O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida
Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini yuqori bosqich sudlari tomonidan tekshirish turlari bo‘lib, yo‘l qo‘yilgan sud xatoliklarini bartaraf etishga qaratilgandir.
Sudlar tomonidan Jinoyat-protsessual qonunlari asosan to‘g‘ri qo‘llanilayotgan bo‘lsada, ayrim hollarda qonunlarni tatbiq etishda chalkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi natijasida qonun talablariga mos kelmaydigan qarorlar chiqarilmoqda.
Ishlarni kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rishda yuzaga kelgan muammolarni hal qilish va sud jarayonining mazkur bosqichlarida yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish sud xatolarini bartaraf etish orqali odil sudlov samaradorligini oshirishning kafolati ekanligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
2. Tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 498, 510, 511 va 516-moddalarida sud qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat berish yoki protest bildirishga, shuningdek, sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqishni iltimos qilishga haqli bo‘lgan protsess ishtirokchilari va shaxslar qat’iy belgilangan bo‘lib, bunday shaxslar doirasini kengaytirib talqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. Yuqori bosqich sudlari, quyi sudlar tomonidan ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rishga rasmiylashtirishda Jinoyat-protsessual kodeksining 473-moddasining 4-qismi, 479, 498-moddalarida qayd etilgan quyidagi talablarning bajarilganligini tekshirishlari shart:
— taraflarga hukmning mazmuni, hukm ustidan ular istagi bo‘yicha apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish muddati va tartibining tushuntirilganligini;
— tushgan shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli bo‘lsa, ularga bu haqda ma’lum qilinganligini;
— sud qarorlarining nusxalari sudlangan (mahkum)ga, jabrlanuvchiga, oqlangan shaxsga topshirilganligini;
— ular va boshqa manfaatdor shaxslar shikoyat yoki protest bilan, shu jumladan, qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishganligini va o‘z e’tirozlarini bildirganligini;
— kassatsiya shikoyati bergan shaxs, shuningdek berilgan shikoyat yoki protest kimning manfaatlariga taalluqli bo‘lsa, shu protsess ishtirokchilari ishning ko‘rilish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilinganliklarini;
— sudlangan (mahkum), oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari ishning yuqori instansiya sudida ko‘rilishida ishtirok etishlari mumkinligi to‘g‘risidagi qonun talablarining bajarilganligini va h.k.
4. Jinoyat-protsessual qonunchiligida nazarda tutilgan himoyalanish huquqi protsess ishtirokchilarining barchasiga nisbatan ish yuritishning har qanday bosqichida ham ta’minlanishi shartligidan hamda sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi, taraflarning o‘zaro tortishuvi va boshqa tamoyillarning mavjudligidan kelib chiqib, protsess ishtirokchilari jinoyat ishi yuzasidan berilgan shikoyat, bildirilgan protest va to‘plangan har qanday qo‘shimcha hujjat bilan tanishishga va o‘z e’tirozlarini bildirishga haqlidirlar. Ammo, ularga bunday majburiyatlarni yuklash qonunga ziddir.
Shuning bilan birgalikda, ishni sudda ko‘rishga asos bo‘luvchi shikoyat yoki protestda og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki sudlangan (mahkum), oqlangan shaxsning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) yoxud ularning nusxalari sudlangan (mahkum), oqlangan shaxsga tegishli tartibda taqdim etilib, uning e’tiroznoma bildirish huquqi real ta’minlangandagina jinoyat ishining kassatsiya yoki nazorat tartibida ko‘rilishiga yo‘l qo‘yilishi tushuntirilsin.
5. Ishning ko‘rilishini boshqa kunga qoldirishga faqat uzrli sabablar bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi. Protsess ishtirokchisi bo‘lgan shaxslar, o‘z vaqtida va tegishli tartibda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, sudga kelmasalar va kelmaslik sabablari uzrli ekanligi haqida biron-bir tarzda ma’lum qilmagan bo‘lsalar, ishni ularning ishtirokisiz ko‘rish masalasi hal qilinib, bu haqdagi sudning ajrimi sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi lozim.
