Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Jinoyat ishlarini sudlar tomonidan kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi 5-sonli “Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jinoyat ishlarini kassatsiya tartibida yurgizish, shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarining qonuniyligini va asoslantirilganini nazorat tarzida tekshirish — yuqori sudlar tomonidan sudlov faoliyatining ustidan nazorat qilishning muhim usuli boʻlib, sudlar yoʻl qoʻygan xatolarni tuzatishga, toʻgʻri va yagona sud amaliyotini amalga oshirishga yordam beradi.
Ammo ushbu bosqich sudlarining ishida sud faoliyatini va odil sudlovni amalga oshirishda salbiy taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy kamchiliklar mavjud.
Birinchi bosqich sudlari tomonidan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunlarini toʻgʻri qoʻllanishiga ayrim hollarda eʼtibor berilmaydi, natijada ayrim qonunsiz va asoslantirilmagan sud hukmlari, qarorlari va ajrimlari oʻzgartirilmasdan va bekor qilinmasdan qoldiriladi. Shu bilan bir vaqtda, qonuniy va asoslantirilgan sud qarorlarini bekor qilish hollari uchrab turadi.
Ish hujjatlarini toʻliq tekshirmaslik oqibatida xatolarga yoʻl qoʻyilmoqda. Ishlarni koʻrish tartibi va shartlarini belgilovchi qonunlarni buzish hollariga barham berilmagan. Hukm va ajrimlar bekor qilinib, ishlar yangitdan sudda koʻrish uchun yuborilganda baʼzan ayblov isbotlanganligi masalasi oldindan hal qilib qoʻyiladi yoki birinchi bosqich sudlariga qaysi dalillarni qabul qilish, qaysilarini qabul qilmaslik va qaysi qonunini qoʻllash lozimligi haqida koʻrsatmalar beriladi.
Ayrim ishlar qonunda belgilangan muddatda koʻrib chiqilmaydi. Ishlarni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqida sudning asoslantirilgan ajrimi chiqarilmaydi.
Sudlarning ayrim ajrim va qarorlarida mahkumlarning muqaddam sudlanganligi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berilmaydi, shikoyat va protestlarning mazmuni, prokurorning fikri va xulosasi, sud muhokamasi qatnashchilarining iltimosnomalari, izohlari va fikrlari toʻliq bayon etilmaydi. Himoya huquqining buzilishiga yoʻl qoʻyilmoqda. Sud amaliyotida uchrab turadigan ayrim masalalarni hal qilishda bir xillik yoʻq.
Natijada ana shunday ishlar boʻyicha chiqqan hukm, ajrim va qarorlar yuqori bosqich sudlari tomonidan qayta koʻrib chiqilmoqda, ishlarni hal qilishda sansalorlikka yoʻl qoʻyilmoqda.
Kassatsiya va nazorat tartibida ishlarni koʻrishdagi kamchiliklarni bartaraf qilish va masalalarni bir xilda hal etilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qildi:
1. Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida har tomonlama sinchiklab tekshirib, toʻgʻri hal qilish katta ahamiyat kasb etadi chunki sudlarning xatolarini oʻz vaqtida tuzatish hamda qonunlarni toʻgʻri va bir yoʻsinda qoʻllash imkoniyatini beradi.
Yuqori sudlar quyi sudlarga nisbatan, ular chiqargan hukm, ajrim va qarorlarning qonunga toʻla muvofiq boʻlishiga erishish uchun, talabchanlikni oshirishlari kerak. Ishlarni kassatsiya tartibida rasmiylashtirishda, birinchi bosqich sudi kassatsiya shikoyatlari va protestlari keltirish, shikoyat va protestlar berilgani toʻgʻrisida xabardor qilish va sud majlisi protokoli bilan tanishtirish tartibini belgilovchi jinoyat-protsessual qonun normalariga qatʼiy amal qilishi lozim.
Kassatsiya bosqich sudlari ishlarni oʻziga qabul qilib olishda mahkum, oqlangan, jabrlanuvchi hamda protsessning, shikoyat yoki protest manfaatlariga taalluqli boʻlgan boshqa ishtirokchilari keltirilgan shikoyat yoki protest toʻgʻrisida tegishlicha xabardor qilingan-qilinmaganliklarini aniqlashlari zarur.
Sudlar shuni nazarda tutmoqlari qonunga binoan (Jinoyat-protsessual kodeksining 479, 500, 504-moddalari), protsess ishtirokchilari kelib tushgan shikoyat yoki protestlar bilan tanishishga va oʻz eʼtirozlarini bildirishga haqlidirlar. Lekin, ularga bu majburiyatlarni yuklash qonunga ziddir.
