Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TOVAR-XOM AShYo BIRJASI BIRJA SAVDOLARIDA PAXTA ShROTI (KUNJARASI) VA PAXTA ChIGITI ShELUXASINI SOTISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 18-noyabrda 1870-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 30-iyuldagi 309-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1870-2, 30.07.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-sonli “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollar koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 17-son, 130-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) muvofiq qaror qilamiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2006-yil 16-avgustdagi 5, 72 va 01/UzRTSB-01-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (2006-yil 25-sentabr, roʻyxat raqami 1623 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 391-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2007-yil 3-dekabrdagi 36, 103 va 01/19-18/16-UzRTSB-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasi birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (2007-yil 6-dekabr, roʻyxat raqami 1623-1 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 48-49-son, 497-modda).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri B. XOʻJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-sentabr,
59-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-sentabr,
97-son
Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2008-yil 22-sentabrdagi 59 va 97-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-sonli “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollar koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 17-son, 130-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli “Mahsulotlar, xomashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 5-son, 57-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi (bundan keyingi oʻrinlarda Birja deb yuritiladi) birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
birja savdolari elektron tizimi — Birja aʼzolariga respublikaning har bir geografik nuqtasidan aniq vaqt rejimida uzoq masofadan turib birja savdolarida ishtirok etish imkonini beradigan dasturiy apparat vositalari majmuidan iborat global taqsimlangan axborot tizimi;
bitishuv bayonnomasi — xaridor va sotuvchiga birja savdolarini oʻtkazish yakunlari boʻyicha beriladigan, sotuvchining, xaridorning vakillari va birja brokeri tomonidan imzolangan, taraflarni belgilangan muddatda talab va taklif narxi boʻyicha birja savdolari natijalariga koʻra xarid qilingan hajmdagi mahsulotning oldi-sotdi shartnomasini tuzish majburiyatini yuklaydigan hujjat;
zakalat — Birjada amalga oshiriladigan bitishuvlarning bajarilishi kafolatini taʼminlash uchun xaridorlar va sotuvchilar tomonidan Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi hisob-kitob-kliring palatasining ikkilamchi depozit hisobvaragʻiga kiritiladigan bitishuvlarni kafolatli taʼminlash mablagʻi;
ixtisoslashtirilgan punktlar — yem-xashak, shu jumladan omuxta yem, shrot va sheluxa sotish boʻyicha tuman va viloyat birlashmalari tarkibidagi mahsulotni fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga, shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari egalariga sotuvchi savdo korxonalari;
Keyingi tahrirga qarang.
mahsulot — paxta shrotini (kunjarasini) ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha tasdiqlangan balansga hamda paxta chigiti sheluxasini ishlab chiqarish va yetkazib berish hisob-kitob koʻrsatkichlariga muvofiq birja savdolarida sotiladigan paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi;
sotuvchi — mahsulotni birja savdolariga chiqaruvchi va sotuvchi yogʻ-moy korxonalari;
toʻlangan bitishuvlar reyestri — tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning toʻliq qoplanishini taʼminlaydigan miqdordagi mablagʻlarning xaridorning hisob-kitob-kliring palatasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushganligini tasdiqlovchi hujjat;
xaridor — ulgurji va/yoki chakana savdoni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan, mahsulotni ochiq birja savdolarida xarid qilib oluvchi, uni fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga, shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari egalariga sotish uchun ixtisoslashtirilgan punktlarga yetkazib beruvchi yem-xashak, shu jumladan omuxta yem, shrot va sheluxa sotish boʻyicha tuman va viloyat birlashmalari (bundan keyingi oʻrinlarda tuman va viloyat birlashmalari deb yuritiladi);
Keyingi tahrirga qarang.
hisob-kitob-kliring palatasi (bundan keyingi oʻrinlarda HKKP deb yuritiladi) — birja bitishuvlari boʻyicha kliring, hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlovchi Birjaning tuzilmaviy boʻlinmasi;
oʻrtacha olingan narx — bir haftalik birja savdolari natijalari boʻyicha aniqlangan va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan mahsulotning oʻrtacha narxi.