6. Jinoyat-protsessual kodeksining 506 va 516-moddalariga asosan, kassatsiya va nazorat instansiya sudlari sud majlisiga sudlangan (mahkum), oqlangan shaxs, jabrlanuvchi, guvoh, ekspert va zarurat bo‘lsa, boshqa shaxslarni chaqirish to‘g‘risida asoslantirilgan ajrim chiqarish masalasini ish holatlaridan va protsessual qonunlar (Jinoyat-protsessual kodeksining 46, 55 va 479-moddalari) mazmunidan kelib chiqqan holda hal qiladilar.
7. Qonun mazmunidan apellatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar kassatsiya tartibida ko‘rilmasligi kelib chiqsa-da, sudlar buni bir tomonlama tushunmasliklari kerak. Muayyan shaxsga nisbatan va ayni bir asos bo‘yicha apellatsiya tartibida ko‘rilgan ishlargina kassatsiya tartibida ko‘rilmaydi.
8. Chiqarilgan.
9. Ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgandan so‘ng kelib tushgan shikoyat yoki protestni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha ajrim chiqarish masalasi Jinoyat-protsessual kodeksining 508-moddasi asosida hal qilinadi.
Bunday hollarda keyingi ajrim avval chiqarilgan ajrimga zid bo‘lsa, ish bir yoki har ikkala ajrim ustidan protest bildirish masalasini hal qilish uchun nazorat tartibida protest keltirish vakolatiga ega bo‘lgan sud raisiga yuboriladi. Ishni qo‘shimcha ko‘rish tartibi kechikib kelgan xususiy shikoyat yoki xususiy protestni hal qilishga ham taalluqlidir.
10. Sud, ishni kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rishda, Jinoyat-protsessual kodeksining 482-moddasi talablariga ko‘ra, shikoyat yoki protestda bayon etilgan vajlar bilan chegaralanmasdan, ishni barcha mahkum (oqlangan shaxs)larga, shu jumladan, shikoyat bermagan hamda ustidan shikoyat yoki protest bildirilmaganlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshirishga majbur.
Bunda, quyi bosqich sudi tomonidan yo‘l qo‘yilgan moddiy va protsessual qonun buzilishlari, bu haqda shikoyat yoki protestda ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar, bartaraf qilinishi shart.
11. Agar, birinchi instansiya sudi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘ldirish va protsessual qonun buzilishlarini bartaraf etish imkoniyati bo‘lsa, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlari qisman sud tergovi o‘tkazish va hukmga o‘zgartirishlar kiritishga haqlidir.
Jinoyat-protsessual kodeksining 490-moddasining 2-qismida nazorat instansiyasi sudi jinoyat ishini nazorat tartibida ko‘rib, apellatsiya yoki kassatsiya ajrimini bekor qilish, shuningdek, agar keyin sud qarorlari chiqarilgan bo‘lsa, ularni ham bekor qilish va ishni yangidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqishga yuborishi belgilangan. Mazkur qoida nazorat instansiyasi sudining mahkum (oqlangan shaxs)ning ahvolini og‘irlashtirmaydigan holatlarda sud ajrimi va qarorlarini o‘zgartirish vakolatini (Jinoyat-protsessual kodeksining 521-moddasi) istisno etmaydi.
12. Yuqori instansiya sudi, asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishga, unga tarbiya koloniyasi yoki jazoni ijro etish koloniyasining og‘irroq turini belgilashga, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini ish hujjatlariga asosan ko‘paytirishga, hukmning ayrim mahkumlarga qo‘yilgan ayblov qismini yoki fuqaroviy da’vo qismini bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqlidir.
Sud jinoyat ishini kassatsiya yoki nazorat tartibida ko‘rgan vaqtida jazoni kuchaytirishga, shuningdek, og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llashga haqli emas.