2. Ishning koʻrilishini boshqa kunga qoldirishga uzrli sabablar boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi. Agar ishni koʻrishda ishtirok etuvchi shaxslar, ishning koʻrilishi haqida tegishli tartibda ogohlantirilgan boʻlib, sudga kelmasalar, kassatsiya bosqichida ularning kelmaganlik sabablari aniqlanib, ishni ushbu shaxslarning ishtirokisiz koʻrish masalasi hal qilinishi va bu haqda sudning ajrimida koʻrsatilishi kerak.
3. Jinoyat-protsessual kodeksining 506-moddasi mazmuniga binoan sud majlisiga guvohlar, ekspertlar, mutaxassislarni chaqirish masalalari kassatsiya bosqich sudi tomonidan ish holatlaridan kelib chiqqan holda hal qilinadi.
4. Sudlanuvchining birinchi bosqich sudida qatnashgan advokati oʻz tashabbusi bilan kassatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Agar kassatsiya shikoyati bergan advokat mahkumning roziligi boʻyicha boshqa advokat bilan almashtirilgan boʻlsa, keyingisi Jinoyat-protsessual kodeksining 481-moddasi talabiga binoan qoʻshimcha shikoyat keltirishi mumkin.
Agarda mahkum birinchi bosqich sudida advokatdan voz kechsa yoki uning shikoyatini qaytarib olsa, bunday holatda, ish boʻyicha boshqa kassatsiya shikoyati yoki protest keltirmagan boʻlsa, kassatsiya ishi tugatiladi.
Biroq sudlar JPKning 52-moddasida advokatdan voz kechish sud uchun majburiy boʻlmagan holatlar qayd etilganini nazarda tutmoqlari kerak. Kassatsiya bosqichi bunday voz kechishni qabul qilmasdan, ishni mazmunan koʻradi. Advokatdan voz kechishni qabul qilish yoki qabul qilmaslik haqidagi qaror kollegial ravishda qabul qilinadi va kassatsiya ajrimi matniga kiritiladi.
5. Kassatsiya shikoyatlari va protestlariga diqqat-eʼtibor bilan yondoshish kerak. Ularda koʻrsatilgan vajlar ajrimda javobsiz qolmasligi uchun, bu vajlarni sinchiklab oʻrganib va tekshirib, ishdagi mavjud boʻlgan va qoʻshimcha berilgan hujjatlar bilan solishtirib koʻrish shart. Jinoyat va jinoyat-protsessual qonun normalariga amal qilinishiga, jinoiy harakat tavsifi toʻgʻriligiga, tayinlangan jazoni asosli, qonuniy va adolatli boʻlishiga alohida eʼtibor berish lozim.
6. Hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi va asoslantirilganligini tekshirayotib, kassatsiya bosqich sudi, birinchi bosqich sudi tomonidan yoʻl qoʻyilgan moddiy va protsessual qonun buzilishlarini, bu haqda shikoyat yoki protestda koʻrsatilishidan qatʼiy nazar, bartaraf qilishga majbur. Kassatsiya bosqichi chiqarilgan xususiy ajrimning qonuniyligini, uning hukm va ish hujjatlariga mosligini tekshirishi shart. Agar, asoslar boʻlsa, xususiy ajrim bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
7. Bir necha kishiga nisbatan jinoyat ishi koʻrilayotganda, sud Jinoyat-protsessual kodeksining 482-moddasiga binoan, kassatsiya shikoyati bermagan, yoki jabrlanuvchining kassatsiya shikoyati va prokuror protesti boʻlmagan shaxslarga nisbatan ham ish toʻla hajmda tekshiriladi. Agar asoslar boʻlsa, yuqorida koʻrsatilgan mahkumlarning ahvolini ogʻirlashtirmaslik sharti bilan, sud hukmiga kerakli oʻzgartishlar kiritish, yoki uni bekor qilish mumkin. Agarda hukmga oʻzgartirish kiritish yoki uni bekor qilish uchun asoslar boʻlmasa, ushbu mahkumlarga nisbatan ish tekshirilganligi va hukm oʻzgartirilmasdan qoldirilganligini koʻrsatish kerak emas. Shuningdek, kassatsiya shikoyati yoki protest keltirilmagan mahkumning shaxsiga doir maʼlumotlarni qayd etmaslik kerak.
8. Jinoyat-protsessual kodeksi 482, 528-moddalarining mazmuniga koʻra, ayrim mahkumlarga nisbatan kassatsiya shikoyatlari yoki prokuror protesti berilib ish boʻyicha hukm yuqori sud tomonidan bekor qilinmasa, bu hukm ish kassatsiya bosqichida koʻrib chiqilishidan soʻng hamma mahkumlarga nisbatan kuchga kiradi.
