Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “2005—2009 YILLARDA UMUMTAʼLIM MAKTABLARI UChUN DARSLIKLAR VA OʻQUV-METODIK QOʻLLANMALAR NAShR ETISh DASTURI TOʻGʻRISIDA” 2004 YIL 22 NOYABRDAGI 548-SON QARORIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Davlat taʼlim standartlari talablariga javob beradigan oʻquv adabiyotlari va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni tayyorlash, nashr etish va taʼlim muassasalarini ular bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish dasturi toʻgʻrisida” 2004-yil 22-noyabrdagi 548-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 11-son, 107-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar xarid qilish yuzasidan tanlov savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-mart,
77-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 19-martdagi 77-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish dasturi toʻgʻrisida” 2004-yil 22-noyabrdagi 548-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilab qoʻyilsinki:
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi taʼlim muassasalari uchun yangi darsliklar va oʻquv-metodik komplekslar yaratish, ularni nashr etishga hamda qayta nashr etishga davlat buyurtmasini joylashtirish tender (tanlov) asosida amalga oshiriladi;
umumiy oʻrta taʼlim taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni xarid qilish va yetkazib berish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan, akademik litseylar uchun – Respublika budjeti mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan, kasb-hunar kollejlari uchun esa – mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi”.
2. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik komplekslarni nashr etish yuzasidan tender savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (5-ilova):
a) 1-banddagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Mazkur Nizomning amal qilishi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik komplekslarni keyingi oʻrinlarda oʻquv adabiyotlari deb ataladi) nashr etishda va qayta nashr etishda tender savdolari oʻtkazishga tatbiq etiladi.
Darsliklar, qoʻshimcha, oʻquv, metodik va maʼlumotnoma adabiyotlar va ish daftarlariga oʻquv adabiyotlari sifatida qaraladi”.
v) 3-bandning birinchi xatboshidagi va 4-banddagi “nashr etishda” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etishda” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 5-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Nashr etish va qayta nashr etish uchun tender savdolari faqat ular boʻyicha Hukumat komissiyasining qarori va huquq egalarining (mualliflar va mualliflar jamoalarining, shuningdek oʻquv adabiyotlarining original-maketi uchun huquqlarga ega boʻlgan nashriyotlarning) roziligi mavjud boʻlgan oʻquv adabiyotlariga eʼlon qilinishi mumkin”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Tender savdolari gʻolibi boʻlgan muallifga mukofot toʻlash va oʻquv adabiyotining original-maketini tayyorlash uchun tasdiqlangan xarajatlarni nashriyotga toʻlash Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
d) 6-bandda:
uchinchi xatboshidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “nashr etishga” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etishga” soʻzlari qoʻshilsin;
e) 8-banddagi va 11-bandning birinchi xatboshidagi “nashr etishga” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etishga” soʻzlari qoʻshilsin;
j) 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Tender takliflarini ekspertizadan oʻtkazish va baholashni tashkil etish uchun tender komissiyasi tomonidan texnik va tijorat bahosi boʻyicha baholash guruhlari tayinlanadi.
Texnik baho boʻyicha baholash guruhi tender komissiyasi aʼzolaridan yoki mustaqil maslahatchilar orasidan, oʻquv adabiyotlari yaratish va chiqarish hamda kitob nashr etish texnologiyasi sohasida vakolatli boʻlgan kamida besh nafar mutaxassisdan iborat tarkibda tuziladi.
Tijorat bahosi boʻyicha baholash guruhi tender komissiyasi aʼzolari yoki mustaqil maslahatchilar orasidan, bank-moliya, yuridik va boshqa sohalarda vakolatli boʻlgan kamida besh nafar mutaxassisdan, shuningdek buyurtmachining vakillaridan iborat tarkibda tuziladi”;
z) 18-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Ilgari tuzilgan kontraktlar boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni zarur darajada bajarmagan oferentlar toʻgʻrisidagi axborot”;
i) 23-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“davlat buyurtmasining butun hajmini bajarish uchun zarur boʻlgan oʻzining yoxud shartnoma asosida foydalanayotgan ishlab chiqarish bazasining, mehnat resurslarining va malakali mutaxassislarning mavjudligi”;
beshinchi xatboshidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
yettinchi xatboshidagi “nashr etishning” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etishning” soʻzlari qoʻshilsin;
k) 25-bandning oltinchi xatboshidagi va 27-bandning birinchi xatboshidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
l) 33-bandning toʻrtinchi xatboshidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
m) 35-bandning uchinchi xat boshidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
n) 36-banddagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
o) 45-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“45. Texnik takliflar oʻrganish, tahlil qilish va baholash uchun texnik baho boʻyicha baholash guruhiga beriladi. Takliflarni baholashda qatnashchining malakasi, oʻquv adabiyotlari namunalari parametrlarining belgilangan sanitariya qoida va normalariga, davlat standartlariga, shuningdek texnik talablarga va buyurtmachi tomonidan belgilangan spetsifikatsiyaga muvofiqligi majburiy tartibda hisobga olinadi”;
p) 52-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“52. Tijorat bahosi boʻyicha baholash guruhi oferentlarning tender taklifini oʻrganadi va oʻquv adabiyotlariga taklif etilayotgan qiymatni (narxni) hamda chegirishlar miqdorlarini, oferentlarning kafolatli majburiyatlari shartlarini va moliya-iqtisodiy koʻrsatkichlarini koʻrib chiqadi”;
r) Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik komplekslarni nashr etish yuzasidan tender savdolari oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovada:
ilova nomidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
birinchi bosqichda:
“Tadbirlar” ustunidagi 1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Oʻquv adabiyotlarini nashr etish va qayta nashr etishni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini aniqlash”;
“Bajarish muddatlari” ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Hukumat komissiyasi tomonidan qaror qabul qilingandan keyin bir oy muddatda”;
beshinchi bosqichning “Tadbirlar” ustuni 4-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Texnik va tijorat bahosi boʻyicha baholash guruhlarini tashkil etish”;
oltinchi bosqichning “Subyektlar” ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Texnik baho boʻyicha baholash guruhi”;
sakkizinchi bosqichning “Subyektlar” ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tijorat narxi boʻyicha baholash guruhi”;
oʻn birinchi bosqichning “Tadbirlar” ustunidagi “nashr etish” soʻzlaridan keyin “va qayta nashr etish” soʻzlari qoʻshilsin;
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 13-son, 142-modda)