Shuningdek, mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lsa, sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqishga ular qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil mobaynidagina yo‘l qo‘yilishiga e’tibor qaratilsin (Jinoyat-protsessual kodeksining 513-moddasi).
13. Yuqori bosqich sudi, zarurat tug‘ilganda, Jinoyat-protsessual kodeksining 541, 542-moddalarida ko‘rsatilgan tartibda, hukm, ajrim va qarorning mohiyatiga daxl qilmaydigan va mahkumning ahvolini og‘irlashtirmaydigan holatda sud qarorlaridagi shubha va noaniqliklarni bartaraf qiladi.
Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlaridagi amnistiya aktini tatbiq etishga oid noaniqliklar Jinoyat-protsessual kodeksining 541-moddasi asosida hukm, ajrim va qarorning ijrosiga taalluqli masalalarni hal etish tartibida qo‘shimcha ajrim yoki qaror chiqarish yo‘li bilan ham hal qilinishi mumkin bo‘lib, bunda protest bildirilishi talab etilmaydi.
14. Yuqori bosqich sudi shaxsning qilmishlari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan degan to‘xtamga kelsa, uni tegishli jinoyat qonuniga qayta kvalifikatsiya qiladi. Qayta kvalifikatsiya qilingan qonun bo‘yicha qilmish uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tgan bo‘lsa yoki amnistiya akti asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligi taqozo etilsa, Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismining 1, 2-bandlari asosida ish tugatiladi.
Aybdorni jinoiy javobgarlikdan ozod qiluvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tganidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yuritilgan taqdirda, mahkum, garchand, jazoni o‘tashdan ozod qilingan bo‘lsada, ayblov hukmi bekor qilinib, ish tugatiladi.
15. Chiqarilgan.
16. Nazorat instansiyasi sudida jinoyat ishlari Jinoyat-protsessual kodeksining 506-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq ko‘riladi. Jumladan, ushbu moddada sudyalar maslahatlashuvining sir saqlanishiga rioya etish ko‘zda tutilganligini e’tiborga olish zarur. Zero, Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasiga binoan, sudyalar maslahatlashuvi sir saqlanishining buzilishi Jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi hisoblanadi.
17. Jinoyat-protsessual kodeksining 500 va 513-moddalari mazmunidan kelib chiqqan holda mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi asoslar bo‘yicha sudlarning hukm, ajrim va qarorlarini, ular qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil vaqt o‘tgach kassatsiya va nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jumladan:
shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilinishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 70-moddasi);
aybdorning chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 71-moddasi);
mahkumning jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirilishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 73, 74-moddalari);
mahkumning kasallik yoki mehnatga qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilinishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 75-moddasi);
mahkumning amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilinishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 76-moddasi);
sudlanganlikning olib tashlanishi (O‘zbekiston Respublikasi JKning 79-moddasi);
hukm, ajrim va qarorlarni ijroga qaratishga taalluqli ayrim (Jinoyat-protsessual kodeksining 541-moddasi) masalalar (ozodlikdan mahrum etishga shartli ravishda hukm qilinganda sinov muddatini qisqartirish; mahkumni hukmda belgilangan jazoni o‘tashi uchun yengilroq tartibli koloniyaga jo‘natish yoki ko‘chirish, axloq tuzatish ishlari o‘talgan vaqtni umumiy mehnat stajiga qo‘shish) va hokazolar.
18. Sud qarorlarini og‘irlashtiruvchi holatlarda qayta ko‘rib chiqishga yo‘l qo‘yiladigan bir yillik muddat (Jinoyat-protsessual kodeksining 500 va 513-moddalari) qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida munosabat bildirilayotgan sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlanishi tushuntirilsin.