9. Agarda biror sabab bilan ayrim mahkumlarga nisbatan oʻz muddatida berilgan kassatsiya shikoyati yoki protest, ishni boshqa mahkumlarga nisbatan koʻrib chiqilganidan soʻng kelib tushsa, yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 501-moddasiga binoan shikoyat yoki protest keltirish muddati tiklangan boʻlsa, shuningdek mahkum va uning advokatining kassatsiya shikoyati, boshqa sud protsessi ishtirokchisining kassatsiya shikoyati yoki protesti bilan ushbu mahkumga nisbatan ish koʻrilib chiqilganidan soʻng kelib tushsa, kassatsiya bosqich sudi bunday shikoyat yoki protestni mazmunan koʻrib, ular boʻyicha ajrim chiqarishi lozimdir.
Agar ushbu ajrim bilan ish boʻyicha chiqarilgan oldingi ajrim oʻrtasida qarama-qarshilik kelib chiqsa, u holda chiqarilgan ajrimdan birini yoki ikkalasini bekor qilish masalasini hal qilishlik uchun ish nazorat tartibida protest keltirish huquqiga ega boʻlgan sud raisiga yuboriladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 508-moddasiga binoan ishni qoʻshimcha koʻrish tartibi, kechikib kelgan xususiy shikoyat va xususiy protestni hal qilishga ham taalluqlidir.
10. Ishlarning kassatsiya tartibida koʻrilishi, sudlanuvchi aybdor deb topilgan yoki oqlangan ayb doirasida boʻlishi mumkin. Agar, mahkumning ahvoli ogʻirlashtirilmasa yoki uning himoya huquqi buzilmasa, aybni oʻzgartirish mumkin. Jumladan, bu oʻzgartirish mahkumning hukmda mujassamlashtirilgan aybidan jiddiy ravishda farq qilmasa, yoki ogʻirroq jazo tayinlanishiga olib kelmasa, sud sodir etilgan jinoyatni boshqa yengilroq qonun moddasiga yoki moddalariga qayta tavsiflashga, aybning bir qismini (epizodini) yoki mahkumning javobgarligini ogʻirlashtiruvchi belgilarni chiqarib tashlashga, alohida tavsiflangan hukmning bir qismini bekor qilishga va bu qismi boʻyicha ishni yotqizishga, hukmni bekor qilmasdan va bu qismi boʻyicha ishni yotqizmasdan, qilingan jinoyatga xato baho berish natijasida ikki jinoyatning majmui sifatida eʼlon qilingan qonun moddasini chiqarib tashlashga haqli.
Hukmga kiritilgan oʻzgartirishlar ajrimning xulosa qismida koʻrsatilishi lozim.
11. Agar ishni koʻrish natijasida kassatsiya bosqichi mahkumning harakatlarini javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi uchun yoki amnistiya akti boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmaydigan qonun moddasi boʻyicha tavsiflash zarur degan xulosaga kelsa, u Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 1, 2-bandlariga rioya qilgan holda, birinchi bosqich sudi qabul qilishi majburiy boʻlgan, lekin qabul qilmagan qaror chiqarishi, yaʼni, sodir qilingan harakatni qonunning tegishli moddasiga qayta tavsiflab, ushbu modda bilan jazo tayinlashi va mahkumni bu jazodan ozod qilishi kerak.
12. Birinchi bosqich sudi tomonidan amnistiya qoʻllanishi lozim boʻlmagan mahkumga qoʻllanilgan boʻlsa, jazo yengilligi toʻgʻrisida prokurorning protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati boʻlgan taqdirda, kassatsiya bosqichi Jinoyat-protsessual kodeksi 494-moddasining 2-qismiga binoan hukmni bekor qilib, ishni amnistiyani qoʻllamasdan jazo tayinlash uchun yangitdan sudda koʻrish uchun yuborishi darkor.
Lekin, agarda kassatsiya bosqichi hukmdagi yakuniy (yaʼni, amnistiya qoʻllangani bilan) tayinlangan jazo chorasini amnistiya qoʻllamasdan ham mahkumga yetarli deb topsa, u ishni yangitdan koʻrishga yubormasdan turib, hukmni oʻzgartirishi va amnistiya qoʻllanishini chiqarib tashlab, birlamchi tayinlangan jazo chorasini hukmning yakuniy xulosasidagi jazo chorasiga almashtirishi mumkin.