2. Mazkur Nizom paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini yetishtiruvchi, yetkazib beruvchi va undan foydalanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Paxta chigitini qayta ishlashdan olinadigan shrot (kunjara) va sheluxa Birja orqali toʻla-toʻkis ichki bozor hamda eksportga sotiladi.
4. Paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish elektron birja savdolari tizimidan foydalangan holda aniq vaqt rejimidagi ochiq birja savdolarida amalga oshiriladi.
Paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi Birja orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-sonli “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollar koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tuman va viloyat birlashmalariga sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman va viloyat birlashmalari tomonidan ushbu Nizom asosida sotib olingan paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi ixtisoslashtirilgan punktlar orqali faqat chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarish bilan band boʻlgan xoʻjaliklarga:
fermer xoʻjaliklariga va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga (qorakoʻlchilik xoʻjaliklari, naslchilik chorva xoʻjaliklari, chorvachilik fermalari, parrandachilik xoʻjaliklari va boshqalar);
shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari egalariga, shuningdek aholiga sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi har yili tasdiqlanadigan balans koʻrsatkichlariga muvofiq eksportga sotilishi mumkin. Paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini eksportga sotish erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi.
II. Paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi hajmlarini shakllantirish va ularni sotish tartibi
5. Birja savdolarida sotiladigan paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasi hajmlari har yili Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan paxta shrotini (kunjarasini) ishlab chiqarish va yetkazib berish balans koʻrsatkichlaridan hamda paxta chigiti sheluxasini ishlab chiqarish va yetkazib berish hisob-kitob koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
6. Sotuvchilar paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini ishlab chiqarish va foydalanishning tasdiqlanadigan hisob-kitob balanslarida nazarda tutilgan hajmlariga muvofiq, har oyda, oy boshlanishidan besh kun oldin Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda, haftalik birja savdolari boʻyicha birja savdolariga bir meʼyorda chiqariladigan mahsulotning jadvallarini tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Savdolarda sotilmay qolgan mahsulot hajmi keyingi savdolarga oʻtkaziladi.
7. Birja savdolariga chiqariladigan mahsulot jadvali tasdiqlangandan soʻng sotuvchi birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisida Birja bilan shartnoma tuzadi, unda sotuvchining birja savdolarida ishtirok etish shartlari, shartnoma tuzgan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilanadi.
8. Birja savdolari Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 171-modda) va Birja savdolari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Savdolar muntazam ravishda haftaning ish kunlarida oʻtkaziladi.
9. Birja savdolarining oʻtkazilishi, birja sessiyalarining davomiyligi, birja savdolariga chiqariladigan mahsulot hajmlari, uning sifat koʻrsatkichlari, shuningdek mahsulot joylashgan joy, ishlab chiqaruvchi korxona, boshlangʻich narx toʻgʻrisidagi axborot Birja tomonidan xaridorlarga majburiy tartibda ommaviy axborot vositalari, brokyerlar, shuningdek boshqa axborot kanallari, jumladan Internet orqali yetkaziladi.
10. Birja barcha savdo ishtirokchilariga, ularning respublika hududida joylashishidan qatʼi nazar, elektron savdolarda bir paytda ishtirok etish imkonini taʼminlab berishi shart.
11. Savdolarni oʻtkazish, kiritilgan zakalat summasiga muvofiq har bir savdo boʻyicha ishtirokchilarni kiritish va chetlatish, elektron birja savdolari gʻoliblarini aniqlash va bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish elektron birja savdolari tizimi orqali amalga oshiriladi.
12. Oldi-sotdi shartnomasi bitishuv bayonnomasida nazarda tutilgan shartlarda u olingan kunda rasmiylashtiriladi.
Bitishuv bayonnomasi shartlarining bajarilishi tomonlar uchun majburiy hisoblanadi.
13. Birja tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqi sotuvchilar va xaridorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan Birja xizmatlari tariflariga muvofiq oʻrnatiladi.
III. Paxta shroti (kunjarasi), paxta chigiti sheluxasining narxini aniqlash va oʻzaro hisob-kitoblar mexanizmi
14. Birja savdolariga chiqariladigan mahsulotning boshlangʻich narxi sotuvchi tomonidan deklaratsiyalanadigan narx (monopolist korxonalar uchun) va ulgurji sotish narxi (boshqa korxonalar uchun) darajasida belgilanadi.