19. Jinoyat ishining nazorat tartibida qayta ko‘rilishiga faqat ishdagi hujjatlardan kelib chiqadigan asoslar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi. Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini shubhaga soluvchi holatlar, ular qonuniy kuchga kirgandan keyin aniqlangan bo‘lsa, bunday sud qarorini qayta ko‘rib chiqish masalasi, faqat, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ish yuritish tartibida hal etilishi mumkin. Agarda, shu ko‘rsatilgan holatlarda nazorat tartibida protest keltirilgan bo‘lsa, nazorat bosqich sudi protestni qanoatlantirmasdan qoldirib, ishni barcha hujjatlar bilan birga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish uchun prokurorga yuboradi.
20. Kassatsiya bosqich sudlari Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasida ko‘rsatilgan hukmni bekor qilinishiga sabab bo‘ladigan jiddiy qonun buzilishlarini aniqlasa, bu qonun buzilishlari ish bo‘yicha o‘tayotgan shaxslarning qaysi biriga taalluqliligidan, ya’ni ularga nisbatan shikoyat yoki protest mavjud yoki yo‘qligidan qat’i nazar, hukm barchasiga nisbatan bekor qilinishi lozim.
21. Sud ishni qo‘shimcha tergovga yoki yangidan sudda ko‘rish uchun yuborayotganida sudlanuvchiga qo‘yilgan aybning isbotlanganligi yoki u yoki bu dalilning ishonchliligi, bir dalilning ikkinchisidan afzalligi, qilmishning u yoki bu jinoyat qonuni bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi va jazo chorasi haqida oldindan xulosa qilishga haqli emas.
Hukmni bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun sudga yuborayotib, yuqori bosqich sudi o‘z qarorida qaysi holatlar hukmni bekor qilinishiga sabab bo‘lganligini va ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatishi zarur.
Hukmni yoki ajrimni bekor qilib, ishni qo‘shimcha tergovga yuborayotganda, yuqori bosqich sudi, aynan qanday holatlar tergov yo‘li bilan qo‘shimcha aniqlanishi kerakligini, bunday holatlarni sud yo‘li bilan aniqlash imkoni yo‘qligini ko‘rsatishi, shuningdek, avval qo‘llanilgan ehtiyot chorasining maqsadga muvofiqligini, uni o‘zgartirish, masalan, garov tariqasidagi ehtiyot chorasini qo‘llash imkoniyatlari bor yoki yo‘qligini, albatta muhokama qilishi shart.
22. Jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan qo‘shimcha dalil va hujjatlar, sudda tekshirilgan holatlarga taalluqli bo‘lsa va yangi ochilgan holatlar mavjudligidan dalolat bermasa, ulardan foydalanish mumkin.
Qo‘shimcha hujjatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 149, 170, 290 va 398-moddalarida nazarda tutilgan (murdani eksgumatsiya qilish, telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, mol-mulkni xatlash, mulkiy zararni qoplashni va mol-mulkni musodara etishni ta’minlash) protsessual harakatlarni o‘tkazishni tergov organining zimmasiga yuklash yo‘li bilan ham to‘planishi mumkin.
Qo‘shimcha hujjatlarga ishdagi mavjud dalillar bilan birga baho berilishi lozim. Ular hukm, ajrim va qarorni o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos qilib olinishi mumkin.
Qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlar protsessual qonun talablariga rioya etilgan holda olingan yoki to‘plangan bo‘lsagina, ular sud tomonidan huquqiy ahamiyatga molik hujjat, shu jumladan, dalil sifatida baholanishi mumkin.
23. Agar, mahkumning bir necha epizoddan iborat jinoiy qilmishlari bir xilda kvalifikatsiya qilingan bo‘lib, ishni kassatsiya va nazorat bosqichida ko‘rishda e’lon qilingan ayb epizodlaridan biri yoki bir nechtasi o‘zining tasdig‘ini topmasa (masalan, shaxsni bir necha marta pora olganlikda aybdor deb topish) va bu holat qo‘shimcha tekshirishni talab qilmasa, sud ushbu epizodlarni sudlanuvchining aybidan chiqarib, ishning shu qismini tugatishi mumkin.