Agarda kassatsiya bosqichi biror sabab bilan (amnistiya qoʻllanishi toʻgʻrisidagi tushuntirishning yoʻqligi va b.q.) amnistiya qoʻllamagan boʻlsa, u zarur hujjatlar kelib tushgandan keyin amnistiya qoʻllash toʻgʻrisida qoʻshimcha ajrim chiqarishi lozim.
Aybdorni jinoiy javobgarlikdan ozod qiluvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtganidan soʻng jinoiy ish qoʻzgʻatilgan taqdirda, mahkum, garchan, jazoni oʻtashdan ozod qilingan boʻlsada, ayblov hukmi bekor qilinib, ish harakatdan yotqiziladi.
13. Mahkum yoki boshqa protsess qatnashchilari tomonidan kassatsiya shikoyati yoki protesti berilgandan soʻng, ish hali kassatsiya tartibida koʻrilmasdan mahkum vafot etsa, ishni tekshirish natijasida marhumni oqlash (reabilitatsiya qilish) uchun asoslar topilgan taqdirdagina, ushbu mahkumga nisbatan ishni koʻrish davom etishi mumkin. Aks holda, Jinoyat-protsessual kodeksi 84-moddasining 3-bandiga binoan jinoyat ishi tugatiladi.
Bunda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, mahkumning mulkini davlat foydasiga oʻtkazish masalasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga binoan hamda fuqarolik ish yurituvchi tartibida prokurorning daʼvosi boʻyicha Fuqarolik-protsessual kodeksining tegishli moddasiga binoan, vafot etganning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi esa jabrlanuvchi yoki prokurorning vafot etganning vorislariga yoki uning mulkini idora etishni zimmasiga olgan shaxslarga nisbatan berilgan daʼvo arizasi boʻyicha koʻrilishi mumkin. Ish boʻyicha daliliy ashyolarning taqdiri kassatsiya bosqich sudining qarori bilan, ularning tegishliligi boʻyicha, tortishuv boʻlganda esa fuqarolik ishlarini sudda koʻrish tartibida hal etilishi lozim.
14. Mahkum yoki uning advokatining shikoyati boʻyicha ishni koʻrayotib va hukmni surishtiruv, dastlabki yoki sud tergovining toʻliq emasligi yoki bir yoqlama olib borilganligi sababli bekor qila turib, kassatsiya bosqichi mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi koʻrsatmalarni birinchi bosqich sudi aniqlamagan yoki rad etgan faktlarni va holatlarni oʻz ajrimiga kiritishi mumkin emas.
15. Kassatsiya bosqich sudi, bunga zarurat tugʻilganda, Jinoyat-protsessual kodeksining 541, 542-moddalarida koʻrsatilgan tartibda hukmni mohiyatiga daxl qilmaydigan va mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmaydigan, hukm kamchiliklari natijasida paydo boʻlgan shubha va noaniqliklarnigina, hal qilishga haqlidir.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi shikoyatlarni va jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrishni yanada takomillashtirish choralarini koʻrsinlar, qachonki qonunsiz va asoslantirilmagan hukmlar, ajrimlar, qarorlar kuchida qoldirilmasin, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlari esa toʻliq bartaraf etilsin. Shu bilan birga qonuniy va asoslantirilgan sud qarorlarini bekor qilish yoki oʻzgartirish hollariga chek qoʻyilishi kerak.
17. Jinoyat-protsessual kodeksining 512-moddasi tartibida jinoyat ishini talab qilib olish masalasini hal etishda shikoyatdagi vajlar sudning hukmini, ajrimini yoki qarorini qonuniyligiga va asosliligiga shubha tugʻdirgan yoki bunday shubhalar boshqa asoslardan yuzaga kelgan har bir holatda ish talab qilib olinishi lozimligidan kelib chiqmoq kerak.
18. Protest keltirish uchun asoslar mavjud boʻlmaganligi munosabati bilan shikoyatni qanoatlantirish rad qilinganligi haqida JPKning 516-moddasiga binoan arizachi xat bilan xabardor qilinishi va unda shikoyatning barcha vajlariga asoslantirilgan javoblar berilgan boʻlishi lozim.
19. Jinoyat-protsessual kodeksi 479-moddasining 4-qismiga koʻra nazorat bosqichi sudi zarur hollarda sud majlisiga tushuntiruv berish uchun mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning advokatlarini, voyaga yetmagan shaxslarning qonuniy vakillarini, jabrlanuvchini va uning vakilini, fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni va ularning vakillarini taklif etish masalasini muhokama qilishi kerak.
20. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, JPK 76-moddasining 3-qismiga koʻra, ishni birinchi yoki kassatsiya bosqichi sudida yoxud nazorat tartibida koʻrishda ishtirok etgan sudya, uning ishtirokida chiqarilgan sud qarori bekor qilingandan keyingina oʻsha ishni koʻrishda ishtirok eta olmaydi. Bu tartib jinoyat ishlari Plenumda koʻrilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalariga taalluqli emas.
Jinoyat-protsessual kodeksining 520-moddasiga binoan nazorat bosqichi sudida jinoyat ishlari shu kodeksning 506-moddasida qayd etilgan qoidalar asosida koʻriladi. Jumladan, ushbu moddada sudyalar maslahatlashuvining sir saqlanishiga rioya etish koʻzda tutilganligini eʼtiborga olish zarur.
Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasiga binoan sudyalar maslahatlashuvining sir saqlanishining buzilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi hisoblanadi.
21. Jinoyat-protsessual kodeksi 513-moddasining mazmunidan kelib chiqqan holda mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi asoslar boʻyicha sudlarning quyidagi masalalarga taalluqli hukmlarini, ajrimlarini va qarorlarini, ular qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil vaqt oʻtgach nazorat tartibida qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi, jumladan:
shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatining yoʻqolishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish (JK 70-moddasi);
aybdorni chin koʻngildan pushaymon boʻlganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish (JK 71-moddasi);
jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish (JK 73, 74-moddalari);
kasallik yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotish oqibatida jazodan ozod qilish (JK 75-moddasi);
amnistiya akti yoki avf etish asosida jazodan ozod qilish (JK 76-moddasi);
sudlanganlikning olib tashlanishi (JK 79-moddasi);
shuningdek hukm, ajrim va qarorlarni ijroga qaratishga taalluqli boshqa masalalar (ozodlikdan mahrum etishga shartli ravishda hukm qilinganda sinov muddatini qisqartirish; mahkumni hukmda belgilangan jazoni oʻtash uchun yengilroq tartibli koloniyaga joʻnatish yoki koʻchirish (JPK 541-moddasi); axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni umumiy mehnat stajiga qoʻshish).
Bunda bir yillik muddat sudning hukmi, ajrimi yoki qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, nazorat bosqich sudi tomonidan qaror qabul qilingan kungacha hisoblanishi lozim.
22. Sudlarning qarorlari nazorat tartibida faqat protestga asosan qayta koʻrilishi sababli, sud protestda koʻrsatilgan asoslar boʻyichagina sudlanganni, oqlanganni yoki jinoyat ishi unga nisbatan yotqizilgan shaxsning ahvolini ogʻirlashtiruvchi ajrim (qaror) qabul qilishga haqlidir. Shuning bilan birga sud protest keltirilmagan sudlanganlarning ahvolini ogʻirlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli emas.
Kassatsiya ajrimi bekor qilinib, hukmning oʻzgarishsiz qoldirilishi, sudlanganning ahvolini ogʻirlashtiruvchi holat deb hisoblanmaydi.
23. Sudning qarorini ish hujjatlaridan kelib chiqadigan asoslar mavjud boʻlgandagina nazorat tartibida qayta koʻrishga yoʻl qoʻyiladi. Agarda sud qarorining qonuniyligi va asosliligini shubhaga soluvchi holatlar sudga maʼlum boʻlmasdan, hukm, ajrim yoki qaror qonuniy kuchga kirgandan keyin aniqlangan boʻlsa, bunday sud qarorini qayta koʻrish masalasi faqat yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ish yuritish tartibida hal etilishi mumkin. Agarda shu koʻrsatilgan holatlarda nazorat tartibida protest keltirilgan boʻlsa, nazorat bosqich sudi protestni qanoatlantirmasdan qoldirib, ishni barcha hujjatlar bilan birga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun prokurorga yuboradi.
24. Hukm bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan sudda koʻrish uchun yuborilganda va yangitdan hukm chiqarilganda, nazorat bosqich sudi JPK 490-moddasiga koʻra birinchi yoki kassatsiya bosqich sudlarining faqat keyingi qarorlarini bekor qilishi yoki oʻzgartirishi mumkin.
