar komissiyalarining kuch va vositalarini bu ishlarga jalb etish (kelishuv bo‘yicha) ishlariga uslubiy rahbarlik qilish, bu ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilishni amalga oshirishlari kerak.
Komissiya vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalar va potensial xavfli obyektlarda navbatchilik -dispetcherlik xizmatini tashkil etadi. Fuqaro mudofaasi bo‘yicha ikkinchi bo‘limlarning shtatdagi xodimlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalarning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalarining ishchi organi hisoblanadi.
Potensial xavfli obyektlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari, konsernlari, idoralari, birlashmalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalar haqida idoraviy nizomlarni ishlab chiqadilar, o‘z ishlarida Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining Vaqtinchalik nizomidan foydalanadilar.
Vazirlikning komissiya haqidagi nizomi Vazirlar Mahkamasi Komissiyasi bilan kelishilgan holda, vazir tomonidan tasdiqlanadi. Komissiyaning shaxsiy tarkibi: rais, rais o‘rinbosarlari, komissiya a’zolari hay’ati ( qo‘mita ) qarori bilan tasdiqlanadi.
Xalq xo‘jaligi obyektining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasining namunaviy loyihasini vazirliklar, davlat qo‘mitalari, konsernlar, birlashmalar (tarmoq komissiyalari) ishlab chiqadilar. Obyekt komissiyalari o‘z nizomida asosiy vazifalarni, funksiyalarni, tarkibni va huquqlarni, favqulodda vaziyat xavfi bo‘lganda uning oldini olish va shunday hollar ro‘y berganda harakat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishni, (mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ) jalb etiladigan kuch va vositalarni aniqlaydilar.
Xususiy (sex) va obyekt vaziyatlarini obyekt komissiyalari zarur hollarda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha (shahar) va tarmoq komissiyalarining tezkor guruhlari, kuch va vositalari ishtirokida bartaraf etadilar.
Tarmoq komissiyalari idoraga qarashli qaysi korxonalarda aholini shikastlanish (zararlanish) xavfidan xabardor qilishning muayyan tizimlari bo‘lishini belgilaydilar. Ularni jihozlashni nazorat qilishni ana shu komissiyalar amalga oshiradilar.
Ofitsyerlar tarkibi bilan komplektlangan fuqaro mudofaasi shtabi mavjud bo‘lgan viloyatlar shaharlar va shaharlarning tumanlarida fuqaro mudofaasi boshlig‘i — favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya raisi etib hokimning birinchi o‘rinbosari tayinlanadi. Ishchi apparati funksiyasi fuqaro mudofaasi shtabi va ikkinchi bo‘lim xodimlariga yuklatiladi.
Respublika tez harakat qilish ko‘p profilli markazi (RTHKPM) respublika hududida ekstremal vaziyatlarda odamlarni qutqarish bo‘yicha professional bosh tashkilot bo‘lib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar ro‘y berganda harakat qilish bo‘yicha yagona Davlat tizimiga kiradi.
RTHKPM faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi raisi zimmasiga yuklatiladi va u Respublika tez harakat qilish ko‘p profilli markazi haqidagi nizomni tasdiqlaydi.
RTHKPMning belgilangan shakldagi guvohnomasini olgan qutqazuvchilar favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonaga kirish (chiqish) huquqiga egadirlar.
Izoh: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kengashi, viloyat, shahar tuman hokimliklarining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiyalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda shu komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlar ishlab chiqiladi.