15. Sotuvchi tomonidan narx Birja savdolarida mahsulotning boshlangʻich narxidan koʻtarilishi hisobidan qoʻshimcha olingan daromadi oʻzining ixtiyorida qoladi.
16. Savdolar jarayonida narxlar oshishining yoʻl qoʻyiladigan chegarasi boshlangʻich narxga nisbatan 15 foiz miqdorida belgilanadi. Narx 15 foizdan oshib ketgan taqdirda savdolar toʻxtatiladi va sotilmay qolgan mahsulot hajmi keyingi savdolarga oʻtkaziladi.
17. Birja savdolarida tuzilgan bitishuvlarning moliyaviy kafolatini taʼminlash uchun birja savdolarida tuzilgan bitishuvlar boʻyicha hisob-kitoblar Birja HKKPsi orqali amalga oshiriladi.
18. Yuridik shaxslar hisob-kitoblarni Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari tomonidan joriy etilgan plastik kartochkalardan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin.
19. Hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida, HKKP Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash hamda birja bitishuvlari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻini ochadi. Ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda Birjaning ikkilamchi depozit hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq ochiladi.
20. Sotuvchi va xaridorlarning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlari harakatlarini nazorat qilish uchun HKKP har bir sotuvchi va xaridorga foydalanuvchining shaxsiy raqamiga (bundan keyingi oʻrinlarda FShR deb yuritiladi) mos keluvchi alohida hisobvaraq ochadi.
Sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlari ushbu hisobvaraqlarda HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha hisobvaragʻi doirasida hisobga olinadi.
21. HKKP mijozning soʻroviga muvofiq, xizmat koʻrsatish shartlari, ushbu mijozning shaxsiy hisobvaragʻidagi mablagʻlarning qoldigʻi toʻgʻrisida uni xabardor qilishi shart.
HKKP tomonidan mijozning shaxsiy hisobvaragʻi holati, shaxsiy hisobvaraqlardagi mablagʻlarning qoldigʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga oshkor etilishi man etiladi.
22. Birja mijozlarning soʻrovlariga koʻra birja kliringi natijalari, ularning mablagʻlari holati va savdolarning joriy kunidagi pul mablagʻlarining belgilangan limitlari toʻgʻrisida ularni xabardor qilib turishi shart.
23. Birja savdolarida ishtirok etish uchun sotuvchilar va xaridorlar Birjaga xizmat qiluvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga birja savdolariga qoʻyilgan mahsulot umumiy qiymatining va moʻljallanayotgan bitishuv hajmining 2 foizgacha miqdoridagi zakalatni qoʻyadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Xaridorlar Birjada deponentga qoʻyilgan zakalatlarni hisobga olgan holda toʻlash moʻljallanayotgan mablagʻlar hajmida bitishuvlar tuzishga haqlidir.
25. Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻidagi sotuvchilar va xaridorlarning mablagʻlaridan:
xarajatlar qismida birja bitishuvlari boʻyicha majburiyatlar bajarilishi va ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzaro hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun;
agar bitishuv kelishilgan muddatda tuzilmagan yoki belgilangan tartibda bekor qilingan taqdirda, mijozning bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qaytarish uchun;
deponentga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan Birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
26. Birja bitishuvi roʻyxatga olinganidan keyin besh bank ish kuni mobaynida xaridor tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun Birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga qoʻshimcha mablagʻlarni oʻtkazishi shart. Bunda, mablagʻlarni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasining “toʻlov maqsadlari” ustunida xaridorning FShRi majburiy tartibda koʻrsatilishi shart.
27. HKKP xaridordan mablagʻlar kelib tushgan vaqtdan boshlab bir bank ish kuni mobaynida sotuvchiga xaridor tomonidan oʻz majburiyatlarini toʻliq hajmda bajarganligini tasdiqlovchi toʻlangan bitishuvlar reyestrini taqdim etishi shart.