25. Nazorat bosqich sudining qarori aniq, izchil-mantiqiy, huquqiy asoslantirilgan boʻlishi hamda aybning hajmi va tasdiqlangani, jinoyatning tavsiflanishi, hukm boʻyicha tayinlangan jazoning qonuniyligi haqida birinchi yoki kassatsiya bosqich sudi qarorining toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi haqidagi xulosalarni oʻz ichiga olishi kerak. JPK 496-moddasi talabiga koʻra ajrimda (qarorda) hukmni qaror qismining mazmunidan tashqari protestning mazmuni, prokuror mulohazasining va ishda ishtirok etgan shaxslar izohlarining qisqacha bayoni, nazorat bosqich sudining protest vajlarining asosliligi haqidagi xulosasi, tegishli moddiy va protsessual qonunlarga asoslanib qabul qilingan qarorning asoslari koʻrsatilishi lozim.
26. Sud JPK 482-moddasiga koʻra sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini barcha, shu jumladan ustidan protest keltirilmagan mahkumlarga nisbatan toʻliq hajmda tekshirishga majbur. Bunda JPK 484, 489-moddalariga binoan sud qarorlarini bekor qilishga yoki oʻzgartirishga asos boʻluvchi Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari talablariga, dastlabki tergovda va sud muhokamasi davrida ahamiyat berilgan yoki berilmaganligi har tomonlama tekshirilishi lozim. Protest keltirilmagan mahkumlarga nisbatan bunday asoslar aniqlanmagan boʻlsa, ajrim (qaror)da ular boʻyicha ish tekshirilgani va sud qarorlari ularga nisbatan kuchida qoldirilgani toʻgʻrisida koʻrsatilmasligi kerak (bu yerda va bundan buyon kassatsiya va nazorat bosqichi sudlari nazarda tutiladi).
27. Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunlarning hukmni bekor boʻlishiga olib keladigan jiddiy buzilishlarini aniqlab, sud yoʻl qoʻyilgan buzilishlar taalluqli boʻlgan barcha mahkumlarga nisbatan, ulardan qaysi biri shikoyat berganidan yoki qaysi biriga prokuror protest keltirganidan qatʼiy nazar, hukmni bekor qilishi lozim. Ushbu talabga Jinoyat-protsessual kodeksi 487-moddasining 2-qismida koʻrsatilgan qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilganda ham, jinoyat yoki jinoyat-protsessual qonunlarining boshqa buzilishlari ayblanuvchini, sudlanuvchini yoki protsessning boshqa ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarini cheklash yoʻli bilan yoxud boshqacha tarzda sud ishning holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona aniqlashiga halal berganda hamda qonuniy va asosli hukm chiqarishiga taʼsir qilganda yoki taʼsir qilishi mumkin boʻlganda ham rioya qilinishi kerak.
Qonunga xilof holda topilgan dalillar ayblov hukmiga asos qilib olinishi mumkin emas.
28. Sud ishni qoʻshimcha tergovga yoki yangitdan sudda koʻrish uchun yuborayotganda ayblov isbotlangan yoki isbotlanmagani, u yoki bu dalillarning ishonchli yoki ishonchsizligi, bir dalilning ikkinchisidan afzalligi, jinoyatning tavsifi va jazo chorasi haqida oldindan xulosa chiqarib qoʻyishga haqli emas.
Hukmni yoki ajrimni bekor qilib ishni qoʻshimcha tergovga yuborayotganda sud qanday holatlar qoʻshimcha aniqlanishi kerakligini aniq koʻrsatishi, shuningdek sudlanuvchining, mahkumning ehtiyot chorasi masalasini hal qilishi lozim.
29. Jinoyat ishini koʻrishda keltirilgan yoki sudning tashabbusi bilan talab qilib olingan qoʻshimcha hujjatlardan, ular sudda tekshirilgan holatlarga taalluqli boʻlsa va yangi ochilgan holatlar borligi toʻgʻrisida dalolat bermasa, foydalanish mumkin.
Qoʻshimcha hujjatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 149, 170, 290 va 398-moddalarida nazarda tutilgan (murdani eksgumatsiya qilish, telefon va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, mol-mulkni xatlash, mulkiy zararni qoplash va mol-mulkni musodara etishni taʼminlash) tergov harakatlarini olib borishni tergovchiga topshirish yoʻli bilan ham olinishi mumkin.
Qoʻshimcha hujjatlarga ishdagi mavjud dalillar bilan birga baho beriladi va shular bilan bir qatorda hukm, ajrim va qarorni bekor qilib, ishni yangitdan tergov oʻtkazish yoki yangitdan sudda koʻrish uchun yuborish haqidagi qarorga asos qilib olinishi mumkin. Protsessning qaysi bosqichidan yangitdan koʻrish uchun yuborish masalasini hal qilayotib, sud qoʻshimcha hujjatlar dastlabki tekshirish mavzusi boʻlmaganligini va qonunga muvofiq ayblanuvchiga eʼlon qilinmaganligini nazarda tutib, ish holatlarini toʻla va har tomonlama tekshirilishi va ayblanuvchiga himoya huquqi taʼminlanishi zarurligidan kelib chiqishi kerak.