Agar, mahkum bir necha jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan va ularning har biri qonunning tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilingan bo‘lib, alohida ko‘rilishi mumkin bo‘lsa, yuqori bosqich sudi hukmni bir yoki bir necha jinoyatlar qismi bo‘yicha bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish yoki qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun yuborishga va hukmning boshqa qismini o‘zgarishsiz qoldirishga haqli.
24. Jinoiy qilmish jinoyat qonunining bir moddasidan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni nazarda tutuvchi bir necha moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinganda, agar, bu sudlangan (mahkum)ning ahvolini og‘irlashtirmasa va uning himoya huquqini buzmasa, yuqori bosqich sudi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida jazo tayinlaydi. Bu jazo birinchi bosqich sudi tomonidan tayinlangan jazodan og‘ir bo‘lmasligi lozim.
25. Kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi mahkumga tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasini hal qila turib, Jinoyat-protsessual kodeksining 482-moddasiga muvofiq, nafaqat jazoni kamaytirishi, balki, boshqa yengilroq jazo turiga almashtirishi ham mumkin. Bu holatda, qonun doirasida tayinlanadigan yengilroq jazoning muddati hukm bo‘yicha tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatidan ortiqroq bo‘lishi ham mumkin (masalan, bir yil ozodlikdan mahrum qilingan shaxsga sud uch yil axloq tuzatish ishi tayinlashga haqli).
Sudlangan (mahkum)ga nisbatan asosiy jazo kamaytirilganda, shu jumladan, qonunda belgilangandan ko‘ra yengilroq jazoga almashtirilganda ham, hukmning qo‘shimcha jazo tayinlash (muayyan huquqdan, harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish kabi) qismi o‘zgarishsiz qoldirilishi mumkin.
26. Ishni ko‘rish vaqtida sudlangan (mahkum)ning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli hukm bekor qilinib jinoyat ishi tugatilsa, javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxsni aniqlash masalasini hal etish uchun, sud, jinoyat ishini prokurorga yuborishi kerak.
27. Yuqori bosqich sudi surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat sudlov ishlarini yurgizishda jabrlanuvchining ishtirokini tartibga soluvchi qonunlarga rioya qilinganligini sinchiklab tekshirishi, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini e’tiborsiz qoldirmasligi lozim.
Jabrlanuvchini protsessual huquqlaridan mahrum qilish yoki ularni cheklash ishning har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rilishiga xalal bergan hamda qonuniy, asosli va adolatli sud qarori chiqarilishiga ta’sir qilgan bo‘lsa, bu holat sud qarorining bekor qilinishiga sabab bo‘luvchi jiddiy qonun buzilishi deb baholanishi mumkin (Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasi).
28. Kassatsiya va nazorat bosqich sudlarining qarorlari aniq, tushunarli, izchil ifodalangan, mantiqiy va huquqiy asoslantirilgan bo‘lishi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 496-moddasida nazarda tutilgan holatlarni, albatta aks ettirgan holda tuzilgan bo‘lishi shart. Bu talablarning bajarilmaganligi ularni o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘la oladi.
29. Kassatsiya va nazorat instansiya sudi Jinoyat-protsessual kodeksining 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida va sud muhokamasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga tegishli mansabdor shaxslarning e’tiborini qaratish zarur bo‘lgan, xususiy ajrim chiqaradi. Biroq, yuqori bosqich sudi, o‘zgartirilmasdan qolidirilgan sud qarorining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligiga shubha tug‘diruvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
30. Chiqarilgan.
31. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning Rayosatlari muayyan ishni nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida, mazkur ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin bo‘lmagan sudyalarni hisobga olmagan holda, qolgan Rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lgan taqdirda ham vakolatli hisoblanadi.
32. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Jinoyat ishlarini sudlar tomonidan kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 43-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2001-yil 1-iyun,
5-son