28. Agar xaridor ushbu Nizomning 26-bandida belgilangan muddatlarda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻtkazilishini taʼminlamasa, HKKP koʻrsatilgan muddat oʻtgach, bir ish kuni mobaynida sotuvchi va Birjaga bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi va jarima chorasi sifatida sotuvchining hisobvaragʻiga, Birjaning vositachilik haqini chegirgan tarzda, lekin zakalat miqdoridan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻni shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun oʻtkazib qoʻyadi.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
29. Sotuvchi tomonidan mahsulotni xaridorga oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatlarda yuklab joʻnatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmasa, HKKP shartnomada belgilangan muddat oʻtganidan keyin Birjaning vositachilik haqini chegirib qolgan holda mahsulotni yetkazib berish uchun belgilangan qiymatdan 2 foizgacha miqdordagi mablagʻni jarima chorasi sifatida xaridor hisobiga oʻtkazadi va xaridor, sotuvchi va Birjani bitishuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bitishuv boʻyicha bekor qilingan mahsulot hajmi sotuvchi tomonidan qayta savdoga qoʻyiladi.
30. HKKP tomonidan sotuvchiga xaridorning shaxsiy hisobvaragʻiga mablagʻlarning kelib tushganligi toʻgʻrisida toʻlangan bitishuvlar reyestrini taqdim etilishi sotuvchining mahsulotni xaridorga yuklab joʻnatishi uchun asos boʻladi.
Sotuvchi mahsulotni xaridor oʻzining majburiyatlarini bajarganligi faktini HKKPning tasdigʻisiz joʻnatgan taqdirda, Birja roʻyxatdan oʻtkazilgan oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha xaridor tomonidan majburiyatlar bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
31. Tegishli sifatga ega boʻlgan mahsulot joʻnatilganligi va qabul qilib olinganligi faktini xaridor va sotuvchi imzolari bilan tasdiqlangan yuk xatlari nusxasi tasdiqlaydi.
32. Yuk xati nusxasining taqdim etilishi HKKP uchun bir bank ish kuni mobaynida, ushbu Nizomning 19-bandiga muvofiq ochilgan ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqdan sotuvchining unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga, sotuvchining shaxsiy hisobvaragʻi koʻrsatilgan holda oʻtkazish, shuningdek bitishuvni yopish uchun asos va majburiyat boʻlib xizmat qiladi.
33. Mahsulotni xaridorlarga yuklab joʻnatish oldi-sotdi shartnomalarida nazarda tutilgan muddatlarda va shartlarda sotuvchining naryadlari boʻyicha amalga oshiriladi.
IV. Tomonlarning javobgarligi va nizolarni hal etish
34. Xaridor bilan sotuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilmaganligi uchun tomonlarning javobgarligi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
35. Birja aʼzolari, birja savdolari ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasidagi Birja savdolari qoidalarida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha yuzaga keladigan nizolar Birjaning arbitraj komissiyasi yoki sud tomonidan hal qilinadi.
Arbitraj komissiyasi tomonidan nizolarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar undirilishi man etiladi.
V. Axborot bilan taʼminlash va mazkur Nizom bajarilishi yuzasidan monitoring
36. Birja kotirovka hayʼati oʻtkazilgan birja savdolari natijalari boʻyicha birjada sotilgan mahsulot baholarining birja kotirovkalarini aniqlaydi va ularni har hafta ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi sahifalarida eʼlon qilib boradi.
37. Sotuvchilar va Birja hisobot choragidan keyingi oyning beshinchi kunidan kechiktirmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga birja savdosiga qoʻyilgan, sotilgan mahsulot hajmi hamda ushbu Nizomga muvofiq sotilgan mahsulotning haqiqatda yetkazib berilgan hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Birja har kuni Oʻzbekiston Respublikasining Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga savdoga qoʻyilgan hamda sotilgan mahsulot hajmlari, shuningdek savdolarda shakllangan oʻrtacha olingan narxlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakuniy qoida
39. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi” OAJ bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. Ismoilov
Toshkent sh.,
2008-yil 15-sentabr
Markaziy bank raisi F. Mullajonov
Toshkent sh.,
2008-yil 15-sentabr
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-sentabr
Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi R. BOʻRIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-sentabr
“Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi” OAJ raisi oʻrinbosari E. OʻRINOV
Toshkent sh.,
2008-yil 15-sentabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 47-son, 466-modda; 2011-y., 51-son, 549-modda)