Qoʻshimcha taqdim qilingan hujjatlar bilan aniqlangan fakt birinchi bosqich sudi tomonidan tekshiruv oʻtkazish va baho berishni talab qilmaydigan holdan tashqari (kassatsiya shikoyati berilganidan soʻng mahkumning oʻlib qolishi, mahkumning jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmaganligi, ilgari sudlanmaganligi va h.k.lar) boshqa hollarda, ushbu hujjatlar asosida hukmni oʻzgartirishga yoki uni bekor qilib, ishni harakatdan yotqizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Ish holatlarining boshqa epizodlari bilan umumiy tavsif olgan bir yoki bir nechta epizodli qismini toʻliq tekshirilmaganini aniqlab (masalan, shaxsni bir necha marta pora olganlikda aybdor deb topish), sud eʼlon qilingan ayb boʻyicha hukmni toʻla bekor qilib, ishni yangitdan koʻrish uchun yuborishi, yoki asoslar boʻlganda, hukmni oʻzgartirishi — koʻrsatib oʻtilgan epizodlarni hukmdan chiqarishi va ishning bu qismini harakatdan yotqizishi lozim.
Agar mahkum bir nechta jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan va ularning har biri qonunning tegishli moddasi bilan tavsiflangan boʻlib, alohida koʻrilishi mumkin boʻlsa, sud hukmni bir yoki bir necha jinoyatlar qismi boʻyicha bekor qilib, ishni yangitdan koʻrish yoki qoʻshimcha tergov oʻtkazish uchun yuborishga hukmning shu mahkumga nisbatan boshqa qismini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
31. Birinchi bosqich sudi aybdorning qonunni bir moddasi bilan tavsif qilinishi lozim boʻlgan ikki yoki undan ortiq jinoyatlarini xato ravishda qonunning ikkita moddasi boʻyicha tavsiflagan boʻlib, bunda jinoyatlaridan biriga toʻgʻri huquqiy baho berib, boshqalariga qonunning ogʻirroq jinoyat haqidagi moddasini notoʻgʻri qoʻllagan boʻlsa, sud mazkur jinoiy harakatlarni notoʻgʻri tavsif qilingan moddadan yengilroq moddaga qayta tavsiflab, shu modda sanksiyasi chegarasida bu boʻyicha birinchi bosqich sudi tomonidan tayinlangandan ogʻirroq jazo tayinlashga haqli, lekin bu jazo hukm boʻyicha oʻtash uchun qoldirilgan jazodan koʻp boʻlmasligi kerak.
32. Jinoyat-protsessual kodeksi 490-moddasining 3-qismiga binoan sud asoslar boʻlganda, mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb eʼtirof etishga, unga tarbiya koloniyasining yoki jazoni ijro etish koloniyasining jiddiyroq turini belgilashga, jinoyat oqibatida keltirilgan zararni qoplash miqdorini koʻpaytirishga haqlidir.
33. Sud hukmining fuqarolik daʼvosi qismini notoʻgʻri deb topsa, hukmga tegishli oʻzgartirish kiritishi mumkin. Jumladan birinchi bosqich sudi ish holatlarini toʻliq va toʻgʻri aniqlab, lekin moddiy huquqni qoʻllashda xatoga yoʻl qoʻygan boʻlsa, ish boʻyicha qoʻshimcha dalillar toʻplash yoki tekshirish talab qilinmasa, undirish miqdorini koʻpaytirishi mumkin.
Agarda fuqarolik daʼvosi boʻyicha undirish miqdorini oshirish jinoyat tavsifini yoki ayblovning mazmunini mahkumning ahvolini ogʻirlashtirish tomoniga oʻzgartirish zaruratini tugʻdirsa, sudning hukmi shu mazmunda keltirilgan protestga asosangina bekor qilinadi.
34. Jinoiy harakatlarni jinoyat qonunining bir moddasidan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni koʻzda tutuvchi bir nechta moddalariga qayta tavsiflashda, agar bu mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmasa va uning himoya huquqini buzmasa, sud JK 59-moddasi tartibida jazo tayinlaydi. Bu jazo birinchi bosqich sudi tomonidan tayinlangan jazodan ogʻirroq boʻlmasligi kerak.
