27.02.1996 yildagi 2-son
Hujjat kuchini yo‘qotgan 06.09.2013
 LexUZ sharhi
 LexUZ sharhi
1. Sudlarga tushuntirilsinki, kontrabanda uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksi 246-moddasi dispozitsiyasida ko‘rsatilgan ashyolar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan taqdirda, bu ashyolar o‘zga MDH mamlakatlariga yoki MDHga kirmagan mamlakatlarga o‘tkazilganligidan qat’i nazar vujudga keladi.
2. Jinoyat kodeksining 182-moddasi bo‘yicha bojxona qonunlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik tovar yoki boshqa qimmatliklar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ko‘p miqdorda sodir etilsa, shuningdek, ushbu moddada ko‘rsatilgan boshqa javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi. Tovar yoki boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan o‘tkazishning boshqa hollarida aybdor shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 227-moddasiga muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortiladi (bojxonaga doir qonun hujjatlarini buzish).
a) Jinoyat kodeksining 246 va 182-moddalari dispozitsiyasida nazarda tutilgan ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona nazoratini chetlab O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda ularni bojxona organi bo‘lmagan joydan yoki bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati amalga oshiriladigan vaqtdan tashqari vaqtda o‘tkazishni tushunmoq lozim;
b) Jinoyat kodeksining 246 va 182-moddalari dispozitsiyasida nazarda tutilgan ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona nazoratidan yashirib O‘zbekiston Respublikasining bojxonasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish deganda, ularni xufya joylardan va topishni qiyinlashtiradigan usullardan foydalanib yoki bir tusdagi ashyoga ikkinchisining ko‘rinishini berib o‘tkazishni tushunmoq lozim;
d) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasida qayd qilingan kontrabanda ashyolarini yoxud 182-moddasida ko‘rsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiyaga kiritmaslik yoki o‘zgacha nom bilan deklaratsiyaga kiritish deganda shaxslarning chegaradan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kontrabanda ashyolarini yoxud tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiya qilish tartibini buzishi bilan bog‘liq harakatlari, ya’ni bojxona qonunlari tomonidan o‘rnatilgan deklaratsiya qilish formasi va joyi to‘g‘risidagi, uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi, deklaratsiya va boshqa qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish muddatlari to‘g‘risidagi talablarga rioya etmaslik, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan yoki uning hududidan olib chiqilayotgan kontrabanda ashyolari, tovar yoki boshqa qimmatliklarning turi, soni xususida deklaratsiyaga soxta ma’lumotlar kiritish tushuniladi.
e) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti chegarada nazorat funksiyasini amalga oshirayotgan mansabdor va boshqa shaxslar, shuningdek, tovar va boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilgan shaxslar hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246, 182-moddalarida ko‘rsatilgan kontrabanda ashyolarini, tovar yoki boshqa qimmatliklarni o‘tkazish ular haqiqatdan ham O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan paytdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanadi.
5. Shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasida qayd etilgan ashyolarni kontrabanda qilish yoxud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan o‘tkazish bilan bir qatorda boshqa (masalan, qonunga xilof ravishda o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini egallash yoki ularga egalik qilish, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va hokazo) jinoyatlarni sodir etgan hollarda aybdorning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
6. Jinoyat protsessual kodeksi 211-moddasiga muvofiq kontrabanda ashyolari (JK 246-moddasi) yoxud tovar yoki boshqa qimmatliklar (JK 182-moddasi) daliliy ashyo tariqasida musodara qilinishi lozim.
8. Kontrabanda to‘g‘risidagi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-moddasi) yoki bojxona qonunlarini buzish haqidagi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 182-moddasi) ishlarni ko‘rishda sudlar bu jinoyatlarning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularga xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabatlarini bildirishlari shart.