35. Hukm chiqarish paytida mahkumga oʻta ogʻir jazo tayinlanganligidan dalolat beruvchi ish boʻyicha aniqlangan holatlargina jazoni yengillashtirish yoki uni oʻtashdan mahkumni ozod qilish uchun asos boʻlishi mumkinligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Hukm chiqqandan keyin paydo boʻlgan holatlar, shuningdek mahkumni jazo oʻtash vaqtidagi xulqi ishni nazorat tartibida koʻrish uchun boshqa asoslar boʻlgandagina hisobga olinishi mumkin. Bu holatlar oʻz-oʻzidan hukmni oʻzgartirishga olib kelmasligi kerak.
36. Nazorat bosqich sudi mahkumning jazosini yengillashtirish masalasini hal qilaturib, JPK 482-moddasiga muvofiq nafaqat jazoni kamaytirishi, balki boshqa yengilroq jazo turiga oʻtishi ham mumkin. Bu holatda qonun bilan oʻrnatilgan chegarada yengilroq jazoning muddati hukm boʻyicha tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatidan oshigʻroq boʻlishi mumkin (masalan, ikki yilga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga sud 3 yil axloq tuzatish ishi tayinlashga haqli).
Mahkumga nisbatan asosiy jazoni kamaytirganda, shu jumladan qonunda belgilangandan koʻra yengilroq jazoga oʻtganda ham, sud hukmning qoʻshimcha jazo tayinlash (mol-mulkni musodara qilish, maʼlum huquqdan, harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish) qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
37. Ishni koʻrish vaqtida mahkumning sodir etilgan jinoyatga dahli boʻlmaganligi sababli hukm bekor qilinib ish tugatilsa, javobgarlikka tortilishi lozim boʻlgan shaxsni aniqlash masalasini hal qilish uchun, sud ishni prokurorga yuborishi kerak.
Sud surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat-sudlov ishlarini yurgizishda jabrlanuvchining qatnashuvini tartibga soluvchi qonunning toʻgʻri qoʻllanilganligini sinchiklab tekshirishi, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini eʼtiborsiz qoldirmasligi lozim.
Jabrlanuvchini huquqlaridan mahrum qilish yoki ularni cheklash ishni har tomonlama koʻrilishiga halaqit bergan hamda qonuniy va asosli hukm chiqarilishiga taʼsir qilgan boʻlsa, bu jinoyat-protsessual qonunining hukmni bekor qilinishiga olib keladigan jiddiy buzilishi deb tanilishi mumkin (JPK 487-moddasi).
Hukmni bekor qilib, ishni yangitdan koʻrish uchun sudga yuborayotib sud oʻz qarorida qanday buzilishlar hukmni bekor qilinishiga olib kelganligini va ularni qanday tuzatish yoʻlini koʻrsatishi shart.
Lekin, Jinoyat-protsessual kodeksi 495-moddasining 2-qismiga binoan, u surishtiruv, dastlabki tergov va sud xulosalarini oldindan hal qiluvchi koʻrsatmalar berishga haqli emas, chunki ishni qayta koʻrish paytida birinchi bosqich sudi sudlanuvchining aybdor yoki aybdor emasligi, jinoyat qonunini qoʻllash va jazo tayinlash masalalarini ishdagi barcha holatlarni har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqishga asoslangan holda oʻzining ichki ishonchi boʻyicha dalillarga baho berishdan kelib chiqib hal qilishi lozim.
38. Hukmni bekor qilayotib yoki oʻzgartirayotib, xato hukm sudyalar yoki surishtiruv yoinki dastlabki tergov oʻtkazgan shaxslarning oʻz vazifalarini bajarishga beparvolik va eʼtiborsizliklari natijasida chiqarilgan deb topilganda, sud Jinoyat-protsessual kodeksining 496-moddasiga binoan oʻzining xususiy ajrimi bilan bunga ularning eʼtiborini qaratishi zarur.
Shuningdek sud xususiy ajrimi bilan surishtiruv va dastlabki tergov oʻtkazgan mansabdor shaxslarni yoki birinchi bosqich boʻyicha ishni koʻrgan sudning eʼtiborini hukmni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga olib kelmaydigan kamchiliklarga ham qaratishi mumkin. Lekin sud, oʻzgartirilmasdan qoldirilgan hukmning qonuniyligiga va asosliligiga shubha tugʻdiruvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
39. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarniig toʻgʻri qoʻllanishi ustidan nazorat qilishni kuchaytirishlari lozim.
40. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1992-yil 13-noyabrdagi “Jinoyat ishlarini sudlar tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqish amaliyoti toʻgʻrisida”gi, “Jinoiy ishlarni nazorat tarzida koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni sudlar tomonidan qoʻllash haqida”gi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi A. MUXAMMADIYEV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-dekabr,
43-son